Detatnatsion barqarorlik.Detonatsiya deb, dvigatelda yoqilg`i yonishining maxsus rejimiga aytiladi. U faqatgina yoqilg`i – havoli aralashma alangalangandan so`ng yoqilg`ining bir qismi yonib bo`lgan hollarda paydo bo`ladi. Yoqilg`i zaryadining qoldig`i (20 % gacha ) bir zumda o`z-o`zidan alangalanadi: bunda alanganing tarqalish tezligi 20-30 m/s o`rniga 1500-2500 m/s ga yetadi, bosim esa sakrab o`zgaradi. Bosimning keskin o`zgarishi dvigatel silindrining devorlariga urilib turiladigan detanatsion to`lqinning hosil bo`lishiga olib keladi.
Detanatsiyaning harakterli belgilari quyidagilardan iborat :
Silindr devorlaridan detanatsion to`lqinlarni ko`p marta urib qaytarilganidan kelib chiqadigan metallik taqqilash ;
Chiqindi gazlarda qora tutunning hosil bo`lishi ;
Silindr devori haroratining keskin ko`tarilishi.
Yoqilg`ining detanatsion yonishi yoqilg`i solishtirma sarfining oshishiga, quvvatning kamayishiga va dvigatelning qizib ketishiga, porshenlar va chiqarib yuboradigan klapnlarning qurumlanishiga, shuningdek, dvigatelning tez ishdan chiqishiga olib keladi.
Denonatsiya hodisasi yoqilg`idagi uglevodorodlarning yonish va oksidlanish reaksiyalarining hususiyatlari bilan tushuntiriladi. So`rib olish va siqish vaqtida yoqilg`i uglevodorodlari havo kislorodi bilan oksidlanish reaksiyasiga kirishishni boshlab pereoksidlarni hosil qiladi. Pereoksidlar parchalanishi erkin radikallarni hosil qiladi, ular esa uglevodorodning yangi molekulalari bilan reaksiyaga kirishadi. Reaksiya zanjir xarakterga ega bo`lib qoladi. Ishchi aralashma uchqundan alangalangandan so`ng, oksidlanish reaksiyalari yana ko`proq tezlashadi, chunki harorat va bosim oshadi. Aralashmaning yonmagan qismida pereoksidlar va boshqa faol zarrachalarning konsentratsiyasi oshadi.
Kimyoviy tarkibidan tashqari dvigatel konstruksiyasining ba`zi xususiyatlari va uning eksplutatsiya qilish sharoitlari detonatsiyaga yordam beradi. Siqish darajasining oshirilishi, ya`ni dvigatel silindri to`liq hajmining yonish kamerasi hajmiga nisbati, ishchi haroratlarning va dvigateldagi bosimning o`sishiga olib keladi, bu esa o`z navbatida detonatsiya sodir bo`lishiga yordam beradi.
Uglevodorodlar va yoqilg`ilarning detanatsion barqarorligi (DB) oktan soni bilan xarakterlanadi. Bu detonatsion barqarorlikning shartli o`lchov birligi hisoblanadi. Izooktan uchun detanatsion barqarorlik 100 ga, geptan uchun 0 ga teng deb qabul qilingan. Agar tekshirilayotgan benzin o`zining detanatsion barqarorligi bo`yicha tekshirilsa 80 % izooktan va 20% geptandan iborat aralashmaga to`g`ri kelsa, bu yoqilg`ining oktan soni 80 ga teng bo`ladi.
Ko`pchilik benzinlarning oktan soni 50 bilan 70 orasida bo`lib, ularning oktan sonini 2 xil yo`l bilan oshirish mumkin.
Benzinga ba`zi moddalar qo`shilsa, u bir me`yorda yonadi. Bunday moddalardan tetraetil qo`rg`oshin (C2H5)4Pb keng qo`llaniladi. Tetraetil qorg`oshindan benzinga 0,2-0,8 ml/l miqdorda qo`shilganda benzinning oktan soni 80 gacha oshishi mumkin. Bunday benzin etillangan benzin deb ataladi.
Benzinning oktan sonini oshirish maqsadida u izomerlanadi, ya`ni benzindagi tarmoqlangan zanjirli brikmalar miqdori oshiriladi. Bu jarayon riforming deyiladi. Uni amalga oshirish uchun benzin xona haroratida yoki yuqoriroq haroratda katalizator ustida o`tkaziladi. Odatda katalizator sifatida alyumoplatinali katalizatorlar ishlatiladi.