Leksik-semantik sath va uning birligi haqida. Lisonning shakl va denonativ ma’no yaxlitligidan iborat birligini qamrab oluvchi sathi turlicha nomlanadi: leksik sath, leksik-semantik sath, leksik-frazeologik sath va h.
Leksik sath birligi tilshunoslikda leksema deyiladi. Leksema – tilshunoslikning eng muhim va markaziy tushunchalaridan biri. Biroq uning mazmun va chegarasi hozirgacha aniq belgilangan emas. Masalan, o‘zbek tilshunosligida leksema va so‘z atamasining hozirgacha yonma-yon qo‘llanayotganligi, leksemani morfemaning bir ko‘rinishi sifatida qarash kabilar shular jumlasidan. Ulardan biri, ya’ni leksemaning lisoniy birlik bo‘la olish-olmasligi masalasini olaylik. Ko‘p tilshunoslar lisoniy birliklarni sanashganda, fonema, morfema va qolip bilan cheklanib, leksemani tilning alohida qurilish birligi sifatida tan olishmaydi va uni morfemaning bir ko‘rinishi sifatida qarashadi. “Leksema morfemaning jamiyat a’zolari uchun tayyor, umumiy, majburiy
bo‘lgan, shakl va mazmunning barqaror birikuvidan tashkil topgan, voqelikdagi narsa, belgi, xususiyat va munosabatni shakllantiruvchi, nutqda grammatik morfemalarni o‘ziga biriktira oladigan bir turi” degan ta’rif ham bor (H.Ne’matov, R.Rasulov. O‘zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990.)
Leksemani morfema orqali ta’riflash va uni morfemaning bir turi sifatida qarash, mantiqan, lisoniy qurilishda uning alohida, mustaqil o‘rni yo‘q deyishning o‘zi. Lekin har bir tilning izohli va tarjima lug‘atlari mavjudligining o‘zi leksik sathning mustaqilligi va alohidaligini ko‘rsatib turadi. Ammo yuqoridagi fikrlar ham asossiz emas.
Tilshunoslar Arastu davridan hozirgacha leksema, so‘z ustida bosh qotirib kelishmoqda va bugungi kunda unga yuzlab ta’riflar berilgan. Hatto ayrim olimlar tomonidan o‘zbek tilshunosligi jahon tilshunosligida hal etilgan kesim tushunchasini qaytadan ishlab chiqish zarurati yo‘qligi, faqat uning o‘zbek tilida qanday voqelanishini ochish lozimligi haqidagi fikrlar ilgari surilganligi kabi leksemaga ham shunday qarashlar kuzatiladi. Biroq bugungi kunda “o‘zbekcha kesim” tushunchasi “oqlandi” va o‘z ilmiy talqinini topdi. Demak, bundan metodologik omil sifatida foydalanib, uni umumiy va xususiy leksema nazariyasiga ham tatbiq qilish lozim. Bu bevosita o‘zbekcha leksema tushunchasini yaratish, bunda o‘zbek tilining ichki tabiatidan kelib chiqish zarurati mavjudligi bilan bog‘liq.
Agglyutinativ tillar, jumladan, o‘zbek tilidagi va flektiv tillar, xususan, rus va arab tillaridagi o‘zaklar keskin farqlanadi. Rus va arab tillaridagi o‘zaklarni lug‘atda qo‘shimchadan xoli berib bo‘lmaydi, shu jihati bilan ular morfemaga o‘xshaydi. O‘zbek tilida esa bunday emas. Dalil uchun ruscha [ч], [пись], arabcha [qr’], [ktb] va o‘zbekcha [o‘qi], [yoz] o‘zaklarini qo‘llanish va ma’no anglatish xususiyatiga ko‘ra qiyoslash yetarli. Mustaqil va alohida ajratilgan holatda [ч] ning o‘zak ekanligini mutlaqo anglab bo‘lmaydi (читать, учеба, учение), biroq mulohaza yuritish natijasidagina [пис] ning пишу, письмо so‘zlari bilan aloqadorligi seziladi. Arabcha [ktb], [qr’] o‘zaklari haqida esa bir qarashda
ularning o‘qish va u bilan aloqador til unsurlari ekanligi, biroq lug‘atda mustaqil qo‘llana olmasligi xususiyatlarini aytish mumkin. O‘zbekcha [o‘qi] va [yoz] o‘zaklarini sharhlashda bu til egasi qiyinchilik sezmaydi.
Ko‘rinadiki, o‘zbek tilida lisoniy sath birligi sifatida eng kichik ma’noli birlikning ikki alohida turini – leksema va morfemani qat’iy chegaralash uchun yetarli asos mavjud. O‘zbek tilida leksema va morfema boshqa-boshqa hodisa. Rus va arab tillarida leksema – morfemaning bir turi. Demak, turkiy tillarda leksemani morfemaning bir turi sifatida emas, balki lisoniy sathning morfemadan yuqoriroqda turgan va til egasi ongida borliqdagi ma’lum bir voqelik bilan bevosita aloqada bo‘lgan lisoniy birlik sifatida qarash lozim.
Ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek tilida lisoniy birliklar fonema, morfema, leksema, qolipdir. Flektiv tillarda esa lisoniy birliklar – fonema, morfema, leksema va qolipdir.
Shunday qilib, “o‘zbekcha leksema” o‘zida tayyorlik, majburiylik, takrorlanuvchanlik, ijtimoiylik xususiyatlarini mujassamlashtirgan, shakl va denotativ ma’no birligidan iborat, mustaqil anglanish va qo‘llanish tabiatiga ega bo‘lgan lisoniy birlikdir.
Albatta, ayrim til hodisalari leksema va morfema oralig‘ida turganligi uchun bu ta’rifga sig‘masligi mumkin. Bunday oraliq hodisalar tilda ko‘p uchraydi. Bu til sistemasining uzluksizligi va uzviyligini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |