METALL BOG’LANISH.
Metallarning suyuqlanish va qaynash haroratining yuqoriligi, metall sirtidan yorug’lik va tovushning qaytishi, ulardan issiqlik va elektr oqimining yaxshi o’tishi, zarb ta‘sirida yassilanishi kabi xossalar metallarning eng muhim fizikaviy xossalaridir. Bu xossalar faqat misollarga xos bo’lgan metall bog’lanish mavjudligi bilan tushuntiriladi.
Metall atomida valent elektronlar soni unchalik ko’p emas, lekin metall atomida elektronlar bilan to’lmagan orbitallar ko’p. Valent elektronlar metall atomining yadrosi bilan zaif bog’langan. Shuning uchun ular metallning kristall panjarasidagi metall ionlari orasida erkin harakat qiladi. Metall tuzilishini quyidagicha tasavvur qilish kerak: metallning kristall panjara tugunlarida musbat zaryadli metall ionlari (kationlar) zich joylashgan bo’lib, atomlarning valent elektronlari panjara ichida erkin harakat qiladi. Bu elektronlarning harakati gaz molekulalarining harakatini eslatganligi uchun ular elektron gaz deb atalgan. Demak, har bir atom o’z valent elektronini o’rtaga tashlaydi va ular ko’p miqdordagi metall ionlarini bir-biri bilan bog’lab turadi. Shu bilan birga bu elektronlar erkin harakatlana oladi. Binobarin, metallarda kimyoviy bog’lanishning harakatchan turi borligi ko’rinadi.
Metall bog’lanish qattiq va suyuq holdagi metallar uchun xosdir. Bu bir-biriga bevosita yakin joylashgan atomlar agregatlarining xossalaridir. Lekin barcha moddalarning atomlari kabi metallarning atomlari ham bug’ holatida bir-biri bilan kovalent bog’lanish orqali bog’langan bo’ladi. Metallarning buglari alohida molekulalardan (bir atomli va ikki atomli) tarkib topgan bo’ladi. Kristallda bog’lanish po’xtaligi metall molekulasidagidan kuchli, shu sababli metall kristali hosil bo’lish jarayoni energiya ajralib chiqishi bilan boradi.
Metall bog’lanish kovalent bog’lanishga ma‘lum darajada o’xshaydi, chunki u ham valent elektronlarning umumlashishiga asoslangan. Lekin kovalent bog’lanishni vujudga keltiradigan elektronlar birikkan atomlarga yaqin va ular bilan po’xta bog’langan bo’ladi. Metall bog’lanishni hosil qiladigan elektronlar esa barcha kristall bo’ylab erkin harakatlanadi va uning barcha atomlariga tegishli bo’ladi. Xuddi shuning uchun ham kovalent bog’lanishli kristallar mo’rt, metall bog’lanishlilari – plastik, ya‘ni ular zarba ta‘sirida o’z shaklini o’zgartiradi, yupka listlar bo’lib yoyiladi va sim bo’lib chuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |