Ena shevada ona ma’nosida ham, ota yoki onaning onasi ma’nosida ham ishlatiladi. Enajondan javob bo‘lmadi. Zebi o‘sha past ovoz bilan yana bir uyg‘otdi, enajon hali ham jim edi. Aravaning oldi tomonidan kelib, aravakash ham yordamlashdi: — Ho‘... xola, turing, kelib qoldik! (26-bet)
Bobo ota-onaning otasi. O‘zidan katta kishiga nisbatan hurmat, yaqinlik ma’nosini ifodalash uchun ham ishlatiladi. Eshon bobom sizdan dilgir emishlar, — deydi bir kun Qurvonbibi so‘figa (10-bet).
Tog‘a onaning akasi yoki ukasiga, ona tarafdan qarindosh erkaklarga nisbatan ishlatiladigan bu leksema asarda mingboshiga nisbatan qo‘llanilgan. Bu o‘rinda tog‘a so‘zi qarindoshlik ma’nosini emas, hurmat ma’nosini ifodalashga xizmat qilgan. Biz shu kechaga mingboshi tog‘aning qizi bilan kichik xotinini chaqirtiraylik (33-bet).
Xola onaning opasi yoki singlisiga nisbatan qo‘llaniladi. Asarda o‘zidan katta yoshli ayolga murojaat sifatida qo‘llanilgan.
2. Nikoh bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan qarindoshlik nomlari: er, xotin, kuyov, qaynona, qaynota, kelinbibi kabi.
Er – erkak jinsiga mansub (erkak); xotin kishi bilan nikoh ahdida bo‘lgan erkak kishi (qalliq); mard, oliyjanob, jasur kishi (O‘TIL,V,45) semalarini ifodalaydi. Yo‘qsa, so‘fi erining dindor xotini bo‘lgan Qurvonbibi ham «bas endi!» deb ozmuncha qichqirmagan edi (8-bet). Asarda Akbarali mingboshining xotinlari nutqida er so‘zi o‘rnida kuyov so‘zining qo‘llanganligini ko‘rishimiz mumkin. U chiqib ketgach, uchala kundosh bir yerga to‘planib, kuyovlarining avzoyini muhokama qildilar (85-bet). Yozuvchi bu o‘rinda erlarining so‘zi o‘rnida kuyovlarining leksemasini qo‘llash orqali tasvirning ta’sirchanligiga, o‘ziga xosligiga, milliy koloritni berishda o‘ziga xoslikni ta’minlashga erishgan. Kelin bo‘lib kelganingizga endi besh oy bo‘ldi. Halitdan boshingizga yangi kundosh orttirmoqchimisiz? Eringizning qayliqbozligini bilardingiz-ku! (41-bet).
Xotin so‘zi turkiy tillarda nikohdan keyin paydo bo‘lgan qarindoshlik termini bo‘lib, ma’no jihatdan er va erkak so‘zining ziddi hisoblanadi.Bu leksik birlik ilk marta qadimgi run bitigi “Kultegin”da “xonuma, zodagon ayol, oqsuyak ayol”ma’nosida qatun variantida ishlatilgan. J.Klosan qatun/xati “beka, xonim” terminining kelib chiqishini sug‘d tilidagi xwatun “hukmdor, zodagon zavjasi’ leksemasi bilan bog‘laydi. Xotinining ismi Maryam, qizining ismi Xadicha bo‘lsa, mo‘min-musulmon: — sharm-u hayoyuzasidan bo‘lsamikan? — xotinini «Xadicha» deb chaqiradi. Aksar ona-bola baravar «labbay!» deydi; shunday-da, oilaning haqiqiy egasi bo‘lgan ota: «Kattangni aytaman, kattangni!» deydi. Hatto shunda ham «Maryamni», demaydi...(9-bet)
Kundosh bir er nikohidagi bir necha xotin bo‘lib, bir-biriga nisbatan bu xotinlar kundosh sanaladi. Shundan keyin mingboshining kichik xotini Sultonxon katta kundoshining qizi bilan gapni bir joyga qo‘yib, o‘rnidan turdi (39-bet).
Kichik buvi. Qiz bechora, bu kulishlarning nimaligini anglayolmasdan hayron bo‘lib, dam onasiga, dam kichik buvisiga qarardi...(50-bet) Kichik buvi bu o‘rinda onasining kundoshiga, otasining kichik xotiniga nisbatan ishlatilgan. Asarda mingboshining o‘rtacha xotini Poshshaxon, Fazilatga kichik buvi hisoblanadi. Odatda buvi biz tahlil qilayotgan qavm-qarindoshlik guruhining birinchi qismiga mansub bo‘lsa-da, asarda bevosita nikohdan keyin hosil bo‘ladigan qarindoshlikni aks ettirgani uchun ham uni ikkinchi guruhga qo‘shishni ma’qul ko‘rdik.
Kelinbibi akaning xotini (uka yoki singilga nisbatan)ga yoki yoshi katta ayollarga murojaat qilishda ishlatiladi. Hozirgi o‘zbek tilida shevalarda kelinoyi varianti ko‘proq ishlatilsa-da, asar tilida kelinbibi shaklida qo‘llanilgan. O‘tgan kuz biznikiga mehmon bo‘lib kelishdiku — kelinbibisi bilan birga? O‘shanda necha marta kishi yuborib chaqirtirdim, bormadingiz, otangiz javob bermadi... (5-bet).
Do'stlaringiz bilan baham: |