Cho‘lpon she’riyati
Cho‘lpon adabiyotning juda ko‘p tur va janrlarida samarali ijod etgan bo‘lsa-da, shoir sifatida ko‘proq shuhrat topdi. U XX asr o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, yangi o‘zbek she’riyatining boniysidir. Uning o‘z davrida to‘plamlarda bosilib chiqqan va bugun ma’lum bo‘lgan she’rlari u qadar ko‘p emas. Lekin ular o‘zbek ziyolilariga chaqmoqdek ta’sir qilgan va butun adabiyotni o‘z izmiga olgan edi. 20-yillar o‘zbek she’riyatining chinakam Cho‘lpon davridir.
U she’riyatga juda erta kirib keldi. Ilk she’rlaridanoq mil-liy shoir sifatida tanildi. Masalan, bizga ma’lum bo‘lgan va matbuotda chop etilgan ilk she’ri «Turkistonli qardoshlarimizga» o‘ksik Vatan — Turkiston jarohatlari haqida edi. Chunonchi, «ma’rifatsizlik balosiga yo‘liqqan», foydazararini unutgan, yaxshi-yomonini tanimaydigan, tor manfaatlari doirasida ko‘milib qolgan, «topganini boshqalarga berib», o‘zi «och-yalang‘och» qolgan, bir so‘z bilan aytganda, millat sifatida adoyi tamom bo‘lgan «bizni xalq» haqida edi. Ismoilbek Gasprinskiy vafotiga bag‘ishlab yozgan marsiyasida buyuk islohotchining «uyg‘otguvchi ustod»ligiga diqqatni qaratdi. 1917 yil 28 noyabrdagi «Turkiston muxtoriyati»ni olqishlab chiqdi, uni «ozod turk bayrami» sifatida qabul qildi. Unga mehru muhabbatini izhor etdi. Uni qo‘lga kiritgan Vatan va xalqni sharafladi:
Muxtoriyat olindi,
Ishlar yo‘lga solindi.
Milliy marshlar cholindi,
Dushman o‘rtansun endi!
Hurriyat — bayrog‘imiz,
Adolat — o‘rtog‘imiz,
Xursand bo‘lgan chog‘imiz,
Mevalansun bog‘imiz!
Turkistonli — shonimiz, turonli — unvonimiz,
Vatan — bizni jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!
Vaziyat murakkab edi. Sho‘ro mafkurasi islom dunyosining eng nozik nuqtasidan — musulmonchilikning faqirparvarligidan g‘oyat ustalik bilan foydalanib, Turkistonning ziyolilari qalbini zabt eta bordi. Shoirning 1918 yilda «Nizomiddin Asomiy o‘rtoqqa» bag‘ishlangan va o‘sha yili Turkiston Kompartiyasi va Markaziy Ijroiya qo‘mitasi organi «Ishtirokiyun»da chop etilgan «Qizil bayroq» she’rini hamda undagi «mazlum ishchilar» bilan «qonxo‘r burjo‘ylar» muqoyasasini boshqacha izohlash mumkin emas. Lekin shoir ko‘p o‘tmay, juda ko‘p zamondoshlari singari aldanganini anglab yetdi. E’tirof e’tirozga, u esa o‘z navbatida, e’tizorga aylanib bordi. Bu Cho‘lpon ijodiy taqdiriga xos muhim va murakkab bir holdir.
Shoir sovet hokimiyati zo‘rayib, erkin fikr qiyin-qistovga tushayotgan 1926 yilda uchinchi va «Soz»ni hisobga olmaganda, so‘nggi she’riy kitobiga quyidagi serma’no satrlarni epigraf qilib keltirgan edi:
Bir esib o‘tdilar «Uyg‘onish» yellari,
Bir qaynab toshdilar ko‘zyoshi — «Buloqlar».
Ey, tongda qaltirab o‘ynashgan yaproqlar,
Tek turing, yoyilsin endi «Tong sirlari».
Haqiqatan ham, 1916 yil mardikorlik voqealari, 1917 yilda oq podshoning taxtdan ag‘darilishi, olingan va boy berilgan is-tiqlol, 20-yillarning jangu jadallari millatni uyg‘otdi. Sevinch va alam yoshlari to‘kildi. «Buloqlar» o‘sha ko‘z yoshlardir. Hammasi o‘tdi. Endi o‘tganni anglamoq va anglatmoq zamonidir. «Sirlar»ni ochmoq zamonidir. Shoir «tongda qaltirab o‘ynashgan yaproqlar»ni — gofil, chorasiz avlodni tinglashga, idrok etishga undaydi.
Har uch to‘plamning bosh mavzui Vatan va Millat tashvishlaridir, Turkistonning tuganmas dardidir. Shoir ona yurtining ajib manzarasini chizadi. O‘quvchining ko‘z o‘ngida «tog‘lari ko‘klarga salom bergan», «salqin suvlari uchmoxlarning kavsaridek pokiza», bo‘liq-mahsuldor qir-adirlari ma’sum go‘dak xayolidek ko‘z yetmas, ado bo‘lmas Turkiston paydo bo‘ladi. Biroq shoir — dilgir, mahzun. Shoir emas, to‘g‘rirog‘i, u chizib bergan manzara mahzun. Gap shundaki, jannatdek bu o‘lka vahshiyona toptalgan: «ko‘m-ko‘k go‘zal o‘tloklar bosilgan», ularni to‘ldirgan poda-yilqilar yo‘q, otlar kishnamaydi, qo‘ylar ma’ramaydi. Qizlar, kelinlar tog‘-toshga berkingan. Vatan begonalar oyog‘i ostida. Shuning uchun ham suvlar toshdan-toshga urilib, nola qiladi, buloqlar ing-raydi, ming bitta hadik bilan irmoqqa quyiladi. Shonli tarix, erk va istiqlolni har narsadan muqaddas tutgan, qullikka hech qachon bo‘yin egmagan otalar shijoati esga tushadi. Shoir «ot chopganda uchar qushni tutguvchi» yigitlarni, «Tog‘ egasi sor burgutlar»ni qidiradi. O‘lkaga xitoban, uni ko‘p yillardan buyon «bag‘rini ezib», «egasini bir qul kabi yanchib kelgan» «hech haqqi yo‘q xo‘jalar»ga «ket!» deyishini, «qo‘llariga erk ber»ishini, ya’ni qilichini qindan olishini istaydi. Uni tinimsiz so‘roqqa tutadi. Zulm va xo‘rlikka, tahqir va malomatlarga javoban «o‘ch buluti»ning «sellarini yog‘dir»ishini istaydi.
Biz shoirning 1920 yilda yozilgan va o‘z davrida juda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan «Buzilgan o‘lkaga» degan she’rining mazmunini keltirdik. Shoir unga «doston» deb izoh bergan. Aslida u hajman uncha katta emas, 60 satr atrofida. Lekin uning bag‘-riga Turkistonday jahon tsivilizatsiyasining chorrahasida kelgan bir o‘lkaning fojiasi singdirilgan. Nomi ham juda o‘rinli. Darhaqiqat, bu — buzilgan o‘lka! Uni buzdilar. «Madaniyat» nomi bilan, «yo‘qsulparvarlik» shiori bilan buzdilar. She’rda ikki nar-saga alohida diqqat qaratilayapti. Biri — tabiatning o‘ziday musaffo, go‘zal, diltortar o‘lka. Ikkinchisi — uni shafqatsiz poy-mol etgan vahshiy kuch. Agar uni jamiyat hayotiga ko‘chiradigan bo‘leak, bir tarafda qadim zamonlardan buyon o‘z an’analari bilan tinch va osoyishta, birovga zarra malol keltirmay yashab kelayotgan Turkiston va uning boyliklarini talab, xalqini xizmatkorga aylantirish istagidagi Rusiya. Tabiiyki, shoir xalqi bunga chiday olmaydi, ayniqsa, Millat va Vatanni har narsadan muqaddas tutgan ijodkor. Gap — shunda. Bu she’r hali sho‘rolar kuch olmagani, erkin fikrga bir qadar yo‘l berilgani uchun bosilib chiqdi va turli talqinlarga sabab bo‘ldi. Shoir G‘ayratiy hatto unga javoban «Tuzalgan o‘lkaga» degan she’r ham yozdi. Lekin she’r o‘z ishini qildi. Millatning voqea-hodisalarga munosabatini shakllantirib bordi. 20-yillardagi avj olgan milliy istiqlolchilik hara-katida, taxmin qilish mumkinki, Cho‘lponning ham ma’lum xizmati bor.
Shoir she’riyatini kuzatishda davom etamiz. Yuqoridagi she’r e’tiroz she’ridir. E’tiroz Cho‘lponning zamon voqealariga, birinchi navbatda, sho‘ro tuzumiga va umuman, rus istibdodiga munosabatidir. Uningcha, sho‘ro tuzumi va rus istibdodi boshqa-boshqa narsalar emas. Biri ikkinchisining bevosita davomidir. Shakli va vositalari o‘zgargan, xolos. Bu — muhim nuqta,
«Qo‘zg‘alish» she’rida yozadi:
Ey! Sen meni haqir ko‘rgan, tuban degan afandi!
Ey! Ustimda bir umrga xo‘ja bo‘lmoq istagan.
Ey! Bo‘ynimga kishan solib, halokatga sudragan,
Ko‘zlaringni zaharlatib o‘ynatmagil, bas endi!
Kishanlaring zang bosgandir, sergak bo‘lkim, uzilur,
Tomirimda qo‘zg‘alishning vahshiy qoni gupurdi.
Eski fikr, an’analar endi butkul uzildi.
Yo bitarman, yoki sening saltanating buzilur!
Ey! Sen meni qul o‘rnida ishlatguvchi afandi,
Titra, qo‘rqkim, bog‘liq quling bosh ko‘targan kuch endi!
Bu fikr-tuyg‘ular, shoirdagi ehtiros to‘la g‘azab va nafrat sho‘rolar davrida tarbiya topgan o‘quvchi uchun shamol tegirmonlarga dag‘dag‘a qilayotgan Don Kixotning jazavasi bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin, aslida, shoir vaziyatni juda teran anglagan edi.
«O‘zbekistonning yangi tarixi»da quyidagi ma’lumotlarni o‘qiymiz: «Turkistonning birinchi general gubernatori fon Ka-ufman 1868 yil 22 yanvarda Toshkent shahri aholisi bilan bo‘lgan uchrashuvda so‘zlagan dasturiy nutqida… ruslarni O‘rta Osiyo xalqlarining katta og‘asi deb atab, Turkistonda rus hokimiyatining qat’iy va doimiy o‘rnashganligini alohida uqtirgandi…»
«Sankt-Peterburg «sartlar hali o‘z-o‘zini boshqarishga tayyor emas», degan fikrda ish ko‘rdi…»
«…mahalliy aholi yerlarini rus mujiklari uchun tortib olib berish rejali tus oldi. Turkiston aholisining atigi 5 foyizini tashkil etuvchi rus mustamlakachilari qo‘liga ekin ekiladigan hosildor yerlarning 60 foyizi berib qo‘yilgan edi…»
Endi Lenin bilan birga ishlashgan va sovet mustamlakachilik siyosatining mohiyatini anglab, u bilan chiqisholmay chetga ketishga majbur bo‘lgan mashhur olim va siyosiy arbob Zaki Validiyning kitobidan bir-ikki ko‘chirma keltiramiz:
«Rus istilolari boshdan-oxir yangi-yanga o‘lkalarni ishgol etish va u yerdagi xalqlarni madaniyat va iqtisod qonunlari asosida o‘ziga singdirib olib, ular hisobiga ulg‘ayib borish g‘oyasiga suyanadi…»
«Leninning o‘ng qo‘li Artem 1920 yilning martida: «Biz (ruslar) boshqird, qozoq va o‘zbek cho‘llarini Amerikaga aylantiramiz. Biz bo‘lmasak, bu yerlarda temir yo‘llar, Orenburg, Semipalat, Almati kabi shaharlar bo‘lar edimi?» degan va bu yerdagi tubjoy xalqning taqdirini Amerikadagi qiziltanlilarning ahvoliga o‘xshatishini ochiq aytishdan o‘zini tiya olmagan edi…»
«… prof. Trubedkoy …Osiyoda faqatgina uch buyuk millatning til va madaniyati yashab qolishini gapiradi. Bular rus, xitoy, hind millatlari emish…».
Yuqoridagi fakt va ma’lumotlar Rusiya misolidagi oq va qizil imperiyaning mohiyatan bir bo‘lganligini ta’kidlaydi. Har ikki saltanatda ham hukmron Rusiya mahalliy xalqni, bu o‘rinda turkistonliklarni hech qachon o‘ziga teng ko‘rgan emas. O‘zini bu yurtning yakka-yu yolg‘iz xo‘jasi deb bilgan, uning xalqini xizmatkori hisoblagan. Hatto sho‘rolar hukumati hokimiyatparastlikda oq pod-shodan o‘tib ketgan. Leninchi Artemning ishtahasiga qaraganda, ular Turkistonni turkistonliklardan olib, jannatmakon Amerikaga, uning tubjoy xalqini esa, qirilib bitishga mahkum qilingan qiziltanlilar — Amerika hindulariga aylantirmoqchi bo‘lganlar. Demak, Cho‘lponning iztirob to‘la faryodlari bejiz emas.
Darhaqiqat, sho‘rolar o‘z hayot falsafalari bilan Turkiston hayotini alg‘ov-dalg‘ov qilib yubordilar. Sinfiy kurash degan gap o‘zbek jamiyatini qoq ikkiga bo‘lib tashladi. Otani bolaga, akani ukaga dushman qilib qo‘ydi. Mana bu satrlarga e’tibor qilaylik:
Bir yurtkim, besh yildir qonlarga belangan,
Otasi o‘g‘lini «dushman» deb bo‘g‘adir.
So‘ng burda noni ham qolmasdan talangan,
Yosh go‘dak bolasi: «Bir burda non!» deydir.
Ochlik ham har kuni «qurbonlik» so‘raydir,
Har kuni unga ham yuzlarcha qurbonlar.
Qirilib tutalish dahshati o‘raydir,
Yanami behuda gunohsiz, sof qonlar?
(«Qurbon»)
Yoki:
Qip-qizil qon bo‘lib
Kunlar botadir…
Yomon hidga to‘lib,
Tonglar otadir…
Og‘ir kunlar tushdi menim boshimga.
(«Qiz qo‘shig‘i»)
Bir tomonda, erk, mustaqillik uchun ketayotgan shafqatsiz kurash, ikkinchi tomonda, ochlik-qahatlik. Bir tomonda, millat ichida yaratilgan «sinfiy kurash», ikkinchi yoqda jaholat, mutaassiblik. Xullas, to‘rt tomon ham ihotalangan. Shoirni bu hol larzaga soladi. U «qirilib tugalish dahshati»dan larzaga tushadi.
Ayni paytda, bu kurashlarning har biri hayot-mamot kurashi edi. Biri ikkinchisi bilan chambarchas bog‘lanib ketgan edi. Lekin ahamiyatiga ko‘ra eng muhimi istiqlol, erk uchun ketayotgan kurash edi. Bu ulug‘ yo‘l edi. Shoir o‘z she’rlaridan birini «Ulug‘ yo‘lda» deb nomlagan ediki, bejiz emas:
Yo‘limizda cho‘llar, suvlar, dengizlar,
Bosguvchisin tanib bo‘lmaslik izlar.
Shul izlarni bosib, dengizlar kechib,
Buyuk amal bilan boramiz bizlar.
Yurakdagi saqlab borgan amallar,
Yo‘llardagi dengizlardan ulug‘roq.
Ezilganlar tilak tilar bu yo‘li
Burungidan to‘lug‘roq.
Mahkam qilib bog‘lanilgan kamarlar!…
Tezrak!
Qanot!
Qushlar yanglig‘ uchaylik.
Keng cho‘llardan, dengizlardan kechaylik
Sharqning eski chigalini yechaylik!
She’rda maqsad u qadar pardalangan emas. Ulug‘ yo‘l — ozodlik yo‘li. Suvlar, dengizlar, cho‘llar — bu yo‘ddagi qiyinchiliklar. Buyuk amal — buyuk kurash. Yuraklarda saqlangan amallarning dengizlardan ulug‘ligi sabotga, qatiyatga ishora. Tilakning burungidan to‘liqligi — bu kurashning oldingilariga o‘xshamaganligi. Kamarlarning mahkam bog‘lanilib, shitob istash kurashning shiddatini anglatadi. Bu kurashning shiddati va ahamiyati haqida shoir, umuman, tez-tez eslatib turadi. Masalan, «Kurash» (1921) she’rida u haqda alohida to‘xtalgan edi. Yangrayotgan urush na’ralari, «Botirlarning jon so‘ragan tovushlari» «Yaqindagi zo‘r ku-rashning boshi» ekanligini ma’lum qilib, masala:
Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish:
— Yo‘q yarash!…
shaklida qo‘yilganligini ta’kidlagan edi.
Sharqning eski chigali — ko‘hna Turkiston istikloli. Shoirning qator she’rlarida mana shu istiqlol uchun kurash manzaralari aks etgan. Masalan, 1920 yilda yozilgan «Po‘rtana» she’rida u dengiz to‘foni shaklida berilgan. Mantiqli. Tinch, osoyishta dengizni chayqatdilar. U tub-tubigacha harakatga keldi. Guvillagan qudratli kuchga aylandi. Ham mag‘rur, ham majnun, ham shoshqin, goh tushkun. Lekin shu qadar qudratliki, qirg‘oqlar undan faryodga keladi, shahardek kemalar unga bir «luqma»! U qon istaydi. U jon so‘raydi. U halokatlardan zavq oladi. Ammo u go‘zallikka o‘ch. Uning mahbubasi — suv qizi. Sochlari qop-qora suv qizi. U shu qadar go‘zalki, shahlo ko‘zlari kiyikni ko‘r qilgan, so‘zlari bulbulni tutqun. Yuzlari oylarni botirdi, quyosh bulutlar ostiga qochib kirdi (Dengiz dovuli paytidagi qorong‘ulikka cho‘mgan borliqni ko‘z oldingizga keltiring). Suv malikasini esa, ggo‘rtana oppoq billur ko‘piklar ichida saqlaydi. Dam ko‘kka irg‘itib, dam ko‘ksiga bosib, o‘ynaydi, goh kuddiradi, goh suydiradi. Po‘rtana esa, undan mast bo‘lib, yo‘lbarsdek bo‘kiradi. Devdek yugurib, sakraydi. Oldi-o‘ngida hech narsa ko‘rmay, hech mone’ bilmay, oldinga intiladi. Barcha jonvorlar dahshatda titraydilar. Baliqlar o‘lim kutadilar. Yo‘q, bu po‘rtana emas, mahshar, qiyomat! Suv malikasichi? U — Vatan mehri, yurt muhabbati. Undan suyumli, undan dilbar dunyoda yana nima bor?
Shu xayollarda turganingizda, birdan shoir ramzlarining ustini ochib tashlaydi. Yuzma-yuz, oshkora gapga o‘tadi:
Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana.
To‘lqinlar Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida.
Bir damda dunyoni kuydirur vulqonlar
Ojizning u o‘tlik dilida.
She’r so‘ngida fikr va obraz yana ochiqlanib, da’vatga ko‘chadi:
Ko‘p ezgan dushmandan, past jondan
O‘chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!
«Tortishuv tongi» (1920) da «ko‘pdan beri quyosh ko‘rmay zaxlab qolgan ko‘ngillar»ga xitoban «chiqar kunlar yetgani»ni uqdiradi. Shoir istibdod egalariga qarata qalbi to‘la qasos tuyg‘usi bilan yozadi:
Qayg‘uringiz: kishanlarni yasovchi «ustalar»,
Boshqalarni «tubanlar» deb atovchi xo‘jalar:
Sizning uchun yoz boshining qoridek
Eruv kunlar keladir.
Sizning uchun olbostining zoridek
Yig‘lar kunlar keladir.
Shoir «Vijdon erki» she’riga «Tutqunlarga» deb izoh bergan. «Ezilgan», «qiynalgan yo‘qsil ellar»ga, «bevalar», «bechoralar»ga, «kishanlarga bog‘langan» «erk uchun ovoralar»ga murojaat etar-kan, zolimlarga yalinmaslikka undaydi. Chunki «bo‘rilardan omon kutmoq» «tentaklarning ishi». Zulm oldida hamma narsa, ehti-mol bo‘yin egar. Zulm avjga minsa, osmon uzilib yerga tushar, lekin zolim hech qachon erkin vijdonlarni zabt eta olmaydi. Ulargina mag‘lub bo‘lmaydilar. Shu tariqa, u vatandosh va millatdoshlarini yuksak vijdon bilan yashashga undaydi. O‘lish kerak bo‘lsa, nomus va vijdon bilan umrni yakunlamokliklarini orzu qiladi.
Erk yo‘li — og‘ir yo‘l, uzoq yo‘l. Lekin bu yo‘lga kirganlarning g‘ayrat va istagi ham qudratli, ham sabotli. Muhimi, bu istak — pok istak. Gap bu xalqning o‘z yurtiga egalik qilishdek ona sutiday halol va pokiza haqqi-huquqi borasida ketmoqda. Bu huquq kecha xayolga kelib, bugun talab qilinayotgan bir narsa emas, ajdodlardan meros qoldirilgan burchdir. «Yurt yo‘li» (1922) she’rida shu haqda gap ketardi.
1921 yilda Buxoroda yozilgan «Xalq» she’ri shoir fikr-qarashlarini aniqlashda benihoya muhim ahamiyatga ega. Muallif, birinchidan, xalqning buyuk kuch ekanligini yaxshi anglaydi. Ikkinchidan, o‘lkaning ozod bo‘lib, mustaqillik olishini uning istagi hisoblaydi. Uchinchidan, ijod ahlini uning bilan hamisha birga bo‘lishga, o‘zi aytmoqchi, «quchoq ochib xalq ichiga» kirishga undaydi:
Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir,
Xalq isyondir, xalq olovdir, xalq o‘chdir…
Xalq qo‘zg‘olsa, kuch yo‘qdurkim, to‘xtatsun,
Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsun.
Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,
Xalq istadi: toju taxtlar yiqildi.
Xalq istagi ozod bo‘lsun bu o‘lka,
Ketsun uning boshindagi ko‘lanka.
Bir qo‘zg‘alur, bir ko‘pirar, bir qaynar,
Bir intilur, bir hovliqar, bir o‘ynar.
Yo‘qlikni-da, ochliknida yo‘q etar,
O‘z yurtini har narsaga to‘q etar…
Butun kuchni xalq ichidan olaylik,
Quchoq ochib xalq ichiga boraylik.
Ko‘ringanidek, shoir xalqning buyuk qudratini tavsiflash bilangina cheklanmayapti. Bu qudratning fe’l-sajiyasiga ham ishora qilmoqda. Uning goh qo‘zg‘alib, ko‘pirishi, goh qaynab, intilishi, goh hovliqib o‘inashi Pushkinning bir mahallar 1825 yilgi dekabristlar qo‘zg‘oloni munosabati bilan yozilgan, dengiz po‘rtanasiga xitob qiluvchi «Alvido, zo‘r qudrat, asov g‘alayon!» satrini yodga soladi. Darhaqiqat, har bir isyon, qo‘zg‘o-londa ham «asov» bir kuch bor. U kutilmagan tomonlarga burilib, «behbud»ni «nobud» qilmog‘i ham hech gap emas. U bilan kim o‘ynashmoqchi bo‘lsa, halokatga mahkumdir. Ikkinchidan, u, ma’lum bo‘lganidek, boshqaruvga muhtoj. Shu jihatdan, xalq ichiga kirishda ikki ma’no bor. Birinchisi, xalqdan kuch-qudrat olmoq, u bilan birga bo‘lmoq; ikkinchidan, uni ezgulikka yo‘naltirmoq.
Agar Cho‘lpon davri voqelarini yaxshi bilsangiz, uning deyarli har bir she’rining yozilish tarixini tiklab olishingiz mumkin. Zaki Validiy u haqdagi yuqorida nomi tilga olingan maqolasida shoirning «Ulug‘ yo‘lda», «Kurash», «Vijdon erki», «Xalq» she’rlarini shu yo‘nalishda tahlil qilib, uning chinakam mil-liy shoir ekanligiga diqqatni qaratgan edi.
Masalan, 1920 yilda yozgan she’rlarini oling. Ularning aksariyati bevosita o‘sha yili 1 — 5 sentyabrda Bokuda bo‘lib o‘tgan Sharq xalqlari qurultoyi taassurotlari ostida yozilgan. Shunda Turkistondan butun boshli bir poyezd borgan. Xorijdan ham va-killar kelganlar. Keng miqyoslarga chiqish vakillarimizning o‘zliklarini anglashga yordam bergan. Vakillar orasida Cho‘lpon ham bor edi. U o‘zining «Qalandar ishqi», «Yorug‘ yulduzga» she’rlari ostiga «Boku,1920 yil» deb qo‘ygan. Birinchisiga «eski tartibda» deb izoh beradi. Bu bilan uning shakli-mazmuniga, ya’ni aruzda, an’anaviy muhabbat mavzuida yozilganligiga ishora qiladi. Darhaqiqat, she’r janriga ko‘ra g‘azal bo‘lib, hazaji musammani solim
(mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun,
mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun
da yozilgan. Uning matla’i (birinchi bayti) quyidagicha:
Muhabbatning saroyi keng ekan, yo‘lni yo‘qotdim-ku,
Asrlik tosh yanglig‘ bu xatarli yo‘lda qotdim-ku.
Mazmun ham ishqiy. Birgina «asrlik tosh», «xatarli yo‘l» va unda «qotmoq» ishqiy mazmundan uzoqroqday tuyuladi. Qolgani — an’anaviy. Ohang — ravon, dard — samimiy.
Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lqini bordir,
Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku.
Karashma birovga yoqish uchun qilinadigan nozli, yoqimli xatti-harakatdir. Shoir uni dengizga qiyos qilayapti. Yoqimli dengiz, muallif nazdida uning po‘rtanali ham, osoyishta ham payti emas. Yengil chayqalib turgan holati. Ohista chayqalgan dengiz kishini o‘ziga rom etib, unga tushgan kishini ichkarilarga olib ketib qolganiday ma’shuqaning ham yoqimli hara-katlari oshiqni sehrlab, oxiri nima bilan tutashini aytib bo‘lmaydigan holga keltirib qo‘ygan. She’rda mumtoz adabiyotimizga xos bo‘lgan mana shu ruhiy va moddiy holatlarning ayni bir matnda jamlanishi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ayni paytda, bu yerda aldanganlik e’tirofi, hatto uning yengil iztirobi ham bo‘rtib turibdi.
Navbatdagi baytda muqoyasa boshqa yo‘nalishga ko‘chiriladi:
Ajab dunyo ekan bu ishq dunyosi, ayo do‘stlar,
Bu dunyo deb, u dunyoni bahosiz pulga sotdim-ku.
Karashmadan boshlangan gap ishqqa, undan esa, bu yo‘lda eng muqaddas narsalarni barbod etganlik e’tirofiga va uning ham yengil iztirobiga kelib bog‘lanmoqda. Va she’r shu taxlit shoir kechinmalarining ruhiy va moddiy olam vositasidagi e’tirof va iztirobga qurilgan muqoyasasi asosida davom etadi. Ko‘ringanidek, uning an’anaviyligiga, ishqiyligiga shubha yo‘q. Shu bilan birga, u faqat ishqiy doirada qolgan deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. E’tirof va iztiroblar deyarli hamma o‘rinda addanish va pushaymon ma’nolarini ham tashiydiki, bu xohlang-xohlamang, sho‘rolarni bilibbilmay etagidan tutgan juda ko‘p millatparvar ziyolilarimizning o‘sha kunlardagi tuyg‘ulariga esh edi. Bu holni g‘azalning pushaymon armon darajasiga ko‘tarilgan maqta’ida ham ochiq-oydin kuzatish mumkin:
Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,
Quyoshning nuriga toqat qilolmay, yerga botdim-ku.
Shubha yo‘qki, «Cho‘lpon» va «Quyosh»ning ma’nolari bu yerda juda keng. U osmon yoritqichlari va ishq-muhabbatdagi martabadan hokim va mahkum, hukmron va tobe singari ijtimoiy-siyosiy rutbalargacha daxldor.
Ikkinchi she’r «Yorug‘ yulduzga» deb nomlangan. Qavs ichida «Hazar esdaligi» deb izoh beradi. Hazar — Kaspiyning qadimgi nomlaridan. She’r yulduz bilan suhbat shaklida. Shoir unga sekin yuragini ochadi. Ko‘hna tarixning guvohidan otalarning xatosini so‘rab, bil-moqchi. «Yot kishi»siz ikkovlari suhbatlashmoqchi. Bu shunday suh-batki, bir tomondan, g‘ururdan dunyoga sig‘maydi. Ikkinchi tomondan, xijolatdan turmoqqa yer topolmaydi. Bu suhbat ham shukuhli, ham dardli suhbat. Mana, uning dastlabki bandi:
Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla,
Otalarning tarixdagi xatosin;
Shul xatodan osug‘lanib, yovlarning
El ko‘ksida surgan ishrat safosin.
U yulduz tilidan sharaflarga burkangan tarixni eshitmakchi. Buyuk bobolar hayotining «butun qonlik, shonlik, jonlik yerlarini» tinglamakchi. «Jonlar berib, qonlar to‘kkan erlar»ning hikoyalari «keng Hazarning ko‘m-ko‘k, yumshoq suvlarini» «o‘ynat»ishiga, «qo‘zg‘at»ishiga, «to‘lqinlantir»ishiga, «hovliqtir»ishiga shubha qilmaydi. Lekin yulduz jim. Nega u jim? Nega javob bermayapti? Nega ko‘zi qizarib yoshlandi?
Shoir buning sababini biladi. U shoirining ko‘nglini buzmaslik uchun gapirmayapti. Negaki:
O‘tganlarning zahari ham bu kunda
Ko‘ngillarga tegmay o‘tar kabidir.
Kechmishlarning yig‘isi ham shu kunda
Yo‘qsil dilni suyuntirar kabidir.
Hamma balo istiqlolni yo‘qotganimizda. So‘nggi xonlarning «el va yurtni saqlar uchun» «tuzukkina chora, tadbir qilmagan»ligida. Shuning uchun ham:
Biz, yo‘qsillar boshqalarga qul bo‘lib,
Chet oyoqlar tovonida ezildik,
Har yaramas, har buzuqning tagida
Alam tortgan, jabr ko‘rgan biz edik.
Shuning uchun ham shoir «eski olam»ni, buyuk bobolar davrini qo‘msaydi. Yorug‘ yulduzga murojaat etib, uni «eski olam»ga «olib bor»ishini, barcha sirlarni ochib tashlashini, «yashirin yotgan pardalarni, zulmatni» «nuri bilan» «yirtib yubor»ishini il-tijo qiladi. «Eski olam» buyuk bobolar davrini, birinchi nav-batda, Amir Temur zamonasini, millatning mustaqil, qaddini tik tutib, boshini baland ko‘tarib yurgan paytlarini qo‘msash va unga intilish edi. Ikkinchi tomondan, Amir Temur nomi kurash timsoli edi.
Millat va Vatan timsoli shoir she’rlarida xilma-xil tarzda namoyon bo‘ladi. Masalan, uni go‘zal yor («Go‘zal»), hatto binafsha («Binafsha») qiyofasida ham uchratish mumkin.
Cho‘lpon she’riyatining sevimli mavzularidan biri xotin-qizlar ozodligidir. U bu masalani istiqlol uchun kurashning tarkibiy qismi deb biladi. Shoir nazdida istibdodning eng og‘ir yuki ular zimmasiga tushgan edi. Birgina mustamlakachilik emas, o‘z ichimizdagi mutaassiblik, jaholat azobini ko‘proq ular tortdi. Ular tilidan aytilgan:
Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman,
O‘ynagan boshqalar, ingragan menman.
Erk ertaklarini eshitgan boshqa,
Qullik qo‘shig‘ini tinglagan menman…-
satrlarida juda katta haqiqat bor edi.
Shoir she’rlarida Sharq va G‘arb muqoyasasi ko‘p uchraydi.
«Sharq» deganda islom olamini, ko‘pincha Turkistonni nazarda tutadi. Ayni paytda, turkiy birlikni, o‘zlikni qo‘rimoq uchun za-rur deb hisoblaydi. Xususan, butun turk dunyosi istiqlolini yo‘qotgan bir paytda o‘zligini saqlab qola olgan Turkiya turklari hayotini sinchiklab kuzatib boradi. Ayniqsa, Birinchi Jahon urushidan keyin og‘ir ahvolga tushib qolgan va «Qurtulush» («Qutulish») hara-katini izga solgan kamolchilarning muvaffaqiyatlariga katta umid bilan qaraydi. Uning «usmonlicha» izohi bilan Turkiya turkchasida yozilgan bir qator she’rlari shoirning bu boradagi fikr-qarashlari tasodifiy asoslarga qurilmaganini qo‘rsatadi. Buni Cho‘lponning Tavfiq Fikrat, Rizo Tavfiq kabi mashhur usmonli shoirlari haqidagi maqolalari ham tasdiq etadi. Bulargina emas, u taqdir taqozosi bilan G‘arbga siljib, Turkiyaday vatanni qurgan qardoshlaridan og‘ir qunlarida ko‘mak tilaydi. Kelib, ona-Turonda istibdodni bitirishlarini, qarindoshlarini mustabidlardan qut-qarishlarini umid qiladi. To‘g‘ri, bu qardoshlik o‘sha davr uchun urf bo‘lgan alvon rangga bo‘yalgan. Lekin u etnik asoslarni inkor etmaydi, aksincha, unga urg‘u beradi. Mana, u turk zobitlariga (darvoqe’, zobitlar ham «qizil») nima deb murojaat etadi:
Hade, yur, qardosh, tog‘ dema, tosh dema,
Qizil Turon uchun mol va bosh dema!
Har bir qadamingda qip-qizil qonlarla,
Onang Turon kutadir ulug‘ shonlarla!
Ko‘p yilgi hasratlar, qayg‘ular ko‘nglina,
«Kel, qutqar, o‘g‘lim!» deb yolinur sanga.
Bugun umidi san ozod o‘g‘linda,
Qutqarmay, solma qilichni qinga!..
(«Yurish marshi»)
Haqiqatan ham yuqorida qayd etganimizdek, XX asrning boshlariga kelib, ko‘hna Turonning birgina o‘g‘li o‘z mustaqil-ligini saqlab, «ozod» qolgan edi. Shoir shundan umid qilmoqda. Bejizmaski, Turkiyadagi «Ittihod va Taraqqiy» partiyasining sobiq rahbarlaridan bo‘lgan Anvar Poshsho 1920 yilda Turkistonga kelib, o‘lkadagi milliy istiklolchilik haraka-tini birlashtirishga uringanida dildilidan quvondi. 1922 yilda Boljuvon tog‘larida shahid bo‘lganida qattiq kuyindi. «Faryodim dunyoning borlig‘in buzsin, Umidning eng so‘nggi iplarin uzsin», — degan so‘ngsiz faryod bilan boshlanardi she’r va unda shunday satrlar bor edi:
G‘azabdan titragan yosh bir yigitning
Toshdin siynasiga o‘qlar o‘rnashmish.
Tog‘larda erk uchun yurgan kiyikning
Qora ko‘zlariga motamlar kirmish.
Daryolar, to‘lqinlar titratgan bir er
Zarbalar qahridin yiqilmish qolmish.
Qurtulush yulduzi yo‘qliqqa kirmish,
Sening so‘ng joningni yovlaring olmish…
Shoir sarkarda bosib o‘tgan, qadamida shuhrat izlari qoldirgan umr yo‘lini eslaydi: Marmara, Adrna, Chatalcha, Bo‘g‘oz ichi, Karpat, Tarablus, Saloniki… Yana fojiaga kaytadi. (Qonlar yig‘latti bizni bu xabar.) Va iztirob bilan davom etadi:
Tarixning rangini ko‘p qonlar bilan
Qoraytgan, to‘ldirgan biroq Boljuvon
Eng so‘nggi umidni qonga bo‘yagan,
Oh, qandoq ug‘ursiz zamonlar kelgan!
Faryodim dunyoni bo‘g‘ub o‘ddursun,
Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsun!
Zaki Validiy Anvar Poshsho o‘limi tafsilotlarini yoritar ekan, Cho‘lponning ushbu she’rini keltirib, shunday izohlagan edi:
Bu marsiyani yozgan zot, o‘zbeklarning tanilgan bir shoiridir; bugun hayot bo‘lib, Rusiya qo‘li ostidagi bir yerda bo‘lganligidan ismi-sharifi ko‘rsatilmadi.
Taqdir pand berdi. Qora kuchlar ustun keldi. Zulumot nurni yengdi. Istiqlolni qo‘lga olish nasib etmadi. Man-man degan shovvozlar, millatning er atangan yigitlari haq va haqiqat yo‘lida shahid ketdilar. Bunday ahvol bilan shoirning erkpar-var yuragi qanday chiqisha oladi? Millat shoirining qaddi bukildi. She’rlarida kuz, qish manzaralari, bog‘-rog‘larni to‘ldirgan qarg‘alar qag‘illashi quchayib bordi. 1923 yildayoq bir «somon parchasi» misoli o‘zni «muhit erki»ga topshirdi:
Muhit girdobida bir somon parcha,
Bir poxol cho‘pidek oqib boraman.
Har amal, har ishni «haq» deb boraman.
Vazminim qolmadi bir uzuk qilcha…
Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni…
Ko‘zimda og‘ir bir «taslim» nuri bor…
Shoir ko‘zlarida «taslim» nuri bordek ko‘rinsa-da, u «dengiz»ning «cheksiz qo‘ynida» «erkin ko‘piklarning allaqanchasi jimgina boradir». Yo‘q, u ozodlik orzusidan hech qachon chekingan emas. Hatto 1926 yilda, kommunistik diktatura avj pardasiga ko‘tarilib, «inog‘omovchilik» bayrog‘i ostida milliy kadrlarni yo‘qotish kampaniyasini boshlagan bir paytda «Bahorni sog‘indim, bahorni…» deb hayqirib aytdi. O‘lim yo‘qligiga, hayotning abadiyligiga imon keltirdi («Bahorni sog‘indim»).
Lekin baribir davr o‘z ishini qildi. Shoirning qo‘lidan qalami tushdi. To‘g‘rirog‘i, ko‘ngliga qil sig‘madi. O‘zi aytmoqchi, «soz»ini «bir necha yil qantar»ib qo‘ydi. Nihoyat, 1935 yilda «Soz» she’riy to‘plami bosildi. Shoir yana qo‘liga sozini olganligini e’lon qildi. Ko‘nglidagi kuduratlar ko‘tarilib, «qaynab yotgan shu hayot»dan «ilhom» olajagini yozdi («Yana oldim sozimni»). «Millionlarning biri kabi» o‘zining «quvnoq» va «shan»ligini, «kechmishlarning o‘limiga qahqahalar solgan»ini e’lon qyldi. Shu tariqa, u sho‘rolar hayotining riyokorona shiorlariga sekin-asta yuz bura boshladi. Buning natijasi o‘laroq she’rlariga sodialistik mafkura kirib keldi. Yolg‘on, rangsizlik, yasamalik paydo bo‘ldi…
Cho‘lpon nodir poetik iste’dod egasi edi. Va bu iste’dod XX asr Rusiyasi maydonga keltirgan totalitar-shovinistik tuzumga duch keldi. Birdaniga uning mohiyatini anglab yeta olmadi. Haq va haqiqat yo‘lidagi kurashlar sifatida qabul qildi. Nimaligini idrok etishi bilan unga qarshi isyon ko‘tardi. Bu isyon dastlab ochiq, oshkor kechdi. So‘ng esa, tabiiyki, pardalanib bordi. Buni hisobga olmoq kerak.
Zaki Validiy Cho‘lponni qozoq uyg‘onishining buyuk shoiri Mag‘jon Jumaboy (1893-1937) bilan qiyoslagan edi. Bu bejiz emas. Mag‘jon 1922-1924 yillarda Toshkentda yashagan. Shu davr Turkiston muhitini yaxshi biladi. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qigan. Demak, bu yerdagi ziyolilar bilan ham yaqin munosabatda bo‘lgan. So‘ng 1924-1926 yillarda, ayni bir paytda har ikki shoir Moskvada bo‘ldilar. Ularning biri-biri bilan shunchaki tanish emas, hatto yaqin bo‘lganliklari ehtimoli yo‘q emas. Shoirning yirik bir she’riy to‘plami («Mag‘jon Jumaboyev o‘lanlari») 1923 yilda Toshkentda taniqli davlat arbobi Sultonbek Xo‘janov (1894—1938) so‘zboshisi bilan chiqqan edi. Uning: «Turkiston eki dunyo esigig‘o‘y, Turkiston er Turktung besigig‘o‘y», deb boshlanadigan mashhur she’ri shu yerda bitilgan, shu to‘plamda e’lon etilgan… Har ikki shoir ijodining g‘oya va obrazlar tizimida ma’lum o‘xshashliklar borki, buni payqash qiyin emas. Validiy muqoyasani har ikki shoir she’riyatidagi obrazlar tizimining o‘xshashligi asosiga quradi. Chunonchi, har ikki shoir ham Rusiya va Turkistonni bir-biriga zid qo‘yib tasvirlaydilar. Mag‘jon ularni «tun» va «kun» timsollari bilan bersa, Cho‘lpon «G‘arb» va «Sharq» yoxud «zolim» va «mazlum» ta’birlari bilan ifodalaydi. Farq — shunda.
Bunga shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, Cho‘lpon she’rlarida tabiat manzaralari, fasllar tasviri aksariyat shoirning ruh va kayfiyatinigina emas, qay bir darajada g‘oya va maslagini ham o‘zida namoyon etadi. 1921—23 yillarda yozilgan she’rlarda tabiatga ijtimoiy sifatlar berilardi. Manzaraga mos zamon voqealari -haqsizliklarga ishora qilinardi. Bir so‘z bilan aytganda, tabiat ijtimoiylashardi va bular ko‘pincha «Sharq» va «G‘arb» muqoyasasida berilardi:
Ko‘m-ko‘k ekan, sarg‘aydilar yaproqlar
Og‘riq, mag‘lub, tutqun Sharqning yuzidek;
Bo‘ronlarning ko‘zlarikim o‘ynoqlar
G‘olib G‘arbning qonga to‘lgan ko‘zidek.
Qora bulut to‘dasikim ko‘klarni
Sharqni yopgan parda yanglig‘ yopmishdir;
Kuz qo‘shini og‘u to‘lig‘ o‘qlarni
Yoz bag‘riga hech sanoqsiz otmishdir.
Balo yanglig‘ qator-qator chizilib,
Ko‘k yuzidan qarg‘alar ham o‘talar;
Sharqdek ichdan yashringina ezilib,
Ko‘p jonlilar so‘nggi tinni kutalar.
( «Kuz»)
Yoki:
Qarg‘alar bog‘larda qag‘lashib qoldilar,
Bilmadim, kimlarning qismati uzilur?
Yong‘oqqa yopishib, bir changal soldilar,
Bilmadim, kimlarning umidi yo‘q bo‘lur.
(«Xazon») kabi.
20-yillarning o‘rtalariga kelib, shoir she’rlarining ifoda usullari bir oz o‘zgardi. Endi ulardagi fikr va g‘oyalar ilgarigiday ochiq-oshkor emas, bo‘rtib ko‘rinib turmaydi. Mana «Kuz yomg‘iri» tasviri:
To‘kildi tomchilar…
Yaproqning yuzlari
Tomchiga o‘ptirib ho‘llandi,
Chuqurcha ko‘llandi…
Tomchini ko‘pdirib,
Betida o‘ynatdi
Chuqurcha.
U — jindek qo‘lcha.
Tomchilar –
Ko‘klarning suvlari
Erlarni qamchilar…
She’r 1926 yilda, shoir tepasida tanqid tayoqlari sinib turgan bir paytda yozilgan. Uni shunchaki bir manzara doirasida qoldirib bo‘lmaydi. O‘ylaymizki, undagi har bir tafsidda kayfiyat, holat, ma’no bor.
Cho‘lpon she’riyati xalqchil g‘oyalari, yuksak millatparvarlik va vatanparvarlik ruhi bilangina emas, chinakam xalqona ifoda vositalari bilan ham o‘quvchilar qalbini zabt etgan, muallifini tirikligidayoq mumtoz shoirga aylantirgan edi. Uni faqat bizda emas, chetda ham sevadilar. XX asrning 20-yillarida uning nomi Rusiya turkiylari orasidagina emas, Turkiyadan tortib, buyog‘i Misr, Arabiston, uyog‘i Koshg‘ar, Hindistongacha yoyilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |