J.M.Keynsning «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» asarida haddan tashqari tejamkorlik va jamg‘armaning maqsadga muvofiq emasligi va, aksincha, vasitalalarning har tomonlama sarflanishi (ishlatilishi)ning foydasi to‘g‘risida fikr aytiladi, negaki olimning ta’kidlashicha, birinchi vaziyatda vositalar samarasiz likvidlik (pul) shaklini oladi, ikkinchisida esa talab va ish bilan bandlikni oshirishgsha yo‘naltirilishi mumkin. U shuningdek J.B.Seyning «Bozor qonuni»ning dogmatik qoidalari tarafdorlarini keskin va dalillar asosida tanqid qildi.
Bu borada u shunday yozadi: «Sey va Rikardo davridan boshlab iqtisodchi – klassiklar o‘rgatdilar: taklif o‘zi talabni keltirib chiqaradi… mahsulotning barcha qiymati bevosita yoki bilvosita mahsulot sotib olishga sarflangan bo‘lishi kerak». J.M.Keyns klassiklarning bu tezisini tanqid qilib, u faqat natural ayirboshlash (Milldagi kabi) sharoitida amal qilishi mumkinligini va unda iqtisodiy hayotda pul hech qanday mustaqil rol o‘ynamasligini ko‘rsatib berdi. Shuning uchun, uning ta’kidlashicha, «Sey qonuni… to‘la ish bilan bandlikka erishishda hech qanday to‘siq yo‘q degan taxmin bilan bir narsadir».
Jamg‘arma va investitsiyalarning tenglashuvi mexanizmi
Jamg‘arma va investitsiyalar to‘g‘risidagi qarorlar turli guruh kishilari tomonidan qabul qilinadi, uning ustiga ular har xil, bir-biriga mos bo‘lmagan motivlarga asoslanadi. Investitsiyalarning o‘zgarishiga ta’sir etuvchi omillarni tadqiqot qilish shu narsani ko‘rsattiki, ular eng avvalo ko‘riladigan foydaga va ssuda foizi normasiga bog‘liq bo‘ladi (kutiladigan daromad qancha yuqori va foiz stavkasi qancha past bo‘lsa, kredit olish va investitsiya hajmini ko‘paytirish shuncha foydali). Bundan tashqari, investitsiyalar o‘z tabiatiga ko‘ra barqaror bo‘lmaydi, negaki tadbirkorlar bo‘lajak kon’yukturani oldindan ko‘rib bilishga qodir emas va qaror qabul qilishda taxminiy axborotlarga qarab mo‘ljal qiladilar. Ishlab chikarishning har bir darajasiga uning o‘z iste’mol va jamg‘arma darajasi muvofiq keladi. Bundan tashqari, milliy daromad miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, uning jamg‘ariladigan qismi ham mutlaq ham nisbiy ifodasi jihatdan shuncha ko‘p bo‘ladi. Lekin barcha mahsulot realizatsiya qilinishi uchun, jamiyatning jami xarajatlari milliy daromadga teng bo‘lishi kerak, boshqacha aytganda – barcha jamg‘arma investitsiyalarga aylanishi kerak. Demak, to‘la ish bilan bandlikni ta’minlovchi yuqori ishlab chiqarish darajasi juda katta miqdorda kapital qo‘yilmasini talab qiladi.
J.M.Keynsning «investitsiyalar o‘z jamg‘armalarini hosil qiladi», degan mashhur qoidasiga muvofiq, agar investitsiyalar hajmi jamg‘armalar hajmidan ortiq bo‘lsa, u holda yalpi talab taklifdan ortiqdir va milliy daromad o‘sish tamoyiliga ega bo‘ladi. Agar investitsiyalar jamg‘armalardan kam bo‘lsa, u holda yalpi talab taklifdan kamdir va daromad kamaya boradi. Va nihoyat, agar investitsiyalar jamg‘armalarga teng bo‘lsa, yalpi talab taklifga teng va milliy daromad darajasi o‘zgarmay qoladi (Pezenti A.Ocherki politicheskoy ekonomii kapitalizma. V 2-x t.: Per. s italyanskogo. M.: «Progress», 1976, 628-629 s.).
J.M.Keyns bo‘yicha, jamg‘arma va investitsiyalar, yangi klassiklar hisoblaganlaridek, moliya bozorida avtomatik tarzda tenglashmaydi. Shunday vaziyatlar yuzaga keladiki, jamg‘armalar ko‘payganda investorlar investitsion xarajatlarni amalga oshirishni xohlamasliklari mumkin. Bunday sharoitda jamg‘arma va investitsiyalar o‘rtasida tenglik o‘rnatiladi, lekin ancha past darajada. Moliya bozorida muvozanat nuqtasi to‘la ish bilan bandlikka muvofiq keladigan nuqtaga mos tushmasligi mumkin. Shunday qilib, S va I tenglashuvi milliy daromadning tebranishi orqali yuz beradi. J.M.Keyns modelida investitsiyalar daromad darajasiga moslashmaydi, balki daromad va jamg‘armalar darajasi investitsiya hajmiga moslashadi.
Barcha oldingi iqtisodiy nazariyaning isbotlab berishicha, iqtisodiy o‘sishning asosi tejamkorlik, joriy iste’moldan o‘zini tiyish hisoblanadi. J.M.Keyns bu tushunchani inkor etdi. U e’tiborni «tejamkorlik uddaburonliksiz bo‘lishi mumkin emas», «tejamkorlik uddaburonlikdan oshib ketishi bilanoq, u oxirgisining jonlanishiga halaqit beradi» degan qoidaga qaratdi. Haqiqatdan ham, jamg‘armalarning ko‘payishi investitsiyalarning ko‘payishidan ustun bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy rivojlanish ertami-kechmi to‘xtaydi: samarali talab yalpi taklifdan orqada qoladi va ortiqcha ishlab chiqarish vujudga keladi. Bunda mantiqqa zid xulosa kelib chiqadi: jamiyat qancha boy bo‘lsa, ortib borayotgan jamg‘arma hissasini qoplash uchun u shuncha ko‘p investitsiyalashi kerak. Bunday tadqiqot variantlaridan biri P.Samuelson va E.Xansenlar taklif qilgan «keynschilik kresti» modelidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |