Mirzakarimboy obrazi ruhiyati: Romanda eng murakkab obraz - Mirzakarimboy obrazi. Agar asarning 1939-, va 1940 - yillardagi muhokamalarida vulgarshiyona mohiyatini ocha bilmaganlikda ayblangan bo‘lsalar, so‘nggi vaqtlarda buning bu obraz tasvirida qora bo‘yoqlardan haddan ziyod foydalanganligi haqida jiddiy fikr va mulohazalar bildirilmoqda. Shubhasiz, Oybek tirik bo‘lib, romanni shu kunlarda yozgani yo qayta ishlaganida Mirzakarimbobo o‘zgacha talqin qilgan bo‘lardi. Lekin har bir asar faqat muallifni emas, balki muayyan davrning ham farzandi.
Oybek 30-yillar oxirida Mirzakarimboy obraziga o‘zgacha yondashish mumkin emas edi. Qolaversa, u Mirzakarimboyni jamiyatda Yo‘lchi va Gulnorni mavh etgan kuchlarning timsoli sifatida tasvirlamoqchi bo‘lgan.
Binobarin u bunga haqli edi. Mirzakarimboy kamtar mahalla baqqolining o‘g‘li bo‘lgan. U yoshligida kichkina chaqqon harakatli bo‘lgani uchun uni Karim chittak deb atashgan. Ana shu Karim chittak har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rgan va puxta-pishiq ish tutgani orqasida Toshkentning eng oldingi boylaridan biriga aylangan. Shubhasiz boshqa odamlardek, boylarning ham yaxshi ham yomoni, sahiy va ochko‘zi, oliyjanob va pastkashi bo‘ladi. Gulnor va Yo‘lchining baxtiga zomin bo‘lgan boyning ijobiy obrazini yaratishni yohud uning ijobiy sifatlarini, tadbirkorligini ko‘rsatishni yozuvchi «Qutlug‘ qon» romanida o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ymagan. U kishilarning, xususan, boylarning pulga, mol-mulkga o‘chligi faqat ularni emas, balki, jamiyatni halokat sari olib borishi mumkin, degan g‘oyani Mirzakarimboy obrazi orqali olg‘a surgan. Asardagi Mirzakarimboy obrazi bilan bog‘liq barcha voqealar ana shu g‘oyani ochishga safarbar etilgan.
Mirzakarimboy yo‘lchining onasiga tog‘a bo‘ladi. Yo‘lchi otasi o‘lib bir parcha yeri ham sotilib ketgach, bechora onasining maslahati bilan Toshkentga, tog‘asini qora qilib keladi. Tog‘asi esa Yo‘lchining otasini o‘lganiga emas, yerning sotilib ketganiga ko‘proq achinadi. «Chakki bo‘lmabdi jiyan - deydi. - Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq... Yer sotganlarni ko‘pini ko‘rdik, axiri gadoy bo‘ldi. To‘g‘ri yerni pulga sotadilar, pul esa hamma narsaning otasi. Pul bu - belga quvvat, boshga toj, puldor odam - qanotli odam, bu qanot bilan mag‘ribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, yor-do‘st topasan... Pulsiz odam o‘z joyidan bir qadam siljisinchi! Be! Pul shuncha yaxshi narsa jiyan...» Mirzakarimboyning bu so‘zlari boshdan-oyoq hikmatlidir. U hatto yersiz Shoqosimning gado bo‘lganini ham, pulsiz Yo‘lchining o‘z maqsadi yo‘lida biror qadam qo‘ya olmaganini ham oldindan bashorat qiladi.
Lekin halollik bilan birovning cho‘ntagiga tushmay turib boyish, pul topish qiyin. Qobunchi dehqonning qon qaqshatgan baqqolni halol pul topadi deb bo‘lmaydi. Mirzakarimboy, ehtimol, ana shunday baqqolni o‘g‘lidir. Ehtimol Oybek baqqolni Mirzakarimboyning ildiziga nazar tashlay olish uchun asrga kiritgandir.
Yo‘lchi Mirzakarimboy xonadoniga kirib kelganda, qorni juda och edi. Lekin Mirzakarimboy «savdogar nazokatidanmi yoki odatlanganidanmi» nonni juda mayda ushatgan edi. «Yo‘lchi bir burdasini og‘ziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yo‘qolib ketar, patnisga ketma-ket qo‘l cho‘zaverishga iymanar edi» deb yozadi yozuvchi. Bu lavhadagi Mirzakarimboyning nonni juda mayda ushatishi tavsili bejiz topilmagan. Oybek birinchi uchrashuvidayoq anashu tafsil orqali, bir tomondan, Mirzakarimboyning pishiq-puxta odam ekanligi, ikkinchi tomondan, Yo‘lchining bu xonadonda nasibasi hech qachon butun bo‘lmasligiga ishora qiladi.
Mirzakarimboy - juda aqlli, hushyor, ehtiyotkor, tadbirkor odam. U pulni qanday topish va qanday ishlatish kerakligini yaxshi biladi. U Yo‘lchining uch- to‘rt so‘m pul topib, onasiga yuborib turishi uchun shaharga kelganini yaxshi biladi. Bilmasligi mumkin emas. Lekin Yo‘lchi ro‘zg‘ordan siqilgan onasiga yuborish uchun pul so‘raganida, Mirzakarimboy ancha davom etgan jimlikdan so‘ng dedi:
«Xotin zotining aqli qisqaligi hammaga ma’lum narsa. Onang Xushro‘ybibining ham aqli komil deb bo‘lmaydi, jiyan. San yuborgan pulni mazzasiga tushundimi - bo‘ldi, haftada, oyda pul so‘rayveradi. Yaxshi yegisi, yaxshi ichkisi kelad, keyin qo‘sha-qo‘sha kiyim qilish orzusiga tushadi. Xullas kalom, sabrni, qanoatni unutadi. Gapimga kirsang odam bo‘lmoqchi bo‘lsang, onang zoriga quloq solma!»
Bu so‘zlarni eshitgan odam Mirzakarimboyni Yo‘lchiga jaraq-jaraq pul berar ekan deb o‘ylashi mumkin. Holbuki, nonni juda mayda ushatgan joydan pul chiqishi ham oson emas. Mirzakarimboy Yo‘lchiga uch-to‘rt so‘m berishdan avval yana safsata sotadi:
«Pul topish qiyin... sen pul topishdan avval pul sarflashni o‘rgan. Hamma gap shunda. Bu narsa sabr qanoat bilan bo‘ladi. Eshigimda juda ko‘p odamlar ishlagan... Bir xizmatchim to‘qqiz yilgacha qarzidan qutilmadi. Axiri churq - chorig‘ini tashlab qochib ketdi. Ammr mandan hali qutilgani yo‘q u. Yigirma so‘m qarz edi, oxiratda ham javobini beradi. San o‘zimnikisan. Bo‘yningni qarzga kirgizma deyman tushundingmi?»
Oybek Mirzakarimboyning ana shunday pishiqlik, ziqnalik va xizmatkorlariga shafqatsizlik orqasida boy bo‘lganini ko‘rsatish niyatida qora bo‘yoqlardan ko‘proq foydalangan. Biz Balzakning Gobsek, Gogolning Plyushkin yohud Sadriddin Ayniyning Qori Ishkanba obrazlarini yaratishda hajviy bo‘yoqlardan, mubolag‘adan haddan ziyod foydalanganliklari uchun ularni qoralamaganimizdek, Oybekni ham bir tomonlamalikda ayblamasligimiz lozim. Zero, uning maqsadi pulni, boylikni hamma narsadan ustun qo‘ygan, hatto pulni oldida g‘arib jiyani ham ko‘ziga ko‘rinmagan ishini fosh etish, zamondoshlarida unga nisbatan nafrat uyg‘otishdir. Ana shunday kishigia qarigan chog‘ida kenja farzandi tengi qiz Gulnorga, yana Yo‘lchining unga ko‘ngli borligini bila turib, uylanishi mumkin.
1.3 «Qutlug‘ qon» asari va istiqlol adabiyotshunosligi
«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatdan diqqatga sazovordir. Asarda adib obraz yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra romandagi har bir obrazning o‘z ichki va tashqi dunyosi bor, o‘z xarakter va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «e voh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz - musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar individual tus bergan. Asar haqida fikr yuritgan olim Homil Yoqubov shunday degan edi: “Badiiy asarda personaj nutqi singari maullif nutqi ham aniq va obrazli bo‘lishi, milliy tarovat bilan bezangan, davr ruhi bilan sug‘orilgan bo‘lishi shart. Bu jihatdan romanning tili ibratlidir”.4
Romanda personaj lar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xalq tili boyliklari: Xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlar darajasida turuvchi «yer sotgan - er bo‘lmaydi, er - yer sotmaydi», «jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «xalq o‘z ishini o‘zi biladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboralar yaratgan.
«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatdan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiadi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.
Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham holi emas. Asarda o‘sha davr taqazosiga ko‘ra sotsialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taasurot qoldirishga urunilgan.
Roman asosida yotgan ziddiyat chizig‘i asosan Yo‘lchi bilan Mirzakarimboy o‘rtasida tortilib, boshqa personajlar bu har ikkala tevaragida guruhlasha boshlaydilar. Oybek go‘yo tog‘a bilan jiyan o‘rtasida boshlangan bu «xonaki» ziddiyatni shunday mahorat bilan tasvir etib va rivojlantirib boradiki, u pirovardida 1916 yil qo‘zg‘oloni voqealari bilan uzviy ravishda tutashib ketadi. Shu ma’noda romanning asosiy qahramonlari butun o‘zbek xalqi uchun ahamiyatli bo‘lgan katta ijtimoiy masalalarni olg‘a sura oluvchi kuchga aylanadilar.
Oybek asar qahramonlari obrazini yaratishda ikki xil yo‘lakdan borgan. U Yo‘lchi va Gulnor obrazlari mohiyatini ochishda ular hatti-harakatlari tasviriga e’tiborini qaratgan bo‘lsa, Mirzakarimboy o‘zining insoniy mohiyatini o‘z so‘zlari bilan ochadi. Bu so‘nggi tasvir usuli Yormat obrazini yaratishda yozuvchiga yordamga keladi.
Asarning tili va uslubini belgilashda Oybek Abdulla Qodiriy izidan emas, ko‘proq yozuvchi Cho‘lpon orqasidan borgan ko‘rinadi. Yozuvchining tasvir uslubida ritm muhim rol o‘ynaydi. Oybek, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida bo‘lgani kabi, asar muqaddimasi (ekspozitsiyasi) ga katta o‘rin ajratadi; voqealar g‘oyat sust rivojlanib boradi. Ammo qahramonlar obrazi yorqinlashib, kurash maydoni bir qadar yorishgach, harakat keskin rivojlanib ketadi. Bunday o‘rinlarda tasviriy tafsillar ham, peyzaj ham qahramonlarning nuqtalari ham nihoyatda qisqaradi.
Kitobxon asarni o‘qir ekan, Oybekning iste’dodlik yozuvchi, xassos shoir ekanligini aslo unutmaydi.
BOB Oybekning “Qutlug‘ qon” romani poetik tahlili.
Asar mazmuni va obrazlar tizimi
Har bir yozuvchi o‘z xalqi va sinfi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan muayyan davrining ziddiyatli tasviriga alohida e’tibor qiladi. Oybek o‘zining «Qutlug‘ qon» romanida o‘zbek xalqining ijtimoiy zulmga qarshi hayot-mamot kurashiga otlanganligini ko‘rsatgan, unga o‘zbek xalqi manfaatlari nuqtayi nazaridan yondashgan. Bu asarda qahramonlar xarakterlari ana shu kurash jarayonida ochilgan, toblangan. Bundan tashqari, asar g‘oyai ham kurashlar zaminida jozibali, yorqin, ta’sirli, emotsional tarzda ochilgan.
Oybek «Qutlug‘ qon» romanini 1937 yillarda yoza boshladi. Oybek «bu romanni yozishda men hech qanday manbaa, materiallar to‘plamadim, chunki bu asarni men yozish uchun bolaligimdan hayotni kuzatishni sevganligimdanmi, ko‘nglimdan, xotiramdan «Qutlug‘ qon» romani quyilib kelaveribdi. Romanni qisqa fursatda yozib tugatdim» - degan edi.
1940 - yilda chop etilgan «Qutlug‘ qon» romani - badiiy jihatdan yetuk asar. Una mamlakat o‘tmishidagi hayot haqiqati mohirona ko‘rsatilgan. O‘zbek xalqining 1917 - yil to‘ntarish arafasidagi og‘ir hayoti, ozodlik yo‘lida olib borgan kurashlari keng va atroflicha tasvirlangan.
Oybekda bunday g‘oyaviy-tematik asos dastlab asar qahramonlari sifatida xalqning ilg‘or vakillarini tanlashda ko‘rindi. Qahramonlarning rivojlanishiga, olg‘a qarab harakat qilishda tasvirlash ham mana shu g‘oyaviy yo‘nalishdan kelib chiqadi. Oybekni birinchi galda xalq ichidan chiqqan kishilar harakterida asta- sekin, evolyutsion suratda maydonga chiqib. Ma’lum vaqtdan so‘ng shu kishilarni ozodlik uchun kurashuvchilarga aylantirgan o‘zgarishlar qiziqtiradi. Oybek xarakterlar o‘sishi va shakllanishini o‘tkir qarama-qarshiliklar kurashining natijasi sifatida beradi. Demak, «Qutlug‘ qon»da harakterlar ta’sirida muallifni asosan ikki masala bo‘lib qahramonlarning xarakterlarida yuz bergan yangi sifat o‘zgarishlari; ikkinchisi - oqibat natijasida qahramonlarning xarakterlaridagi o‘zgarishlarni vujudga keltiradigan qarama-qarshi kuchlar kurashidir. Abdurauf Fitrat ta’kidlaganidek, “Adabiyot - fikr, tuyg‘ularimizdagi to‘lqinlarni so‘zlar, gaplar yordami bilan tasvir qilib, boshqalarda ham xuddi shu to‘lqinlarni yaratmoqdir.”5
«Qutlug‘ qon» romanida xotin qizlarning rang-barang obrazlari berilgan. Yozuvchi albatta bu obrazlarni xalq ichidan tanlab oladi. Ular orasida, ayniqsa, Gulnor timsoli o‘quvchida katta taassurot qoldiradi. Adib Gulnor obrazi orqali o‘sha davrdagi xotin-qizlarning achchiq taqdirini, fojeali qismatini umumlashtirib tasvirlab bergan. Asarni o‘qish davomida biz shunga amin bo‘lamizki, o‘zbek xotin-qizlarining achchiq taqdiri, fojeali qismati, o‘sha davrning og‘ir turmush tarzi, qiyinchiliklari, itoatkorliklari yozuvchi tomonidan yorqin va ta’sirli mohirona aks ettirilgan. Buni biz hali bir xotin-qizlarning obrazlarini tahlil qilib bilamiz.
Gulnor - sodda va samimiy inson. Uning o‘zi ham, so‘zi ham, odob-axloqi ham, yurish-turishi ham go‘zal. Unda notabiylik va soxtalik yo‘q ammo Gulnor huquqsiz. U Yo‘lchini jonidan ortiq sevadi; uning qalbi to‘la pok muhabbat. Romanda Gulnorning kechinmalari, turli ruhiy-psixologik holatlari yorqin bo‘yoqlarda tabiiy va jonli qilib ifodalangan. Gulnorda o‘zbek qizlariga xos go‘zallik, ibo-hayo, kamtarlik, o‘zgalarning ko‘nglini og‘ritmaslik, ular bilan dardlashish, mehnatkashlik xusuiyatlari jamlangan. Gulnor yuqorida aytganimizdek o‘sha davr xotin-qizlari kabi u ham xuquqsiz, shu sababli u Yo‘lchini jondan ortiq sevgani holda otasining qistovi bilan qari chol Mirzakrimboy bilan turmush qurishga majbur bo‘ladi. Otasi uni «yaxshi yashaysan, yaxshi yeb, yaxshi kiyinasan» deb o‘zi xizmat qilayotgan boyga ikkinchi xotin qilib beradi. Gulnor o‘zining taqdirini bunday hal bo‘lishini onasidan eshitib dong qotdi. «Bundan ko‘ra o‘lganim yaxshi ayajon, menga o‘lim tilang» deyishi sevgi to‘la qalbiga birdan qora bulutlar kela boshlaydi. Gulnor uch kunni jahannam azobida o‘tkazadi. Onasidan mash’um xabarni eshitgandan buyon tinmay yig‘laydi, qaynoq ko‘z yoshlari bilan yuz-qo‘llarini yuvib qayg‘u alangasida tutaqib yonadi. Mirzakarimboyga xotin bo‘lish uning hayotiga shu vaqtgacha bir lahza kelgan edi, Gulnor balki bunchalik o‘rtanmagan bunchalik vahimaga, sarosimaga tushmagan bo‘lar edi. Gulnorning ichki kechinmalarini adib mahorat bilan tasvirlagan: «Qiz o‘z qalbini Yo‘lchiga bag‘ishlagan edi. Agarda butun vujudini, butun «men»ligini u yigitning ishqi to‘ldirmagan bo‘lsa edi, kambag‘al qizlarning boshidan, ayniqsa ularning go‘zallari boshidan ko‘p vaqt chamanlar barbod qilib kechgan do‘l bo‘roni kabi, bu dahshatli ofatni, u ehtimol bir taqdir, bir zaruriyat, bir o‘lim kabi daf etilmas hodisa deb tushunar, balki kamtarinlik bilan bo‘ynini bukkan bo‘lar edi.
Gulnor nima qilsin? U yaralarini kimga ochsin? Ostonadan xatlab chiqishga haddi yo‘q. Uyda hamma narsa unga yod, hamma narsa kar, otasi begona, hatto onasi ham begona kabi».
Gulnor taqdirining bunchalik beshavqatligidan kuyinadi. O‘z sevgani Yo‘lchiga yetisholmasligidan aziyat chekadi. Uni boylik qiziqtirmaydi, balki sevgani Yo‘lchi bilan xarobada bo‘lsa ham kamtaringina hayot kechirishni orzu qiladi. Ammo nima qilsin? Gulnor ham taqdir hukmiga tushib oxir-oqibat Mirzakarimboyga turmushga chiqadi.
Asarda xotin-qizlar ruhiyati talqini
Bundan keyingi hayot, Mirzakarimboydagi turmush Gulnor uchun haqiqiy jahannam kabi. Bu uydagi hamma narsa unga yot, uydagi narsa-buyumlar, zeb- ziynatlar u uchun begona, yot sovuq ko‘rinadi. Gulnor butun yuragi bilan Yo‘lchiga maftun, uning ko‘ksiini baxtsiz sevgi to‘ldirgan. Gulnor uchun umrining eng ma’sud, eng unutilmas, eng yorqin damlari endi Yo‘lchi bilan birga kecha- kunduz birga yashagan xarobagina hujrada garchi ming tahlika, qo‘rquv ostida qamalib o‘tirishga, nihoyat tutilishga to‘g‘i kelgan bo‘lsa ham o‘sha go‘zal shirin tuyg‘ular bo‘lib qoladi.
Gulnorni Mirzakarimboyning boyligi-yu, obro‘si qiziqtirmasa ham tabiiyki boyning farzandlari Gulnorni «shumqadam» deb uni yo‘q qilish payiga tushishadi va oxir-oqibat Gulnorning zahar to‘la hayotini yana zaharlab o‘ldirishadi. U o‘layotgan chog‘ida ham boylarning zulmidan nolib, sevgilisi Yo‘lchini eslaydi, uning oxirgi gaplari quyidagi jumlalarda juda ta’sirli qilib keltirilgan:
« - Aniq u... Umrim zaharlangandi, endi qutulaman. Bular hammani zaharlaydi. U qamoqda... Hammani zaharlaydi bular, hammani. Oyi o‘laman. Yo‘lchini ko‘rmadim armonim shu oyi kechiring...»
Xullas, Gulnor hayoti fojea bilan tugaydi. Adib Gulnorning ichki dunyosini dardi, his-tuyg‘ulari, ko‘ngil kechinmalarinigina emas, balki uning atrofida kechayotgan keskin sinfiy kurashlar belgilagani, Gulnor ham o‘sha davr hukmiga tushganini ruhiy psixologik holatlarni yorqin bo‘yoqlarda tabiiy va jonli qilib ifodalagan.
Gulsumbibi - Gulnorning onasi. Gulsumbibi asarda o‘zi bir olam sifatida namoyon bo‘ladi. U - mushfiq, mehribon ona, Gulsumbibi har narsadan odamgarchilikni ustun qo‘yadi. Qizini tushunadi, u yig‘lasa yig‘laydi, kuysa kuyinadi va ayaydi. Shu sababli u boyning mulkiga uchmaydi, qizini Mirzakarimboy xotinlikka olmoqchi ekanini eshitgach ruhan qiynalib ich-ichidan eziladi. Birinchi kun qizi bilan birga yig‘lashadi, lekin u taqdir temirini sindirishdan ojiz ekanini tez anglaydi. Erining rayiga qarshi borishdan foyda yo‘qligini biladi va ko‘nikadi. Uning yuragi qanchalik iztirobda, azobda bo‘lmasin lekin u endi qizining ko‘z yoshlarini tindirish uchun faqat nasihat qiladi, yupatadi, otinoyi, eshonoyilardan eshitgan «kitob» so‘zlarini gapiradi: «Bu dunyoda alamzada, dardkash bo‘lgan xotinlarni qiyomatda Bibi Fotimaning o‘zlari jannatga boshlar ekanlar» - deb qizini noiloj ovutadi. Ona bola bu musibatdan qattiq kuyinadi. Gulsumbibi qizining taqdiridan nolib: «Sho‘rim qursin, kampir xotinni uzatganday to‘rtta-beshta xotin bilan birga malikaday qizimni olib chiqarmishman, eshigimga karnay-surnay bilan, bir to‘da yigit bilan kuyovim kelsa, ustidan sochiq sochilar, kuyovimning boshiga jig‘a taqsam, degan orzularim bor edi... Domla imon bilan so‘fi kelib nikoh uqirmish, man o‘lgur qizimni yetaklab «yor-yor» yo‘q, shovqin-suron yo‘q, suv quyganday jimgina chiqararmishman, shappayib...»
Gulsumbibi obrazida o‘sha davr onalariga xos itoatkorlik ham, zahmatkashlik va mehribonlik ham yorqin aks etgan.
Unsin - Yo‘lchining singlisi bu qiz o‘n besh - o‘n olti yoshlar orasida bo‘lgan qoramtir, lekin toza, sog‘lom yuzli, ko‘zlari bolalarcha o‘ynoq, sho‘x, jingalak sochli, bo‘ychan, qishloqcha sodda, samimiy bir qiz bo‘ladi. Unsin obrazini akasiga mehribon singil, dardkash dugona, mehnatkash, kamsuqum, kamtargina qiz sifatida ko‘ramiz.
Unsin ham davr qiyinchiliklarini hali yoshgina bo‘lishiga qaramasdan erta tatib ko‘radi. Onasidan erta ayrilib, akasiga ergashib shaharga keladi, Mirzakarimboynikida u ham akasi singari xizmatkor bo‘ladi. U mehnatdan qochmaydi, balki boylardan qochadi. Chunki bu uydagi muhit uni bug‘adi. Mirzakarimboyning kelinlari unga yaxshi munosabatda bo‘lmaydi, uni cho‘riga aylantirib oladilar. Bu uyda unga yagona bir sirdosh, dardkash Gulnor bo‘lib qoladi. Ular ikkalasi bir-biriga bog‘lanib, suyanib qoladilar. Yo‘lchi boyning uyiga singlisining holidan xabar olish uchun kelganida Unsin akasidan uni bu yerdan olib ketishni so‘raydi, sababi boyning o‘g‘li Salim boyvachcha tegajog‘lik qilayotganini, bu uyatsiz odamlardan har balo kutish mumkinligini va Gulnordan ayrilgisi kelmasa ham Salimboyvachchaning ko‘ziga qayta ko‘rinmasligini aytadi. Uyatchan, sodda, samimiy singlisini bu zulmkorlar qo‘lidan tezroq qutqazish uchun uni bu uydan olib ketadi. Unsin ham o‘sha davr ijtimoiy muhitiga asardagi boshqa xotin-qizlar singari tushadi. Davr qiyinchiliklarini Shokir ota, Robiya xola va akasi qatori boshidan o‘tkazadi. Shokir otaga mahsi tikishda yordamlashib, uning og‘irini yengilltashida, birovga boqimanda bo‘lib qolmaslikka tirishadi. O‘zining soddaligi, halolligi, pok qalbi bilan yon atrofdagilarning mehrini qozonadi.
Xushro‘ybibi Yo‘lchining onasi. Saida bu obraz mehnatkash, kamtarin, mehribon ona, davr qiyinchiliklaridan zahmat tortgan, kambag‘allik yukida aziyat chekkan obraz sifatida gavdalanadi. Eri vafot etgandan so‘ng moddiy yordamga muhtoj bo‘lib qoladi va tog‘asi Mirzakarimboy huzuriga o‘g‘li Yo‘lchini yuboradi. Vaholanki bu tog‘a ma’naviy dunyosi ham nopok va qarindoshlik tuyg‘usidan ham mahrum edi. U «Xotin erning quli, xotinning ko‘ngliga, raiga qarab ish ko‘rgan erkak - odam emas» - deydi.
Xushro‘ybibi obrazi asarda kam ko‘rinadi ammo o‘quvchida yaxshi taasurot qoldiradi.
Lutfiniso - Mirzakarimboyning xotini. Bu obrazning harakteri uning gap so‘zlaridan yaqqol bilinib turadi. Lutfinisoni ijobiy obraz deb ololmaymiz, chunki bu obraz o‘ta manman, o‘zini hammadan ustin qo‘yadigan, kambag‘allarni mensimaydigan boy bir dimog‘dor xotin sifatida gavdalanadi. U asar boshidanoq o‘quvchida unga nisbatan salbiy taassurot qoldiradi. Yo‘lchi qishloqdan onasi berib yuborgan qurutlar solingan xaltani jirkanibgina, ushlagisi ham kelmay nevaralariga qarata «bu tosh qurut jig‘ildonlaringni teshib yuboradiku» deb Yo‘lchini noqulay vaziyatga soladi. Lutfiniso o‘zi boy bo‘lgani uchun u kambag‘allarning har nimasini masxara qilishga, ularni har jihatdan o‘zlaridan past tutishga, kamsitishga odatlangan xotin bo‘ladi.
Lutfiniso, Gulsumbibi va Gulnorni juda ozoda, pokiza ekanliklarini ko‘rpa- yostiqlari eski bo‘lishiga qaramay, har vaqt toza tutilishini juda yaxshi bilsa-da, ularga yaqin bo‘lmaslikni qizi Nuriga tayinlab shunday deydi:
- Ux, bay-bay, o‘zing bilasan bolam ko‘p o‘tirma... Ha tag‘in, - onasi juda sekin pichiraydi, bit-miti kirmasin ehtiyot bo‘l!»
Lutfinisoning shu so‘zlari orqali uning naqadar dimoqdor boylikka, pulga, zebu-ziynatga o‘ch xotin ekanini ko‘ramiz. Bundan tashqari Lutfiniso qizi Nuri uchun bir dunyo sandiq-sandiq zebu-ziynat yig‘adi, qizining baxtini shu matoqlarda deb biladi. Nurining baxtini shu boyliklar bilan o‘lchaydi. Adabiyotshunos T. Boboev xarakter haqida gapirib, “Xaraker, birinchi navbatda, konkret hayotiy sharoitda o‘z individual hatti-harakatlari va ruhiy kechinmalari bilan namoyon bo‘ladigan insonning aniq tasviri.”6
Romanda Lutfiniso bilan uning qizi Nurinisoning harakteri deyarli bir xil. Ular har ikkalasi ham o‘zlarining baxtidan boshqa hech kimning baxtini o‘ylamaydigan, hatto ona-bola ikkisi Gulnorni g‘iybat qilishib, «Gulnor bilan Yo‘lchi o‘ynash» deya unga tuhmat qilishdan ham toymaydilar. Xullas, Lutfiniso obrazi uncha-munchani nazar-pisand qilmaydigan ayol.
Romanda Mirzakarimboyning qizi - Nuriniso obrazi ham bor. Gulnor go‘zallik va samimiylikning ramzi bo‘lsa, Nuriniso ichki qoralik va shumlikning, battollik va yomonlikning, behayolik va urushqoqlikning, o‘jarlik va xudbinlikning timsolidir.
Nurining qiliqlari va hatto harakatlari uning so‘zlaridagi behayolik, yengiltaklik bu obrazning salbiy ekanligidan dalolat beradi. Boy qizi bo‘lgani uchun hamma narsani o‘z bilganicha oxirini o‘ylamay o‘lchayveradi. U dastlab Yo‘lchini ko‘rganidan keyin unga o‘z muhabbatini izhor qiladi. Hilvatda u bilan uchrashib, quchoqlash va o‘pishga sodda dil qishloqi Yo‘lchini majbur qiladi. Bu bilan u yigitning his-tuyg‘ularini o‘yinchoq qiladi. Nurining dardi, es-xushi faqat erga tegish onasi singari sep uchun mol-dunyo yig‘ish bo‘ladi. Nuri keyinchalik boshqa bir xuddi o‘zlari singari boy yigitga turmushga chiqadi va hech nima bo‘lmagandek Yo‘lchiga to‘yini maqtaydi. Nuri ham onasi Lutfiniso singari pulga, mol-dunyoga o‘ch makkora, ma’naviy qiyofasi xunuk obraz.
Oybekning obraz yaratish mahorati xuddi shu Nuri timsolida yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Yo‘lchi bilan Gulnor o‘rtasidagi sof va musaffo sevgiga g‘ov bo‘lishga intilgan, inson burchi va qadr qimmatini oyoq-osti qilgan, o‘zi baxtli bo‘lmaganidek ularni ham baxtsiz bo‘lishini istaydigan Nurining ma’naviy qiyofasini juda go‘zal chizib bergan. Zotan yozuvchi har bir obrazning o‘z fe’l- atvoriga, o‘z ruhiyatiga xos bo‘lgan shunday qiliq va harakatlarni topib ishlatadiki, bular shu vaziyatga butunlay mos tushadi va g‘oyat tabiiy tarzda namoyon bo‘ladi. Chunonchi, Nuri o‘z to‘yidan mamnun, balki xursand, tezroq erga tegish istagi kuchliligida to‘y kuni o‘zga uyga kelin bo‘lib, ota uyini tark etayotgan bo‘lsada, soxtagina, nomiga ko‘z yosh qiladi. Uning bu kabi xatti-harakati onasi Lutfiniso vafot etgandan keyin har doim ota uyiga kelishdan, qo‘shnilar ko‘rishi uchun ko‘chaga kirgandan uvvoz solib kirib kelishlari, Nurida samimiylik tuyg‘usidan nishon ham yo‘qligini ko‘rsatadi.
Shunga ko‘ra asardagi obrazlarning tilidan uning kimligi - fe’l-atvori, ong tushunchasi, ichki va tashqi tushunchasi yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Romanda Gulnor, Nuriniso, Lutfiniso, Xushro‘ybibi, Unsin obrazlaridan tashqari yana bir epizodik obrazlar ham ustalik bilan yaratilgan.
Asarda epizodik obrazlardan Gulandon, Tursunoy, Oysara, Sharofat, Mariya, Robiya xola, Saodat kampir, Anna Mariya kabi obrazlar mavjud. Bu obrazlarning har birining tabiati o‘ziga xos ma’naviy qiyofasi. Xatti-harakati va tashqi ko‘rinishi jihatdan bir-biridan yaqqol farq qiladi.
Romandagi Gulandon obraziga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu obraz avval obraz bo‘lib keyinchalik taqdir-taqazosi bilan boshidan ko‘p qiyinchiliklarni kechirib, yaxshi-yomon odamlarga duch kelib, oxir hammasiga qo‘lsiltab hayot kechirish uchun buzuqlik yo‘liga kirib ketgan bir obraz sifatida ko‘ramiz.
Gulandon bunday turmushga nafrat qilar, bu iflos doiradan, faxsh uyasidan qutilishni istar, ukalarini sog‘inar, ularni o‘z bog‘iga olib har qanday mashaqqatlarga chidab, tiriklik toshini o‘z qo‘li bilan aylantirishni orzu etardi, lekin u mirza yigitga aldanib, Toshkentga kelganidan buyon u butun nafratiga qaramay, faxshning mast qiluvchi dudiga istar-istamas, ko‘proq qayg‘udan, alamzadalikdan o‘rgana boshlagan edi. Hasratini dutor va qo‘shiq bilan eritishga tirishar edi, «Dutor bo‘lmasa bu zindonda yuragim yorilib o‘lar edim, bir qarichlikdan dutorni sevar edim. Bir qo‘shni kelinchakdan o‘rgangan edim. Ko‘p chalaberma, buzilib ketasan, derdi onam boyaqish, aytgani keldi... Lekin ayb dutorda emas...»
Tursunoy va Sharofat obrazlari haqida fikr yuritadigan bo‘lsak bular Mirzakarimboyning kelinlari ya’ni Hakimboyvachcha va Salimboyvachchalarning xotinlari. Ular ham qaynonasi singari kambag‘allarga past nazari bilan qaraydigan, Mirzakarimboy Gulnorga uylanganidan keyin Gulnorni umuman xushlamaydigan obrazlardir.
Asarda Saodat kampir obrazi yozuvchining unga bergan ta’rifidanoq uqib olamiz.
«Saodat kampir uchun yoshiga qaramay, hali egilmagan, oriq lekin suyakli, qiyg‘ir burunli, harakatlaridan shijoatli va chaqqon ekani bilingan erkaksimon bir xotin edi. Uning kichik ko‘kishroq ko‘zlari og‘ir mehnat, jafokashlik, sabr va qanoat bilan to‘lgan hayotining baxtsizlikka qiyinchiliklarga qaramay, o‘z g‘ururini yo‘qotmagan uzun umrining tarixini jonli ifoda qilar edi».
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki «Qutlug‘ qon» romanidagi xotin- qizlar obrazi yozuvchi tomonidan obrazlarning ichki kechinmalari, his-tuyg‘ulari, ularning harakterlari, yurish-turishi, so‘zlari, xatti-xarakatlari, xulq-atvori va tashqi ko‘rinishlari orqali yorqin tasvirlarda aks ettirilgan. Yozuvchi o‘sha davr ijtimoiy muhit, zamondagi qiyinchiliklar, xotin-qizlarning erksizligi, huquqsizligini romandagi voqea hodisalarda qahramonlarning davr taqazosiga ko‘ra bu ko‘ylarga tushishi haqqoniy tarzda aks ettirib bera olgan. Romandagi xotin-qizlarning har biri o‘ziga xos xarakterga, xulq-atvorga egaligi holda hech biri takrorlanmas, bir- biridan yaqqol farq qiladi. Romandagi obrazlar ya’ni qizlar boy-kambag‘al bo‘lgani kabi ikki toifaga ijobiy va salbiy obrazlarga ajratsak ham bo‘ladi. Chunki yuqoridagi obrazlar tahliliga to‘xtalar ekanmiz o‘z-o‘zidan ularni ikki toifaga ajralganini ko‘ramiz.
Yozuvchi faqatgina bu obrazlarning xarakterini ochib bermay balki, ijtimoiy muhitni yorqin yoritishda xotin-qizlar obrazidan ham foydalanib ko‘rsatib bergan.
BOB «Qutlug‘ qon» asarida xarakterlar ruhiyati tasviri.
3.1 Asar qahramonlari ruhiyatidagi o‘zgarishlar tasviri
Adabiyotshunos Uzoq Jo‘raqulov ruhiy tahlil haqida so‘z yuritib shunday degan edi: “psixoanaliz badiiy jihatdan yuksak har qanday asarga nisbatan subyekt bo‘la oladi. Bunda badiiy asarning qaysi adabiy metodga daxldorligi u qadar ahamiyat kasb etmaydi. Shu ma’noda, adabiyotning antik davridan bugungi kungacha yaratilgan yuzlab asarlarni sanash mumkin... Ayniqsa XX asrda shunday badiiy asarlar may donga keldiki, ularni bevosita ruhiy tahlil nazariyasi ta’sirida yuzaga kelgan deyish mumkin”7
Badiiy asarlarda muallif pozitsiyasi ijodining ajralmas qismi bo‘lib, asar va uning obrazlarini badiiy psixologizm ruhi bilan sug‘oradi va yangi ijodiy metod asosida tasvir etadi. Realizm esa voqealikni tarixiy rivojlanish qoidalari asosida haqqoqniy tasvirlashda, avvalo, tipik obrazlar yaratishda, turli-tuman inson tiplarining umumlashma mujassam timsollarini gavdalantirishda namoyon bo‘ladi. Ijodiy jarayonda realizm va yozuvchi pozitsiyasi dialektik birlikda amal qiladi, obrazlarga ijtimoiy hayotiy va ma’naviy estetik kuch-quvvat bag‘ishlaydi. Psixologik tahlil va tasvir bilan yo‘g‘urilgan asarlarda shaxslarni shakllantiruvchi va ular tufayli tarkib topuvchi tabiiy, tarixiy omillar, kundalik va asriy muammolar, manfaatlar, kurash va urinishlar - hammasi odam va olam (sharoit, muhit)ning o‘zaro munosabatidagi o‘zgarishlar, yangiliklar mohiyatini ko‘rsatish nuqtayi nazaridan tipiklashtiradi va, albatta, tarbiyalash, insonga va hayotga aktiv ta’sir etish maqsadini ko‘zda tutadi. Ijodkor hayotdagi xodisalar va qonuniyatlarning mohiyatini tipiklashtirish bilan uzviy birlikda amal qilishi realistik san’atning umumiy rivojlanish jarayoniga oid bo‘lsa-da, bu jarayon yirik san’atkorlarning g‘oyaviy-badiiy yuksak asarlarida o‘ziga xos va yorqin ifodasini topadi. Buni Oybek romanlarida bemalol kuzatish mumkin.
Oybek 20-yillar boshidanoq ijod etib, lirika va liro-epik janrlarida samarali tajriba orttirib, katta hayot va ijod yo‘lini bosib o‘tdi. U milliy meros va xalq og‘zaki poetik ijod an’analari asarlarini ijodiy o‘zlashtirish bilan birga jaxon adabiyotining ulug‘ san’atkorlaridan o‘rganib, romannavislik tafakkuri va realistik roman janri «sirlari» ni o‘zlashtira bordi va ularni o‘z shaxsiy va ijodiy tajribasi bilan boyitib, 30-yillar ohiridan yirik prozaik asarlar yaratishga kirishdi. Uning birinchi romani «Qutlug‘ qon»da o‘zbek xalqining milliy ozodlik kurashi tasvirlandi. U mazkur romanida o‘zbek xalq xayotini butun murakkabligi bilan kishi xarakteri va ijtimoiy sharoitning o‘zaro dialektik bog‘lanishlari va qarama- qarshiliklarida aks ettirdi. Adib o‘zbek xalq xayotining obyektiv tarixiy rivojlanish tendensiyasini, mehnat ahli ommaviy qo‘zg‘olonining tadrijan yetilishi, mulkdorlar - boylar va ularning homiylariga qarshi turishlari, to‘qnashuvlari, va kuzatishlarida pishib borishini, shuningdek jonli xarakter dinamikasini, ularning xulq-atvori va murakkab ichki psixologik xolatining rang-barang milliy xususiyatlari bilan yorqin chizib berdi.
Oybek shu birinchi romani bilanoq o‘zbek adabiyotining rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. «Qutlug‘ qon» romani o‘zbek adabiyoti xazinasiga, u orqali jahon adabiyotiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Noyob lirik shoir, benazir nosir va atoqli olim sifatida dong taratgan Oybek XX asr o‘zbek adabiyotining iftixoridir. Binobarin, mazkur adabiyot taraqqiyotini uning ijodisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Adibning «Qutlug‘ qon», «Navoiy» kabi shoh asarlari oltmishdan ortiq xorijiy tillarga tarjima etilgan. Shu bois mashhur turkman yozuvchisi Berdi Kerboboyev: «Oybek faqat o‘zbek xalqigagina emas, barcha qardosh xalqlarga ham sevikli adibdir», - degan edi.
Oybek ijodi juda o‘ziga xos, serqirra. «Oybekning serhosil, o‘tkir ijodkorligini bizning adabiyot tarixida kimga o‘xshatish mumkin?» so‘rog‘iga G‘afur G‘ulom: «Oybekning o‘ziga, faqat Oybekka o‘xshatish mumkin», - deya javob berib, uning iste’dodini yuksak baxolagan edi. Hamid Olimjon esa ijodkorga: «Prozada shoir-u, poyeziyada prozaikdir», - deya ta’rif bergandi. Adib iste’dodi, betakror ijodini S.Ayniy, A.Fadeyev, I.Le, S.Muqonov, M.Ibrohimov, M.Tursunzoda, S.Borodin, K.Yashin, I.Sulton, Sh.Rashidov, H.Yoqubov, M.Qo‘shjonov kabi mashhur adib va olimlar ham yuqori baholashgan.
Atrofdagilarda katta qiziqish uyg‘otgan adib ijodiga bag‘ishlab qator ilmiy maqola, adabiy-tanqidiy ocherk va risolalar yaratildi. Ayniqsa, Komil Yoqubovning «Oybek» (1960), «G‘oyaviylik va mahorat» (1963), «Adibning mahorati» (1966), Matyoqub Qo‘shjonovning «Oybek mahorati» (1962), Naim Karimovning «Oybek» kitoblari, shuningdek, «Oybekning ijodiy metodi va badiiy mahorati» (1985) nomli maqolalar to‘plami alohida diqqatga sazovordir. Ularda yozuvchi asarlari tahlilga tortilib, badiiy, g‘oyaviy, temaktik xususiyatlari ko‘p va keng ochib berilgan.
Komil Yoqubovning Oybek haqidagi har uchala kitobi ham, avvalo, dalillarga boyligi, tahlilning puxtaligi, ilmiy xulosalarga serobligi bilan ajralib turadi. Muallif Oybek ijodi misolida zamonaviylik va tarixiylik, an’ana va notavorlik, konflikt va xarakter, hayotiylik va badiiy to‘qima, shakl va mazmun, lirik, epik va liroepik janrlarning o‘ziga xos badiiy to‘qima, shakl va mazmun, lirik, epik va liroepik janrlarning o‘ziga xos xususiyatlari, ular orasidagi umumiy va farqli jihatlar to‘g‘risida atroflicha fikr yuritgan, oybekshunoslik va uning taraqqiyoti masalalariga alohida e’tibor qaratib, bu sohadagi ayrim xato va chalkashliklarga aniqlik kiritgan.
Matyoquv Qo‘shjonovning «Oybek mahorati» kitobida adib mahorati ijodiy rivojlanish jarayoni, o‘ziga xos uslub masalalari bilan bog‘liq tarzda tahlil etilgan. Xususan, Oybek asarlaridagi asosiy xarakterlarning shakllanishi sinchkovlik bilan yoritilib, syujet va kompozitsiya, shakl va mazmun, ijodiy metod va badiiy mahoratga bog‘liq tarzda ochib berilgan.
Yozuvchi Oybek ijodi haqida mustaqillik yillarida davr talablariga mos ravishda yangi tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Adib ijodi sog‘lom fikr asosida tadqiq va tahlil etilib, Oybekning ulug‘ligini tasdiqlovchi yangi-yangi ilmiy xulosalar chiqarilmoqda. N.Karimov, S.Mamajonov, B.Nazarov, U.Normatov, O.Sharafiddinovlarning «XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi» (Toshkent «O‘qituvchi», 1999 - yil.) darsligi, U.Hamdamovning nomzodlik, A.Sabriddinovning doktorlik dissertasiyalari bunga yaxshi misol bo‘ladi.
Oybek 1905-yil 10-yanvarda Toshkentda hunarmand bo‘zchi Toshmuhammad aka oilasida tug‘ilgan. Oybek adabiy taxallus bo‘lib, yozuvchining asl ismi Musodir. Bolaligi haqida Oybek: «Otam yoshligida bo‘zchi, keyin Xumson va Yangibozor qishloqlarida baqqollik qilgan, o‘qimagan, jahli tez, tajang bir odam edi. Onam jismoniy kuchsiz, lekin aqlli, ziyrak, rahmdil va har ishga epchil xotin edi. Do‘ppi, jiyak va qo‘l ishlari bilan ko‘p mashg‘ul bo‘lardi. Ishdan bo‘shagach, ko‘p vaqt kitob o‘qirdi», - deb yozgan edi.
Oybek avval eski maktabda, so‘ng yangi maktabda o‘qigan. U 1930-yilda o‘rta Osiyo Davlat Universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning ijtimoiy fanlar fakultetini bitirib, 1935-yilgacha shu dorulfununda siyosiy iqtisod fanidan dars bergan va O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot ilmiy- tadqiqot institutida ilmiy xodim bo‘lib ishlagan (1934-1937). O‘zbekiston o‘quv pedagogika nashriyotida adabiy tarjimon va muharrirlik vazifasini bajargan (19381941). 1943-1951-yillar davomida O‘zbekiston fanlar akademiyasining ijtimoiy fanlar bo‘limini boshqargan. 1945-1949-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais bo‘lib ham ishlagan. «Sharq yulduzi», «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnallariga bosh muharrirlik qilgan.
Ko‘rinadiki, Oybek adabiy-ijodiy ishni doimo jamoat tashkilotchilik ishi bilan qo‘shib olib borgan va har ikkala sohada ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan.
Oybekning adabiyot va ilm-fan sohasidagi hizmatlari munosib taqdirlanadi. Oybek 1943-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilishi bilanoq unga haqiqiy a’zo etib saylanadi. 1965-yilda «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» degan faxriy unvonga sazovor bo‘ldi, yetti orden va bir qancha medallar bilan mukofotlandi. «Navoiy» romani uchun Davlat mukofoti (1946), «Bolalik» qissasi uchun O‘zbekiston Davlat mukofoti (1964) ga loyiq topildi.
Oybek xotirasini abadiylashtirish borasida ko‘pgina tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, qator maktablar, o‘quv yurtlari, xiyobon va ko‘chalar, jamoa va davlat xo‘jaliklari Oybek nomi bilan atalmoqda. Toshkentda Oybekning uy muzeyi tashkil qilingan. Toshkent metropoliteni bekatlaridan biriga Oybek nomi berilgan.
Oybekning adabiyotda o‘z o‘rnini topishi va ijodiy o‘sishi osonlikcha bo‘lmadi. Shoir yoshligida murakkab ijodiy o‘sish izlanish davrini boshidan kechirdi. Oybek o‘z ijodiy yo‘lidagi ana shu o‘nqir cho‘nqirlarni nazarda tutib: «Mening birinchi she’rlarimda qarama-qarshiliklar, izlanishlar hali ko‘p edi. Zamonaning eng muhim voqealariga javoban yaratilgan she’rlar bilan bir qatorda... mungli nidl bilan sug‘orilgan, mavhum, tushkunlik ruhida yozilgan she’rlar ham bor edi», - deb yozgan edi. Shoirning «Kuz va qiz», «Qish kechalari», «Xotiradan izlar», «Farg‘ona oqshomi», «Ayriliq va darvesh», «Sharq uchun», «O‘zbek eli» kabi she’rlari «tushkunlik ruhida yozilgan» asarlardandir.
Ularda mungli nido alomatlarining uchrashi o‘sha davr hayotida mavjud bo‘lgan haqsizlik va ijtimoiy adolatsizlikka qarshi norozilikning o‘ziga xos ifodasidir. Oybek yoshligidanoq haqiqatni yozish, xalq ruhiyatini haqqoniy aks ettirish yo‘lidan borgan.
Oybek o‘z taqdirini xalq taqdiri bilan mahkam bog‘laydi, tinmay izlanadi, hayotni sinchiklab o‘rganadi. 1928 - yilda: «Og‘ayinlar! Davrimizni qalbga solganman. Cho‘llardagi sarob izni anglab olganman. Kurashadi ikki to‘lqin qarab turaymi?», - deb xitob qilishi («Tovushim») shoirning sho‘rolar pozitsiyasi ma’qullaganidan dalolatdir. Oybek o‘z ijodining ilk davrida Cho‘lpon ta’sirida bo‘lgan. Undan ko‘p narsa o‘rgangan. Buyuk shoir ta’sirida qator cho‘lponnona she’rlar yaratgan.
Oybek 20-yillarda asosan o‘rganish va izlanish davrini o‘tagan bo‘lsa, 30 yillarda ijodiy kamolot bosqichiga ko‘tarildi.
Oybek o‘z ijodini shior sifatida boshlab, bu sohada ajoyib samaralarga erishgan va boy tajriba hosil qilgan bo‘lsada, 30-yillarning ikkinchi yarmiga kelib, nasriy asarlar yaratishga o‘tadi. Avvalo, «Gulnor opa», «Fanorchi ota», «Geografiya muallimi», «Tillatopar», «Globus», «Musicha», «Kurashchi yigit» singari hikoya va ocherklar yozib, nasrda ma’lum bir tajriba va malaka hosil qiladi. So‘ngra «Qutlug‘ qon» romanini yozishga kirishadi. Oybek romanining yaratilishi
tarixi haqida: «1937-yilda «Qutlug‘ qon» romanini yoza boshladim. Bu romanni yozish uchun material yig‘ib o‘tirmadim, bolaligimdan hayotni kuzatishni sevganligimdanmi, ko‘nglimdan, xotiramdan «Qutlug‘ qon» romani quyulib kelaverdi. Romanni qisqa fursatda yozib tugatdim», - degan edi.
1940-yilda chop etilgan «Qutlug‘ qon» romani - badiiy jihatdan yetuk asar. Unda mamlakat o‘tmishidagi hayot haqiqati mohirona ko‘rsatilgan. O‘zbek xalqining 1917-yil to‘ntarishi arafasidagi og‘ir hayoti, ozodlik yo‘lida olib borgan kurashlari keng va atroflicha tasvirlangan.
Romanning bosh qahramoni Yo‘lchi yangi hayot kurashchisi sifatida shakllana boshlagan o‘zbek mehnatkashi obrazidir. U dinamik tarzda tadrijiy o‘sishda aks ettirilgan.
Oybek romanda Yo‘lchining ijtimoiy qiyofasini ko‘rsatish bilan birga, uning shaxsiy hayoti va insoniy fazilatlarini ham ochib bergan. Asarda Yo‘lchining halol va pokligi, sof vijdonli va samimiyligi, soddaligi, rostgo‘yligi, mardligi, kamtarligi, insonparvarligi, sevgiga va do‘stga sodiqligi, onasiga va singlisi Unsinga mehribonligi va boshqa xislatlari yorqin ochib berilgan.
Yo‘lchi sodda, halol, pok qalbli, mard yigit sifatida romanda katta mahorat bilan tasvirlangan. Yo‘lchi milliy xarakter darajasiga ko‘tarilgan yorqin obraz. Yozuvchi Yo‘lchining har bir harakatini, har bir holatini psixologik jihatdan asoslab bergan.
«Qutlug‘ qon» romanida xotin-qizlarning rang-barang obrazlari berilgan. Ular orasida, ayniqsa, Gulnor timsoli o‘quvchi katta taasurot qoldiradi. Adib Gulnor obrazi orqali xotin-qizlarning achchiq taqdirini, fojiali qismatini umumlashtirib tasvirlab bergan. Gulnor - sodda va samimiy inson. Uning o‘zi ham, axloq-odobi ham, yurish-turishi ham go‘zal. Unda notabiiylik va soxtalik yo‘q. Ammo Gulnor - huquqsiz. Shu sababli u Yo‘lchini jondan ortiq sevgani holda qari chol Mirzakarimboy bilan turmush qurishga majbur bo‘ladi. Romanda Gulnorning kechinmalari, turli ruhiy psixologik holatlari yorqin bo‘yoqlarda tabiiy va jonli qilib ifodalagan.
Gulnorning onasi Gulsumbibi - o‘zi bir olam. U- mushfiq, mehribon ona. Gulsumbibi har narsadan odamgarchilikni ustun qo‘yadi. Qizni tushunadi va ayaydi. Shu sababli u boyning mulkiga uchmaydi, qizini Mirzakarimbiy xotinlikka olmoqchi ekanini eshitgach, ruhan qiynalib, ich-ichidan eziladi. Gulsumbibi obrazida o‘sha davr onalariga xos itoatkorlik ham, zahmatkashlik va mehribonlik ham yorqin, ta’sirli aks etgan.
«Qutlug‘ qon» romanida Shoqosim, Qoratoy, O‘roz, Shokir ota, Qambar, Yormat, Unsin kabi obrazlar ham jonli, to‘laqonli bo‘lib chiqqan. Bu obrazlar romanda o‘z mavqyeiga ega. Ular bosh qahramon Yo‘lchi xarakteridagi yetakchi xususiyatlarni ochib berishga xizmat qiladilar. Adabiyotshunos H. Umurov xarakterlar ruhiyati haqida shunday degan edi: “xarakter va uning psixologiyasi tahlili adabiyotning kamoloti, yozuvchining mahorati darajasini belgilovchi bosh omlidir... Romanda yozuvchi uchun ichki dunyoning - ruhning kechinmlarini tashqi qiyofa, holat va xatti-xarakatlarida ko‘rinishini tasvirlash, ya’ni dinamik prisip asosiy mezonidir.”8
Romanda ayniqsa, Mirzakarimbiy obrazi ustalik bilan puxta ishlangan. Mirzakarimbiy - aqlli, tadbirkor shaxs. Uning qilmishlari - jirkanchli, niyati - buzuq. Mahalla baqqolining o‘g‘li bo‘lgan Mirzakarimbiy halollik bilan emas, baliki qarovulu xizmatkorlarni shafqatsiz, ularning ish haqidan urib qolish orqali mashhur millioner boy darajasiga ko‘tarilgan.
Mirzakarimboyning ma’naviy dunyosi ham nopok. U - qarindoshlik tuyg‘usidan mahrum. U moddiy yordamga muhtoj qarindoshi Xushro‘ybibi haqida yomon so‘zlar aytadi. Yo‘lchiga: «...odam bo‘lmoqchi esang, onang zoriga quloq solma!» - deb nasihat qiladi. Mirzakarimboy o‘z jiyani Yo‘lchiga zulm, adolatsizlik va insofsizlik qiladi. Bu qari chol, hatto jiyanining sevgilisi - nabirasi qatori qiz Gulnorga uylanishdan ham tortinmaydi.
Mirzakarimboy Yo‘lchiga nasihat qilgan bo‘lib, o‘zining hayot va odamlar haqidagi «falsafa»sini bayon etadi. Mirzakarimboyning «falsafa»siga ko‘ra: «Pul - hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam - qanotli odam. Bu qanot bilan Mag‘ribdan Mashriqqa uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st-yor topasan». Mirzakarimboy: «Men do‘stlarga sira ishonmayman...», «Xotin erning quli, xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarab ish qilgan erkak - odam emas», - deydi. Yuqorida keltirilgan misollardan Mirzakarmiboyning yirtqich qiyofasi, uning odamgarchilikdan mahrum ekanligi yaqqol anglashiladi.
«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatidan ham g‘oyatda diqqatga sazovor. Asarda adib obraz yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘r, romandagi har bir obrazning o‘z ichki-tashqi dunyosi bor, o‘z xarakteri va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «evoh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz - musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar, bu obraz tiliga individual tus bergan.
Romanda personaj lar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xal tili boyliklari: xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlari darajasida turuvchi «Yer sotgan - er bo‘lmaydi, er - yer sotmaydi», «Jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «Xalq o‘z ishini bilib qiladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboaralar yaratgan.
«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatidan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiradi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.
Kezi kelganda shuni ham qayd etish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham xoli emas. Asarda o‘sha davr taqozosiga ko‘ra, sosialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchisi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taassurot qoldirishga urunilgan.
Roman strukturasi va badiiy xarakerlar ruhiyati
Asar mavzusi ikki ma’noda qo‘llaniladi:
Mavzu atamasi - asarda aks ettirish uchun san’atkor tomonidan hayotdan saralab olingan voqea-xodisalar (voqelikning asarda tasvirlangan bo‘lagi). O‘zbek xalqining chorizm va mahalliy burjuaziya zulmiga qarshi 1916- yilda isyon ko‘tarishi - milliy ozodlik harakatini ifodalovchi voqea hodisalar - «Qutlug‘ qon» romanining asosiy mavzuidir.
Mavzu - san’at asarida qo‘yilgan va yoritilgan asosiy ijtimoiy masalalar. Chunonchi, «Qutlug‘ qon» romanida o‘zbek xalqining muhit ta’sirida o‘z-o‘zini anglashi va haq-huquqini, erki uchun zulmga qarshi bosh ko‘tarishi masalasi yoritilgan. Shu masala - romanning mavzuyini tashkil qiladi.
Asar g‘oyasi. Yozuvchi asarida hayotni sintetik tarzda tasvirlar ekan, u, albatta, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan qator masalalarni qalamga oladi, ularga o‘z munosabatini bildiradi - bahosini beradi. Shunga ko‘ra, asarning g‘oyaviy-tematik to‘qimasi murakkabdir. Chunonchi, «Qutlug‘ qon» dagi Yo‘lchi obrazi orqali bir masala yoritilsa, Gulnor, Nuri, Mirzakarimboy, Tantiboyvachcha va Yormatlarning har biri orqali bir-biriga o‘xshamagan (butunlay boshqa-boshqa) masalalar yoritiladi.
Asarda bu masalalar va ulardan kelib chiqadigan xulosalar bosh mavzu va bosh g‘oya atrofida uyg‘unlashadi.
Asarning badiiy syujeti . Epik va drammatik asar syujetini quyidagicha ta’rif-tavsif qilsa bo‘ladi: asardagi odamlarning o‘zaro aloqalari, ular o‘rtasidagi qaramaqarshiliklar, simpatiya va antipatiyalar, umuman kishilar o‘rtasidagi munosabatlar - u yoki bu xarakterning, tipning rivojlanishi, tashkil topib borishidir.
Masalan, Oybekning «Qutlug‘ qon» romanidagi ko‘pgina voqea-xodisalar (Yo‘lchining qishloqdan shaharga ish qidirib kelishi, choyxonadagi suhbat, uning Mirzakarimboy va Lutfinisolar bilan uchrashuvi, to‘nka kovlashi, o‘t o‘rishi, Gulnor bilan uchrashuvi, qovun voqeasi, «katta yer»dagi hayot, Shoqosim fojeasi, Nurining to‘yi, Tantiboyvachcha bilan uchrashuvi, Mirzakarimboyning Gulnorga uylanmoqchi bo‘lishi, uning o‘g‘irlanishi, Yo‘lchi tomonidan qutqazilishi, Boyning Gulnorga uylanishi, Yormat va Shokir otalar bilan uchrashuvlari, Yo‘lchi onasining vafoti, boy bilan to‘qnashuvi, Salimboyvachchaning Unsinga suyuqlik qilishi, Yo‘lchining Salimboyvachcha bilan to‘qnashuvi, Yo‘lchining qamoqqa olinishi... Yo‘lchi isyonkor sifatida 1916 yilgi milliy ozodlik harakatida jasorat ko‘rsatib, xalq erki va baxti uchun kurashda halok bo‘lishi...), birinchidan, shu davr ziddiyatlarini ko‘rsatishga xizmat qildirilgan bo‘lsa, ikkinchidan, Yo‘lchi xarakterini turli tomonlardan yoritilshga ko‘mak berganligining guvohi bo‘lamiz. «Qutlug‘ qon» romani syujeti - ko‘p qirrali, ko‘p bosqichli.
Peyzaj. Vaqt peshindan oqqan edi. lyul oyining quyoshi hamma yoqni olov seli bilan to‘ldirgan, havo allqanday oq alanga bilan jimgina yonganday... Keng dala yo‘lida qatnovchilar siyrak: eski kir qalopog‘ini burniga qadar tushirib, issiqdan mudragan va horg‘in oriq otining yalqov qadamiga bardosh qilib shahardan qaytayotgan chetan aravali dehqon, ikki oyog‘i bilan eshakning qorniga niqtab, muttasil «Xix-xix» bilan halqumini qirgan mo‘ysafid uzumchi, qatig‘ini pullab, xurmachalarini orqalagan, issiqqa qaramay, goh aravaga osilgan, goh qush uyasini qidirib daraxtlarga ko‘z tikkan ustboshi kir-chir sho‘x bolalar... Issiq tobora ortar, «g‘ir» etgan shamol yo‘q, ot-arava ko‘targan chang havoda uzoq vaqt qimirlamay turib qolar, yuzlarga qizg‘in temir uchquni kabi yopishar, nafasni bo‘g‘ar edi.
Ekspozitsiya. Qahraton qishda yalang oyoq muz bosib, saratonda qizg‘in qum kechib issiqda, sovuqda obdan pishgan bizning yiginti ham «katta masofani piyoda bosgani uchunmi) kun xiyla betoqat qilgan edi. U kuyib yotgan bilq-bilq yumshoq tuproqda salmoqli oyoqlarini ildam va yirik-yirik bosar, ko‘zlagan joyiga tezroq yetishga oshiqib o‘tkinchilardan so‘rar edi:
«To‘pqayrag‘och»ga yaqin qoldimi?
Hali bor. Ko‘prikdan keyingi guzar.
Uning ochiq yoqali uzun ko‘ylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa ho‘l bo‘lgan; ba’zan g‘ashi kelib, badanga yopishgan ko‘ylakni ko‘chirar va yelpinar edi.
Ko‘prikdan o‘tish bilanoq guzar boshlandi: ko‘chaning ikki tomonida bir- biriga qarshi ikki choyxona, bir qassob do‘koni, buning yoniga suqulgan kichkina baqqoqchilik. Ko‘cha iflos, lekin suv qalin sepilgan; har yoqqa tarvaqaylab o‘sgan beso‘naqay, qari tollarning ko‘lankasi quyuq.
Yigit so‘l yoqdagi choyxonananing karavotiga o‘tirdi. Chang va terdan hosil bo‘lgan kirnti yaktak etagi bilan yuzidan sidirib tashladi. Kichkina xaltani yoniga qo‘yib, choy so‘radi. Samovarchi chuvak yuzli, eti suyagiga yopishgan, jikkak va shu bilan baravar g‘irt ko‘sa odam edi. U ustaning qo‘liga tusha-tusha xo‘p ezilgan, qorni pachaq, chirkin katta samovarning oldida yog‘och yelkasini qisib o‘tirar, kelgan-ketgan odamlar bilan unchalik ishi yo‘q; is bosgan kir latta bilan dam samovarni, dam yonida qalashga piyola-choynaklarni artar, har kuni ming martalab qo‘lida tutadigan piyolalarni olib, go‘yo birinchi dafa ko‘rganday, ko‘zini aylantirar, tovushni baland qo‘yib, o‘zicha valdirar edi. «Odamlarga hayronmanda! Agar sig‘sam edi, samovarning otashdoniga, ko‘mir o‘rniga yonar edim. Jabbor ko‘sadan bir hovuch kul qolgan bo‘lar edi. Shu ham tirikchilikmi? Mana bu xumsaning ham labi uchgan! Mana bunisi darz ketibdi... Hoy, aravakash bola, otingni tort, naq tezagini do‘ppinga solib beraman!»
Nihoyat, shang‘i samovarchi jo‘mragi uchiga tez qoplangan choynakni va bir ola pes piyolani yigitning oldiga to‘q etib qo‘yib ketdi.
Choyxonada odam siyrak. Yigitlardan yuqorida, o‘rta yoshli ikki dehqon o‘tirar, buy il sabzi-piyozning bozori kasodligidan va ulovsizlikdan hasratlashar edi. Biri so‘zlab-so‘zlab, qamchi dastasi bilan yelkasini qashir, ikkinichisi esa qo‘nji bir qarich, churuk chorig‘ini ko‘rsatib: «Bu qachon yangi bo‘ladi? Sen ot- ulovdan gapirasan! Dehqonchilikda barakat qolmadi. Dehqonning sira mazasi yo‘q», - deydi. Unisi: «Ha, ishqilib, bosh omon bo‘lsin, birodar», - degan so‘zni takrorlar edi.
Choyxonaning burchagida, kunning dahshatli yonuviga qaramay, qalin, qora jun chakmonga o‘ralgan bir qozoq devorga suyalib mudrar, minut sayin ko‘zini ochib loqaydlik bilan samovarchiga buyurar edi: «Chilim uzat!» Samovarchi nuqul kul bilan to‘lgan sarxonga cho‘g‘ qo‘yar, burish-tirishib, chilimni olib borar va o‘dag‘aylar edi: «Tort, tort, sira haqing ketmasin!» u chilimni butun kuchi bilan, kashandalarday tortib, og‘ziga qitday tutun ilashmaganidan teskari burilib ming‘irladi: «Sartning qudoy urg‘ani sen ekansen, o‘ngmag‘ur...»
Yigit g‘oyat changqagan edi, choyni quyib puflab-puflab ichdi. Belbog‘iga tugilgan qirq tiyin chaqadan tegishlisini ayirib olib, piyola ichiga tashladida o‘rnidan turdi. Lekin bir muddat taraddudda qoldi: qay tomonga qadam bosishini bilmas edi. Samovarchining «it fe’l» ekanini payqagan bo‘lsa ham, noiloj uning oldiga bordi.
Mirzakarimboyning bog‘i qayerda, bilmaysizmi? Dedi muloyimlik bilan.
Nima ishing bor?
Yo‘liqmoqchi edimda.
Hmmm... Mirzakarimboyni Toshkentning to‘rt dahasi biladi. Hov anav ko‘chaga buril. Dang‘illama darvoza. O‘sha Iskandar Zulqarnayn ham bunaqa qo‘rg‘on solgan emas! - Samovarchi qo‘shaloq barmoqli panjarasini cho‘zib bir ko‘chani ko‘rsatadi. Keyin bu begona yigitga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib, havasi kelib gapirdi.
Rosa muchang bor ekan, inim. Badaningdan kuch yog‘ilib turibdiya. Qayerliksan, sayramlikmi? Boy boboning omadi...
Choyxonaning ichkarisidan bir tovush yangradi:
Tuf de, ko‘zing tegadi, kasofat! Shu so‘zingni menga aytsang, tishingni sug‘urib olardim.
Koshkiydim manda tish bo‘lsa, sanda govda bo‘lsa, simyon!
Yigit ularning so‘ziga bolalarday jilmayib, yo‘lga tushdi.
Yashil bo‘yoq bilan bo‘yalgan, ust tomoni o‘ymakor panjarali, katta va og‘ir darvozaga yetganda, yigitning yuragi bir oz o‘ynab ketdi. Darvozaning bir tavaqasi ochiq. U uzoqdan ichkariga qaradi. Qarshisida, daraxtlar ostida katta supada, dastro‘molchasi bilan yelpinib o‘tirgan, qordek oppoq ko‘ylakli, oq soqoli bir tutamgina cholga ko‘zi tushdi. Yuragi yana po‘killadi. «Toshkentning to‘rt dahasi» taniydigan bu davlatmand kishining oldiga qanday kiradi? U sodda, uyatchan, kamtarin yigit edi. Lekin bir lahzada allaqanday kuch uni itarganday bo‘ldi.
Tugun. U darvozadan kirib, supaga o‘n-o‘n besh qadam qolganda, qo‘l qovushtirib, ta’zim bilan: «Assalomu alaykum» dedi. Faqat, salobat bosganida, uning ovozi istagiga qarshi baland jaranglamadi. Allaqanday bo‘linib, siqilib chiqdi. Chol o‘tirgan joyidan qimir etmadi, bir qo‘lini qosh ustiga qo‘yib, keksalarga xos boqish bilan bir zum tikildi:
Kel, Chirog‘im, nima xizmat?
Yigit supa oldida to‘xtab, xaltasini qo‘ydi, uzun, baquvvat qo‘llarini cholga cho‘zdi. Supaning chetiga omonatgina o‘tirib, boshini quydi soldi: «Qayerga kel dim? Mirzakarimboy shu kishimikan? Balki bu boshqa boy dir»... deb o‘yladi.
Chol bu begona yigitning vaziyatidan taraddudlanish sezib, qaytadan so‘radi:
Xo‘sh, o‘g‘lim, nima arzing bor? Ayt...
Yigit boshini ko‘tardi va unga tikilib qarab, jilmaydi.
Mirzakarimboy siz bo‘lasizmi?
Chol boshi bilan tasdiqlagach, yigit davom etdi:
Men Xo‘jakent qishlog‘idan keldim, jiyaningizning o‘g‘li bo‘laman.
Ye, Xo‘jakentdan?
Xushro‘ybibining o‘g‘liman.
Ye, - Mirzakarimboy butun gavdasi bilan bir qo‘zg‘alib qo‘ydi, - jiyanim Xushro‘ybibining o‘g‘liman degin, barakalla. Rahmat, jiyan, yo‘qlab kelibsan. Qalay, onang baquvvatmi? Har yerda bo‘lsa, omon bo‘lsin. Oting nima? Jiyan?
Otim yo‘lchi. Ayam, shukur, sog‘-salomat. Sizga salom deb qoldi.
Dadang... Ye, Sherali qalay, bardammi?
Dadam o‘lgan, ikki yil oshdi chamasi. Mirzakarimboy qo‘o‘lari bilan soqolini yengilgina siypab, marhumga fotiha o‘qigan bo‘ldi.
Boyoqish ko‘p yaxshi odam edi; insofli, hamiyatli edi. Bir vaqtlar o‘rtada bordi-keldi bo‘lib turar edi. Dadang bu yerda ham, shahar hovlimizda ham bo‘lgan. Sen hech kelmaganmiding?
Yosh pallamda dadam, ayam bilan birga shahardagi xovlingizga kelgandim g‘irashira yodimda bor...
Epik kechinma. «Chol o‘tmishni esladi. Yo‘lchi o‘z onasidan yuz martalab eshitgan gaplarni hikoya qila boshladi, ya’ni opasidan ikki yosh qiz yetim qolgani, ulardan Xushro‘ybibi o‘z otasi tarbiyasida qolib, uning singlisi Oyimbibini Mirzakarimboy o‘zi tarbiya qilib, naq erga berish oldida vafot etgani, Xushro‘ybibining toleyi pastlik qilib, ota o‘lgandan so‘ng amakilari qishloqqa, Sheraliga erga berganliklari va hokazoni so‘zladi. So‘ng chol sukutga botdi, kichkina, lekin hali tetik ko‘zlarini mudroq bosgan odam kabi, sekingina yumdi». U hozirgina yodiga olgan qishloqi Xushro‘ybibini ham, uning kamtarin, mehnatkash marhum erini ham, kutilmagan vaqtda yo‘qlab kelgan bu arslonda qishloqi jiyanchani ham unutgan, uning fikrini yolg‘iz o‘z ishlari ishg‘ol etgan edi. U banklar orqali o‘z raqiblariga qarshi olib bomoqchi bo‘lgan sirli ishlarni, o‘z qarzdorlariga nisbatan qanday muomala va munosabatda bo‘lishini o‘ylar edi. U qarzdorlarni uch guruhga bo‘ldi. Birinchi guruhdagilar bilan savdo muomalasini avvalgicha davom ettiraverdi. Chunki bularning «qo‘li uzun», qo‘rquti ko‘p. Ulardan bir kun ozni ko‘p qilib oladi. Ikkinchi guruhdagilarga birmuncha do‘q qiladi, shu bilan skladlarda cho‘kib qolgan gazlamalarni yaxshi baxo bilan ularga o‘tkazib yuboradi. Uchinchilarning esa dumlaridan mahkam ushlab olib, maymunday o‘ynatadi... So‘ng katta o‘g‘li Hakimboyvachchaning paxta savdosi yuzasidan o‘ris firamalari bilan yaqinda tuzgan shartnomasi ustida o‘ylab, bu ishning qaltis tomoni sira yo‘qligiga va tarjribakor aqlning ko‘rsatishiga muvofiq, bu ishdan foyda daryoday toshib kelishiga yana chuqurroq ishongach, zavqlanib ketdida, ko‘zlarini yana mahkamroq yumdi.
So‘zamol, badavlat qari tog‘aning birdan ko‘z yumib sukutga botishining sababini, tabiiy, Yo‘lchi tushunmadi. Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Lekin u endi boshini ko‘tarib, cholga va atrfoga dadilroq qaray boshladi. Mizrakarimboyning gavdasi kichik, qo‘llari ingichka bo‘lsa ham, zuvalasi pishiq ko‘rinadi. U go‘shtdor ham emas, oriq ham emas, kichik, ayyor yuzi xo‘rozning tojisiday qipqizil; oppoq soqoli va miyiqlari toza va taralgan...
Peyzaj. Bir tanobdan mo‘lroq chor burchak tashqarining har tomoni diqqatni jalb qilarli edi. O‘rtada supa va hovuz. Tanasi ikkita katta qulochga sig‘maydigan bir tup sada tevarakka tangaday oftob tushirmaydi. Hovuzning narigi chetida bir- biriga yaqin o‘tqazilgan, shoxlari bir-birining ichiga kirgan uch tup olma daraxti. Bir tupida olmalar egdi sarg‘ayib yaltiramoqda, bir tupida mushtday yirik olmalar hali ko‘m-ko‘k, ularga boqish bilan kishining tishi qamashib, og‘zi so‘lakka to‘ladi; bir tup jaydari qizil olma, mevasining mo‘lligidan hovuzga engashib tushgan: hovuz suvida bir qancha qizil olma yoqutday tovlanib, jimillab suzadi. Hovuzdan yigirma qadamlar narida to‘rt tomoni ochiq, ustunlari chiroyli naqshlangan, yer dam odam bo‘yi baland ko‘tarilib solingan kattagina shiypon; buning atrofi gulzor. Quyoshda mayin tovlanib, xilma-xil ranglar bilan mavjlangan mayda gullar orasida ko‘rkam yuksalgan qizil duxoba gullar olov kabi yonadi.
Yo‘lchi ko‘zlari bilan atrofni sayr etarkan, ro‘barodagi qo‘rg‘on - ichkari hovli eshigidan yosh-yosh o‘g‘il va qiz bolalar chuvillashib chiqishdi. Bularning kiyimlari toza va yangi edi.
Mosh rang duxoba do‘ppili, to‘qqiz-o‘n yashar, chiroylikkina bola - bolalarning eng kattasi edi. U ichiga katta oq kalamush qamalgan qopqonni yerga qo‘ydi, eshikchasini ochdi. Semiz kalamush yerga tushib, lapanglab darvoza tomonga qochdi. Bolalar qiyqirib, uni quvlasha ketdi: «Ustiga lampa moy sepib yondiramiz!» Nabiralarining haddan oshgan suyunchli hangomasi cholning ko‘zlarini ochdi... U qo‘li bilan go‘daklarga do‘q qildi: «Gugrt o‘ynamanglar, hoy!» - deb qichqirib ham qo‘ydi. So‘ng, qarshisida o‘tirgan jiyanini unutayozganidan ogoh bo‘lib, yupatish uchun:
Obbo jiyane, biznikini topib keldingmiya? Ha, so‘rab-so‘rab Makkani topadilar... Hay, Oynisa, buvingni chaqir! - Bolalarga aralashmay bir chekkada turgan rangpar, bezgaknamo qizga buyurdi boy.
Qo‘rg‘on eshigidan ayol ovozi eshitildi:
Nima kerak?
Munadek! - chol qo‘li bilan imladi.
Qishi borku.
Qarindosh... Xushro‘yning o‘g‘li, - deb tushuntirdi chol.
Qaysi Xushro‘y? Esim ham qursin, ha qishloqdami?
Portret. «O‘rta bo‘yli, to‘la, lekin keng yuzining go‘shtlari sarg‘ayib, salqib tushgan ellik sakkiz yoshlarda bo‘lgan kasalnamo xotin asta-asta yurib kelaverdi.»
U supaga yaqinlashgach, Yo‘lchi o‘rnidan turib salom berdi va onasining salomini topshirdi. Ammo kekkaygan xotin uning so‘zini tinglamadi, eriga qarab so‘zladi:
Qishloqdagi jiyaningiz o‘g‘ilmi? Tog‘dek yigit bo‘libdi. Yoshligida ham bo‘lali bola edi... ko‘zimga tanish ko‘rinib turibdi.
Mizrakarimboy xotininga dasturxon olib chiqishni buyurgach, u ketish oldidagina, ko‘rinida samimiy, lekin aslida soxta va masxaralai tovush bilan Yo‘lchining onasini va ukalarini so‘radi.
Boy endi issqidan shikoyatlanib, uhuhlab o‘tirdi. Uning kampiri patnis va bir choynak choy olib chiqdi. Patnisda to‘rtta kulcha, ikki bosh qizil chillaki va bir bosh qush cho‘qigan qandaydir oq uzum bor edi. Yo‘lchi qishloqdan keltirgan xadltani kampirga uzatdi.
Ayam berib yubordi, qurut...
Sadag‘asi ketay, - kampir xaltani ushlagisi ham kelmay, qo‘l uchi bilan tutib gapirdi, - koyib nima qilar edi bechora.
Nabiralar xaltadagi qurut ekanini eshitib, kampirning oyog‘i ostida o‘rmalashdi va: «Manga bitta, buvi», «Manga ancha bering, buvi» - deb qiychuv ko‘tarishdi. Kampir xo‘mrayib, nabiralarni jerkib tashladi. Bolalar yopishavergach, xaltani ochishga majbur bo‘ldida, labini burib vaysay boshladi.
Xaq, shumtakalar, og‘zilaringda erib ketadigan suzma qurutni bersam olmaysizlar, shu tosh qurutni talashasizlar. Mana, ko‘rdilaringmi, qattiq - tishlaringni ushatadi. Baybay, bu bolalarning dastidan o‘lib bo‘ldim; axir bu tosh qurut, jig‘ildonlaringni teshib yuboradiku. - Mehmonning qizarganini payqagan keksa boy, o‘z xotinining katta og‘iz va betamizligiga achchiqlanib, yuzini teskari burdi, lekin xotini yana valdiramasin uchun, yumshoq gapirdi:
Hay, ichkari kir, chag‘ir-chug‘urdan qulog‘im bitdi.
Yo‘lchi qurut olib kelganiga pushaymon qildi. Onasi qo‘shnilardan qurut yig‘ib, boy tog‘a uchun sovg‘acha tayyorlab, suyuna-suyuna uning qo‘liga tutqazgach, yaxshi yomonligini surushtirmay, u ham olib jo‘nagan edi.
Boy tog‘a nonni ushatib, patnisi Yo‘lchining oldiga surib qo‘ydi.
Ol, jiyan, yo‘l ko‘rib kelgansan. Bir parcha yerlaring borligini eshitar edim, qo‘llaringdami?
Yo‘q, - patnisdan bir burda non olib javob berdi Yo‘lchi, - yer sotilib ketgan.
Mirzakarimboy yerga o‘ch odam edi. Yerli-suvli odamlar, qanday bo‘lmasin bir sababdan qiynalib qolsalar, darrov ularning pinjiga tiqilar, yo o‘rtaga kishi qo‘yib, yerni tezroq o‘z qo‘liga o‘tkazishga tirishar edi. Hatto, yer sotishni xayolga keltirmagan odamlarning yerlarini, agar ularning yerlari o‘z yerlariga chegaradosh bo‘lsa, o‘zinikiga qo‘shish uchun hech nimadan toymas, har qanday nomus va adolatning betiga tupurar edi. Ammo, Yo‘lchining sotilib ketgan yeri unga hech aloqasiz bo‘lgani uchun, yerning qadr-qiymati va bu xususdagi mahkam qanoatlarini tushuntira boshladi:
Chakki bo‘libdi, jiyan. Yer sotgan er bo‘lmaydi, er yer sotmaydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq... Yer sotganlarning ko‘pini ko‘rdik, axiri gadoy bo‘ladi. To‘g‘ri, yerni pulga sotadilar, naqd pulni jaraq-jaraq qilib sanab oladilar. Pul hamma narsaning otasi. Pul belga quvvat, boshga toj. Puldor odam qanotli odam, bu qanot bilan mag‘ribdan mashriqqacha uchasan, har yerda oshna-og‘ayni, do‘st- yor topasan... Puldor odam Moskvagacha, Varshavagacha boradi. Pulsiz odam o‘z joyidan bir qadam siljisinchi! Pul shunday aziz narsa, jiyan. Lekin pulni juda maqtab yuborgdim, shoshma, yerda ham xosiyat ko‘p. Yer tug‘adi. Yerga cho‘pni tiqib qo‘ysang, ko‘karib, qulochga sig‘mas daraxt paydo bo‘ladi. Pulchi? Pul ham tug‘adi. Juda ko‘p tug‘adi, tez tug‘adi. Ayniqsa, bu zamonda pul sertuxum bo‘lib ketgan. Ammo, pulni tutish qiyin; yeb, ichib qo‘yish juda oson. Pul asov qushga o‘xshaydi, sal bo‘sh tutdingmi, qo‘lingdan uchadi-ketadi. Yer ham tug‘adi, ham pulga kishan soladi. Yer olgan ko‘karadi, yer sotgan quriydi. Mana bu gapning mag‘zini chaq, jiyan!
- Nochorlik, tog‘a, - Yo‘lchi piyoladagi sovigan choyni ikki qultumda bo‘shatib, gapirdi, - dadam bir yil to‘shakda yotib qoldi. Ekinimiz yaxshi bo‘lmadi. Qo‘l kalta bo‘lgandan keyin, qayoqqa uzatasiz?
Yo‘lchi hali gapini bitirmagan edi, Mirzakarimboy uni kesdi:
- Bir terining ichida qo‘y nech ozib, necha marta semiradi, - dedi salmoqlanib boy, kishining boshiga yomon kunlar ham keladi, ko‘nish kerak bunga. Bundan o‘ttiz besh yil ilgarimikan, rastada do‘konni ochgan yilim edida, boshimga bir mushkul ish tushdi: ba’zi vaqtda savdogarlar ham siqilib qoladi, sen bunga tushunmaysan. Menga pul kerak, qayerdan olaman! «Rakat» mavzusida otadan qolgan uch tanob joy bor edi. Ba’zi og‘aynilarim, shuni sot, deyishdi, Vaqti kelganda, jiyan, do‘stlar qo‘ltig‘iga kirib, balchiqdan tortmaydi. Men do‘stlarga sira ishonmayman. Maslahatga hammasi chaqqon. Nega desang, maslahatgo‘ylik oson narsada; tili qimirlaydi, xolos. Men ularga quloq solmadim. Boshni u yoqqa urdim, bu yoqqa urdim, axir yevini topdim, jiyan. Sanediqdan xotinimning kiyim- kechagini chiqardim, uyni bezashda boshqa narsaga yaramaydigan asboblarni yig‘ishtirdim, barini sotib pul qildim. Bilasan, xotin ahli molga o‘ch bo‘ladi, alalxusus, sandiqdagi molni yerko‘kka ishonmaydi. U yig‘ladi siqtadi. «Sandiqcha chirib yotgan moldan yerdagi axlat a’lo, ablah», dedim unga. Xotin erning quli; xotinning ko‘ngliga, ra’yiga qarab ish qilgan erkak odam emas, jiyan. Ishim to‘g‘irlanib ketdi, yerim o‘zimda qoldi.
Tog‘a, boshqa ilojimiz yo‘q edi. Mana sizda narsa bor ekan, sotibsiz, bizda bir parcha yerdan boshqa, ko‘zga ilinarli hech narsa yo‘q edi. Men qarab turmadim, poda boqdim, o‘roqchilik qildim, otboqar bo‘ldim. Ayam boshoq terdi. Qishloqda tirikchilik qilish juda qiyin. Ochlik, yalang‘ochlikka ko‘nikib, tirikchiligimizni qilar edik, lekin bir narsaga boshimiz garang bo‘lib qoldi: dadamning gardanida qarzi bor ekan. Ozgina. O‘ttiz so‘mga ham yetmaydi. Dadam, kasali og‘irlashganday keyin, tashvishga tusha boshladi. «Ko‘zim ochiq ekan, qarzdan qutulib olay, go‘rimda tinch yotay, Yo‘lchi ro‘zg‘orga qaraydimi, qarzimni uzadimi», dedi ayamga. Xullas, yer juda arzonga ketdi. Kishining haqidan qutulganiga biz ham suyunib qolaverdik.
Ha, bunday degin, - Mirzakarimboy oyoqlarini gilamga uzatib, silab, gapni davom ettirdi: - Bu endi boshqa gap. Qarz yomon narsa, jiyan. Qarzdan qutulish uchun yer tugul, kishi o‘zini qul qilib sotishi kerak.
Odamning hayvoni kishi haqidan qo‘rqmaydi, kishi moliga ko‘z olaytiradi. Shunday odamlar borki, o‘zlarida hech nima yo‘q, boshqaning mulkiga hasad qiladi, ko‘rolmaydi. Faqirlikka bo‘ysunmaydi, yaxshi yeb, yaxshi kiyishni orzu qiladi. Jiyan, aqling bo‘lsa, kishining bir tiyiniga xiyonat qilma. Tiyin ham pul, yuz ming so‘m ham pul. Sen har narsani Ollohdan so‘ra, u bersa - xo‘p; bermasa - xafa bo‘lma, taqdirga shukur qil, nomusli kambag‘al bo‘l. U dunyoda foydasini bilasan. Qani, non ol, uzumga qara Yo‘lchining qorni juda och edi. U tungi salqindan foydalanib, to‘xtovsiz yurish bilan qiyom vaqtida shaharga kelgach, anhor labida o‘tirib qishloqda beliga tugib olgan bitta nondan boshqa hech nima yemagan edi. Lekin Mirzakarimboy, savdogar nazokatidanmi yoki odatlanganidanmi, nonni juda mayda ushatgan edi. Yo‘lchi bir burdasini og‘ziga tiqsa, lunjining bir chekkasida yo‘qolib ketar, patnisga ketma-ket qo‘l cho‘zaverishga iymanar edi. Sodda qishloq yigiti takallufni bilmasa ham, odobtazim xususida onasi anchamuncha gaplarni uqtirib yuborgani uchun, davlatmand qarindosh huzurida ovqatdan tortinishni ma’qul ko‘rdi, dasturxonni tezgina yig‘ishtirib, choy icha boshladi.
Mirzakarimboy qishloqi jiyani bilan so‘zlashishdan to‘xtagan bo‘lsa ham, fikri yigitni o‘rganish, uning kelishining chin sabablarini mulohaza qilish bilan mashg‘ul edi. U o‘z ichida shunday o‘yladi: «Qarindoshlarning ahvoli pachava, tirikchiligi bemaza. Yersiz, otulovsiz qishloqining kun kechirishi - o‘lim azobi. Onasining uzoqlashib ketgan tog‘asini yigit bekorga yo‘qlab keladimi? Yo‘q, mandan kiyim-kechak, pul-mul, olish umidida kelgan. Buni onasi yuborgan, albatta. Xotinlarning xulqi, odati ma’lum. To‘rtta qo‘shni xotin orasiga kirsa, boy tog‘am bor, eshigini yel ochib, yel yopadi, deb maqtansa kerak. Yaxshiyam o‘zi kelmabdi... Bo‘lmasa haligacha necha marta ko‘z yoshini to‘kib, tirikchiligidan zorlangan bo‘lardi. Bu yigit aqlli ko‘rinadi, ham ulug‘vor, vazmin yigit...» Xullas, asardagi barcha xarakterlar “Qutlug‘ qon” romanining badiiy qimmatini ta’minlashga xizmat etganligini ko‘ramiz.
«Qutlug‘ qon» romani epizodik obrazlari ruhiy dunyosi tasviri va asar
badiiy qimmati
Portret. «Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi, ayyor, mug‘ambir, puxtapishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak - kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi - hozir kimsan Mirzakarimboy!...»
Boy o‘z umrida ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni tanigan, turli shahar va turli odamlar bilan muomala qilgan, uning qo‘lidan juda ko‘p xizmatkor, qarol chorakor va hokazo o‘tgan. Shuning uchun odamni tez anglab olar edi. O‘zining bu xislatiga chuqur ishonar, bu bilan boshqalarga maqtanmasa ham (maqtanchoqlikni yomon ko‘rar edi), ba’zi vaqt ichidan faxralanardi. Mana hozir uning qarshisida mushtipar jiyanining o‘g‘li. U bilan turli narsalar haqida uzoq suhbatlashdi, lekin yigirma uch yosh yigitning aqlida sira nuqson ko‘rmadi.
Yo‘lchining portreti. «Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshanasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi, ichidan qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatning kambag‘al odamlarda katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi». «Obdon chiniqqan yigit; unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi. Keyin, uning ehtiyotkorligi «sinamagan otning sirtidan o‘tma» degan xalq maqolini eslatdi, agar yo‘lchi unikida ishlashni orzu qilsa, bir qancha vaqt sinamoqchi bo‘ldi: «Oqibat yaxshi bo‘lsa, qo‘limdan sira chiqarmayman. Yalqov va g‘irrom, yo qo‘li egri bo‘lsa, silliqlik bilan haydayman», - deb o‘yladi.
Jiyan, - ohista murojaat qildi Mirzakarimboy, - o‘ylab qarasam, ahvollaring chatoqqa o‘xshaydi. Nima qilasan, yana qishloqqa qaytasanmi?
Boyning savoliga Yo‘lchi qanday javob berishni bilmay qoldi. Qishloqadan chiqarkan boy tog‘asidan, albatta, xizmat so‘rashni onasi uqtirgan edi. Endi u «qaytaman» desa, erta-indin qishloqqa jo‘nashi kerak, u vaqt onasi xafa bo‘ladi; «Shunday katta dargohdan o‘rin topolmay qo‘lingni burninga tiqib qaytdingmi noshud!»
Deydi. «Qolaman, biron xizmat topib bering», - deyishga g‘ururi yo‘l qo‘ymadi. Chol takror so‘ragach, u javob berdi:
Toshkentda ish topsam, balki qolarman.
Mirzakarimboy soqolining uchini barmoqlari bilan chimdib, kulib qo‘ydi:
Shaharda qayoqdan ish topasan? Bizda yura tur. Nonnasibang bizda bo‘lsa; qolarsan, bo‘lmasa, qishlog‘inggami yo boshqa tomongami jo‘narsan. Rizqingni Olloh taolo qayerga sochgan, biz bilamizmi?
Xo‘p, ixtiyor sizda, - boshini qimirlatib dedi yo‘lchi.
Voqea rivoji. Mirzakarimboy astagina o‘rnidan turdi. «Yorasulullo» deb ming‘irladi, supadan tushib, kechagina sotib olinganday, yarqiragan chiroyli, ixcham «sodiqi» kavushni oyoqlariga ildi, kavushni g‘ijirlatib, qari bo‘lsa ham xo‘rozday kekkayib, qo‘rg‘on tomonga yurdi. Naq shu pallada darvozadan katta qora sigir shataloq otib, orqasida bir kishini surib kirdi. Boy cho‘chib, o‘zini chetga oldi. Haligi kishi orqaga tashlanib, oriqchandir bo‘ynidagi tomirlari o‘qlog‘day qavarib, sigirni bazo‘r to‘xtatdi: «Hech kuchga bo‘yin bermaydi bu zantaloq, u o...» - boyga qarab dedi u. Keyin birdan Yo‘lchini ko‘rib qolib, ko‘zlarida «u kim?» degan savol javdirar ekan, boy kulib unga gapirdi: «Yormat, bu bola jiyanim bo‘ladi. Tanish, ish o‘rgat» U indamadi, sigirni uzoqda, devor tagidagi bir daraxtga bog‘lab qaytgandan so‘ng, Yo‘lchi bilan ko‘rishar ekan, qo‘rg‘on ichiga kirib ketgan boy bir zumda yana eshikda ko‘rindi:
Yormat, shaharga otni tezroq olib tush, Hakimjon kutib qolmasin, bugun mehmonlar bora...
Beda o‘rib qo‘yish kerak ediku, - boshini qashidi Yormat.
A, kun ham kechikib qolibdi.
Men o‘raman bedani, bedalaring qayerda? - Yormatga qarab dedi Yoo‘lchi.
Mirzakarimboy jiyanining ishga tayyorligidan rozi kabi kuldida, indamasdan ichkari kirib ketdi..
Mehmonni ishga solar ekanmizda, - dedi Yo‘lchini birga olib jo‘narkan Yormat, - ha, qari kelsa oshga, yosh kelsa ishga.
Yermat yo‘lchi bilan yonma-yon yurib eski tanish kabi undan-bundan so‘zlashib bordi. U qirq besh yoshlarda, novcha, chayir odam; yuzida siyrak cho‘tir izi qolgan, soqol, mo‘ylovlariga anchagina oq tushgan edi.
Kulminatsiya. Yo‘lchi yakka kift bo‘lib, xalq orasini yorib, oldinga o‘tdi. U bo‘yini cho‘zib, qaynoq asabiy g‘azabli ommani - zulm o‘chog‘ini portlashiga tayyor botir xalqni ko‘zdan kechirdi. Mana ular: dehqonlar, koranda chorakorlar, qarollar, shahar kosiblari, ishchilar, zulm olovida suyaklariga qadar yongan bechoralar va ularning onalari, otalari! Yo‘lchining quloqlarida tovushlar g‘uvilladi: «Urush qursin, qashinishga tirnog‘im ham qolmadi, hammasini Mekalay yedi!». «Jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q!», «Boyvachchalar jo‘nasin «mardikorlikka, bizga tinchlik kerak», «Yotib o‘lguncha, otib qol, degan gap borku. Nimaga xaloyiq qarab turibdi, axir!»
Yo‘lchi o‘zidan nariroqda, odamlar orasida, temirchi Qoratoyni, eski do‘sti qirg‘iz O‘rozni ko‘rib qoldi. Qay tomonga qarasa yangi-yangi tanishlar uchraydi. U urinib, siqilib temirchi va O‘rozga o‘zini yetkazdi. Ko‘pdan ko‘rmagan O‘rozning yelkasiga qo‘lini tashlab, quchoqladi ikkisining ko‘zlari chuqur mehr va do‘stlik shul’asi bilan bir zum yonib ketdi. Qoratoy yo‘lchini tutib, qo‘li bilan uzoqqa ishora qildi: «Ana Hakimboyvachcha! Joni hiqildog‘iga kelganga o‘xshaydi, ko‘rdingmi?» Yo‘lchi labini mahkam tishlab, kinli ko‘zlarini bir nuqtada tikdi. Hakimboyvachcha ko‘zoynak taqqan, semiz bir rus amaldori bilan xalqdan chetroqda turardi. Uning rangi o‘chgan, ko‘zlari allaqanday notinch; harakatlarida qo‘rquv va asabiyat, g‘azab seziladi. U goh jirkangan nazar bilan xalqqa boqadi, goh rus amaldorlariga bir nimani uqtiradi...
O‘roz Qoratoyga shivirlab, keyin beparvolik bilan, go‘yo o‘z-o‘ziga so‘zlaganday, dedi: «Salim ketgan joyga Hakimni ham jo‘natish kerak!» Yo‘lchi shu onda O‘rozning qo‘lini mahkam siqdi: «Hammasining burnidan ip solib tortamiz. Lekin hozir o‘z to‘yimizdan qolmaylik, yuringlar!»
Politsiya eshigi berk; yashil moy bilan sirlangan yog‘och panjaralar oldida tutaqqan xalq qaynaydi. Yigitlar, xotinlar panjaraga tirmashadi. Yo‘lchi o‘z sheriklari bilan birga panjaralarni buzishga kirishib qoldi. Butun xalq, erkak-ayol, birdan yopirilib, panjaralarni qasir-qusur bilan sindirib tashladi. To‘lqin polisiya hovlisining keng sahniga otildi. Shovqin kuchaydi. Odamlar bir-birlarini itarib, qoqilib, zo‘r suron bilan oldinga yugurdi; hovlining to‘ridagi oq uylarga kelib taqaldi. Uylarning eshiklari, derazalari taqataq yopiq. Derazalar orqali pogonli ko‘ppaklarning g‘azabdan, qo‘quvdan bujmaygan tumshuqlari ko‘rinadi.
Qo‘zg‘olonchi xalqning kin, qahri har lahza kuchaydi, hayqirig‘i ko‘kni tutdi, yigitlar mushtlarini ko‘tardi, keksalar qissalarini havoga qadadi. Xususan, xotinlarning harakati o‘jarroq; haqni talab qilgan, zulmni, zolimlarni la’natlagan ovozlari dadilroq; ular yuzlarini ochib, ko‘ksilarini kerib, tovushlari bilan, qo‘llari bilan zulmga qarshi lan’at yuboradilar.
Xalq tovushi tinimsiz guvillaydi: «Bu yoqqa chiq, itlar!», «Qorinlaringni yoramiz, cho‘chqalar!», «Bitsin, zolim podshoh!»
Bu - ulug‘ xalq isyoni, bu - asrlardan buyon davom etgan jabrga, qullikka, kishanbo‘g‘ov tuzumiga, bosh turmachi Nikolay saltanatiga qarshi mustamlaka kambag‘allarning, kapital qullarning qo‘zg‘oloni, dahshatli zarbasi edi.
Bir rus va bir necha «sart» mirshablar - zulm malaylari ichkaridan yugurib chiqib, so‘kib, quturib, olomnni itarishga, orqaga surishga urunisharkan, Yo‘lchi «Ur!» deb hayqirdida, oviga chang solgan arslondek, mirshablar ustiga tashlandi. Birpasda ikki mirshabni g‘isht ustiga ag‘darib tashladi. Xalq ham zo‘r suron bilan boshqa mirshablarga otildi. Yuzlarcha erkak-ayol mushtlari ostida badanlari dabdala bo‘lgan bu ko‘ppaklar ichkaridan xalq ustiga yog‘ilgan o‘qlarning yordami bilan bazur qochib, mahkama ichiga yashirini bildilar. Xalq mahkama ichlarini, zinani va derazalarni qurshab oldi. Ayollar tosh va g‘isht parchalarini ko‘tarib, eshik va derazalarga hujm qila ketdi. Deraza oynalari maydalanib, qum kabi to‘kildi. Ichkarida qamalib, deraza orqasida to‘pponcha tutib turgan mirshablar, politsiyalar va boshqa to‘ralarning harakatlarida benihoya sarosima, qo‘rquv... Eshik ochilib, shop mo‘ylov, go‘shidor yuzidan zahar tomchilagan Machalov bilan birga, uning kabi pogonli, yarog‘-aslahali ikki to‘ra zinada qaqqaydi. Ularning ranglari o‘chgan, lablari qiyspaygan; ko‘zlarida qo‘rquv ravshan sezilsa ham, lekin «ojiz, yuvosh sartlar» oldida o‘zlarini dadil tutishga, zulm bilan gerdayishga tirishib, qo‘llarining keskin harakati bilan xalqqa tinchlanishni buyurishdi. Ulardan biri oq podshohning «oliy iroda»sini tushuntirish uchun titroq lablari bilan so‘zlashga urindi. Ammo ezilgan xalq bu yerga so‘z tinglash uchun kelmagan edi. Qinli shovqun yana yog‘dira boshladi. Achchig‘i olovlangan bir ayol to‘ralardan biriga yopishib, zinadan pastga siltab tortdi. Olomon uni ag‘darib, xalq ichiga sudrab ketdi. Bosh yalang, ko‘kragi ochiq, ko‘zlari ajoyib chaqchaygan bir yigitcha chaqqonlik bilan uning qilichini qinidan sug‘urdi. Naq shu onda, Maschalov buyrug‘i bilan zinadan, deraza orqalaridan xal boshiga o‘q yog‘ila boshladi. Mana birin-ketin xotinlar yerga yiqildilar. Biri jimgina qotib qoldi. Biri to‘lg‘onib, ozg‘in qo‘llari bilan paranjichachvonini mijg‘alab tortib, g‘isht ustida yumalandi. Sersoqol, o‘rta yashar, juda juldur kiymili bir kishi o‘ng qo‘li bilan chap yelkasini mahkam qisib, og‘riqdan ko‘zlarini yumib, sekingina yerga cho‘kkaladi: uning barmoqlari orasidan qon tomchilari anor suviday siljib oqdi. Olomon bir zumgina cho‘chib orqaga tislandi.
Yo‘lchi, quloqlari ostida o‘q uzilib turarkan, tomirlarida jo‘shqin kuch, yuragida yuksak hislarning, orzularning bo‘ronini sezdi. Kurash zavqi nash’asiga to‘lgan ko‘zlari bilan xalqqa qaradi. U odamlarning ko‘zlarida g‘azab yashinining yana kuchliroq yonganini, otuvchilarga qarshi dahshatli adovat mavjlanganini yaqqol ko‘rdi. Qoratoyning, yang bir ko‘p yigitlarning qo‘llarida pichoqlar sovuq yiltiraydi; ayollarning tosh tutgan qo‘llari havoga g‘olibona ko‘tarilgan. Ular boshlaridan chachvoyalarini yulib: «Ot, o‘ldir! Bola bermaymiz qonxo‘r podshohga! Yer yutsin u zolimni!» deb qichqirishadi.
Yo‘lchi oldingi qatordagi erkak va ayollar bilan birga hayqirib, yana mahkama sari bosib bordi. Bir nafasgina qotgan xalq to‘lqini yana kuchliroq tazyiq va matonat bilan olg‘a sapchidi. Navkarlardan biri lahzada majaqlanib tashlanildi.
Politsiyalar, mirshablar yana uylarga qamalishdi. Xalq qaynaydi, derazalar orqali ichkariga bosib kirishni ko‘zlasa ham, lekin qurol yo‘qligidan ikkilanib qoldi. Yo‘lchi o‘z do‘stlarini chaqirib, ichkariga bosqin yasash, iloji bo‘lsa, qurol topish uchun tevarakka ko‘z yugurtirdi. Qoratoy odamlarni bir nimaga undaydi. O‘roz tosh yog‘dirish bilan mashg‘ul. Ikkisi ham yo‘lchining tovushini eshitmadi. Yo‘lchi ertalab mahalladan o‘zi boshlab kelgan yigitlarni ko‘rib, sabrsizlik bilan ularga yondashishga tirishdi. Lekin olomon o‘rtasida, ixtiyorsiz ravishda, bir minut to‘xtab qoldi. Hisobsiz xotinlar ichida, tiqilincha ko‘zi bir qizga tushdi. U, bundagi boshqa ayollar kabi, dam chachvonini butunlay ko‘tarib, dam tushirib turadi, bo‘ynini cho‘zib, to‘rt tomonga jovdiraydi. Ko‘zlaridan oqqan tomchilar quyoshda injuday yonadi. Bu yerda kurashgan sanoqsiz onalar, buvilar orasida yagona qiz ehtimol, u edi. Yo‘lchi birinchi boqishdayoq u qizning chehrasida Gulnorning ruhini ko‘rdi; yuz bichimi, ayniqsa ko‘zlarining ichki ma’nosi va jilvasi Gulnorni yodlatdi. Yigit bir on tikildida, ko‘zlarini yumdi: yuragini o‘tkir bir nima chuqur tilib ketdi, go‘yo uning butun o‘zligini Gulnor xayoli quchdi. Ko‘ksida Gulnor qayg‘usi og‘irqalam bilan to‘lqinlandi: «Qani Gulnor? Qani u jononi? Oh, u yo‘q, bunday yigit to‘yida, xalqning to‘yida yo‘q. U yer bag‘rida! Bu bir begona qiz, yo yolg‘iz akasini, yo mehribon onasini qidirib kelgan. Qani mening mehribonim?» Yo‘lchi o‘z ichida o‘ylarkan, har yoqdan qizg‘in, kesik tovushlar eshitdi: «Ana polismeystr! Cho‘chqa Kolesnikov! Ana asarlar... Bo‘sh kelmanglar, yigitlar, uraveringlar, shovvozlar!»
Xalqda harakat, hayajon kuchaydi. Yo‘lchi suqila-suqila oldinga intildi. Polismeystr zinada to‘xtadi; uning basharasi yovuz va quturgan edi. Baland bo‘yli, paxmoq sochli, dov kazak askarlar xalqni urib, niqtab orqaga surishga tirishdi. Xalq to‘lqini, aksincha, olg‘a bosdi. Kolesnikov, jahlidan og‘zini qiyshaytirib, so‘zlashga urindi. U, oq podshohning «oliy farmoni»ga bo‘ysunish kerakligini, aks xolda, «sartlarga» qarshi o‘q va zambarakni sira ayamasligini, onalarning va go‘daklarning ko‘z yoshlaridan Chirchiqlar yasashga tayyorligini baqirib so‘zladi. Ammo, bunga javoban xalqning ovozi gurulladi: «Ur zolimni!» Tort bu yoqqa, yanchamiz uni!» Uni ham o‘z ichiga sudrab, oyoq ostiga olish uchun erkak va ayollar shiddat bilan qo‘llarini cho‘zishdi. Polismeystr sarosimalik bilan to‘pponchasini chiqardi. Uning odamlari ham shiddatli ravishda o‘q yomg‘irini yog‘dira ketdi. Ulgan, yarador bo‘lganlarga qaramay, qo‘zg‘olonchilar katta suron bilan ilgari otilib, «tosh bo‘ron»ni kuchaytirdi. Ichkariga bosib kirishga hujum qildi. Bir xotin naq zinaga chiqqan paytda, o‘q uni yerga uchirdi. Yo‘lchi hayqirib, hansirab kazak askarlariga sapchidi. Sersoqol, dov askar bilan olishib ikki musht bilan uni garanglatdida, chapdastlik bilan qilichni sug‘urib oldi. Bir onda u o‘z kuchining o‘lchovsiz darajada o‘sganini sezdi. Dushman qo‘lidan o‘lja olingan qilichni, quyoshda oq olov singari yongan qurolni havoga baland ko‘tardi. Ichkariga qochayotgan polismeystrning boshini majaqlash uchun shaxdam yugurdi. Faqat deraza orqasidan uzilgan o‘q bilan, u tomiri tortishgan, yoki garanglangan odam kabi, bir lahza qotib qoldi, so‘ng qilichni mahkam ushlab, bukchayib, ohistagina yerga yiqildi. Bir nafasdan so‘ng, ko‘zlarini sekin ochdi. Tiniq zangori samo, azamat quyosh uning ko‘zlariga kirdi. Qarshidagi daraxtga tirmashib, telefon simini qirquvchi qora choponli bir yigitni - do‘sti O‘rozni ko‘rdi... Butun vujudini zirqiratgan dahshatli og‘riqdan tishlarini mahkam qisdi. Ammo o‘lim bilan kurasharkan so‘ngi zarba uchun butun g‘azabini, kuchini, irodasini to‘pladida, bir qo‘lini yerga tirab, boshini yerdan uzdi: qaddini rostlar ekan, ko‘z oldi qorong‘ilashdi, yana sekingina yerga yiqildi.
Yechim. Ko‘krakdan oqqan qonga belanib yotsa ham, u fikran, ruhan jangda - kurashda edi: isyonchi, qahramon xalqning o‘z odamgarchiligini, o‘z haqiqatini tasdiq ettirish uchun zolimlarga ko‘krak kergan, musht ko‘targan minglarcha o‘z og‘ayinilarining, otalari, onalarining gulduros ovozi uning quloqlarida guvillaydi.
Kimdir uni quchoqlab, peshanasini silab qichqirdi:
- Yo‘lchiboy! Og‘ang o‘lsin! Voy qadrdonim, jigarim.
Yo‘lchi ko‘zini bazur ochib Qoratoyni ko‘rdi. Uning yosh qaynagan ko‘zlariga chuqur do‘stlik sevgisi bilan boqib, «yig‘lamang» degan kabi imo qildi.
Qoratoy bilan O‘roz yigitni avaylab ko‘tarib, ushlanib qolmaslik uchun, jo‘rttaga xalq ichiga sho‘ng‘ishdi. Odamlarni kuch bilan, hayqiriq bilan surib, itarib, ko‘chaga chiqishdi. Ildamlik bilan «Balandmachit» tomonga yugurishdi. «Devonbegi» mahallasiga qayrilib, bu yerda bir tashlandiq hovliga kirishdi. Bir tomoni bosib qolgan kulbaga Yo‘lichini ohista yotqizishdi: «Inim, qalaysan, suv beraymi?» Qoratoyning savoliga hech qanday javob ishorasi bo‘lmadi, Yo‘lchi o‘lgan edi...
Ikki do‘st Yo‘lchining yuzidan, ko‘zlaridan o‘pib, asta quchoqlab, uzoq, lekin tovushsiz, yurakni parchalovchi bir yig‘i bilan yig‘lashdi. Keyin Qoratoy o‘z belbog‘i bilan do‘stining engagini tang‘idi. O‘roz choponini yechib, yerga yoydi, so‘ng jasadni ko‘tarib chopon ustiga olishdi. Qonli ko‘ylakni Qoratoy ehtiyot bilan tilib, yarani ochdi. Yara ko‘krakda, yurakka yaqin, undan quyuq qon hali siljib turar edi...
Ikki do‘st kulbaning eshigini zich bekitib, goh Yo‘lchining fazilatlaridan sekin-sekin so‘zlashib, goh o‘zini tuta olmay, achchiq-achchiq yig‘lab, kun qorayguncha o‘tirishdi.
Xufton vaqtida O‘roz bir tanish aravakashning aravasiga bir necha bog‘ poxol ortib keltirdi. Qorong‘ida Yo‘lchini aravaga yotqizib, ustiga poxol tashlab, qo‘rqinch, tahlika ostida Saodat kampirnikiga jo‘nashdi.
Yurtda katta qo‘zg‘olon, otish-tutish bo‘lganini eshitgan Unsin, akasidan xafalanib, kechga yaqin temirchining bir o‘g‘li bilan birga Taxtapulga kelgan edi. Boshqa ayollar singari qo‘zg‘olonga ancha dadil qatnashib, soat bir-ikkida uyga qaytgan kampir, qizga ko‘rgan voqealarni so‘zlab-so‘zlab bitirolmas edi. Yo‘lchining shu vaqtgacha qaytmaganiga ular tashvishlansalar ham, fojiyadan xabarlari yo‘q va bunday baxtsizlikni esga ham olmagan edilar.
Qoratoy yugurib kirib, shaq-shaq titragan xolda; «Zinxor, bazinxor ovoz chiqarmaysanlar», deb yana eshikka yugurgach, Unsin ham, kampir ham harakatsiz, tilsiz qotib qolishdi. Faqat Yo‘lchini olib kirib, ko‘rpa ustiga yotqizishgach, ular dahshatli haqiqatni anglab, o‘zlarini yigit ustiga tashladilar.
Qoratoy O‘rozni darrov Shokir otaga yubordi. O‘zi ayollar oldidan qimirlamay ularning tovushini o‘chirib turdi.
Chiroq shul’asida, naq tiriklishida qanday bo‘lsa, shunday sokin, mag‘rur, go‘zal yotar edi Yo‘lchi. U go‘yo o‘lmagan: ko‘zlarini ochmoqchiday, lablari so‘zlashga tayyorday. Unsin uchun - bechora qiz uchun, bu qanday falokat, bu qanday mudhish motam! Sochlarini yulib tashlash, yuzlarini qonatib timdalash uning boshiga ag‘darilgan og‘ir qayg‘uni zarracha yengillashtira biladimi? Ko‘z yoshi buloqday qaynagani bilan yurakning haroratini qurita biladimi!
Unsin, sevikli va qayg‘uli yagona do‘sti, hayotda yagona umidi bo‘lgan akasini quchoqlab, qonli yarasiga yuzini, ko‘zini Surib yota berdi. Na kampirning, na Qoratoyning yolvorishlari, yupatishlari kor qildi, na o‘limning sovuq, daf etilmas, mudhish zaruriyati ta’sir qildi. Unsinning o‘z umri Yo‘lchining bir daqiqalik umriga nisbatan «hech» edi.
O‘roz Shokir otani boshlab kelgach, Qoratoy cholni uyda qoldirib, O‘roz bilan birga mozoga, go‘kovga jo‘nadi. Agar go‘rkov hozir qazishni istamasa, qabrini o‘zlari qazish uchun ehtiyotdan bir ketmon ham olishdi.
Asarda makon va zamon. Makon va zamon haqida gap ketganda yana shu narsani ham eslash joizki, qalamga olingan voqea-hodisalar yuz bergan yoxud yuz berishi muqarrar bo‘lgan makon (joy) tarixan aniq (Toshkent, Samraqand, Buxoro, Xiva, Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, Jizzax...) bo‘lishi, ba’zan to‘qima nom (Shahrixon kabi) bo‘lishi ham mumkin. Agar asarda tasvir etilgan voqea-xodisalar yuz berishi mumkin bo‘lgan makon nomi to‘qima bo‘lsa ham unda baribir konkret bir makon belgilari singdirib yuboriladi...
«Qutlug‘ qon»da 1912-1916-yillarda yuz bergan hodisalar ko‘rsatilgan; «Qullar» romanida esa 1825-1933-yillarda (yuz yildan ortiq) sodir bo‘lgan voqea- xodisalar tasvirlanadi. Yana bir gap. Asarda ta’rif va tavsif. Adabiy asar tilida ta’rif-tavsif (xarakteristika - lot- character - xossa, xususiyat) usuli ham muhim o‘rin tutadi. Muallif tomonidan qahramonga berilgan ta’rif-tavsiflar. Agar yozuvchi asar qahramonining kelib chiqish, faoliyati, xulqatvori, axloqodobi, idroki, qobiliyati, intilishi, tashqi qiyofasi va boshqalar haqida ma’lumot - baho bersa, bu muallif ta’rif-tavsifi deb yuritiladi. Masalan, «Qutlug‘ qon» romanida muallif tomonidan qahramonlarga berilgan quyidagi ta’rif-tavsiflarga e’tibor qilinga, ular qanchalik serma’no: «Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi ayyor, mug‘ambir, puxtapishiq: u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim Chittak, - kichkina, lekin xarakterlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi, - hozir kimsan Mirzakarimboy!... U Toshkentning eng oldingi boylaridan...» Yigirma uch yoshli yigitcha - Yo‘lchi - asar bosh qag‘ramoniga muallif Mirzakarimboy didiga qiyosan shunday baho bergan: «Uning arslonday ko‘rkam gavdasi, keng peshonasi, chuqur samimiyat ifodasi bilan to‘la yirik, hushyor ko‘zlari, kir yaktagi ichida qavarib turgan keng ko‘kragi, baquvvat qo‘llari, so‘zlaridagi qishloqcha soddalik va to‘g‘rilik (bu xususiyatni kambag‘al odamlardan katta fazilat deb topar edi boy) unga juda yoqdi. «Obdon chiniqqan yigit, unga berilgan ovqat behuda ketmaydi», deb o‘yladi u. Lekin shu bilan baravar, Mirzakarimboy Yo‘lchining butun siymosida katta jasorat va g‘urur sezdi. Bu sifat unga jilla ma’qul tushmadi». Adabiyotshunos Abdug‘ofir Rasulov “xaraketr yaratishda turli badiiy vositalardan foydalaniladi... Badiiy adabiyot jonli odamlar xarakteri bilan muhim.” 9
Badiiy asarda tavsiflash vositalari . Adabiy asardagi qahramonlarni ta’rif- tavsif etishda yozuvchilar rang-barang badiiy tasvir vositalaridan foydalanadilarki shulardan ayrimlarini ko‘zdan kechiraylik.
Ichki monolog - qahramonning o‘z-o‘zi bilan ichdan (ruhan) guplashishi, fikrlashi, his-tuyg‘ularining ichki ifodasi. Ichki monologda qahramon o‘zining sirli, yashirin fikrlarigacha aytadi. Shu boisdan ichki monolog orqali qahramon kitobxon oldida o‘z-o‘zini ochadi. Natijada uning shaxsiyatida hech narsa sirli yoki tushunarsiz bo‘lib qolmaydi. Odatda, ichki monologlarda qahramon hayotining eng keskin momentlari ifodalanadi. Bu o‘rinda, «Qutlug‘ qon»dagi Yo‘lchining quyidagi ichki monologi mag‘zini chaqib ko‘ring.
«Ajab dunyo ekan! Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri bo‘lsa, ulovi yo‘q. Ulovi bo‘lsa, yeri yo‘q. Ko‘pida ikkisi ham yo‘q. Mana, men!... Hozir qayoqqa qarasang, menga qarasang, menga o‘xshashlar... Haligi dehqon qovun ekibdi. Qancha mehnat, qancha mashaqqat! Yolg‘iz o‘zi emas, butun uy ichi bilan ishlagan, albatta, dastlabki sotish bu xilda bo‘lib chiqdi. U molini sotmadi - suvga oqizdi. Yo‘q, suvga oqizgandan battar bo‘ldi. Loaqal o‘n besh so‘m turadigan qovunni to‘rt yarim so‘mga sotsin, buni ham birovning aravasini tuzatishga to‘lasin. Foydani tulki baqqol urdi. Voy haromi, noinsof! Men bunday mo‘ltonini sira ko‘rganim yo‘q edi... Endi dehqon o‘z otasining shahardan qaytishini to‘rt ko‘z bilan kutgan bolalari oldiga qanday boradi. Ularga nima deydi? Qipyalang‘och bolalar: kiyim qani desa, nima ko‘rsatadi? To‘y o‘rniga aza!... ».
Xotima. Shokir ota Yo‘lchining boshiga cho‘kka tushib, o‘zining og‘ir dardli, chuqur yarali qalbi bilan uzoq yig‘ladi. So‘ng, Unsinni chetga tortib, boshini silab, butun otalik samimiyati bilan taskin berishga tirishdi.
- Qizim, jonim qizim, - yig‘i aralash gapirdi chol, - san ko‘p o‘rtanma. Man so‘zlay san aqlli qizsan, hammasini tushunasan. Yo‘lchining o‘limi anchamuncha o‘lim emas. Bu juda katta o‘lim. Akang, Yo‘lchi o‘g‘lim, nima uchun, kim uchun qon to‘kdi? O‘zi uchun emas, xalq uchun, yurt uchun, jamiki alamzadalar, alamdiydalar uchun qon to‘kdi. Bu qon eng qutlug‘, eng muborak, eng sof qon... Bunga gumonim yo‘q. Qizim, akang mard yigit edi, nomusli yigit edi. Nomus bilan, mardlik bilan o‘ldi. U zulm ildiziga bolta urdi. Inshoollo, zulm daraxti quriydi. Yo‘lchining qoni behuda ketmaydi, sira behuda ketmaydi. Bu hikmatli qon, qutlug‘ qon. Unda sir ko‘p. Keyin tushunasan, qizim. Man o‘lib ketsam, bir vaqti o‘zing: «Ha, Shokir otam shunday degan edi», deb yodlarsan. Yo‘lchi o‘g‘limning qoni qutlug‘, uni yuzga, ko‘zga surish kerak... - chuqur xo‘rsinib davom etdi chol, - kuyma, qizim. Mana, man otang, ana kampir onang, qishloqda akang bor, yana Qoratoydek mard og‘ang bor... Hammamiz sanga mehribonmiz. Durust, Yo‘lchiboy yer o‘g‘li - er edi, u boshqa olamdan edi. Lekin o‘limi ham ulug‘ bo‘ldi. Buni yaxshi tushun, qizim!».
Unsin bir vaqtlar Gulnor bergan uzukni akasiga hali topshirmagan edi. Uni cho‘ntagidan chiqarib, o‘pa-o‘pa Yo‘lchining jimjilog‘iga taqdi. Uzuk barmoqning yarmiga ilindi. Qiz bardosh qila olmadi, o‘zini yerga otdi.
Qoq yarim kechada Yo‘lchining tobutga solib, hovlida uch kishi - Shokir ota, Qoratoy, O‘roz - janoza o‘qishdi. Boshqa odam yo‘qligidan va kechasi mahalladan yigitlarni chiqarish ancha xavfli bo‘lganidan, Qoratoy bilan O‘roz o‘z kuchlariga ishonib, tobutni ko‘tardilar.
Xulosa qilib aytganda, asar strukturasi, qahramonlar ruhiyati, syujet unsurlari, tasviriy vositalar, badiiy til va umuman har jihatdan “Qutlug‘ qon” romanini yuksak badiiy qimmatli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Asarning yana bir hususiyati shundaki, unda xarakterlar ruhiyati va voqelik o‘rtasidagi bog‘liqlik nihoyatda nazokat bilan uyg‘unlashib ketgan. Asarning badiiy qimmatini ochib berishga xizmat etgan.
XULOSA
Ruhiyat, badiiy psixologizm romanning tasviriy-til vositalaridan tortib, badiiylikning hamma komponentlariga qadar u yoki bu darajada o‘z aksini topadi, personajlar hayoti va ma’naviyatidagi ijtimoiylikni ifodalashga xizmat etadi. Romanda tarixan tarkib topib kelgan milliy an’analar, urf-odat, marosimlar negizida jamiyatning, xalqning olg‘a harakatiga asqotuvchi, ruhiy optimizmiga kuch quvvat bag‘ishlovchi insonparvarlik, ozod mehnat orzusi, axloqiy poklik, chin muhabbat, do‘stlik, o‘zaro yordam tuyg‘ulari kabi ijtimoiy fazilatlar bilan birga milliylik maqsadlarida foydalanish mayllarining yashovchanligi ro‘y-rost ko‘rsatiladi. Milliylik qobig‘i tagida yetila borgan ijtimoiy, oilaviy-maishiy, shaxsiy va ma’naviy-axloqiy, ruhiy ziddiyatlar mag‘zini butun qarama- qarshiliklari bilan ochib berish, xarakterlarning ma’naviy-ichki to‘lqinlarining ko‘tarilishi va pasayishi hamda ularning zohiriy alomatlari - tashqi vajohati, xatti- harakati, tabiiy va ijtimoiy omillar bilan o‘zaro munosabati va to‘qnashuvlarini tasvirlash jarayonida bavosita (ba’zan bevosita) muallif ma’naviy-ruhiy pozitsiyasi - voqelikni badiiy bilishi (haqiqat izlashi), axloqiy (yaxshilik, ezgulikni tasdiqlashi), estetik (nafosatgo‘ylik) nuqtayi nazari singdiriladi.
Oybek romanlari uchun ham «hayotning oddiy obrazini berish» va «eng teran ma’noda g‘oyaviy - ...badiiy ko‘rsatish» xarakterlidir. Bu - adabiyotda realistik metodning tub g‘oyaviy-badiiy tamoyili bo‘lib, ijodning har ikki o‘ziga xos (bir-biridan farqli) aspekti mutassil o‘zaro dialektik bog‘lanishlarda, bir-biriga faol ta’sir ko‘rsatishda butunlik kasb etadi. Zotan, realizm hayot obrazlarining ko‘chirmasi yo ag‘darmasi emas, balki ularning ijtimoiy ma’nolari haqqoniy tahlil etilgan, insoniy-axloqiy va estetik asoslari mukammallashtirilgan, go‘zallashtirilgan, qayta aks ettirilgan quyma durdonalaridir. Hayot obrazlari - hayotni konkret-tarixiy jihatlarini ko‘rsatish romanning obyektiv mazmunini tashkil etsa, g‘oyaviylik uning subyektiv - ichki (ma’naviy-ruhiy) bisotini qamrab oladi.
Oybek odam va olamning o‘zaro murakkab bog‘lanishlarini aks ettirish yo‘lidagi izlanishlarida o‘zbek xalqi va obrazining keng manzarasini chizibgina qolmaydi, balki ularning «ma’no»sini chaqadi, ijtimoiy, milliy va insoniy (ma’naviy) hayotning ziddiyatlari va xilma-xilliklari sabablarini badiiy tahlil etadi. U g‘oyat zo‘r ijodiy fantaziya, badiiy to‘qimalar vositasida ijtimoiy-milliy voqelikning mohiyati va tub haqiqatini jonli obrazlarda aks ettirib, hayot obrazlari ma’nosining ijodiy shuuri, dunyoqarashi, zehniyati va ma’naviyati xususiyatlari bilan boyitib, qabartib ifodalaydi. Lekin badiiy obrazlari ma’nosini chuqur haqqoniy va tarixiy talqin qilish ijodiy jarayonning eng nozik, eng ma’sulyatli paytini tashkil etadi, xalq hayotini, uning tarix yaratuvchi kuchini yozuvchining intellektual, ma’naviy axloqiy, estetik olami, ijodiy individualligi fokusiga to‘plab aks ettirishni taqozo etadi. Negaki, badiiy obrazi tasviri bilan muallif pozitsiyasidan uni talqin qilish o‘rtasida farq (zidlik) bor. Hayot obrazi - reallik (konkretlik, tashqi olam) tasviri o‘z hayotiy rivojlanish qonuniyatlari asosida talqin qilinsa, bu holda «tasvir» bilan «talqin» (moddiylik va ma’naviylik) o‘rtasidagi tafovut (zidlik) dialektik ravishda uyg‘unlashadi, birlashadi, butun bo‘lib uyushadi. Zotan, ijodning realistik tabiati tashqi olami konkret obrazlarda aks ettirish va ularni badiiy anglash jarayonida namoyon bo‘ladi. «Ana shuning uchun g‘oyat boy mazmun eng konkret va eng subyetivdir...»
Voqelikni badiiy «bilish» va aks ettirishning tarkibiy qismi bo‘lgan muallif ijodiy pozitsiyasi ham aktiv, ziddiyatli, olg‘a bosish, o‘zgartishlar yasashga qobil xususiyatlari bilan ko‘zga tashlanadi.
Muallif pozitsiyasi - ma’naviy-estetik sistemalarning ijodda reallashishi esa hayotiy xarakter va sharoitning barcha murakkabliklari, o‘zaro chigil bog‘lanishlari, ziddiyatlari orqali aks ettirish imkoniyatlariga aloqador.
Oybek o‘z romanlari, jumladan, «Qutlug‘ qon»da ma’lum tarixiy bosqichdagi xalq hayotini, uning rivojlanish jarayonini xarakterlari harakatida, ma’naviyati zehniyatiga kuch bag‘ishlagan va shaxsan o‘z hayotiy va ijodiy tajribasida pishitib kelgan g‘oyaviy-psixologik nuqtayi nazaridan yoritib berdi. Uning ijodida realizmning xalqchillik, milliylik va ruhiyat tamoyillari yozuvchi ijodiy pozitsiyasi - dunyoqarashi va ichki dunyo deb atalgan ma’naviyati - ruhiy olamining mag‘iz-mag‘ziga singadi; obyektiv - hayot obrazlari ularni badiiy «bilish» va emotsional his qilish, xarakterlarni ma’naviy, axloqiy-psixologik pozitsiyadan tahlil qilish (baholash) jarayonida ochiladi.
Xuddi shuningdek, «Qutlug‘ qon» romanida tarixiy voqealik, xalq hayotini badiiy tadqiq etish (ularning ichki manzaralarini tasvirlash va «ma’nolari»ni ochish) da yozuvchi pozitsiyasi, ya’ni uning tasvir obektiga bo‘lgan, ma’naviy- ruhiy munosabati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu esa roman xarakterlarining talqinida o‘z badiiy aksini topdi.
Buni, avvalo, «Qutlug‘ qon» romanining bosh qahramoni Yo‘lchi obrazida yaqqol ko‘rish mumkin. Unda obektiv hayotning tarixiy rivojlanishi, ijtimoiy-ruhiy qarama-qarshiliklarning keskinlashishi natijasida ongning uyg‘onishi; milliy ozodlik harakati va qo‘zg‘olonining kelib chiqishi, xalq qahramonining yetilishi, ya’ni xalqning tarix yaratuvchiligi aks etibgina qolmadi, balki yozuvchining hayotiy va ijodiy pozitsiyasi - zehniyati va qalb faoliyatining ularga hamohang tepishi, intellektual, axloqiy va estetik dunyosining o‘ziga xos xususiyatlari ham obraz yaratishda muhim rol o‘ynaydi, «tasvir» bilan «ma’no»ning uzviy birikishiga faol ta’sir ko‘rsatdi.
Oybek Yo‘lchi obrazida romanning asosiy pafosini ifodaladi. Real tarixiy voqealar asosida u o‘zbek xalqi milliy shuurining uyg‘onishini badiiy aks ettirdi. U Yo‘lchining konkret sosial-tarixiy sharoitda kechgan hayot yo‘lini - har bir qadami, xatti-harakati, fe’li-atvori, kayfiyati, sevgi lahzalari - ahvoli ruhiyatini miridan sirigacha, bosqichma-bosqich ichdan kuzatib, g‘oyaviy, axloqiy, estetik jihatlardan «baholab», ruhiy tahlil bog‘lanishlarini haqqoniy aks ettirishga, xilma- xilliklar va qarama-qarshiliklarga to‘la hayot obrazini dialektik butunlikda «ko‘rish»ga asqotadi.
Yozuvchi tarixiy voqelikning ichki harakati va rivojiga Yo‘lchidan boshqa, O‘roz, Qoratoy, Shokir ota, Shoqosim va boshqa ishimizda tahlil etilgan xarakterlarda gavdalantirdi va har qaysi harakterning hatti-xarakati, xulq-atvori, ichki dunyosi, hayajonli xolatlarini yoritishda ruhiy tahlili u yoki bu darajada aks sadosini topdi. Ayrimlarning nayrangiga aldanib, xom xayol oruzlar bilan yashab, qizi Gulnor o‘ldirilganidan keyin moshday ochilgan batrak Yormat, Yo‘lchining or-nomusli qalin do‘sti, uning og‘irini yengil qilishga doim tayyor turgan, temirchilik mehnatida suyagi qotgan pahlavon Qoratoy; bechoralar taqdirini yumshatishga, g‘am-anduhlarini yupatishga madadkor keksa kosib Shokir ota; tabiatan mard, quvnoq O‘roz; baxtsizlikning hamma zahrini tortgan Shoqosim; ayollar huquqsizligining fojiyaviy qurboni bo‘lgan, muhabbati samimiy, ma’naviy- axloqiy pok Gulnor xarakterlarining ruhiyati rivojida buni yaqqol kuzatish mumkin.
Romanda muallif dunyoqarashi real obrazlarning g‘oyaviy-emotsional ta’sirini oshiradi; o‘quvchi rag‘bati va muhabbatini (ba’zi personajlarga nisbatan nafrat va g‘azabini) qo‘zg‘atib boradi; har qaysi xarakterning mutallif va ziddiyatli xislatlarini, surat atvori bilan siyratini ichdan uyushtiradi, «tasviri» bilan «talqini»ni uyg‘unlashtiradi. Yozuvchi L.N.Tolstoy shunday yozgan edi: «San’atkorning maqsadi... hayotning behisob, lekin qachon ado qilib bo‘lmaydigan, hamma ko‘rinishlarini sevib qolishni singdirishdan iborat... basharti yozgan narsalarimni, hozirgi bola yoshidagilar 20 yildan so‘ng ham o‘qisalar, bunday romanga men butun umrimni va hamma kuchimni bag‘ishlar edim». Yozuvchi bu o‘rinda hayotni teran sevish tuyg‘usini singdirishda san’atkor g‘oyaviy maqsadining muhimligini asoslasa, boshqa bir o‘rinda ijodkor fikri badiiy muddaosining g‘oyat serqirra, serma’no, hatto ziddiyatli xarakterlarning ichki birligi ro‘yobga chiqarishdagi rolini, hayotni barcha qarama-qarshiliklari bilan atroflicha va keng qayta aks ettirgan asar (roman) butunligi, yaxlitligini ta’minlashdagi ahamiyatini alohida qayd qilib o‘tadi: «Har bir badiiy asarni toshmetinday bir butunga bog‘laydigan va shu sababli hayotni aks ettirish illyuziyasiday ta’sir qoldirgan nasra shaxslar va voqealarning birligi emas, balki avtorning predmetga bo‘lgan o‘ziga xos ma’naviy munosabati tufayli vujudga kelgan birlikdir». Muallifning dunyoqarashi, dunyoni «ko‘rishi» va his qilishi quruq bir g‘oyaning o‘zi emas, balki keng ma’noda tushunilgan g‘oyaviy, ma’naviy-estetik yo‘nalish bo‘lib, asarning har bir komponentida benihoya murakkab qirralari va ziddiyatlari bilan ifoda etiladi. V.G. Belinskiy aytganidek, «chinakam poetik asarlarda fikr dogmatik ravishda ifodalangan, mavhum tushuncha emas, balki xuddi billur ziyo yoyilib ketgani kabi, butun asarga sochilib ketgan uning jonidir. Fikr - poetik asarlarning pafosidir».
«Qutlug‘ qon» romanida tarixiy voqelikning rivojlanish jarayonini, o‘zbek xalqi hayotini qayta aks ettirish (realizm) prinsipi ijodga hayotni sevishni singdirish (avtor pozitsiyasi, uning g‘oyaviy-estetik nuqtayi nazari) bilan uzviy birlikda reallashadi. Tarixiy harakatni tushunish bevosita emas, balki bavosita - ya’ni obrazlar, xarakterlar, xatti-harakat, vaziyat va konkret manzaralarni tasvirlash yo‘li bilan ifodalanadi. Har qaysi xodisa, personajlaming o‘zaro munosabatlari, keskin to‘qnashuvlari tufayli tug‘ilgan fikr-mulohazalar, kechinmalar, ehtiroslar maishiy va ijtimoiy turmush majoralari, insonlar taqdiri mag‘ziga yedirildi va yozuvchining sodir bo‘layotgan voqealarni tushunishi, «talqin»iga jo‘rovoz bo‘ldi. Ijtimoiy-psixologik, oialaviy maishiy, shaxsiy va ommaviy harakat va kolliziyalar avtor «nigohi» va «ko‘rigi»dan o‘tadilar, uning ma’naviyati, axloqiy-estetik nuqtayi nazari yog‘dusi bilan yoritiladilar, «hayotiy mazmun»larini boyitadilar.
Asarda ruhiy talqin salbiy personajlar obrazida ham yorqin ifodasini topadi. «Romanda xalq namoyondalarining ma’naviyati qanchalik mehr-muhabbat bilan ko‘rsatilsa, boylar tabiatining razil va qabihligi, ma’naviy qashshoqligi, xudkomligi shunchalik g‘azab va nafrat bilan ochiladi.
«Qutlug‘ qon» romani o‘zbek xalqining tarixiy rivojlanish yo‘lini, xalq qo‘zg‘olonini keltirib chiqargan ijtimoyi-psixologik sabablarni tipik xarakterlar orqali tasvirlab, tarixiy taraqqiyot tendensiyasni ham chizib berdi, qahramonlarning keyingi tarixiy taqdiriga ham nazar tashladi. Yo‘lchi - muayyan sosial-psixologik munosabatlarning mahsuligina emas, tobora ularga ta’sir ko‘rsatuvchi qahramon hamdir. U adolat, haqiqat, xalq baxtiyorligi prinsiplariga asoslangan munosabatlarni ro‘yobga chiqarishga intilgan faol kurashchi hamdir. Romanning ma’naviy kuchi, g‘oyaviy-estetik qimmati xalqning ruhini, hayotni sevish, kurash va yaratish tuyg‘ularini singdiradi va o‘sdiradi.
«Qutlug‘ qon» romani til va badiiy mahorat jihatdan diqqatga sazovordir. Asarda adib xarakter yaratishda psixologik tahlil san’atidan, xalq tili boyliklaridan ustalik bilan foydalangan. Obraz xarakterini, personaj tilini tabiiy va jonli qilib tasvirlagan. Shunga ko‘ra romandagi har bir xarakterning o‘z ichki va tashqi dunyosi bor, o‘z xarakter va individual tili bor. Masalan, Abdushukur tilidan ishlatilgan «g‘olibo maqsad», «kaminaning g‘oyaviy hayoti», «e voh, zavoli Turkiston», «milliy sarmoya», «o‘z boylarimiz - musulmon boylarimiz» singari so‘z va iboralar individual tus bergan.
Romanda personajlar tili singari muallif nutqi ham katta mahorat bilan ishlangan. Asarda Oybek jonli xalq tili boyliklari: xalq maqollari, hikmatli so‘zlar va obrazli iboralardan, shuningdek o‘xshatish, sifatlash, jonlantirish, mubolag‘a, majoz kabi tasviriy vositalardan unumli foydalangan. Bundan tashqari, yozuvchi xalq maqol va hikmatli so‘zlar darajasida turuvchi «yer sotgan - er bo‘lmaydi, er - yer sotmaydi», «jabrning to‘qmog‘iga toqat yo‘q», «xalq o‘z ishini o‘zi biladi», «o‘tinsiz qozon qaynamaydi» singari sermazmun, chiroyli jumlalar va obrazli iboralar yaratgan.
«Qutlug‘ qon» romani syujet va kompozitsiya jihatdan ham tahsinga loyiqdir. Unda asar g‘oyasini va obrazlar xarakterini ochishga xizmat qilmaydigan tasvirlar, oshiqcha voqea va epizodlar yo‘q. Yozuvchi voqealar tasvirini ortiqcha cho‘zmaydi. Voqeadan voqea chiqarish va ularni tabiiy tarzda bir-biri bilan bog‘lash orqali asosiy syujet chizig‘ini vujudga keltiradi. Shu bilan birga, syujetni xarakter yaratish ishiga mohirona xizmat qildiradi.
Kezi kelganda shuni ham aytish kerakki, roman ayrim qusurlardan ham holi emas. Asarda o‘sha davr taqazosiga ko‘ra sosialistik realizm talabiga binoan rus inqilobchi Petrov obrazi sun’iy ravishda kiritilgan, uning Yo‘lchiga ko‘rsatgan ta’siri ideallashtirilgan. Jadid Abdushukur esa bir tomonlama tasvirlanib, o‘quvchida yoqimsiz taasurot qoldirishga urunilgan.
Roman asosida yotgan ziddiyat chizig‘i asosan Yo‘lchi bilan Mirzakarimboy o‘rtasida tortilib, boshqa personajlar bu har ikkala tevaragida guruhlasha boshlaydilar. Oybek go‘yo tog‘a bilan jiyan o‘rtasida boshlangan bu «xonaki» ziddiyatni shunday mahorat bilan tasvir etib va rivojlantirib boradiki, u pirovardida 1916-yil qo‘zg‘oloni voqealari bilan uzviy ravishda tutashib ketadi. Shu ma’noda
romanning asosiy qahramonlari butun o‘zbek xalqi uchun ahamiyatli bo‘lgan katta ijtimoiy masalalarni olg‘a sura oluvchi kuchga aylanadilar.
Oybek asar qahramonlari obrazini yaratishda ruhiy tasvirning o‘ziga xos yo‘lidan borgan. U Yo‘lchi va Gulnor obrazlari mohiyatini ochishda ular hatti- harakatlari tasviriga e’tiborini qaratgan bo‘lsa, Mirzakarimboy o‘zining insoniy mohiyatini o‘z so‘zlari bilan ochadi. Bu so‘nggi tasvir usuli Yormat obrazini yaratishda yozuvchiga yordamga keladi.
Asarning tili va uslubi, xarakterlar ruhiyatini belgilashda Oybek Abdulla Qodiriy izidan emas, ko‘proq yozuvchi Cho‘lpon orqasidan borgan ko‘rinadi. Yozuvchining tasvir uslubida ritm muhim rol o‘ynaydi. Oybek, Cho‘lponning «Kecha va kunduz» romanida bo‘lgani kabi, asar muqaddimasi (ekspozitsiyasi) ga katta o‘rin ajratadi; voqealar g‘oyat sust rivojlanib boradi. Ammo qahramonlar obrazi yorqinlashib, kurash maydoni bir qadar yorishgach, harakat keskin rivojlanib ketadi. Bunday o‘rinlarda tasviriy tafsillar ham, peyzaj ham qahramonlarning nutqlari ham nihoyatda qisqaradi. Kitobxon asarni o‘qir ekan, Oybekning iste’dodlik yozuvchi, xassos shoir ekanligini aslo unutmaydi.
Xulosa qilib aytganda, Oybekning «Qutlug‘ qon» romani xarakterlari ruhiyatidagi kechinmalar, tuyg‘ular asar badiiy pafosini ochib berishga ximat etgan. Asar bugungi adabiyotshunoslikda yetakchi tahlil yo‘nalishlaridan bo‘lgan ruhiy tahlil uchun manba bo‘lib xizmat eta olishi, undagi xarakterlar ruhiyatini ochib beruvchi badiiy-psixologik detallar talqinidan yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |