“KECHA VA KUNDUZ” ROMANIDA QAVM-QARINDOSHLIKNI IFODALOVCHI SO‘ZLAR
Annotatsiya. Maqolada Cho’lponning “Kecha va kunduz” romanida keltirilgan qavm-qarindoshlik so’zlari tahlil qilingan. Tahlil jarayonida asar muallifining fikrlari bilan bir qatorda O’zbek tilining izohli lug’atidan ham foydalanildi. Qavm-qarindoshlik so’rlari haqida tadqiqot olib borgan olimlarning fikrlari tahlil qilindi.
O‘zbek tilida qavm-qarindoshlikni ifodalovchi so‘zlar talaygina bo‘lib, bu so‘zlar hududiy jihatdan ham bir-biridan farq qiladi. Adabiy tilda mavjud bo‘lgan so‘zlarning sheva va dialektlarda xilma-xil qo‘llanilishi bu guruhga mansub so‘zlarning ham son jihatidan ko‘payishiga olib kelgan. Insonlar bir-biri bilan muloqotga kirishar ekan, bir-birlariga murojaat qilishga har doim ehtiyoj sezadilar. Vaqt o‘tishi bilan qavm-qarindoshlik atamalari ham eskirish va yangilanish jarayonini boshidan kechiradi. Shevalar o‘rtasidagi aralashuv esa bir shevani ikkinchi bir shevada mavjud bo‘lgan so‘z bilan boyitadi. Masalan, bugungi kunda Toshkent shevasiga xos bo‘lgan oyi, ada so‘zlarining boshqa sheva vakillari nutqida ham ishlatilayotgani fikrimizning dalilidir.
Qavm [arabcha — xalq, millat; kishilar to‘dasi, guruhi] 1 Bir avloddan tarqalgan, o‘zaro qarindoshlik munosabatlari bilan bog‘langan kishilar birlashmasi; urug‘, aymoq, qabila.
2 din. Bir masjidda ibodat qiluvchi kishilar, bir masjidning namozxonlari va ularning har biri.
3 Kishilarning ma’lum bir ish va b. jihatdan bo‘lgan birligi, guruhi; toifa. (O‘TIL,V,201)
Qavm so‘zi ko‘pincha qavm-u qarindosh shaklida juft qo‘llaniladi. Uzoq-yaqin qarindosh-urug‘, xesh-aqrabo. (O‘TIL,V,201)
Qarindosh 1 Bir avlod-ajdodga mansub bo‘lgan kishilar, ota va ona tomonidan bo‘lgan shaxslar (biri boshqasiga nisbatan). Ota tomondan qarindosh. Ona tomondan qarindosh. Uzoq qarindosh. Yaqin qarindosh. Chatishgan qarindosh. Qadr bilmas qarindoshdan qadr bilgan yot yaxshi. Maqol.
2 Kelib chiqish manbai bir bo‘lgan, bir-biriga yaqin. Turk va mo‘g‘ul tillari qarindosh tillar ekanligini ba’zi mutaxassislar isbotlamoqchi bo‘ladilar. Gazetadan (O‘TIL,V,249).
“Kecha va kunduz” romanida qavm-qarindoshlikni ifodalovchi quyidagi leksemalarni uchratdik: ota, ona, kelinbibi, er, xotin, bola, aka, xola, opa, oyi, qaynona, kundosh, buvi, kichik buvi, katta ona, nevara, ena, tog‘a, qaynota, singil, bobo, buva, bola, qiz, o‘g‘il, kuyov.
Asarda qo‘llanilgan qavm-qarindoshlik munosabatini bildiruvchi so‘zlarni o‘z ichida quyidagi guruhlarga bo‘lib tahlil qildik:
1. Qon-qardoshlik terminlari. Bunga bir ota-onadan tug‘ilgan, bir kishidan tarqalgan, qoni bir qarindoshlikni bildiruvchi leksemalarni kiritdik: ota, ona, o‘g‘il, qiz, uka, aka, singil kabi
Ona leksemasi asarda faol qo‘llanilgan leksemalardan biri bo‘lib, bu so‘z farzandni dunyoga keltirib katta qilgan, unga oq sut bergan, tarbiyalagan shaxsga nisbatan ishlatiladi. O‘zbek tilida keng qo‘llaniladigan, adabiy tilga xos bu varianti shevalarda xilma-xil shakllarda uchraydi. Xususan, biz tahlil qilayotgan “Kecha va kunduz” romanida quyidagi ona, oyi, buvi shakllarida uchradi. Otasi bomdoddan kirmagan, onasi sigir sog‘ish bilan ovora, o‘zi kichkina sahnni supurib turgan vaqtida tashqarieshikning besaranjom ochilishi Zebining ko‘nglini bir qur seskantirib oldi (3-bet). Saltining onasi bilan katta onasi uni o‘zi tenglik yosh qizlar bilan birga olis joyga yuborarkan, ehtiyot tomonini ham unutmagan edilar. Uning oyisi o‘z qaynonasiga:
— Yosh qizlarning o‘zlarini yuborib, bo‘ladimi, qalay? Bitta-yarimtamiz birgalashmasak bo‘lmas? — deb o‘zining eslik xotin ekanini bildirgan vaqtida, qaynonasi juda keskinlik bilan javob bergan edi (25-bet). Mingboshining qizi Fazilat onasiga nisbatan buviso‘zini qo‘llaydi. Xayriyat, u qiz eslilik qilib: “Men buvimdan beruxsat mehmon chaqirmayman. Siz kattasiz, o‘zingiz chaqiring”, dedi...(42-bet)
Ota so‘ziga O‘TILda farzandli, bola-chaqali er kishiga nisbatan ishlatilishi qayd etiladi (O‘TIL, III,151). Ota o‘zbek tilida o‘zidan katta, erkak jinsiga mansub shaxsga murojaat qilishda ham hurmat ifodalash uchun ishlatiladigan so‘z bo‘lib, bu so‘z romanda faqat shu shaklda uchradi. Bugungi kunda tilimizda faol qo‘llanuvchi dada so‘zi roman tilida uchramaydi. Yaxshi bo‘libdi, aylanay, bolam, otangning og‘ir jussasini eshonboboday odam ko‘tarmasa, kim ko‘tara oladi? (100-bet).
Do'stlaringiz bilan baham: |