Induktsiya mexanizmini laktozani o`zgarishida ishtirok etuvchi 3 ta ferment (-galaktozidaza, -galaktozidpermeaza va -galaktozidatsetilaza) strukturasi to`g`risida axborot tashuvchi laktoza operonining transkriptsiyasini boshqarilishi misolida ko`rib chiqamiz. Hujayraga kiradigan laktoza induktor bo`lib, operonning repressori bilan bog`lanadi va uni operator bilan bog`lana olmaydigan – faol bolmagan shaklga o`tkazadi. Repressor induktor bilan birikkanda boshqaruvchi gen bilan birikish xususiyatini yo`qotadi, natijada u boshqaruvchi gen nazoratidan chiqadi va mRNK sintezi boshlanadi. Repressorlar transkriptsiya va oqsil sintezining salbiy boshqaruvchilariga misol bo`ladi. Ammo repressor mavjud bo`lmaganda ijobiy boshqaruvchilar kerak, ular RNK-polimerazaning promotor bilan bog`lanishiga va transkriptsiya boshlanishiga yordam beradi. Laktoza operoni va glyukoza katabolizmini boshqaruvchi boshqa operonlar uchun ijobiy boshqaruvchi vazifasini sAMF bajaradi. sAMF katabolit genni faollovchi oqsil – KFO (BAK) deb nomlangan maxsus oqsil bilan bog`lanadi. sAMF-KFO kompleksi promotorga RNK-polimeraza bog`lanadigan joyga yaqin qismiga birikadi va struktura genlarining transkriptsiyasini boshlanishini yengillashtiradi. Ribosomalar o`sha zahotiyoq mRNK bilan bog`lanadilar va laktoza katabolizmi uchun zarur bo`lgan uchta fermentni sintez qiladilar.
4.16. – rasm. Oqsil sintezini boshqarilishidagi induktsiya mexanizmi
Repressiya mexanizmi. Laktozaning fermentlar yordamida parchalanishi uning miqdorini kamaytiradi va glyukoza hosil bo`lishiga olib keladi. Glyukozani parchalanishi natijasida paydo bo`lgan noma’lum metabolit ta’sirida ATF dan sAMF sintezlanish imkoniyati cheklanadi. sAMF taqchilligi tufayli KFO ning bog`lanishini yetishmasligi RNK-polimerazaning promotor bilan birikishini qiyinlashtiradi. Muhitda laktozaning butunlay tugashi uning repressorga ta’sirini pasaytiradi. Natijada repressor faollashadi, operator bilan bog`lanadi va transkriptsiya to`siladi, oqsil sintezi to`xtaydi.
Boshqa operonlar faqat salbiy (repressorlar) emas, balki ijobiy (sAMF-KFO kabi) boshqaruvchilarga ham javob beradilar. mRNK ning yashash muddatining qisqaligi (ular tez parchalanib ketadi), bakteriyalarga xos xususiyat bo`lib, bu ularning oqsil to`plamini tashqi muhitni keskin o`zgarishi (oziqlanish sharoiti, kimyoviy va fizikaviy omillar) ga tez moslashish imkonini beradi.