1.3. Organik birikmalarning nomenklaturasi Organik moddalarni nomlashning asosiy qoidalari. Organik moddalar bilan insonlar juda qadim zamonlardan buyon bevosita aloqada bo'lganliklari tufayli ulardan kundalik turmushda turli maqsadlarda foydalanish jarayonida organik moddalarning olinish usullari, ishlatilish soxalariga bog`liq tarzda ularning tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan nomlari asta-sekin kelib chiqqan. VIII asrdayoq vino tarkibidan ajratib olingan yonuvchi suv deb nomlangan modda keyinchalik vino spirti degan nom oldi. 1661-yilda R.Boyl tomonidan yog`ochni quruq haydash natijasida yonuvchi hossaga ega bo'lgan suyuqlik hosil bo'lishi isbotlandi. Bu suyuqlik esa keyinchalik yog`och spirti deb yuritiladigan bo'ldi. 1550-yilda Agrikola tomonidan qaxraboni haydash orqali ajratib olingan modda qaxrabo kislota nomini oldi. 1818-yilda esa Pellete va Kaventu tomonidan kroton yog`ini o'yuvchi ishqor bilan ishlash natijasida suyuq kislota olinadi va bu kislotaga kroton kislota deb nom berildi. Bunday tarixiy ahamiyatga ega bo'lgan organik moddalarning nomi tarixiy nomlar deb yuritiladi. Organik kimyo mustaqil fan sifatida rivojlangunga qadar organik moddalar tarixiy nomlari bilan atab kelingan[9].
Organik moddalardan odamlar qadimdan foydalanib kelgan bo'lishlariga qaramasdan organik kimyo fani XIX asrning o'rtalariga qadar mustaqil fan sifatida e'tirof etilmadi. 1801-yilda Furkrua tomonidan yozilgan 10 tomli „Kimyoviy bilimlar sistemasi” asarida organik birikmalarni ikki sinfga bo'lib, bu moddalarni o'rganuvchi bo'limni fiziologik kimyo deb ataydi. 1808 - 1812 yillarda Bersellius tomonidan yozilib, shved tilida chop etilgan kimyoga doir kitobda organik kimyoning o'ziga hos fan ekanligiga alohida e'tibor beriladi. 1827-yilga kelib Bersellius tomonidan yozilgan „Kimyo darsligi" kitobida „Organik kimyodan qo'llanma" mavzusi alohida bo'lim tarzida bayon qilingan. 1811-yilda Kirxgof tomonidan kraxmaldan qand moddasi hosil qilish texnologiyasining ishlab chiqilishi, 1824-yilda oksalat kislota, 1828-yilda mochevinani Vyoller tomonidan sintez qilinganligi, 1845-yilda nemis kimyogari Kolbe sirka kislotani hosil qilganligi. 1854-yilda fransuz kimyogari Bertlo tomonidan laboratoriya sharoitida yog`ning sintez qilinganligi, Frankland tomonidan esa 1849-yilda dastlabki metallorganik birikma-ruxorganik moddaning hosil qilinganligi, 1861-yilda A. M Butlerov tomonidan qandsimon modda sintez qilinganligi kabi bir qator kashfiyotlar sintetik organik kimyoning dastlabki debochalaridan hisoblanadi. Organik moddalarning 1810-yilda Gey-Lyussak va Tenar tomonidan sinflashga harakat qilinganligi, Libix va Vyoller tomonidan anorganik moddalardan organik moddalarni sintez qilish borasida amalga oshirilgan tajribalar asosida Jerar taklif etgan tiplar nazariyasining yaratilishi, A. Kekule tomonidan organik birikmalarni uglerod birikmalari sifatida sinflanganligi, A. M. Butlerovning kimyoviy tuzilish nazariyasining yaratilishi singari bir qator amaliy va nazariy tadqiqotlar natijasida organik kimyo mustaqil fan sifatida maydonga keldi. Tabiiy va sintetik organik moddalar sonining ortib borishi bilan ularni ilmiy nomlashga ehtiyoj tug`ildi. Organik moddalarni dastlabki ilmiy nomlash usuli ratsional nomlar deb ataladigan bo'ldi. Hozirgi paytda organik moddalar tarixiy, ratsional va xalqaro ilmiy sistematik nomenklatura qoidalari asosida nomlanadi. Organik moddalarni ilmiy nomlash usullari bilan tanishishdan oldin ularning eng muhim sinfi va kimyoviy tuzilishi nazariyasi haqida tasavvurga ega bo'lish talab etiladi[10].