29-modul. Sportchilarni nerv tizimi xususiyatlari va uning rivojlanishi
Nerv tizimining ahamiyati va umumiy tuzilish shakli. Nerv tizimining ahamiyati. Buyuk fiziolog olim I.P. Pavlov nerv tizimining ikki muhim funksiyasi, ya’ni oliy va tuban funksiyalari bor deb ta’kidlab o‘tgan edi. Oliy funksiya organizmning tashqi dunyo bilan aloqasini ta’minlab turadi hamda uning xulq atvorini muhit sharoiti bilan bog‘langan holda belgilaydi. Tuban funksiya esa organizmdagi barcha to‘qimalar, hujayralar, organ va tizimlarning ishini boshqarib boradi. Nerv tizimining oliy funksiyasi oliy nerv faoliyati tomonidan amalga oshirilib, unda katta miya yarim sharlari va po‘stloq osti yadrolari ishtirok qiladi. Odamlarning oliy nerv faoliyati barcha hayvonlardan ancha yuqori va murakkabdir. Nerv tizimining tuban funksiyasi oliy nerv faoliyati va nerv-gumoral yo‘l bilan boshqarib boriladi. Nerv tizimi umuman olganda butun bir organizmda moddalar almashinuvi jarayonini boshqarib barcha organlar va tizimlarning tuzilishi, o‘sishi va rivojlanishini ta’minlab turadi.
Asab tizimi markaziy va periferik asab tizimlarga ajratiladi. Markaziy asab tizimi- bosh va orqa miyalardan iborat bo‘lib, u o‘zaro bog‘lik. bo‘lgan neyronlar to‘plamlari - asab markazlari va asab tolalarining yig‘indisidan iboratdir. Bosh va orqa miyadan chiqadigan asab tolalari butun gavda a’zolari bilan bevosita bog‘langan. Shuning uchun bosh va orqa miyada joylashgan asab hujayralari butun gavdani idora qiladi. Bosh va orqa miyaning ko‘ndalang kesimlarida kulrang va oq moddalar ajratiladi. Kulrang modda asab hujayralarining tanasidan, oq modda esa mielin pardasi bilan o‘ralgan asab tolalaridan tashkil topgan.
Asab tizimining periferik qismi asab gangliyalari (bosh va orqa miyadan tashqarida joylashgan neyronlar to‘plamlari) hamda asab tola va boylamlaridan iboratdir.
Yuqoridagilardan tashqari, vegetativ va somatik asab tizimlari farqlanadi. Vegetativ asab tizimi ichki a’zolarning faoliyatini hamda modda va energiya almashinuvini boshqaradi. Somatik asab tizimi esa ko‘ndalang targ‘il mushaklarning qisqarishini va tananing fazoda harakatini ta’minlaydi
Nerv hujayrasi o‘zining barcha o‘simtalari bilan birga neyron deb yuritiladi Har bir neyronda yadro va sitoplazma mavjud. Neyron tashqi tomondan yarim o‘tkazgich membrana pardasi bilan o‘rab olingan bo‘lib, u tufayli neyron ichida va tashqarisida ionlar konsentratsiyasi belgilangan normada saqlanadi. Qo‘zg‘alish tufayli membrananing ionlar o‘tkazish qobiliyati o‘zgaradi, natijada u yerda potentsiallar ayirmasi vujudga keladi. Barcha nerv hujayralari qon tomirlari bilan yaxshi ta’minlangan bo‘lib, u yerda qon harakati juda intensiv bo‘ladi. Nerv hujayrasining mayda o‘simtalari dyendritlar deyilib, eng uzun o‘simtasi akson deyiladi, u yumshoq po‘st nevrolemma bilan o‘ralgan. Uning tagida Shvannov po‘stlog‘ining yadrosi joylashgan. Bu qismlar nerv tolasi uchun ajratuvchi mielin po‘stini hosil qiladi va trofik funksiyani bajaradi. Mielin po‘sti oqsillar va lipidlardan iborat bo‘lib, nerv tolalarini bir-biridan izolyatsiya qilish vazifasini bajaradi. Nerv tolasining ichki tomonidan neyrofibril ipchalari bo‘lib, ular nerv tolasini ancha baquvvat saqlaydi.
Shvannov hujayralari birlashib nerv tolasi atrofida maxsus (halqasimon) po‘st hosil qiladi, ular orasida esa maxsus oraliqlar (Renve halqasi) bo‘lib, u ma’lum suyuqlik bilan to‘lgan. Shu oraliq membrana tashqi muhit bilan bog‘lanadi. Renve halqasida potentsiallar generatsiyasi bo‘lib, qo‘zgalishning navbatdagi tolaga o‘tishini ta’minlaydi.
Nerv markazlari haqida tushuncha. Muayyan refleksni yuzaga chiqarish yoki muayan funksiyalarni boshqarish uchun zarur bo‘lgan neyronlar yig‘indisiga nerv markazlari deb ataladi. Nerv markazlarining o‘ziga xos anatomik va fiziologik xususiyatlari, mohiyati, faoliyati bor. Nerv markazlarining anatomik mohiyati- markaziy nerv tizimining ma’lum qismidagi nerv hujayralari to‘plami bo‘lib, biror belgilangan organ ishini idora qiladi. Bunga misol qilib nafas olish markazi, qaysiki markaziy nerv tizimining uzunchoq miya qismida joylashgan nerv hujayralari to‘plamini olish mumkin. Nerv markazlarining fiziologik xususiyati birmuncha kengroq tushuncha bo‘lib, u markaziy nerv tizimining turli qismlarini o‘z ichiga oladi. Masalan: Ovqatlanish refleksini olib qaraganda, uning yuz berishi uchun turli-tuman markazlar, bezlar va boshqa organlar ishga tushishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |