Plastik massaning xossalari. Plastik massaning shakl olish xususiyati namligiga, tuproq va kaolinlarning plastiklik soniga, ularning massa tarkibidagi miqdoriga, massaga kiritilgan qo'shimchalarning miqdori va disperslik darajasiga hamda havo aralashmasining miqdori va taqsimlanishiga bog’liqdir. Massaning shakl olish xususiyati uning tarkibini to'g’rilash orqali amalga oshiriladi. Massa tarkibida tuproq minerallarining miqdori oshib ketsa, massaning qoliplarga yopishib qolishi kuzatiladi. Plastik usulda shakllanayotgan massaning tarkibiga qarab uning namligi, shpindelning aylanishlar soni, shakl beruvchi roliklarning harakat tezligi va shakllovchi organning qizdirilish temperaturasi tanlanadi. Plastik massaning qovushqoqligini pasaytirish shakllash tezligini oshiradi. Massaning qovushqoqligi esa namlikni oshirish bilan kamayadi, lekin bunda massaning jihoz ishchi organiga yopishib qolish ehtimoli tug’iladi.
Bundan tashqari, namlikning oshishi bilan buyumlarni quritishga ketadigan issiqlik miqdori ham, quritish vaqti ham ortadi. Shu sababdan, yuqori quvvatga ega bo'lgan zamonaviy yarim avtomat va avtomatlarni ishlatish evaziga massaning namligini pasaytirib, qovushqoqligini oshirish iqtisodiy jihatdan samaraliroqdir. Shakllanuvchi massa yovg’onlashtiruvchi materiallarning miqdori va namligi bo'yicha bir jinsli bo'lishi kerak, hamda unda havo aralashmalari bo'lmasligi kerak. Massaning shakl olish xususiyatlari vakuumli massa myalkalarda ishlov berish orqali yaxshilanadi. Vakuumlangan massadan tayyorlangan buyumlar oddiy massadan olingan buyumlarga qaraganda yuqori darajadagi texnik xususiyatlarga ega bo'ladilar. Vakuumlangan massaning uzilish kuchiga bo'lgan bardoshligini oshirish yo'li bilan shakllash tezligini orttirish mumkin.
Plastik massadan shakllash texnologiyasining xususiyatlari va usullari. Plastik massadan shakllash turli stanok va yarim avtomatlarda gips va boshqa qoliplarda yassi po'lat shablonlar yoki aylanuvchi roliklar yordamida bajariladi. Keyingi vaqtlarda g’ovakli materiallardan yasalgan qoliplar va gidrofob materiallardan yasalgan roliklardan foydalanilayapti.
Chinni sanoatida qoliplar asosan yuqori darajada maydalangan va zarrachalari 0,1 mm dan yuqori bo'lmagan (0085 sonli elakdagi qoldiq 2,5% dan katta emas) model gipsidan yasaladi. Bunda barcha gips qoliplari bir xil o'lchamga va g’ovaklikka ega bo'lishlari kerak, aks holda buyumlarning qalinligi har xil bo'lib qolishi va ular quritish jarayonida deformasiyalanishi va yorilib ketishi mumkin.
Gips qoliplarining ishlatilish muddati 100 martta shakllash atrofida bo'ladi. Polixlorvinildan tayyorlanadigan plastmassa qoliplari ham gips qoliplariga o'xshash g’ovaklikka ega bo'lsalarda, ularning shakllash davridagi bardoshligi yuqoriroqdir. Shu sababdan ularni ishlatish muddati gips qoliplarinikidan 4-7 barobar uzoq bo'ladi, massasi esa 2 barobar kamdir.
Gips qoliplarida joylashgan buyumlarni quritish temperaturasini 70º C gacha ko'tarish mumkin bo'lsa, polixlorvinildan yasalgan qoliplar uchun 120º C ham xavfli hisoblanmaydi, shu sababdan quritishning tezkor usullarini qo'llash mumkin. Buyumlarni shakllashda zuvalachalar sifatida silindr shaklidagi massaning bo'lakchalari tayyorlab olinadi, ularning diametri va qalinligi buyumning o'lchamlari va assortimentiga bog’liq bo'ladi.
Shakllashning asosida esa, ana shu zuvalachani shakl ustiga yoki shakl ichiga joylashtirib, uni shablon yoki rolik yordamida siqib, unga kerakli shaklni berish jarayoni yotadi. Bunda ichi bo'sh idishlarning tashqi yuzasi shablon tomonidan shakllanadi. Yassi buyumlarni shakllashda esa buning teskarisi bo'ladi. Buyumlarni shakllash yassi (yupqa yoki qalinlashgan) va hajmiy shablonlar (roliklar) yordamida amalga oshiriladi.
Yassi yupqa shablonlar qalinligi 7-10 mm bo'lgan po'lat listlardan, qalinlashgan yassi shablonlar esa qalinligi 10-20 mm bo'lgan po'lat listlardan yasaladi. Shablonning po'lat plastinkasi unga biriktirilgan yog’och planka bilan 15º burchak ostida qayraladi.
Yassi shablon richagga qattiq mahkamlanadi. Qo'l bilan shakllanadigan stanoklarda quyidagi operasiyalar amalga oshiriladi: gipsli qolipga zuvalacha solinib stanok ichiga tushiriladi. Bunda qolip aylana boshlaydi, yassi shablon radial massaga tushirilib, massaning ortiqcha qismini o'zining cheti bilan qirqib tashlaydi. Buyumlarning yuzasini silliq holda olish uchun, shakllashning yakuniy bosqichida zuvalachalar sirti suv bilan ho'llanadi. Lekin bu yarim tayyor mahsulot qalinligi bo'yicha namlikning barobar taqsimlanmasligiga va quritish jarayonida qisqarishning bir tekis bo'lmasligiga olib keladi. Zamonaviy chinni korxonalarida aylanuvchi rolikli shablon yordamida qoliplash keng tarqalgan. Bunda zuvalachani qolip ustiga yoki qolip ichiga solinib, massaning sirti suv bilan ho'llanadi. Rolik massani bo'sh ichi bo'ylab yoki ishchi qolip sirtida ezadi. Yassi shablondan farqli ravishda rolik qizdiriladi, uning temperaturasi termostat bilan 105-150º C atrofida ushlab turiladi. Qizdirish natijasida shablon bilan unga qaratilgan buyum devori orasida suv bug’ining plyonkasi hosil bo'ladi, chunki qizdirilgan shablon bilan namli massa to'qnashganda suv bug’lanadi. Suv bug’i massaning rolikga yopishib qolishiga qarshilik ko'rsatadi va yarim tayyor mahsulotni shakllab bo'lingandan keyin rolikdan oson ajralishiga yordam beradi. Bunda rolik bilan shpindelning (qolipning) aylanishlar sonidagi optimal farqni ushlab turish bilan sifatli darajada shakllanish amalga oshiriladi. Odatda rolik shpindelga qaraganda sekinroq harakatlanishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |