Kazus
Gazeta.uz tahririyati tomonidan o‘z nomiga “gazeta.uz” nomini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha Intellektual mulk agentligiga topshirilgan talabnomasi rad etildi. Bunga asosiy sabab ushbu so‘zlar farqlantiruvchi xususiyatga ega emasligi belgilangan.
O‘z navbatida Gazeta.uz tahririyati agentlikning ushbu qarorini bekor qilish yuzasidan Apellyatsiya kengashiga murojaat qildi.
Qaysi huquqiy hujjatga ko‘ra talabnoma ko‘rib chiqiladi?
Tovar belgisiga talabnomani bekor qilish asoslarini keltiring?
Sizningcha Gazeta.uz tahririyati talabnomasi rad etilishi to‘g’rimi? To‘g’ri bo‘lsa sabablarini ayting?
Yuqorida berilgan kazusga ko‘ra, tahririyatning Agentlikka topshirgan talabnomasi 2001-yil 30-avgustdagi 267-II-sonli O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, Adliya vazirligining 2009-yil 29-iyulda 1988-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi direktorining 2009-yil 24-iyundagi 72-sonli buyrug‘ida tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish tartibini belgilangan.
“Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasiga muvofiq tovar belgisi — bu bir yuridik va jismoniy shaxslar tovarlari va xizmatlarining boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning shu turdagi tovarlaridan farqlash uchun xizmat qiladigan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan belgidir1. Tovar belgisi sifatida tasvirlar, so‘zlar, muayyan shakl tarzidagi belgilar va boshqa belgilar yoki ularning istalgan bir rangdagi yoki turli rangdagi jamlama ifodasi tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Shu o‘rinda aytish joizki, belgilar turlariga tovushli, yorug‘likdan iborat bo‘lgan, golografik, hidli kabi belgilar ham kiradi.
Tovar belgisiga talabnoma topshirish huquqiga yuridik shaxs, shuningdek tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxs egadir. Ular talabnomani Agentlikka bevosita topshiriladilar yoki pochta orqali yuboriladilar.
Talabnomani ko‘rib chiqish tartibi “Tovar belgisi va xizmat ko‘rsatish belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma tuzish, topshirish va ko‘rib chiqish qoidalari”ning IV bobida aniq qilib ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, talabnoma o‘zbek va rus tilida beriladi hamda Agentlikka tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza va talabnomani topshirish uchun patent boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat bilan topshirilganda ro‘yxatga olinadi. Ariza ro‘yxatga olingandan keyin rasmiy ekspertiza o‘tkaziladi. Rasmiy ekspertizaning vazifasi talabnoma materiallari tarkibini, zarur hujjatlar mavjudligini va ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirishdir. Rasmiy ekspertiza o‘tkazilish muddati 30 kundir. Mazkur protsessda aniqlangan kamchiliklar yuzasidan talabnoma beruvchiga so‘rovnoma yuboriladi. Talabnoma beruvchi 3 oy muddatda kamchiliklarni bartaraf etishi lozim.
Agar berilgan talabnoma O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3- va 10-moddalarida belgilangan talablarga javob berishi aniqlansa, shu ro‘yxatda berilgan tovar va (yoki) xizmatlar uchun tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Ushbu Qonunning 15-moddasiga asosan, talabnomada ifodalangan belgini ekspertizadan o‘tkazish talabnoma ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganligi to‘g‘risidagi qarorga muvofiq, talabnoma berilgan sanadan e’tiboran yetti oy ichida biroq kamida olti oydan keyin Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Agar Qonunning 15-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq o‘tkazilgan talabnomada ko‘rsatilgan belgi ekspertizasini o‘tkazish natijasida belgi tovar va (yoki) xizmatlar ro‘yxatining hammasi uchun ushbu Qonunning
10-moddasida (10-modda birinchi qismining 14-bandi bundan mustasno) keltirilgan talablarga muvofiq kelmasa, talabnoma beruvchiga tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror yuboriladi.
Yuqoridagi kazusga ko‘ra “gazeta.uz” nomini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha talabnoma beruvchining Intellektual mulk agentligiga topshirilgan talabnomasi O‘zbekiston Respublikasining “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi Qonunining 10-moddasi 5- bandiga asosan rad etilgan. Ushbu bandning kengroq talqin qiladigan bo‘lsak, farqlash xususiyatiga ega bo‘lmagan belgilar deganda, xususan:
o‘ziga xos grafik tasvirga ega bo‘lmagan alohida harflar, raqamlardan iborat bo‘lgan belgilar, so‘z ko‘rinishiga ega bo‘lmagan harflar birikmalari;
chiziqlar, oddiy geometrik figuralar va ularning tarkibiga kirgan alohida elementlaridan farqli, sifat jihatdan boshqa qabul qilish darajasini beradigan kompozitsiyalar hosil qilmaydigan birikmalari;
tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga topshirilgan talabnomadagi tovarlarni belgilash uchun ularning haqiqiy yoki sxematik tasvirlari;
shakli faqat funksional vazifasidan kelib chiqadigan uch o‘lchamli obyektlar;
tovarlarning umum e’tirof etilgan oddiy nomlari shu tovarlarni belgilash uchun;
korxona, tashkilot, muassasa va sohalarning umumqabul qilingan qisqartirilgan nomlari va abbreviaturalari tushuniladi.
Yuqorida keltirilgan asoslarga ko‘ra umumiy xulosa qiladigan bo‘lsak, Agentlik tomonidan “gazeta.uz” nomini ro‘yxatdan o‘tkazilishini rad etilishi asosli deb hisoblaymiz. Negaki, korxona, tashkilot, muassasa va sohalarning umumqabul qilingan nomlari tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Qolaversa, “gazeta.uz” nomi ostidagi tovar belgisining shakli bizga mavhum. Qonunchilikka asosan, tasvirlar, so‘zlar, muayyan shakl tarzidagi belgilar va boshqa belgilar yoki ularning istalgan bir rangdagi yoki turli rangdagi jamlama ifodasi tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Demak, “gazeta.uz” nomida hech qanday rang, tasvir yoki muayyan shakl mavjud emas deb tasavvur etganda, Agentlikning talabnomani rad etishini qonuniy asosga ega deb hisoblasak bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |