Vegetativ nerv tizimining bo‘limlari va funksiyalari. Ichki a’zolarning ko‘pchiligi ikki xil — simpatik va parasimpatik nerv tolalari bilan ta’minlangan. Simpatik nerv tizimining markazlari orqa miyaning 1-2 ko‘krak segmentidan boshlanib, 3-4 bel segmentlarigacha davom etadi. Parasimpatik nerv tizimining markazlari o‘rta va uzunchoq miya markazlarida hamda orqa miyaning 2-3 dumg‘aza segmentlarida joylashgan. Juda ko‘p a’zolarga simpatik va parasimpatik nerv tolalari qarama-qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, simpatik nerv tolalari yurak mushaklari ishini tezlashtiradi va kuchaytiradi, parasimpatik nerv tolalari esa, aksincha, sekinlashtirib, susaytiradi. Simpatik nerv tolalari ko‘z qorachig‘ini kengaytiradi, parasimpatik nerv tolalari esa toraytiradi. Simpatik nerv tizimi ichki a’zolarning faoliyatini ekstremal, ayniqsa, stress vaziyatda faollashtiradi, parasimpatik nerv tizimi esa, organizm tinch turganda faol bo‘lib, uning ish qobiliyatini tiklashiga xizmat qiladi. Simpatik nerv tizimining mediatorlari adrenalin va noadrenalin bo‘lsa, parasimpatik nerv tizimining asosiy mediatri — atsetilxolindir.
Qon bosimini ma’lum bir darajada ushlab turilishi, tana haroratini bir xilda saqlash, yurak ishini ma’lum bir jismoniy ishga moslashtirish bilan borliq bo‘lgan reflektor reaksiyalar vegetativ nerv tizimining faoliyati bilan bog‘liqdir.
Vegetativ nerv tizimining barcha bo‘limlari oraliq miyada joylashgan oliy vegetativ markazlariga bo‘ysunadi. Vegetativ markazlariga miya retiko‘lyar formatsiyasi, miyacha, po‘stloq osti yadrolari va katta yarim sharlar po‘stlog‘idan impulslar kelib turadi.
Hayotiy jihatdan eng muhim a’zolarning faoliyatini boshqaruvchi vegetativ nerv tizimi rivojlanishning ilk bosqichlarida etiladi. Ammo bola tug‘ilganda simpatik va parasimpatik nerv tizimlarining faoliyati yetarlicha muvozanatlashmagan bo‘ladi. Bola rivojlangani sari markaziy nerv tizimi oliy bo‘limlarining ta’siri oshadi va vegetativ nerv tizimining ichki a’zolar faoliyatiga moslashuvi mukammallashadi. Nafas olish, qon aylanish va boshqa shunga o‘xshash jarayonlarni boshqaruvchi vegetativ nerv markazlari bola tug‘ilganda to‘la shakllangan bo‘ladi.
Orqa miya va bosh miyaning turli qismlaridan ikki xil markazdan ko‘chma nerv tolalari chiqadi. Shundan birinchisi orqa miyaning oldingi shoxlarida joylashgan harakat neyronlaridan chiqib uzilmasdan ko‘ndalang targ‘il mushaklargacha boradi. Ikkinchisi esa orqa miyaning yon shoxlaridan chiqadi va effektorlarga borguncha maxsus nerv gangliyalarida uzilib tugun hosil qiladi. Mana shu ikkinchi guruhga kiruvchi nerv tizimini vegetativ nerv tizimi deyiladi.
Vegetativ nerv tizimi o‘z navbatida simpatik va parasimpatik nerv tizimlariga bo‘linadi. Simpatik nerv tizimi orqa miyaning 1-2 ko‘krak segmentidan boshlanib 3-4 bel segmentigacha davom etadi. Parasimpatik nerv tizimi orqa miyaning 2-3 dumg‘aza segmentlaridan va o‘rta hamda uzunchoq miya markazlaridan chiqadi. Simpatik nerv tolalari umurtqa pog‘onasiga yaqin joyda (chegara-simpatik stvol) va organlardan chetroqdagi maxsus chigalliklarda uzilib, tugun hosil qilsa, parasimpatik nerv tolalari bevosita organga kirish oldidan, yoki uning ichida uziladi.
Barcha vegetativ nerv tolalari ko‘ndalang - targ‘il mushaklarga boradigan harakat nervlaridan quyidagi xususiyatlari: vegetativ nerv tolalarida ta’sirlanishning ancha pastligi, qo‘zg‘alish latent davrining ancha davomliligi, qo‘zg‘alishning o‘tish tezligining ancha sekinligi bilan farq qiladi.
Simpatik nerv tolalarining asosiy qo‘zg‘atuvchisi mediator moddalar adrenalin va noradrenalin gormonlari bo‘lsa, parasimpatik tolalari qo‘zg‘atuvchisi atsetilxolindir. Ajralib chiqadigan mediatorlarning miqdoriga qarab tormozlanish yoki qo‘zg‘alish yuzaga kelishi mumkin. Mediator moddalar simpatik tugunlarda, neyron tanalarida va nerv uchlarida hosil bo‘ladi (sintez qilinadi).
Do'stlaringiz bilan baham: |