I-bob: Kimyoviy elementlar
Atom, element va qadimdan ma’lum kimyoviy elementlar
Element.
Ushbu atamaning lotincha talqini - «elementum» qadimgi dunyo olimlarining, xususan,
Sitseron, Ovidiy, Goratsiylarning asarlaridan boshlab uchraydi. «Element» so‘zi «avvalgi»,
«asos», «dastlabki» va «ibtido» ma’nolarini anglatadi. Rimlik mualliflar aynan shu ma’nolarda
qo‘llash uchun shuningdek «principium» atamasini ham qo‘llashgan bo‘lib, bu atama
qo‘shimcha ravishda yana «tarkibiy qism» ma’nosini ham bergan. Nyutonning 1726-yilda lotin
tilida nashr etilgan mashhur «Tabiat falsafasining matematik asoslari» kitobi asl nusxada
«Philosophiae naturalis principia mathematica» deb nomlangani ham bejiz emas. O‘shanda
Nyuton «asos» so‘zini aynan «principia» orqali ifodalagan. Shuningdek, qadimgi yunon
faylasufi Lukretsiy ham o‘zining «Moddalar tabiati» nomli she’rida «asos», «ibtido»
ma’nolarida «principium» atamasidan foydalangan. Bu ma’noda, aynan Lukretsiy kimyoviy
elementning zamonaviy ilm-fandagi ta’rifiga yaqin kelgan deyish mumkin.
Qadimgi yunonlarda esa quyidagicha ibora mavjud bo‘lgan: «so‘zlar harflardan iborat bo‘lgani
singari, jismlar ham elementlardan iborat». Shunga ko‘ra, zamonaviy atamashunoslar
«element» so‘zini shunchaki lotin alifbosidagi l, m, n, t harflar ketma-ketligidan yasalgan
bo‘lsa kerak deb taxmin qiladilar (masalan, o‘zbek tilidagi «alifbo» so‘zi ham eski o‘zbek
yozuvi, ya’ni, arab alifbosidagi dastlabki ikkita harf – «alif» va «be» harflari talaffuzini qo‘shib
aytilishidan yasalgan).
Atom.
Olamda hamma-hamma narsa juda-juda mayda, kichik zarralardan – atomlardan tashkil
topgan. Atomlar ko‘zga ko‘rinmas darajada kichik bo‘lib, ular bir-biri bilan o‘zaro bog‘lanishi,
yoki, aksincha, ajralishi mumkin. Atomlarning turli miqdor va usullar bilan o‘zaro
bog‘lanishidan, siz va bizni o‘rab turgan barcha-barcha jismlar vujudga keladi. Koinotdagi,
umuman borliqdagi hamma narsa – bizning tanamiz ham, yozuv stoli ham, daraxtlar, yulduzlar,
suv, havo... xullas, mutlaqo hamma narsa atomlardan tashkil topgan. Xuddiki, 12 xil xromatik
gamma notalaridan nihoyatda turli-tuman, cheksiz miqdordagi musiqa asarlarini yaratish
mumkin bo‘lganidek, yoki, atiga uch xil asosiy ranglardan rassom qolgan boshqa ranglarni
hosil qila olganidek, atomlardan ham shu kabi, butun borliqni to‘ldirib turgan turli-tuman
jismlar shakllanadi. Olamda hamma narsa atomlardan tashkil topganligi haqidagi ilk g‘oyalarni
taxminan, eramizdan avvalgi 460-371 yillarda yashab o‘tgan qadimi yunon olimi Demokrit
ilgari surgan deyiladi. Demokritning barcha narsalar atomlardan tashkil topganligi haqidagi
g‘oyalarining paydo bo‘lishiga, uning ustozi, faylasuf olim Levkipp (er.avv. 500-440 yillar)
katta ta’sir ko‘rsatgan. Falsafada atom tushunchasini aynan Levkipp joriy qilgan edi. Termin
yunon tilidagi «atomos» - ya’ni, «bo‘linmas» so‘zidan yasalgan. Yunon tilida «tome» so‘zining
ma’nosi o‘zbekcha «kesish», «bo‘lish», «maydalash», «parchalash» so‘zlariga to‘g‘ri keladi.
Yunonlar biror fe’l oldiga «a-» old qo‘shimcha qo‘yib ishlatishsa, unda mazkur fe’ldagi xatti-
harakatga nisbatan inkor ma’nosi yuzaga keladi. Bu o‘zbek tilida so‘z oxiriga qo‘shiladigan «-
mas» qo‘shimchasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, yunon tilida «a-tome», o‘zbek tilida «bo‘lin-mas»
(ya’ni, bo‘lish, parchalashni inkor qilinyapti) tarzida tarjima qilinadi.
13
Yunon tilidagi ushbu atom, ya’ni, bo‘linmas so‘zi boshqa ilmiy so‘zlar va terminlar
o‘zagida ham ko‘p uchraydi. Masalan, diatomit nomli tog‘ jinsi, biologlarning mikrotom nomli
tig‘li laboratoriya asbobi, tibbiyotdagi tomografiya tashxis usullari, anatomiya fani nomi,
shuningdek, jarrohlik amaliyotiga taalluqli turli jarayonlar – traxeotomiya, osteotomiya,
tonzillotomiya kabilar shular jumlasidandir.
Shunisi qiziqki, atom – bo‘linmasligi va u kimyoviy elementning xossalarini saqlovchi
eng kichik bo‘lagi ekaniga qaramasdan, aslida atom ham muayyan tarkibiy qismlardan tashkil
topadi. XIX-asrning birinchi yarmidayoq mashhur olmon kimyogari Yustus Libix (1803-1873)
atomlarning bo‘linish mumkinligi haqida taxminlar bildirgan edi. Bu haqida Libixning
quyidagicha ma’noda yozib qoldirgan qaydlari mavjud: « Olimlar tomonidan ta’riflab berilgan
Do'stlaringiz bilan baham: |