Nazorat savollari
Yog` kislotalar sintezining o`ziga xos xususiyatlari nimada?
Yog` kislotalari qaysi ferment yordamida sintezlanadi va bu ferment tuzilishiga ko`ra qanday ferment?
Yog` kislotalar sintezi qanday reaktsiya bosqichlaridan iborat?
Triglitseridlar biosintezi uchun qanday moddalar kerak?
Fosfolipidlar va triglitseridlar sintezining umumiy yo`llari qanday?
Fosfolipidlar necha xil usulda sintezlanadi?
Keton tanachalar hosil bo`lish mexanizmi qanday?
Xolesterin biosintezi qanday amalga oshadi?
Organizmdagi lipidlar almashinuvi qanday boshqariladi?
Lipidlar almashinuvi kasalliklarining kelib chiqish sabablari nimada?
Lipotrop omillarga nimalar kiradi?
12-bob. Oqsillar metabolizmi
12.1. Oqsillarning biologik ahamiyati. Azot balansi
Oqsillar tarkibida azot saqlovchi, murakkab qurilishga ega bo`lgan moddalar bo`lib, organizm modda almashinuvida muhim ahamiyatga ega. Odam hayot faoliyatida oqsillar almashinuvi barcha biokimyoviy jarayonlarda markaziy rol o`naydi. Shunday ekan, organizmga tashqi muhitdan kiritilayotgan oziq – ovqat mahsulotlarining biologik qimmatiga etibor berilishi kerak. Oziq – ovqat mahsulotlarining biologik qimmati ulardagi azot miqdoriga bog`liq. Odam salomatligini saqlash va uning ishlash qobiliyatini ta`minlashda oziqa tarkibidagi oqsil normasini aniqlash lozim. Aqliy mehnat bilan shug`ullanuvchi va o`rtacha jismoniy faoliyatga ega bo`lgan katta yoshdagi odamda sarflanadigan energiya qiymati 12000 kJ ga teng bo`lsa, sutkasiga 80 – 100g oqsil iste`mol qilish kerak bo`ladi. Mehnat sharoiti o`zgarib, energiya sarflanish yuqori bo`lsa, ushbu me`yor har bir 2100 kJ hisobiga 10 g ga oshadi. Og`ir jismoniy ish bajaruvchi ishchilar sutkasiga 120-140 g oqsil iste`mol qilishi kerak. Homiladorlik va laktatsiya davrida, shuningdek, ayrim patologik holatlarda (organizm siydik, ekssudatlar bilan oqsil yo`qotsa, masalan: nefritlarda, og`ir infektsion kasalliklarda, kuyganda, jarohatlanganda va hokazo) oqsilga bo`lgan ehtiyoj keskin ortadi.
Bolalarning oqsilga bo`lgan ehtiyoji birinchi navbatda ularning yoshi va tana og`irligi bilan aniqlanadi. Tananing har bir kg og`irligiga 1.5 g dan oqsil qo`shiladi. Hattoki, go`dak bolalar ham sutkasiga 55-72 g oqsil qabul qilinishlari lozim. Yoshi ulg`aygan sari (12-15 yoshgacha) oqsil normasi katta yoshdagi odam me`yoriga yetadi. Oqsilga bo`lgan ehtiyoj ma`lum darajada sutkalik ratsionning kaloriyasiga ham bog`liq. Agar ovqatlanish kaloriyasi yetarli bo`lmasa, oqsillar birinchi navbatda organizmning energetik ehtiyojlarini qondirishga sarflanib, anabolik jarayonlarda foydalanilmaydi.
Organizmda oqsil almashinuvi faqat ovqat bilan qabul qilinadigan oqsil miqdoriga bog`liq bo`lmay, uning tarkibiy sifatiga ham bog`liqdir. Xilma-xil oqsillar turlicha biologik qiymatga ega. Shunga ko`ra organizm plastik ehtiyojlarini qondirish uchun turli xil ovqat oqsillarini iste`mol qilishi lozim. Iste`mol qilinadigan ovqat oqsilining aminokislota tarkibi tana oqsillari aminokislota tarkibiga qanchalik yaqin bo`lsa, ularning biologik qiymati shunchalik yuqoridir. Ammo ovqat oqsilining o`zlashtirilish darajasi uning oshqozon-ichak yo`li fermentlari ta`sirida parchalanishiga ham bog`liq. Qator oqsil moddalari, masalan, jun, soch va boshqalar tana oqsillari aminokislotasi tarkibiga yaqin bo`lishiga qaramay, ovqat oqsili sifatida ishlatilmaydi. Chunki ular ichak proteazalari ta`sirida gidrolizlanmaydi. Shuning uchun ham go`sht, sut, tuxum oqsillarini biologik qiymati birmuncha yuqori, chunki ularning aminokislota tarkibi tana oqsillari aminokislotasi tarkibiga yaqin va ichak fermentlari ta`sirida oson parchalanadi.
Oziqa aralashmasida almashtirib bo`lmaydigan aminokislotalardan birortasi bo`lmasa, organizmda manfiy azot balansi paydo bo`lib, ozib ketish, o`sishdan to`xtash, asab tizimining buzilish holatlari kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |