9.5. Ish bilan bandlik va ishsizlikdan himoyalash siyosati
O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatida, umuman, aholini ijtimoiy himoyalashning muhim sharti sifatida ish bilan bandlik va ishsizlikdan himoyalash siyosati dunyodagi ko’pgina rivojlangan mamlakatlarning boy tajribasiga asoslangandir. Ammo, bu tajribalarning ko’pchiligi O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining tub mohiyatiga tatbiqan yetarlicha to’g’ri kelavermaydi.
Biz umumlashtirgan va 6.3-chizmada keltirilgan aholini ish bilan bandlik siyosatining asosiy yo’nalishlari ish bilan bandlik siyosati evolyutsiyasining faqat tarkibiy emas, balki tarixiy-mantiqiy tasvirini ham beradi. Aslini olganda, aholini ish bilan bandligining faol siyosatidan oldin yaxshi yo’lga qo’yilgan ishsizlarni hisobga olish, ro’yxatga olish, ishsizlarni samarali qo’llab-quvvatlash maqsadida ularni ijtimoiy himoyalash uslublari (passiv siyosat) amalga oshirilishi mamlakatda zarur edi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasi ko’rsatishicha, hukumat ishsizlarning ijtimoiy himoyasini ta’minlagandan keyingina, boshqa ishlarga kiritishi – dastlab ish bilan bandlikni barqarorlashtirish (saqlash)ga, so’ngra uning o’sishini rag’batlantirishga kirishishi mumkin. Bunda ish bilan bandlikning o’sishini rag’batlantirish uch yo’nalishda amalga oshiriladi:
tadbirkorlar bilan ishlash, masalan, yangi ish joylari yaratilganda soliq imtiyozlarini berish, ishsizlarning ish izlashlarini faollashtirish;
ishchi kuchi taklifini rag’batlantirish;
yollanma ishchilar sinfini mehnat bozoridan chiqarish, xususiy tadbirkorlik bilan o’z-o’zini ish bilan band qilishni rag’batlantirish (kasanachilik, uy sharoitida ochilgan mayda tsexlar va boshqa).
O’zbekistonda ishsizlikning keskin ko’payishi ish bilan bandlik siyosatining me’yoriy evolyutsiyasi yo’lidan izchil borishga vaqt qoldirmaydi. SHuning uchun ish bilan bandlikni ta’minlashning xilma-xil dasturlari mo’ljallanganlarni davlatning haqiqiy moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilab muvofiqlashtirib olmay, ish bilan bandlik ishining barcha yo’nalishlarini bir yo’lga qamrab olishga urinilmoqda. Bu yerda eng avvalo, aholini ish bilan bandlik siyosatini amalga oshirishga yo’llaniladigan moliyaviy mablag’larni muvofiq tarzda taqsimlab, mehnat bozorini tartibga solishning umumdavlat va mintaqaviy sohalarini belgilab olish kerak. Mahalliy mehnat bozorini tahlil qilish asosida ajratilgan mablag’larning har bir so’mini ish bilan bandlikning o’sishi ko’rinishidagi samara bilan qaytishi uni qaerga yo’llash kerakligini aniqlash kerak bo’ladi.
Ish bilan bandlik siyosatini amalga oshirish usullari ham qayta ko’rib chiqilishi kerak. Ma’lumki, har qanday tartibga solish jarayoni, ma’muriy yoki iqtisodiy bo’lishi mumkin bo’lib, shu jumladan, mehnat bozoriga ham taalluqlidir. Tartibga solishning bu usullari o’rtasidagi chegara bozor mexanizmiga aralashuv darajasi chizig’i bo’ylab o’tadi. Ma’muriy usullar mehnat bozori ishiga bevosita, ba’zida hatto bozor mexanizmini buzib aralashuvni nazarda tutadi. Tartibga solishning iqtisodiy usullari buyruq beradigan emas, tavsiyaviy, rag’batlantirish usullari asosida amalga oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |