19-modul. Davolash jismoniy tarbiyasi asoslari
Sportchilarni davolash jismoniy tarbiyasini tashkil qilish.
Tekshiruvning natijalari va jismoniy tayyorgarlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarga qarab o‘quvchilar tibbiy nuqtayi nazardan asosiy, tayyorlov va maxsus guruhlarga bo‘linali.
Asosiy guruhlarga sog‘ligidan deyarli o‘zgarishlar bo‘lmagan, jismoniy tayyorgarligi yaxshi bo‘lgan, ya’ni yugurish, sakrash, tirmashib chiqish va boshqalardan o‘rtacha va yuqori ko‘rsatkichlarga erishadigan o‘quvchilar kiritiladi. Bu guruh o‘quvchilari jismoniy tarbiyaga doir to‘la dastur talablarini bajaradi, sport bilan shug‘ullanib, har xil jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etadi, bolalar, o‘smirlar sport maktabiga kirishga yoki keyinchalik turli musobaqalarda qatnashishga aloqador sport mashqlari bilan shug‘ullanishga tayyor bo‘ladi.
Tayyorlov guruh a’zolari salomatligida arzimas o‘zgarishlar bo‘lgan jismoniy rivojlanish va jismoniy tayyorgarlik jihatidan orqada qolgan o‘quvchilardan iborat bo‘ladi. Bu guruhga kiradigan o‘quvchilar sport mashqlari va musobaqalarga qo‘yilmaydi. Jismoniy tarbiya me’yorlarini topshirish ular uchun shart emas. Snaryadlarda bajariladigan mashqlar, yugurish, sakrash cheklanadi. Bir qadar zo‘riqishni talab qiladigan mashqlar o‘quvchilarga og‘irlik qiladi. Ularga maktab mashg‘ulotlari orasidagi tanaffuslarda va darslardan tashqari vaqtda o‘ynaladigan serharakat o‘yinlar va umumiy jismoniy tayyorgarlik seksiyalaridagi boshqa qo‘shimcha mashg‘ulotlar tavsiya etilmaydi.
Maxsus guruhlarga salomatligidan organik tabiatidagi o‘zgarishlar bo‘lgan o‘quvchilar kiradi. Ularga shaxsiy reja bo‘yicha o‘qishdan tashqari vaqtda 30 daqiqadan haftasiga 3 marta jismoniy tarbiya mashqlari o‘tkazib turish tavsiya etiladi. Bunday guruhlar yoshga qarab ajratilib (1-4 sinflar,5-9 sinflar,10-11 sinflar), 10-15 nafar kishidan iborat bo‘ladi.
O‘quvchilar jismoniy tarbiyasiga ertalabki badantarbiya (zaryad), maktabdagi mashg‘ulotlarga qadar bajariladigan badantarbiya, jismoniy tarbiya darsi, jismoniy hordiq daqiqalari, sport, darsdan tashqari vaqtda o‘tkaziladigan ommaviy-jismoniy tadbirlari, jismoniy mehnat, chiniqtirish kiradi. O‘quvchilar uyda o‘tkaziladigan ertalabki badantarbiyadan maqsad organizmning uyqudan bedorlikka va bo‘lg‘usi ishga o‘tishini tezlashtirish, umuman, tetiklik baxsh etishdir. Badantarbiya majmuasi har kimning o‘ziga qarab vrach maslahatiga muvofiq o‘tkaziladi va 6-10 mashqdan iborat bo‘ladi. Darslar boshlangunga qadar o‘tkaziladigan badantarbiya ertalabki badantarbiya o‘rnini bosa olmaydi. Jismoniy mashqlar haddan tashqari ko‘zg‘algan yoki bo‘shashib maktabga kelgan o‘quvchilarga tegishlicha ta’sir ko‘rsatib, uni tetiklashtiradi. Darslar boshlanguncha o‘tkaziladigan badantarbiya 15 daqiqa davom etishiga qaramasdan, markaziy nerv sistemasi faoliyatini yaxshilashi, ish qobiyalitini oshirib, o‘quvchilarning o‘quv kuni davomida charchog‘ini kamaytirishi aniqlangan. O‘quvchilar jismoniy tarbiyasining asosiy shakli jismoniy tarbiya darsidir. O‘quv dasturida jismoniy tarbiya darsiga boshlang‘ich sinflarda 3 soat vaqt ajratiladi. Yuqori sinf o‘quvchilarida o‘quv yilining oxirida jismoniy tarbiyadan imtihon olish mo‘ljallangan. Maorif vazirligi nizomida jismoniy tarbiyadan uy vazifalari berish, sog‘lomlashtirish maqsadida har kuni jismoniy mashqlar bajarib borishga odamni o‘rgatib, bunga odatlantirish mumkinligi ko‘rsatilgan. Darslarda asta sekinlik, izchillik va muntazamlik asoslariga amal qilinishi va ular kirish, asosiy va yakunlovchi qismlardan iborat bo‘lishi kerak. Kirish qismi, taxminan, 5 daqiqaga boradi, undan ancha yengil jismoniy og‘irlikdagi ish beriladi. Darsning asosiy qismi, taxminan, 30 daqiqa vaqtni oladi, bunda jismoniy og‘irlik asta-sekin ortib boradi. Darsning yakunlovchi qismi (8-10 daqiqa) sekin sur’atda bajariladigan yengil mashqlar va yurishdan iborat bo‘ladi, bular asab, yurak tomir, nafas sistemasiga ta’sir kursatadi. Vrachlik, pedagogika kuzatuvining asosiy vazifasi jismoniy tarbiyaning o‘quvchilar organizmiga qanday ta’sir qilayotganini aniqlashdir. Vrach o‘quvchilarni jismoniy tarbiya darsi, seksiya mashg‘ulotlari, musobaqalar vaqtida kuzatar ekan, ularning jismoniy tayyorgarligi to‘g‘risidagina emas, balki xulqi xususiyatlari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘ladi va organizmning qarshiliklarga moslashish xususiyatlarini bilib oladi. Vrach yillik o‘quv rejasi bilan albatta tanishib, o‘quvchilarning qaysi tibbiyot guruhlariga kirishini belgilaydi. O‘tkir kasalliklardan keyin jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga qo‘yish xususida "Ahvoliga ko‘ra jismoniy tayyorgarlikning asosiy guruhiga kiradigan bolalar va o‘smirlarning jismoniy tarbiyasi ustidan vrachlik nazorati" (1967) qo‘llanmasi asosida maktab vrach ish ko‘radi. Vrachlik nazoratining muhim shakli sportda shikastlanishlarning oldini ola olishdir. Shikastlanishning asosiy sabablari-sport uskunalarining nosozligi, mashg‘ulotlarda intizomning sustligi, sport zali maydonchalarining yaxshi tayyorlanmaganligi hisoblanadi. Dars davomida 3-4 daqiqalik jismoniy mashq qilish markaziy asab sistemasining holatini yaxshilab, charchoqni bosadi, o‘quvchilarning ish qobiliyatini tiklaydi, partada uzoq o‘tirish natijasida chanoq, qorin va oyoqlarda qon dimlanishini bartaraf qiladi. Quyi sinflar da bunday jismoniy mashqlarni 3-darsda, yuqori sinflarda 4-darsda, shu bilan birga o‘quvchilar charchaganida, darsning ikkinchi yarmida o‘tkazgan ma’qul. Darslar orasidagi tanaffuslar yaxshilab hordiq chiqarishning bir shakli tariqasida gigiyenik jihatdan katta ahamiyatga ega. Tanaffuslar to‘g‘ri tashkil etilganda ish qobiliyati asliga kelib, aqliy faoliyat natijasida paydo bo‘lgan statik zo‘riqish yoziladi. Biroq kuchli qo‘zg‘alishga sabab bo‘ladigan, odamni charchatib, darslarda diqqatini to‘plashga halal beradigan haddan tashqari harakatchan va shovqin-suronli o‘yinlar o‘ynamaslik kerak. Katta va kichik tanaffuslarni ochiq havoda o‘tkazish foydali. Darslardan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari o‘quvchilarning har tomonlama jimoniy rivojlanishi uchun imkoniyatlarni kengaytiradi, fiziologik funksiyalarning takomillanishiga imkon beradi va salomatlikni mustahkamlaydi. Mashg‘ulotlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilib, o‘quvchilarning yoshi, jismoniy va shaxsiy xususiyatlari hisobga olinganida kasalliklarga chidamlilikni oshiradi. Sport bilan shug‘ullanadigan o‘quvchilar sport bilan shug‘ullanmaydigan o‘quvchilarga nisbatan soglom bo‘ladi, kasalliklarga kamroq chalinadi, jismonan yaxshi rivojlanadi, darslarni to‘laroq o‘zlashtiradi. Bolalar, yoshlar sport maktablarida mashg‘ulotlarni sport turiga qarab har xil yoshdan boshlashi mumkin. Masalan, sport gimnastikasi bilan o‘g‘il bolalar-12, qizlar – 11 yoshdan, badiiy gimnastika bilan 10, akrobatika bilan – 11, chang‘i, poyga bilan – 12, boks bilan – 14, kurash (erkin va klassik kurash bilan) – 13, otish bilan – 14, velosiped sporti bilan (trekda) o‘smirlar – 13, qizlar – 15 yoshidan boshlab shug‘ullanishlari mumkin. Sport musobaqalarini tashkil etishda "Yosh sportchilar musobaqalarida og‘irlik me’yorlari" (1963) da ko‘rsatib qo‘yilgan yosh asosiy mezon qilib olinadi. Tibbiy nuqtayi nazardan yondashadigan bo‘lsak, noto‘g‘ri tanlangan kasb turli kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu ayni vaqtda kelgusida o‘smirdan o‘z kasbini tashlab, boshqa ishga o‘tishini talab qiladi. Barcha yigit-qizlar, shu jumladan, o‘rta umumiy ta’lim maktabini bitirib chiqqan yoshlar o‘z rasmiy mehnat faoliyatini boshlamasdanoq muayyan kasbga, turmushga va mehnatga o‘zlarini tayyorlashlari kerak. Ishlab chiqarishda band bo‘ladigan o‘smirlarning kelajakdagi unumli ishlari hamda yuqori mehnat ko‘rsatkichlariga erishishlarida ularga kasb tanlashda to‘g‘ri maslahat berish va tanlangan kasbga qiziqish, mehr uyg‘otish, kasbning sir-asrorlaridan tushuncha berish muhim ahamiyatga ega, chunki har qanday kasb-hunar, mehnat turi kishining salomatligini hisobga olgan holda tanlanmog‘i lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |