Markaziy nerv sistemasi bo‘limlarning yoshga oid xususiyatlari.
Markaziy nerv tizimiga, yuqorida aytilib o‘tilgandek, neyronlarning asosiy qismini o‘z ichiga olgan bosh va orqa miyalar kiradi. U nerv tizimining boshqa qismlariga qaraganda tezroq rivojlanadi. Chaqaloq tug‘ilganida bosh miya massasi kattalar miyasining 25% ini tashkil qiladi. Bola bir oyligida bu ko‘rsatkich 50% ni, 2,5 yoshligida 75% ni va 5 yoshda 100% ni tashkil etadi.
Yangi tug‘ilgan bola bosh miyasining vazni 340-400 gramm bo‘lib, tana vaznining sakkizdan bir yoki to‘qqizdan bir qismini tashkil qiladi. Katta odamda esa bosh miya tana vaznining qirqdan bir qismini tashkil qiladi. Bolaning bosh miyasi 7 yoshgacha tez usadi. Bosh miyaning o‘sishi 20-30 yoshga borib to‘xtaydi. 1-2 yoshda bosh miya orqa miyaga nisbatan tez o‘sadi.
Orqa miya. Orqa miya umurtqa kanalida birinchi bo‘yin umurtqasi bilan ikkinchi bel umurtqasi oralig‘ida joylashgan bo‘lib, katta odamda uning vazni 30-40 gramm, uzunligi 45 sm.ga teng bo‘lib yassilashgan silindrsimon ko‘rinishga ega. Yangi tug‘ilgan bolada orqa miyaning massasi 6-10 gramm, uzunligi 13-15 sm bo‘ladi. 10 yoshda uning uzunligi ikki barobar oshadi Orqa miya rivojlanishining bosh miya rivojlanishidan farqi shuki, uning o‘sishi harakat faoliyati murakkablashishi bilan parallel boradi. Orqa miya odatda markaziy nerv tizimining boshqa bo‘limlariga nisbatan ertaroq rivojlanadi. Homilaning dastlabki shakllanish davrida orqa miya anchagina katta bo‘ladi. Yosh bolalarning orqa miya ko‘ndalang kesimida oldingi shoxlarning orqa shoxlarga qaraganda sezilarli rivojlanganligi ko‘rinib turadi.
Orqa miya segment shaklida tuzilgan bo‘lib, unda 8 ta bo‘yin, 12 ta ko‘krak, 5 ta bel, 5 ta dumg‘aza, 1-2 ta dum segmentlari bo‘ladi. Jami 31 segment bo‘lib, ularning har biridan 1 juftdan orqa miya nervlari chiqadi. Orqa miyaning har bir segmenti mushaklarning muayyan guruhini, teri va boshqa a’zolarning ma’lum qismlarini innervatsiyalaydi.
Bola tug‘ilganida uning orqa miyasi funksional jihatdan to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi va og‘irligi 2-6 gramm keladi, 5 yoshli bolalarda orqa miya og‘irligi 6-12 gramm bo‘ladi. Orqa miya rivojlanishining bosh miya rivojlanishidan farqi shuki, uning o‘sishi harakat faoliyatining murakkablashishi bilan parallel boradi. 2 yoshli bolalar orqa miyasi morfologik tuzilishi jihatdan katta odamlarnikiga juda yaqin bo‘ladi. Yoshning oshib borishi bilan orqa miya oldingi shoxlaridagi harakat hujayralarining soni oshadi.
Balog‘atga yetish davriga kelib orqa miya 4-5 marta kattalashadi. Orqa miya segmentar tuzilishga ega bo‘lib, tananing ma’lum qismlari ishini idora qiladi. Orqa miyani orqa shoxlari faqat sezuvchi tola vazifasini bajaradi, oldingi shoxlar esa harakatga keluvchi va vegetativ reflekslarni boshqaruvchi tolalarni chiqaradi.
Orqa miya reflekslarini ikki guruhga bo‘lish mumkin, ya’ni oldingi shoxlar-motoneyron faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan harakat reflekslari, yon shoxlar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan vegetativ reflekslar. Orqa miyadagi vegetativ markazlar esa barcha ichki organlar ishini idora qiladi.
Orqa miyaning yana bir muhim xususiyati shundan iboratki, u o‘tkazuvchi yo‘l bo‘lib ham hisoblanadi, ya’ni periferiyadan impuls markazga u yerdagi javob esa ishlovchi organga ham mana shu orqa miya bo‘ylab o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |