O‘yin – yetakchi faoliyat turidir. U tufayli o‘quvchi ruhiyatida muhim o‘zgarishlar ro‘y beradi, shaxs rivojiga katta ta’sir o‘tkazadi.
O‘yin erkin faoliyat bo‘lib, u faqat o‘yin natijalaridan iborat emas, balki u o‘zidan ham quvonch, ham qanoatlanish hissini keltirib chiqaradi, bolalarda faol, ijodiy, shirin kechinmalar hosil qiladi.
O‘quvchilar bilan olib boriladigan ishda o‘yin usulidan turlicha foydalaniladi. Hozirgi paytda o‘yin usullaridan dars jarayonida ham keng foydalanilmoqda va yaxshigina natijalarga erishilmoqda.
Sinf rahbarining uslubiy mahorati o‘quvchilarni o‘yin g‘oyasi bilan qiziqtira bilishda, o‘yinning mohiyati, qoidalari, talablarini tushunib olishda ularga yordam berishda namoyon bo‘ladi. Bolalar bilan birgalikda o‘yin zarur bo‘lgan hamma narsalarni tayyorlash va ijrochilikni bo‘lishda ularda yordam berish lozim. Musobaqalashadigan jamoalarni o‘z jismoniy va aqliy tayyorgarligi jihatidan taxminan bir xilda bo‘lishiga erishish ayniqsa muhimdir. O‘yinda bo‘lar-bo‘lmasga ma’muriyatchilik qilish, buyruq berish, har qanday ta’qid zararlidir.
Bolalarning o‘yin faoliyatini tashkil etishda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘yinlar mavjudligiga e’tiborni qaratish lozim. Shu bilan birgalikda, shafqatsizlik dag‘allik, ortiqcha zo‘riqish va qiziqish holatlarini keltirib chiqaradigan, bolalarning sog‘ligiga, tarbiyasiga ziyon yetkazadigan ko‘ngil ochar o‘yinlarda ehtiyot bo‘lmoq kerak.
Ishontirish orqali o‘quvchilarning ongi g‘oyaviy axloqiy me’yorlar va tushunchalar bilan boyishga erishiladi. Ishontirish usuli birinchi navbatda ongga ta’sir etadi, g‘oyaviy-axloqiy tushuncha, qarash, baho berishni tarkib toptiradi. Ma’lumki, e’tiqod, qarash, baho berish xatti-harakatlarning axloqiy talqinlariga aylanadi va pirovardida xulq-atvorga ham ta’sir etadi. O‘quvchilarda o‘zlari bilib olgan axloqiy talablar darajasida bo‘lishga intilish paydo bo‘ladi va rivojlanib boradi. Bu intilishni saqlash va mustahkamlashgina emas, balki uni amalga oshishi uchun imkoniyat yaratish muhimdir.
O‘quvchilarning to‘g‘riso‘zlari va ularning haqiqiy e’tiqodi, qarashlari, baho berishi, xulq-atvori o‘rtasida uzilish paydo bo‘lganda ishontirish usulining noto‘g‘ri qo‘llanilishi og‘zaki tarbiya xavfini keltirib chiqaradi. Bundan soxtalik, ikkiyuzlamachilik, tilyog‘lamalik kelib chiqadi, tarbiyaga jiddiy putur yetadi. Bolalarga ma’nosi tushunarsiz, mazmuni qiziqarsiz, ular tomonidan his qilinmagan so‘zlarni tinglashga majbur qilmaslik kerak. Ularning shaxsiy tajribalariga tayanib, yangicha qarash paydo qilishga yordam berish, ishontirish va agar zarur bo‘lsa, fikridan qaytarish juda muhimdir.
O‘quvchilar faoliyatining eng tarqalgan shakllaridan biri sinf majlisi, bolalar tashkilotlari harakatlari, yig‘inlari bo‘lib, ularda ishontirish usuli keng qo‘llaniladi. Bulardan tashqari, tarbiyaviy soatlarda, uchrashuvlarda, axloq muammolariga doir bahslarda, kechalarda, o‘quvchilar bilan yakkama-yakka suhbatlarda bu usul qo‘l keladi.
O‘quvchilarning faqat sinf rahbarining suhbat va tushuntirishlari yordami bilangina emas, balki ularning o‘z hayotiy tajribalari, kundalik ijodiy faoliyatlari, boshqa kishilar bilan doimiy suratda muomalalari orqali ham tarbiyalash lozim. Yaxshi kitob, yuksak g‘oyali san’at asari, qiziqarli radio eshittirishlari, oynai jahon ko‘rsatuvlari, sinfdan tashqari o‘qishni tashkil etish, gazeta va jurnallar o‘qishga o‘rgatish ham ishontirish maqsadiga xizmat qiladi.
Ammo, ba’zi hollarda odatda o‘quvchi biror xatolikka yo‘l qo‘ygan taqdirdagina tanbeh beriladi, nasihat qilinadi. Bunday suhbatning ishontiruvchi ta’siri juda kam bo‘ladi. Sinf rahbarining ishontiruvchi so‘zi katta ta’sir kuchiga egadir. U paydo bo‘lgan savolga javob beradi, muammoni oydinlashtiradi, shubha-gumonlarni bartaraf etadi, ma’lum bir yo‘l-yo‘riqlarni tavsiya etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |