Kasb-hunar ta’limini tashkil qilish vositalari.
Dars tiplari. Zamonaviy dars va uning mezonlari.
1. Kasb-hunar ta’limini tashkil qilish shakllari
Ta’lim jarayoni ishtirokchilari (o‘qituvchi va tahsil oluvchilar)ning ma’lum belgilangan tartibda amalga oshiriladigan hamkorlikdagi faoliyatining tashqi ko‘rinishi kasbiy ta’limning tashkiliy shaklini anglatadi.
Kishilik jamiyatining taraqqiyot etish davrida ta’limning tashkiliy shakllari turlicha bo‘lgan.
Qadimgi paytlarda yakka tartibda o‘qitish keng tarqalgan bo‘lib, ma’lum ijobiy jihatlarga ega bo‘lganligi bois hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan. O‘rta asrga kelib, kasbiy ta’lim-tarbiya kichik guruhlar shaklida o‘tkazila boshlagan. Chunki bu davrda sanoat ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yilayotgan davr edi.
XVI asrning oxiri va XVII asrning boshlarida chex pedagogi Y.A.Komenskiy sinf-dars tizimini nazariy jihatdan isbotlab berdi.
Hozirgi paytda kasbiy ta’limning tashkiliy shakllari quyidagi xususiyatlariga binoan turlanadi:
Tahsil oluvchilar soniga ko‘ra: ommaviy, jamoaviy, guruhli, individual.
O‘qitish joyiga ko‘ra: ta’lim-tarbiya muassasalarida va ta’lim muassasalaridan tashqarida (o‘quv ustaxonalarida, mashq maydonlarda, korxonalarda, uy ishlari, sayohat va shu kabilar).
O‘quv vaqtining davomiyligiga ko‘ra: 45 minutlik, juftlik (80 min), qisqartirilgan (70 minutlik), qo‘ng‘iroqsiz.
Amaliyotda sinf-dars tizimi keng ko‘lamda qo‘llanilganligi sababli dars ta’lim tarbiya ishining asosiy shakli deb yuritiladi. Sinf-dars tizimining asosiy o‘ziga xos jihatlari quyidagilar hisoblanadi:
-deyarli bir xil tarkib, yosh va tayyorgarlik darajadagi tahsil oluvchilar ishtirok etadi;
-ta’lim-tarbiya jarayoni o‘zaro bog‘liq alohida-alohida qismlar ko‘rinishiga ega bo‘ladi;
-har bir dars o‘quv rejasiga kirgan ma’lum bir o‘quv predmetiga oid bo‘ladi;
-darslar muntazam ravishda almashib turadi;
-iqtisodiy ko‘rsatkichlarining nisbatan yuqoriligi. Chunki bir o‘qituvchi bir vaqtni o‘zida ko‘p sonli tahsil oluvchilar bilan ishlaydi;
Shu bilan birga sinf-dars tizimining quyidagi kamchiliklari ham e’tirof etilgan:
-o‘rtacha tahsil oluvchiga mo‘ljallanganligi;
-har bir tahsil oluvchilar bilan individual ishlash imkoniyatining yo‘qligi.
Butun uzluksiz rasmiy ta’lim jarayonining ta’lim-tarbiya berish qonun-qoida va tamoyillari hamda jamiyatning davlat ta’lim tizimiga qo‘yadigan talablari dars jarayonida amalga oshiriladi.
Umuman olganda, har qanday narsa yoki hodisani tasniflaganda, unga shu narsaning biron bir xususiyati asos qilib olinadi.
Darslarni ham tasniflamoqchi bo‘lsak, shu umumiy qoidaga rioya qilamiz.
Birinchi bor, ikki narsani asos qilib olib, darslarni tasniflab chiqqan rus olimi I.N.Kuznetsov bo‘lgan. U o‘zining tasnifiga darsning mazmuni va dars o‘tish usulini asos qilib olgan. Masalan, matematika darslariga kiritilgan mazmun asosidaarifmetika, algebra, geometriya va trigonometriya guruhlari ajratilgan. Shunga o‘xshash boshqa fanlarda ham darslarni tasniflab chiqish mumkin. Darsning o‘tish usuli bo‘yicha: sinfda o‘tiladigan darslar, ekskursiya darslari, kinodarslar, mustaqil ish darslari va hokazo.
Darsning mantiqiy tuzilishi va bilish jarayonining xarakteriga qarab darslar:
kirish darsi; egallangan bilimlar bilan birlamchi tanishish darsi; yangi bilimlarni egallash darsi; egallangan bilimlarni amaliyotda qo‘llash darsi; ko‘nikmalar hosil qilish darsi; umumlashtirish, qaytarish va mustahkamlash darsi; tekshiruv darslari; aralash dars.
Nazariyotchi va amaliyotchi pedagoglar orasidagi keng qo‘llanilayotgan dars tasniflaridan biri M.A.Danilov bilan B.P.Esipov ishlab chiqqan tasnif hisoblanadi. Ular, o‘z tasniflariga ikki didaktik maqsadlar va darslarning umumiy tizimdagi o‘rnini asos qilib olganlar. Ular quyidagilardir: 1) aralash darslar; 2) yangi material bilan tanishish; 3) olingan bilimni mustahkamlash; 4) o‘rganilgan narsani sistemaga keltirish va umumlashtirish; 5) bilim va ko‘nikmalarni hosil qilish; 6) bilimlarni tekshirish.
Yana darslar ularni o‘tish asosiga qarab, quyidagi turlarga ajraladi:
a) dars-ma’ruza; b) dars-suhbat; v) kino darsi; g) nazariy yoki mustaqil ishlar darsi; d) aralash dars.
a) mustaqil ishlar darsi; b) dars-laboratoriya; v) amaliy ishlar darsi; g) darsekskursiya.
a) og‘zaki so‘rash; b) yozma sinov; v) sinov; g) sinov amaliy nazorat; d) nazorat ishi; e) aralash dars.
Darslar ichki tuzilishiga qarab ham tiplarga bo‘linadi. Ya.Komenskiy va I.F.Gerbartlardan boshlab, shu kungacha darsning to‘rt bo‘lakdan iborat bo‘lgan tipi hukm surib kelmoqda. Bularga: yangi bilimlarni egallash uchun tayyorlanish; yangi bilimlarni egallash; yangi bilimlarni mustahkamlash va tizimga keltirish; egallagan bilimlarni amaliyotda qo‘llash. Bu tipdagi dars aralash deyiladi.
Uning shu kungacha saqlanib kelishining sabablaridan biri, aralash darsdagi to‘rt unsur istagan ketma-ketlikda qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan bir qatorda bu tipdagi dars jarayonida didaktikaning deyarli barcha talablariga erishish oson.
Bu turdagi darslarning afzalligi yana shundaki, u dars jarayonida hukm suruvchi qonuniyatlarga mos keladi. Bu darslarda o‘qituvchi va pedagoglar, o‘z sharoitlaridan kelib chiqib, ta’lim oluvchilarning qabul qilish imkoni, tayyorgarlik darajasi va boshqa bir qator omillarni hisobga olgan holda, darsga ajratilgan vaqtni dars ichidagi to‘rt unsurni ixtiyoriy ravishda taqsimlay oladilar.
Aralash darslarning yuqorida aytilgan yutuqlari bilan bir qatorda, kamchiliklari ham oz emas. Chunonchi, aralash darslarda, undagi to‘rt unsurning hammasiga vaqt yetishmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |