II.3. Tajriba – sinov ishlari va natijalari
Boshlang`ich sinf o`qish kitoblarining yangi avlodi yosh qalblarni eng yaxshi insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalashga yo`naltirilgan. Zero, ularda darj etilgan matn va maqolalar, adabiy-badiiy asarlar mualliflarning qalb qo`ridan yaralgan, har bir ijod namunasi shu ulkan maqsadlarga xizmat qilishi, kichkintoylar ko`ngil qatida o`zi tug`ulib o`sgan, kindik qoni to`kilgan tuproqqa mehr-muhabbat tuyg`ularini shakllantirmog`i lozim. Binobarin, boshlang`ich sinf o`qish kitoblarining mavzu-mundarijasi g’oyat keng. Unda avvalo, vatanparvarlik, Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlar qahramonligi, mehnatkash dehqonu hunarmandlarning mehr bilan yaratilgan timsoli yetakchi o`rin egallaydi. Shuningdek, millatning eng asosiy belgilaridan biri bo`lgan ona tilining qadr-qimmatini ulug`lash, sharaflash ham alohida o`rin egallaydigan mavzulardandir. Ta’kidlash joizki, har qanday ijodkor uchun eng qadrdon mavzu bu – ona-Vatan, ona-Yurt, ona tili. Bu mavzudagi asarlarni yaratishdan asosiy maqsad o`sib kelayotgan yosh avlodni ona-Vatanga, ona-zamin, ona-tiliga, ota-bobolar xotirasiga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ular qalbida munosib avlod, farzand bo`lish tuyg`ularini shakllantirishdir.
Binobarin, bu mavzuning mustaqillik sharofati bilan boshlang`ich sinf o`qish kitoblaridan keng o`rin olishi baayni ehtiyoj taqozosidir.Anglashiladiki, ona-yurt tarannumi har bir sinfda turli yo`nalishda talqin etiladi. Jumladan, 3-sinf o`qish kitobidagi “Ona bitta, Vatan yagona” bo`limida dastlab, davlat ramzlari berilgan. O`quvchilar bayroq va gerb haqidagi teran bilimga ega bo`lgach, Abdulla Avloniyning “Vatanni suymak” matni (biz buni yuqorida tahlil etdik) bilan tanishadilar, so`ngra, shu mavzu yanada kengroq talqin etilgan “Vatan mo’tabardir” (Xurshid Davron), “Ona-Vatan”(Muhabbat Hamidova), “Vatan iftixori”(Asror Mo`min) kabi matnlar orqali “Vatan o`zi nimadir?”, degan savol mohiyatini yechishga erishadilar. Negaki, bunday matnlarda har bir tushuncha rang-barang usullarda ochib boriladi.
Zotan, boshlang`ich sinf o`qish kitoblaridagi ona-Yurt tarixi, buyuk shaxslar haqidagi hikoyalar, ona-Vatanga muhabbat mavzularining rang-barang janrlarda jilolanishi butunlay yangi hodisa bo`lmay, an’ananing o`ziga xos tamoyillar bilan qayta tiklangani shahodatidir. Bu bejiz emas, albatta. Abdulla Avloniy ta’biri bilan aytganda Vatanini suygan kishi uni o`z onasidek, bolasidek asrab avaylaydi, sadoqat ko`rsatadi, har bir ezgu ishini unga baxshida etadi.
1-sinf o`qish darslarida umumlashtiruvchi darslarni tashkil etishda A.Avloniy hikoyalaridan keng foydalanilishi maqsadga muvofiq. Jumladan, amaladagi 1-sinf O`qish kitobida shoir va adibning “Aqlli qarg’a”,“Maqtanchoq g`oz” hikoyalari berilgan. Ularning ayrimlarini nazardan o`tkazish maqsadga muvofiq.
Abdulla Avloniyning “Maqtanchoq g`oz” hikoyasi ham 1-sinf o`qish kitobidan joy olgan. Bu ham aynan kichkintoylar xarakteriga mos. U shunday boshlanadi: Bir g`oz suvda suzib yurib, o`ziga-o`zi maqtanib: “Olamga menday hunarmand qush yo`qdir. Yerda yuraman, suvda suzaman, havoda uchaman. Bir o`zimning uch xil hunarim bor”,–debdi. G`ozning bu so`zini bir qurbaqa eshitib: “Birodar, sen buncha maqtanmasang ham bo`lar edi. Chunki baliqdek suza olmaysan, lochindek ucha olmaysan. Chala-chulpa uch hunarni bilguncha, birini yaxshilab bilganing ma’qul”,-debdi.
Shu matn ostidagi “Chiranma g`oz, hunaring oz” maqoli uni tushuntirishga yordam beradi.Maqtanchoqlik nokamtarlik ekanligi, odobli bolani birov maqtashi matn tahlili orqali tushuntirilib beriladi.
Avloniy intizomni inson xarakterini tarbiyalovchi, mukammallashtiruvchi manba, deb biladi, hamda unga doim rioya qilish kerakligini ta’kidlaydi: ”Intizom qiladurg’on ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o’z vaqtida tartibi ila qilmoqni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo’lmasa edi, insonlar bir daqiqa yashay olmas edilar. Har bir millatning taraqqiysi va toliysi ishlarini vaqtida, nizomdan chiqarmay tartibi ila yuritilmoqqa bog’ilqdur… Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom , o’zlari parishon bo’lurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yuritgan kishilarning ishlari yerda, o’zlari tinch va rohatda o’tkarurlar”.
Avloniyning har bir qarashlarida, fikrlarida kishini ezgulik sari yetaklovchi, halollik, mehnatsevarlik, kamtarlik kabi insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiluvchi g’oyalar mavjud. Ayniqsa, Vatan tuyg’usi, uni sevish, uning dardi bilan yashash, uning baxtidan quvonish singari samimiy tuyg’ular adibning har bir nasriy va nazm yo’lida yozilgan asarlarida yaqqol namoyon bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |