Noto‘liq ziddiyat. Noto‘liq (privativ) ziddiyatda qarshilanuvchi a’zolardan birida ziddiyat belgisi to‘liq va aniq, boshqasida esa noaniq namoyon bo‘ladi. Masalan, [bola] va [o‘g‘il] leksemalarini olaylik. Ular “erkak jinsli” deb atalgan ziddiyat belgisiga ikki xil munosabat bildiradi. Bu belgi [o‘g‘il] leksemasi ma’no tarkibida aniq berilgan, shu boisdan uning ushbu belgiga munosabati aniq yoki “belgilangan” deyiladi va shartli ravishda (+) belgisi bilan beriladi. [bola] leksemasida esa jins belgisi aniq emas. Chunki uning ma’no tarkibida “er” yoki “ayol” (ya’ni jins) semasi yo‘q. Boshqacha aytganda, bola so‘zi o‘g‘ilni ham, qizni ham ifodalashi mumkin. Shuning uchun bu leksemaning ziddiyat ko‘rsatkichiga ishorasi “belgilanmagan” (noma’lum, noaniq, majhul) deyiladi va shartli ravishda (+/–) yoki (0) (nol) belgisi bilan qayd etiladi(10-jadval):
jadval
“erkak”
|
o‘g‘il (+)
|
bola (0)
|
Bu ziddiyatdagi aniq belgili a’zo kuchli a’zo, noaniq belgili a’zo esa kuchsiz a’zo ham deyiladi.
Noto‘liq ziddiyat tilning barcha sathida amal qiluvchi muhim qonuniyatdir. Masalan, morfologiyada leksemalarni umumiy grammatik ma’nosiga ko‘ra mustaqil va nomustaqil leksemaga
bo‘lish privativlik asosida amalga oshiriladi. Bunda “lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik” noto‘liq ziddiyatning belgisi, ziddiyatda mustaqil leksema belgilanmagan, kuchsiz a’zo bo‘lsa, nomustaqil leksema belgili, kuchli a’zo sifatida namoyon bo‘ladi (11-jadval):
jadval
“lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik”
|
nomustaqil leksemalar (+)
|
mustaqil leksemalar (0)
|
Chunki mustaqil leksema lug‘aviy ma’no ifodalashi ham, nomustaqil leksema vazifasida kelishi ham mumkin. Masalan, ot ko‘makchi, fe’l ko‘makchi, ko‘makchi fe’l va boshqalar o‘rni bilan nomustaqil leksema kabi lug‘aviy ma’nosiz ham bo‘la oladilar.
Noto‘liq ziddiyatda belgi tanlash ixtiyoriy emas. Masalan, bir qarashda yuqoridagi ziddiyatda belgini “lug‘aviy ma’no ifodalash” deb ham, “lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik” deb ham qo‘yish mumkindek tuyuladi. Кeling, ziddiyat belgisini yuqorida qo‘yilganidek emas, balki “lug‘aviy ma’no ifodalay olish” deb o‘zgartirib ko‘raylik (12-jadval):
jadval
“lug‘aviy ma’no ifodalay olish”
|
mustaqil leksemalar (+)
|
nomustaqil leksemalar (0)
|
Noto‘liq ziddiyatda qaysidir bir a’zo 0 (nol) belgisini olishi kerak. Oldingi ziddiyatda mustaqil leksemalar ushbu belgiga ega edi. Bunda endi nomustaqil leksemalar olishi kerakka o‘xshaydi. Yo‘q, aslida bunday emas. Chunki nomustaqil leksema goh lug‘aviy ma’no ifodalash, goh ifodalamaslik xossasiga ega emas. Ziddiyatning ikkinchi a’zosi (+) belgisiga egami? U (ya’ni mustaqil leksemalar) hamisha «lug‘aviy ma’no ifodalay olish» belgisiga ega bo‘lib, boshqa xil vazifada qo‘llana olmaydimi? Yo‘q, u bunday xususiyatga ega emas; oldingi ziddiyatda ko‘rib o‘tganimizdek, mustaqil leksema “lug‘aviy ma’no ifodalay olmaslik” belgisiga ega bo‘la oladi, (–) belgisiga ham ega. Demak, keyingi “ziddiyat” noto‘liq ziddiyat emas. Ziddiyat lisoniy birlikning mohiyatini, ya’ni substansial tabiatini o‘zida aks ettirmog‘i lozim. Aks holda
“sun’iy” ziddiyat kelib chiqadi. Boshqa ziddiyat kabi noto‘liq ziddiyat ham obyektiv va bizning xohish-irodamizga bog‘liq emas.
Noto‘liq ziddiyatdagi kuchli a’zoning belgisi aniq, shuning uchun uning imkoniyati tor, kuchsiz a’zoning belgisi noaniq, shuning uchun imkoniyati keng ekanligini esda tutish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |