Tergov va operativ xizmat faoliyatining og‘ir vaziyatlarida o ‘zini tuta olish, psixologik barqarorlikni shakllantirish. Xodimlar o‘zlarining kundalik amaliy ishlarida kasbiy harakatlarini bajarish sifatiga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan ko‘plab noqulay psixologik holatlar ta’siriga duch keladilar. Psixologik barqarorlik xodimlarning salbiy holatlar ta’siriga berilmaslik qobiliyatida namoyon bo‘ladigan psixologik tayyorgarlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida qaraladi. Operativ xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida mazkur qiyinchiliklarni oldindan ko‘rish qobiliyatini shakllantirish muhim. Psixologik barqarorlikning shakllanishi xodimlarning qiyin sharoitda o‘z kasbiy vazifalarini kamchiliksiz bajarishlariga yordam beradi. Bunga mashqlar va amaliy mashg‘ulotlar jarayonida og‘ir vaziyatlarni modellashtirish yo‘li bilan erishish mumkin.
Xodimning ijobiy hissiy-irodaviy xislatlarini rivojlantirish, ularga o ‘zini tutish va boshqarish usullarini o ‘rgatish. Xodimlarning psixologik barqarorligi va og‘ir vaziyatlarda o‘zini tuta olish qobiliyati ularda mas’uliyat, muvaffaqiyatsizlikka chidash, tavakkalga moyillik va barqarorlik, o‘zini boshqara olish, sobitlik kabi muayyan hissiy-irodaviy xislatlarni shakllantirishni taqozo etadi. Xodimlar o‘z xatti-harakatlari va his-tuyg‘ularini nazorat qilish va boshqarish usullarini egallagan bo‘lishlari kerak. Ular mashg‘ulot va mashqlar jarayonida egallanadi.
Irodaviy faollik va irodaviy harakat ko‘nikmalarini shakllantirish. Ichki ishlar organlari xodimlari o‘zlarining amaliy faoliyatlarida vazifani sifatli bajarishni qiyinlashtiradigan, ba’zan esa qo‘yilgan maqsadga erishishga to‘sqinlik qiladigan turli xil qiyinchiliklar va to‘siqlarga duch keladilar. Bunday vaziyatlarda ular ushbu qiyinchilik va to‘siqlarni yengishga undovchi irodaviy faollikni namoyish etishlariga to‘g‘ri keladi. Irodaviy faollikni rivojlantirishga mashg‘ulotlar jarayonida qo‘yilgan vazifani bajarishga to‘sqinlik qiluvchi muayyan elementlar, to‘siqlarni kiritish yordam beradi. Bunday mashqlar jarayonida to‘plangan tajriba shaxs irodasini, irodaviy xislatlarini rivojlantirishga ta’sir etadi.
Ishdagi ruhiy zo ‘riqishlarga tayyorlik. Ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatiga xos xususiyatlardan biri shundaki, ta’sir etuvchi omillar ko‘pincha stress holatini keltirib chiqaradi, asab tizimiga haddan tashqari katta og‘irlik tushadi. Bu, o‘z navbatida, ular amalga oshiradigan faoliyatning samaradorligiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois xodimlar ushbu jarayonlar kechishining asosiy qonuniyatlari hamda qisqa vaqt ichida ish qobiliyatini tiklash va ortiqcha asabiylashish, zo‘riqishni bartaraf etishga yordam beradigan usullar (chunonchi, psixologik boshqaruv mashqlarini bajarish usullari) bilan tanishtirilishi zarur.
Turli kasblar psixologik tuzilishida bilish faoliyati turli mazmunga ega bo‘lishi mumkin. Bu bilish faoliyatining o‘ziga xosligini belgilab beruvchi maqsadlar, obyektlar, sharoitlar va usullarga bog‘liq. Ichki ishlar organlari faoliyatdagi bilish jarayoni ham o‘ziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Ularga quyidagilarni kiritish mumkin:
birinchidan, ichki ishlar faoliyatida bilish yagona maqsad emas, balki boshqa turdagi faoliyatni ta’minlash vositasidir;
ikkinchidan, jinoyatni tergov qilish faoliyati jinoyat sodir etilganidan so‘ng boshlanadi. Demak, bilish faoliyatining ushbu turida bevosita bilishning o‘zi unchalik katta o‘ringa ega emas. Faktlarning asosiy ko‘pchiligi bilvosita, ya’ni boshqa shaxslar (jabrlanuvchilar, guvohlar)ning ko‘rsatmalari orqali olinadi;
uchinchidan, maqsad sodir etilgan jinoiy hodisaning fikriy modelini yaratish bo‘lsa-da, bilish hozirga ham, kelajakka ham qaratilgan bo ‘ladi.
to‘rtinchidan, axborotning juda katta oqimi ma’lumotlarni tanlashni taqozo etadi, ya’ni muayyan jinoyatga bevosita aloqador ma’lumotlarni ajratib olishni talab etadi;
beshinchidan, axborotning kelib tushishiga juda katta o ‘zgaruvchanlik xos. Jinoiy hodisaga oid xabarlar doimiy ravishda o‘zgarib va to‘ldirilib turadi. Ko‘pincha axborotni qayta olib bo‘lmaydi yoki u mavjud ma’lumotlarga zid keladi, bu esa ushbu axborotni qat’iy tarzda qayd etishni taqozo etadi.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar
Ichki ishlar idoralari xodimlari kasbiy faoliyatining psixologik asoslarini aytib bering.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining xizmat faoliyatiga qanday talablar qo‘yiladi?
Qanday kasbiy motivatsiya turlari mavjud?
Ichki ishlar idoralari xodimlarining asosiy kasbiy professiogammalari aytib bering.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining faoliyat tizimi qanday tarkib topadi?
Ichki ishlar idoralari xodimlarining kasbiy qobiliyati va kasbiy mahorati nimalar asosida shakllanadi?
Ichki ishlar idoralari faoliyatida xodimlarning o‘zini o‘zi tartibga sola bilishi qanday amalga oshadi?
Ichki ishlar idoralari xodimlarining favqulodda vaziyatlardagi harakatining psixologik o‘ziga xosligi nimalardan iborat?11-mavzu
JINOYATCHILARNI TERGOV QILISHNING PSIXOLOGIK
ASOSLARI
Do'stlaringiz bilan baham: |