Markaziy nerv tizimida tormozlanish va qo‘zg‘alishning o‘zaro aloqasi Markaziy nerv tizimida qo‘zg‘alish va tormozlanish bir nuqtaning o‘zida va har xil nuqtalar orasida almashinib turadi. Bunga misol qilib, barmoqlarni yig‘uvchi va yozuvchi mushaklar ishini olish mumkin. Ular bir-biriga xalaqit qilmasdan ishlayveradi. Tormozlanish va qo‘zg‘alishning ma’lum markazlarda almashinib turishini kundalik turmushda juda ko‘p ko‘ramiz, yurish va chopishlarda bir mushak ishi tormozlansa, darhol ikkinchisiniki qo‘zg‘aladi va hokazo.
Markaziy nerv tizimida bir markazining qo‘zg‘alib ikkinchisining tormozlanishiga yoki bir markazining qo‘zg‘alib keyin tormozlanishiga induksiya hodisasi deb ataladi. Induksiya musbat va manfiy, bir vaqtda bo‘luvchi va almashinuvchi bo‘lishi mumkin. Tormozlanishdan qo‘zg‘alishga o‘tish musbat, qo‘zgalishdan tormozlanishga o‘tish manfiy induksiya deyiladi.
Organizm reflektor faoliyatining yosh xususiyatlari. Odamlarda markazy nerv tizimi, bir tomondan barcha to‘qima va hujayralarni o‘zaro bog‘lab, ular integratsiyasini ta’minlasa, ikkinchi tomondan, organizmni tashqi muhit bilan bog‘lab turadi.
Nerv tizimining asosiy ishlash mexanizmi refleksdir. Refleks retseptorlarda yuzaga keladigan qo‘zg‘alishga nisbatan nerv markazlaridagi javob reaksiyasidir. I.P.Pavlov "refleks" terminini quyidagicha tushuntiradi. “Refleks- retseptorlar yordamida qabul qilingan va organizmning ma’lum bir faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi agentlarning nerv bog‘lanishidir”.
Har qanday refleksning yuzaga kelishi uchun reflektor yoyi bo‘lishi kerak. Reflektor yoy quyidagi elementlardan iboratdir:
1. Reseptor (lotincha receptor- qabul qiluvchi)
2. Afferent yoki sezuvchi nerv tolasi, ta’sirni markazga olib boradi,
3. Nerv markazi, oraliq nerv hujayralari, sinapslar.
4. Efferent yoki harakatlantiruvchi nerv tolasi,
5. Effektor- ishlovchi organ. Oddiy refektor yoyi ikkita neyrondan iborat bo‘ladi.
Organizmdagi barcha funksiyalar regulyatsiyasida ikki xil reflekslar bir-biridan farq qiladi, ya’ni shartsiz va shartli reflekslar. Shartsiz refleks tug‘ma bo‘ladi, nasldan-naslga beriladi. Uni organizmning har qanday ta’sirga nisbatan javob reaksiyasi deb qarasa bo‘ladi. Masalan, bola tug‘ilganda yemish uchun harakati, yorug‘likka nisbatan ko‘zning qisilishi va boshqalar. Shartli refleks hayot jarayonida yuzaga keltiriladi. Eng asosiy shartli refleksda ma’lum bir belgilangan qitiqlagich signal darakchilik qiladi. Masalan, oddiy qo‘ng‘iroq tovushi itda dastlab hech qanday refleks vujudga keltirmaydi. Agar itga ovqat berishdan oldin bir necha martalab qo‘ng‘iroq chalinsa, u ma’lum signal ahamiyatga ega bo‘lib qoladi, ya’ni qo‘ng‘iroq chalinishi bilan hayvon ovqat kutadi va so‘lak bezlaridan so‘lak ajraladi- mana shu shartli refleksdir. I. Pavlov tajribasi har qanday reflektor holat nerv markazi qatnashmasdan amalga oshmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |