1.Repozitsiya - suyakning singan qismlarini bir-biriga moslash. Suyakning singan qismlarini, sinishdan so‘ng darhol, ya’ni travmatik shish va mushaklarning reflektor qontrakturasi - qisqarishi yuz berguncha bir-biriga moslashtirilishi lozim. Suyak qismlari bir-biriga siljitilmasdan va orasida bo‘shliq qoldirilmasdan (diastaz) bir-biriga to‘g‘irilanishi lozim. Repozitsiyaning yaxshi bo‘lishi quyidagilarga bog‘liq:
a) bemorni tekshirib ko‘rish va rentgenografiyani o‘rganish natijasida sinish harakteri, markaziy va periferik siniq qismlarining qanday siljiganligini bilish:
b) yaxshi og‘riqsizlantirish. Singanda mahalliy anesteziya uslubi. Yangi singanda paypaslab ko‘rish bilan sinish joyi topiladi, so‘ngra teri sathini yod eritmasi bilan tozalab 1-2% novokain suyuqligi bo‘lgan shprits olinadi, nina bilan suqiladi. Agar shpritsdagi novokain qizarsa, demak sinish natijasida qon quyilgan sohaga tushilgani ma’lum bo‘ladi, so‘ngra 1-2% novokain suyuqligidan 20 ml yuboriladi. Novokain suyuqligi miqdori sinish harakteriga va qaysi joyida singaniga bog‘liq bo‘ladi. Agar sinish bir necha suyakda mavjud bo‘lsa, har birini ayrim-ayrim anesteziya qilish lozim.Anesteziya uchun novokain suyuqligi 1% dan kam bo‘lmasligi kerak, chunki gematomaga tushilsa, qon bilan aralashib, konsentratsiyasi kamayadi, anesteziya ko‘ngildagidek bo‘lmasligi mumkin.Ochiq sinishlarda ifloslangan jarohat sathidan nina yuborish mumkin emas, u holda shu sohaga yaqinroq, butunligi buzilmagan joydan novokain eritmasi yuboriladi. Bemor o‘ta bezovta bo‘lganda narkozdan ham foydalanilsa bo‘ladi.
v) to‘la og‘riqsizlantirish natijasida suyakning singan qismlariga yopishgan mushaklarini bo‘shashtirish:
g) suyak qismlarini bir-biriga to‘g‘ri moslashtirish: qo‘l-oyoq suyaklari singanda periferik siniq markaziy siniqqa moslashtiriladi.
Repozitsiya bir fursatda, asta-sekin uzoq tortib qo‘yib qilinishi mumkin. Bir fursatdagi repozitsiya qo‘l bilan (manual) apparatli yoki operatsiya usuli bilan bajariladi. Kichik suyaklar va uzun naysimon suyak siniq, burchaksimon siljiganda manual-qo‘l bilan repozitsiya yaxshi natija beradi. Bilak suyaklari singanda ba’zan Sokolovskiy apparatidan, bir fursatda repozitsiya qilishda esa ortopedik usulidan foydalaniladi. Manual yoki apparatli repozitsiya rentgen televidenie yordamida bajarilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Singan bilak, son va boshqa suyaklarni repozitsiya qilishda xirurgga ikkita yordamchi kerak. Bir yordamchi periferik singan qismni uzunasiga tortadi, ikkinchisi esa markaziy singan qismni mahkam ushlab turadi. Mushaklar yetarli darajada cho‘zilgandan so‘ng xirurg singan suyak periferik va markaziy qismlarini bir-biriga to‘g‘rilab g‘adir-budir sathlarini moslashtiradi. Ba’zan suyak siniqlarini to‘g‘ri ushlab turishning iloji bo‘lmasa, operatsiya qilinadi.Asta-sekin repozitsiya, tortib qo‘yish (ekstenziya) yoki distraktsion-kompression osteosintez usuli qo‘llaniladi. Ularning ta’sirda mushaklar asta-sekin bo‘shashadi va siniqlar joyiga tushadi.
2. Fiksatsiya yoki immobilizatsiya singan suyak qismlari bir-birga to‘g‘ri qo‘yilgan qo‘l-oyoqni to suyak yaxshi bitguncha qotirib qo‘yish kerak. Hozirgi kunda davolash shinalari ba’zi hollarda ishlatiladi. Masalan, singan yelka suyagini davolash uchun abduktsion shina, o‘mrov suyagi singanda Kuzminskiy, CHaklin shinalari qo‘llaniladi.Suyak siniqlarini qotirish uchun uchta fiksatsiya usuli bor: gips bog‘lam, tortib qo‘yish va operatsiya usuli. Birinchi yordam .Shikastlangan bemorga birinchi yordamni vrach emas, tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan ko‘ngillilar tomonidan ko‘rsatiladi. Jarohatni qo‘l bilan ushlashni butunlay man qilish zarur. Bog‘lamni fiksatsiya qilish uchun naysimon bintlardan, yelimli moddalardan foydalanish zarur.Arterial qon ketganda birinchi yordam ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi. Tajriba shuni ko‘rsatadiki, tibbiyotdan xabari bo‘lmagan kishilar tomonidan noto‘g‘ri qo‘yilgan jgut venalarda dimlanish hosil qilib, qonning ko‘p ketishiga sabab bo‘ladi. Qo‘l-oyoq yuqori ko‘tarilganda, bosib turuvchi bog‘lam qo‘yilganda qon to‘xtamasa, shundagina jgut qo‘yilishi kerak.Shuningdek birinchi yordam berishda qoqsholning oldini olishni yoddan chiqarmaslik kerak. Agar bemor uzoq joyga jo‘natilayotgan bo‘lsa, unda og‘riq qoldiruvchi (analgetik) moddalar yuborilishi zarur.Organizmning turli jarohatlardagi holati (reaksiyasi)organimda ayrim to‘qimalar ta’sirlanganda o‘ziga hos holat (reaksiya) paydo bo‘ladi. Ammo ayrim to‘qimalarning ta’sirlanishiga nisbatan organizm javoblarining rivojlanishida umumiy qonuniyatlar mavjuddir. Jumladan, isitma, yiringlanish, shok kabi patologik o‘zgarishlarda (ularning har birining rivojlanishida o‘ziga xos qonuniyatlari bo‘lsa-da) jarayonning kechishi davomida kasal organizmning umumiy reaksiyasi ham o‘ziga hos o‘zgaradi. Umuman, odam organizmi har qanday ichki yoki tashqi muhit ta’sirlariga qarab o‘zgarib moslashib boradi. Organizmning mavjud turli iqlim sharoitiga, temperaturaga, sharoitga moslashishi (fiziologik adaptatsiya) markaziy asab tizimi orqali amalga oshadi. Adaptatsiyaning boshlanishida gomeostazning buzilish xavfiga qarshi organizm o‘z himoya kuchlarini safarbar qiladi (havotirlanish bosqichi.). Ikkinchi - rezistentlik (ustunlik) bosqichda esa organizmda buzilgan muvozanatning tiklanishi kuzatiladi. Bu vaqtda organizm faqat ta’sirlovchi ta’sirlargagina emas, balki boshqa patologik faktorlarga ham moslashib, chidamli bo‘lib qoladi. Uchinchi - holdan toyish bosqichida esa organizm chidamliligi buzilib, bemor halok bo‘ladi. Adaptatsiya organizmga kutilmaganda ta’sir etuvchi har qanday sharoitda (stress) ham yuzaga keladi. Bunda buyrak usti bezlari po‘stlog‘i, gipofiz bezlarining old qismi garmonlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ular ta’sirida asab tizimi ta’sirlanib taranglashadi. Jumladan, ta’sirot gipoltalamus orqali gipofiz bezining old qismi funksiyasini kuchaytiradi. Gipofiz garmonlari esa qon orqali buyrak usti bezi po‘stlog‘iga borib, ular funksiyasini kuchaytiradi. Natijada, ta’sirlovchilarga nisbatan organizmda moslashish vujudga keladi. Markaziy asab tizimi, ayniqsa, uning simpatik asab tizimi moslashish (adaptatsion - trofik) jarayonini boshqaradi. Ammo markaziy asab tizimida tobora rivojlanib boradigan ta’sirlanish oxiri patologik jarayon (shok) ga olib keladi.Shok (inglizcha - shok - zarb) o‘ta kuchli ta’surotlarga nisbatan markaziy asab tizimining kuchli qo‘zg‘alishidan so‘ng yuzaga keladigan organizmning tormozlanish holati. Shok va tashqi muhit (jumladan, yurak infarki) dan keyin keladigan o‘ta kuchli ta’sirlanishlar orqali ro‘y berishi ham mumkin. Uch asosiy gruppasi bor:
1. Jarohatlanish, kuyish va yurak og‘rig‘i kabi kasalliklar oqibatida bo‘ladigan og‘riq shoki.
2. Qon bosimining to‘satdan pasayishi, qon yo‘qotish tufayli, gruppasi to‘g‘ri kelmaydigan qon quyish oqibatida yoki o‘tkir ta’sir etuvchi moddalar (zaharlar) oqibatida kelib chiqadigan gumoral shok.
3.To‘satdan qo‘rqish, tushkunlik, nochorlik, ma’yuslik kabi ta’sirotlar orqali bo‘ladigan psixogen shok.
Og‘riq shoki ko‘pincha kuchli jarohatlanishlardan keyin qisqa muddatli qo‘zg‘alish (erektil faza) bilan boshlanib, odam angrayib, dong qotib qoladi (torpid faza). Bu vaqtda yaradorlar ko‘p gapirmaydi, bezovtalanmaydi, ovozi bo‘g‘iq bo‘ladi. Rangi oqarib, peshonasini ter bosadi, qon bosimi ko‘tarilib, puls tezlashadi. Ba’zida shokning torpid fazasida yaradorning badani muzdek qotib, harakatsiz bo‘lib qoladi. Arterial pulsi pasayib zo‘rg‘a seziladi, nafas olishi susayadi. Bunday holat ba’zan bir necha soatdan keyin o‘tib ketishi ham mumkin. Boshqa vaqt esa to o‘limga qadar davom etadi. Shok odatda periferik jarohatlanishda paydo bo‘lgan kuchli ta’sirlanish tufayli markaziy asab tizimining qo‘zg‘alishidan paydo bo‘ladi. Markaziy asab tizimi faoliyatining shok tufayli susayishi qon aylanish, nafas va moddalar almashinuvining og‘ir buzilishiga olib keladi. Qon bosimi keskin payib, yurak urishi susayadi, natijada qonning talaygina qismi tomirlar deposida kamayib qon tomirlarida aylanuvchi qon miqdori kamayadi. Oxiri, to‘qimalarga, organlarga qon kam boradi, organizm temperaturasi pasayadi. Natijada, organizmda kislorod tanqisligi oshadi. Odamning qon yo‘qotishi qon bosimini yanada pasaytirib yuboradi. Shu sababli bunday shoklar juda xavfli bo‘ladi. Sovuq ta’siri orqali paydo bo‘lgan shok odam holatini yana chuqurlashtiradi. Og‘riq shoki me’da yoki o‘n ikki barmoq ichak yarasi teshilganda ham yuz berishi mumkin. O‘pka arteriyasidan qon oqishining to‘satdan buzilishi (Emboliya) oqibatida odam o‘pka shokiga uchraydi. Og‘riq shoki kuyishdan keyin yuz berganda kuygan to‘qimalardan qonga so‘rilgan zaharli (toksik) moddalar shokni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, shok gruppasi mos kelmaydigan qonni quyishdan so‘ng tomirda hosil bo‘lgan gemoliz tufayli ham yuzaga keladi. Bunga gemolitik yoki transfuzion shok deyiladi. Jarohatlangan qo‘l-oyoqlarga ko‘p muddatga (3-4 soatdan ortiq) quyilgan jgut olingandan so‘ng ham shok bo‘lishi mumkin..
Chiqishlar.Chiqish deb, bo‘g‘im yuzalarining siljib uzoq vaqt davomida nofiziologik bir-biriga nisbatan noto‘g‘ri turib qolishiga aytiladi.Agar siljish natijasida bo‘g‘im yuzalari bir-biriga tegmay qolsa, to‘la chiqish qisman tegib tursa, to‘la bo‘lmagan chiqish deyiladi. Chiqish nomi bo‘g‘imga kiruvchi distal suyak qismi bilan yuritiladi. Masalan, yelka bo‘g‘imdan chiqsa, yelka chiqishi, toz-son bo‘g‘imining chiqishi yoki, bo‘g‘im yuzasi kapsula yorilgan joydan chiqqan bo‘lsa, son chiqishi deyiladi.Odat tusiga kirgan chiqishda bo‘g‘imning kapsulasi uning boylamlari ayniqsa, bu asoratlar blokli bo‘g‘imlarda (boldir-panja, tirsak, tizza) ko‘proq namoyon bo‘ladi.Chiqishning bo‘g‘imdan uzoqroq joyda bo‘lgan chiqishga birdaniga va kuchli harakat, shuningdek bo‘g‘im uchun fiziologik imkoniyatdan ortiq bo‘lgan harakat sabab bo‘ladi.Ko‘pincha (50% dan ortiqroq) chikish yelka bo‘g‘imida kuzatiladi, so‘ngra tirsak, toz-son, tizza va boldir-panja bo‘g‘imlarida uchraydi, Shuningdek o‘mrov suyagining akromial va ko‘krak qismlarida, tizza usti sohasida, kamroq qo‘l kafti barmoqlarida chiqish ro‘y beradi.
Umurtqalarning, ayniqsa bo‘yin umurtqalarining o‘z o‘rnidan siljishi yoki sinishi og‘ir travmalarga kiradi.Chiqishlar ichida tug‘ma chiqish, ya’ni bola hayotining ona qornidagi yuz bergan chiqish va orttirilgan, ya’ni travma natijasida yoki bo‘g‘im sohasidagi patologik chiqish farqlanadi.Tug‘ma chiqishlar ko‘pincha chanoq-son bo‘g‘imda uchraydi va bolaning ona qornida g‘ayri tabiiy joylashishi yoki bo‘g‘imlarning noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida kelib shiqishi mumkin. Odatda ikki tomonlama bo‘ladi. Kasallik erta-bolaning bir oylik paytidayok ma’lum bo‘la boshlaydi. Bola yura boshlaganda oqsoqlanishi bo‘g‘imning likkillab qolishi, keyinchalik og‘rishi, oyoqning qisqaligi bilinadi. Chiqish ikki tomonlama bo‘lganda lapanglab yurish («o‘rdaksimon yurish») qayd qilinadi. Diagnoz rentgenografiya vositasi bilan aniqlanadi. Tug‘ma chiqish bolalarda qonsiz usul, oyoqni abduktsiya holatida redressatsiya va fiksatsiya qilish bilan davolanadi. Bu holda son suyagining boshi vaqt o‘tishi bilan o‘zidan-o‘zi chanoq-bo‘g‘im sohasiga tushadi.Orttirilgan (travmatik) chiqishlar odatda shikastlanishdan bo‘ladi, ba’zida suyak va bo‘g‘imlarning kasalligi natijasida tuberqo‘lyoz (astomielit, o‘smalar) patologik chiqishlar ro‘yobga keladi. Travmatik chiqishlar, sinishlar, qon tomirlarining, asab tolalarining uzilishi bilan kuzatilib, 80-90%ni tashkil etadi. Ochiq chiqishlar ham paydo bo‘ladi. Unda jarohat borligi aniqlanadi.Ba’zi hollarda bo‘g‘im paylarining buzilishi yoki kuchsizligi natijasida, shikastlanishlardan so‘ng o‘rganib qolingan odatiy chiqishlar mavjud bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha bu hol yelka va boldir-pay bo‘g‘imlarida, birlamchi shikastlanishlar yaxshi davolanmaganligida kuzatiladi.Patologoanatomik o‘zgarishlar asosan bitta bo‘g‘im to‘qimasi bilan chegaralanadi, ammo ba’zan atrofdagi to‘qimalarda ham uchraydi. Travmatik chiqishda bo‘g‘im kapsulasi yoriladi yoki yirtilib ketadi. Blokka o‘xshash bo‘g‘imlarning (tizza, tirsak, boldir-tovon), chiqishi, hamisha boylam apparatining uzilishi bilan o‘tadi. SHu bilan suyakka yopishgan joyidan xam uzilib ketishi kuzatiladi. Endigina yuz bergan travmatik chiqish paytida yuqorida ko‘rsatilgan zararlanishlar bilan bo‘g‘im ichiga va atrofdagi to‘qimalarga qon quyishi kuzatiladi.Basharti, chiqishlar bilan birga yirik qon tomirlari, asab tolalari zararlangan bo‘lsa, bunday chiqishlar murakkablashgan chiqishlar deyiladi. Chiqishning klinik belgilari ularning joyi va turlariga qarab xillari ko‘p bo‘ladi. shikastlanishdagi vaziyat, chiqish sababi va zararlanish mexanizmi bemorni so‘rash yo‘li bilan aniqlanadi. Kasal kishi asosan bo‘gimi og‘riyotgani va harakat qila olmayotganidan shikoyat qiladi. Harakat qilishga urinib ko‘rganda bo‘g‘imdagi og‘riq kuchayadi. Qo‘l-oyoq chiqqan bo‘g‘imda kuchli og‘riq bo‘lib uni o‘z-o‘rniga qo‘yilsa, yana asl holiga keladi. Bu belgi prujinasimon fiksatsiya simptomi deyiladi. Ba’zan zararlangan qo‘l yoki oyoq karaxt bo‘lib qolishi asab tolasining qisilgan va chiqqan suyak bo‘lagini spastik ravishda qisqargan mushaklar qimirlatmay qo‘yishi natijasida kelib chiqadi. Ko‘zdan kechirish paytida qo‘l-oyoqning noto‘g‘ri holati va bo‘g‘im sohasining shakli buzilgani kuzatiladi, ularnng uzunasiga qisqargani seziladi. Ba’zida suyakning siljigan uchi o‘z joyida emasligi aniqlanadi. Masalan, yelka suyagi chiqqanda uning boshi qo‘ltiq ostida yoki ko‘krak mushagi ostida ekanligini ushlab aniqlash mumkin. Asab qisilib qolgan bo‘lsa, bemor oyoq-qo‘li holsizlanganligidan shikoyat qiladi. Rentgonografiya yordamida aniqlanadi, unda simmetrik bo‘g‘imlar solishtirilib ko‘riladi.Travmatik bo‘g‘im chiqishlari tezlikda malakali yordam ko‘rsatishni jalb qiladi. Chiqqan suyakni o‘z vaqtida o‘rniga solib qo‘yish zarur, chunki 3-5 kundan so‘ng kantservativ davolash qiyinlashadi, keyinroq esa uning iloji bo‘lmaydi. U holda bo‘g‘im sohalarini bir-biriga qo‘yish uchun jarrohlik usuli umumiy og‘riqsizlantirish qo‘llanilishi kerak, chunki chiqqan bo‘g‘imdagi og‘riq mushaklarning reflektor holda qisqarishiga olib keladi. Mushaklarni relaksiya qilish umumiy og‘riqsizlantirish bilan bajariladi.Bo‘g‘imdagi normal munosabatlarni tiklash uchun bo‘g‘im atrofida joylashgan mushaklarni cho‘zib, bo‘g‘imlarning chiqib ketgan yuzasini (har bir bo‘g‘imga xos harakatlarni qaytarish yo‘li bilan) o‘z o‘rniga solishga asoslangan bir necha usullar qo‘llaniladi. Zararlangan bo‘g‘imdagi bu harakat chiqishiga sabab bo‘lgan harakatni orqadan oldinga qarab qaytarishdan iborat desa bo‘ladi.Yelka chiqqanda ko‘pincha Gippokrat Mott, M.Koxer va Janelidze usullari qo‘llaniladi.Gippokrat usuli quyidagicha bajariladi. Shifokor kasal bilan yuzma-yuz zararlangan tomoni bilan o‘tiradi va tovonini bemorning qo‘ltig‘iga qo‘yib, tiraydi. So‘ngra bemor qo‘lini ikki qo‘li bilan ushlab, tovoni bilan richagsimon holda qo‘ltig‘iga bosadi. Traktsiya paytida chiqqan yelka suyagi boshchasi bo‘g‘im kosasiga tushadi.Ko‘xer metodi. Yelka chiqqanda uni o‘z o‘rniga solish uchun ko‘pincha shu metod qo‘llaniladi. Bemor stolga yotqizilgandan keyin xirurg chiqqan tomondan kasalning boshiga yuz o‘girgan holda quyidagi usul bilan yelka suyagini chiqqan joyiga soladi: 1) bilak bo‘g‘imini bukib, yelka suyagi tanaga taqaladi; 2) yelkani pastga torta turib tashqari tomonga bukiladi (rotatsiya); 3) qo‘l oldindan yuqoriga ko‘tarilib, shu zahotiyoq bilak va panja sog‘lom yelkaga tashlanadi.Janelidze usuli zararlangan qo‘l-oyoqning og‘riqdan charchashi tufayli mushaklarining fiziologik bushashishiga asoslangan.
Yelka chiqishida bemor stol chetiga yotqiziladi, kasal qo‘l osiltirib quyiladi, boshni esa yonidagi stolga qo‘yiladi. Bemor shunday holatda qo‘lini osiltirib 20-25 minut yotadi; mushaklari charchab bo‘shashadi. Shundan so‘ng xirurg bemor qo‘lini tirsak bo‘g‘imidan bukadi va qo‘lini siltamasdan kuch bilan pastga tortib tashqari tomonga bukadi. Suyakni joyiga solish paytida o‘ziga hos ishqalangan tovush eshitiladi, bo‘g‘im esa harakatlanadigan bo‘ladi.Son chiqishini solishda ham shunday usuldan foydalaniladi.Zararlangan oyoq stoldan 20-25 minutgacha osiltirib qo‘yiladi. SHundan so‘ng xirurg kasal oyoq tizzasini bukib, bir qo‘li bilan bemorning chanoq suyagini, ikkinchi qo‘li bilan boldirini ushlab turib kasalning
taqimiga o‘z tizzasi bilan qattiq bosadi va shu vaqtning o‘zida son suyagini bir oz tashkari tomonga bukadi. Odatda shu paytda harakterli shiqillagan tovush eshitilib chiqqan suyak o‘z o‘rniga tushadi.Ko‘rsatib o‘tilgan usullar boshqa bo‘g‘imlarda chiqish yuz berganda ham qo‘llaniladi. Chiqqan suyak o‘z o‘rniga solinishi bilanoq qilingan qontrol rentgen sur’ati davolashning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qilingani, shu bilan bir qatorda boshqa xil zararlanishlar (suyak bir qismining ko‘chishi, suyak sinishi va borligini aniqlashga yordam beradi. Chiqqan suyak o‘z o‘rniga solingan oyoq yoki qo‘l qulay funksional vaziyatda 12-16 kungacha bog‘lam bilan yoki boshqa usulda tortib qo‘yiladi. Keyinchalik davolash fizkultura mashqlarining kompleksi muntazam bajarilib turiladi. Ko‘pincha yelka suyagi solingandan so‘ng Dezo bog‘lami qo‘llaniladi.Pastki jag‘ suyagini solish uchun shifokor o‘tirgan bemor qarshisida turadi va barmoqlarini bemor og‘ziga tiqadi. Barmoqlar ikkala tomondan jag‘ tishlar ustida bo‘lishi kerak, so‘ngra bosh barmoqlar bilan pastki jag‘ni pastki qo‘l bilan bosilib, shu onda boshqa barmoqlar yordamida bemor iyagini yuqoriga ko‘tariladi.Jag‘ solinayotgan paytda bemor vrach barmoqlarini tishlab olmasligi uchun og‘iz kengaytirgich ishlatish yoki barmoqlarni bog‘lam bilan mahkam bog‘lab qo‘yish zarur.Chiqqan suyak o‘z joyiga tushirilgach uning kapsulasi tuzalguncha fiksatsiya qilib qo‘yish lozim. Shuningdek suyak joyiga solingach, albatta qaytadan rentgen qilinadi. Fiksatsiya qilingan bog‘lam olingach massaj va shunga o‘xshash fizioterapevtik muolaja, davolash badantarbiyasi kabi usullar qo‘llaniladi. Agar chiqishlarni davolashning iloji bo‘lmasa, unda operatsiya metodi ishlatiladi. Shuningdek xirurgik davo usuli eskirgan chiqishlarda ham qo‘llaniladi (bu holda plastik operatsiyalar yoki bo‘g‘imni endoprotez qilinadi).Patologik chiqishlar bo‘g‘im kapsulasi va paylarni buzishga sabab bo‘ladigan patologik jarayonlar (o‘sma, sil, yiringli infektsiya) bo‘g‘im yuzalarining bir-biriga nisbatan qisman (yarim chiqish) va to‘la siljishiga (chiqishiga) olib borish natijasidan iborat.Mushak va asab to‘qimalari tizimining tiklanishi. Mushak to‘qimalarining-lat yeyishi ham ko‘p uchraydi. Lat yeyish.Shikastlanishlar ichida urib olish tufayli lat yeyish juda ko‘p uchraydi ko‘pincha bu holat, o‘tmas predmet ta’sirida sodir bo‘ladi. Lat yeyish musht, tosh, tayoq bilan urish yiqilish natijasida kelib chiqishi mumkin. Yumshoq to‘qimalarning shikastlanishi bilan qon tomirlarining uzulishi lat yeyishga hosdir. Bunda to‘qimaga qon quyiladi. Lekin teri qoplami butunligi buzilmaydi. To‘qimalar orasiga qon tarqalishi, qontalash deb ataladi. Kattaroq qon tomir shikastlangan bo‘lsa, qon ko‘p miqdorda to‘planadi va gematoma hosil bo‘ladi. Urib olish natijasida ichki organlar (o‘pka, jigar, buyrak, ichaklar) shikastlanishi mumkin. Bunda shok holati ro‘y beradi. Lat yeyishning belgilari turli darajadagi og‘riq shu joyning shishishi, organ funksiyasining buzilishi va qon quyilishidir. Harakat qilganda og‘riq kuchayadi. Tinch holatda og‘riq kamayadi. Teri ostiga quyilgan qon rangi vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi va so‘rila boshlaydi. Qontalashning rangiga qarab qachon paydo bo‘lganligini aniqlash mumkin: birinchi kunlari gemotoma sohasi qizil bo‘ladi, so‘rilish boshlangandan so‘ng yashil va sarg‘ish rangga kiradi. Lat yegan odamga birinchi yordam berish uchun uni tinch quyish, qon quyilishini kamaytirish va og‘riqni qoldirish uchun shikastlangan sohani yuqori ko‘tarib qo‘yish kerak, hamda sovuq kompress buyuriladi (sovuq suvga namlangan sochiq qo‘yiladi), bintli bog‘lam qo‘yiladi. Gematomaning so‘rilishini tezlatish uchun 2-3 kundan keyin issiq kompress, vanna, UVCH, sollyuks va massaj qo‘llaniladi.
Asosan trenirovka paytida,o‘tmas predmet bilan jarohat olishi mumkin.Jarohat olgan paytda shu jarohat olgan joyda ko‘karish bo‘ladi,shish,ko‘karish boladi.Mushak to‘qimasi shikastlanganda tiklanish xususiyatiga ega bolib o‘z holiga qaytadi.Asab toqimasining zararlanishlari ham uchraydi.Shulardan:miya urilishi.Miya urilishi og‘ir shikast hisoblanib, bunda miya moddasi zararlanadi, ba’zan miya to‘qimasi shikastlangan sath proektsiyasida bo‘lmasdan, balki qarama-qarshi miya sathida vujudga keladi, bu holatga qarshi urilish belgisi deyiladi.Miya urilishida miya hujayralarining qon tomirlari buzilib, travmatik shish rivojlanadi, anatomik aloqa buziladi, miya to‘qimasida yumshash va nekroz o‘choqlari ro‘yobga keladi. Keyinchalik quyilgan qon so‘rilishi mumkin.Miya urilishida bemor uzoq vaqt bexush yotadi. Asosiy belgilari, miya chayqalgandagidek bo‘lib, biroq ulardan ancha og‘irroq o‘tadi. Bemorning harorati o‘rtacha oshadi. Qon quyilishi yumshashi va nekrozga uchrashi kuzatilgani uchun har xil nevrologik simptomlar vujudga keladi. Bular mimika, qo‘rish, gapirish, sezish belgilarining buzilishi, koordinatsiya va harakatdagi o‘zgarishlardan iborat. Ko‘pincha kalla-miya asab faoliyatining zararlanish simptomlari paydo bo‘ladi. Orqa miya suyuqligida qon borligi aniqlanadi. Kasallik uch xil darajadagi og‘irlikda kechadi: yengil, o‘rta va og‘ir.Miya urilishini davolash xuddi miya chayqalishini davolashga o‘xshaydi, ammo o‘rinda yotish rejimi uzoqroq davom etadi - o‘rtacha 1 oygacha; falajlik yoki parxez rivojlangan bo‘lsa, muolajalarning ikkinchi va uchinchi kunlaridan boshlab, davolash fizkultura mashqlari olib boriladi. Miya qisilishi.Miya qisilishi bu kalla suyagi ichida yig‘ilgan qon yoki singan kalla suyagi parchasining miya moddasini ezib qo‘yishdan iborat. Kalla suyagi ichiga qon ketishi 80% hollarda uning tarmoqlarini zararlashi natijasida vujudga keladi, Shuningdek 20% da venoz sinuslari kalla suyak vena tomirlari butunligining buzilishi natijasida yuzaga keladi. Miya qisilishining belgilari ham qon quyilganda (30-40 ml) - gematomada ham namoyon bo‘lishi mumkin. Qon nafaqat miyaning tashqi qavati ustida (epidural gematoma),shuningdek ostida (subdural gematoma) va miya to‘qimasining o‘zida - miya ichida (intrakranial gematoma) ham bo‘lishi mumkin.Travmadan so‘ng yengil vaziyat belgisi bo‘lib, u bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi.Shikastlangan kishi hushidan ketmaydi (yoki tez hushiga keladi), travmadan so‘ng ishga borishi, yurishi mumkin. Bosh og‘riq qisqa vaqt bo‘lib, o‘tib ketadi yoki juda kuchli, chidab bo‘lmaydigan bo‘lishi ham mumkin. Bosh og‘rig‘i bilan birgalikda bemorning ko‘ngli aynib qusadi, boshi aylanib harakatlanishi, muvozanat saqlashi qiyinlashadi.Nafas olishi tezlashib yuzaki bo‘ladi. Pulsi siyrak ammo yaxshi uradi, ya’ni miya tomir urishi yoki miya qisilishi tomir urishi belgisi kuzatiladi. Miya qisilgan tomonda qorachiq kattalashadi. Qarama-qarshi tomonda esa reflekslar yo‘qolib, falajlik paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zida falajlik oldidan qisqa vaqt tirishish paydo bo‘ladi. Bemorning ko‘z oldi qorong‘ilashib xushidan ketadi.Miya to‘qimasi qisilishining og‘ir - yengilligiga qarab uning belgilari erta va kech namoyon bo‘ladi. Agar zararlangan kishiga o‘z vaqtida yordam berilmasa, terminal holat paydo bo‘ladi. Bemor o‘lishi mumkin.Bu bemorlarga faqat jarrohlik usuli bilan davo qilinadi. Kalla suyagi trepanatsiya qilinadi, qon ketayotgan tomir bog‘lanadi, gemotoma yoki suyak siniqlari olib tashlanadi. Gematomaning lokalizatsiyasi angiografiya, kompyuter-tomografiya va elektro-entsefalografiya instrumental tekshirishlar bilan aniqlanadi. Operatsiyadan so‘ng bemor ahvoli tez yaxshilanadi, shundan so‘ng boshqa muolajalar olib boriladi. Miya qisilganda, urilganda meningit, araxnoidit, miya abstsessi, travmatik epipepsiya, ruhiy buzilishlar, bosh aylanishi og‘riqlar kabi asoratlar bo‘ladi.Orqa miyaning yopiq shikastlanishi. Orqa miyaning yopiq shikastlanishi ko‘pincha transport jarohatlarida uchrab umurtqa pag‘onasining sinishi bilan kechadi.Orqa miyaning chayqalishi, orqa miya zararlanishining yengil og‘irlikdagi turiga kiradi. U sezishning kamayishi va parezlar bilan harakterlanib shikastlanishdan so‘ng vujudga keladi. Siydik ajralishi buzilishi va ichak atoniyasi vujudga keladi. Bu belgilar asta-sekin kamayib bir necha hafta ichida yo‘qolishi mumkin.Orqa miyaning urilishi. Og‘ir shikastlar qatoriga kirib, orqa miya to‘qimasiga qon quyilishi sababli uning nekrozi qayd qilinadi.Bu shikastdan «Spinal shok» paydo bo‘ladi. Orqa miya zararlanganda, sezuvchanlik qisman yoki butunlay buziladi, ikkala tomonda - harakat falajligi paydo bo‘ladi. Reflekslar yo‘qoladi. Siydik va ich kelish funksiyalari yomonlashadi. To‘qima trofikasi buzilish natijasida keyinchalik yara - chaqalar vujudga keladi.Chayqalishga qaraganda urilishning klinik belgilari 3-5 haftaga cho‘ziladi. Agar orqa miya to‘qimasida shikastlanish natijasida yumshagan o‘choq bo‘lsa, uning faoliyati yaxshi bo‘lishi qiyin.Orqa miya chayqalishi va urilishi konservativ davolanadi: uzoq osoyishtalik rejimi va orqa miya faoliyati rag‘batlantiriladi. Orqa miyaning qisilishi umurtqalar sinishida yuzaga keladi.Shikastlanish ro‘y berishi bilan undan pastki sohalardan sezishning butunlay yo‘qolishi va 2 tomonlama harakat falaji, reflekslar yo‘qoladi va trofika va chanoq organlar funksiyasi buziladi. Yuqorida qayd qilingan orqa miya shikastlaridan farqli o‘laroq bu zararlanish uzoq vaqtgacha asli holatiga qaytmaydi, bemorlar nogiron bo‘lib qoladilar. Bu shikastga diagnoz qo‘yishda kompyuter tomografiya, orqa miya kanali kontrast rengenagrafiya qilinadi, dinamikada orqa miya suyuqligini (likuar) olib tekshiriladi, davolash ta’siri kuzatilib turiladi.Agar Orqa miya shikastlangan bo‘lsa, umurtqalar orasida qisilib qolgan bo‘lsa yoki umurtqa bir-biridan siljib qisilsa, unda umurtqa kanali (bir necha umurtqa o‘simtasi oralig‘ida) ochiladi - laminektomiya qilinadi va orqa miya qisilishdan saqlanadi. Operatsiyadan keyin tuzilash davri sekin bo‘lib, bir necha oygacha cho‘ziladi. Bunday holda, qovuq, ajratish a’zolarining faoliyatini nazorat qilib turishi lozim.Agar orqa miya ko‘ngdalangiga uzilsa operatsiya yordam bermaydi va bemor infektsiyadan nobud bo‘ladi. Orqa miya travmasining oqibati, uning kuchi bilan birga zararlangan joyi ham ahamiyatlidir. Sportda zo‘riqishlar, kasallanishlar va jarohatlarning odini olish.Katta sportda jarohatlar va zo‘riqishlarning oldini olish yuzasidan o‘tkaziladigan sanitariya-gigiena tadbirlari bu sohadagi pedagogik choralarga qo‘shib olib boriladi, ko‘p hollarda esa ular bir-biriga muvoffiq keladi.Chunonchi, yuqorida aytib o‘tilgan trenirovkalar, mikrotsikllar, mezo va mikrotsikllar nagruzkasini normallashtirish va ularning strukturasi pedagogik talablarga ham gigiyenik talablarga ham javob beradi. Quyida gap boradigan boshqa tadbirlarda esa gigiyenik harakter yaqqol ko‘zga tashlanib tursada, lekin ularni bilish va bajarish pedagogdan ham talab qilinadi.O‘quv-trenirovka va musobaqa jarayonlaridan salomatlik uchun noqulay bo‘lgan faktorlarni chiqarib tashlash kerak. Bu faktorlarni to‘rtta gruppaga ajratish mumkin.Birinchi gruppaga trenirovka va musobaqalar rejimining turli tarzda buzilishi kiradi. Masalan, trenirovkalarning muntazam o‘tmasligi, trenirovka va musobaqalar grafigining odatdan tashkari zichlashtirib tig‘iz qilinishi - bu shunga olib keladiki, takroriy nagruzka kuch-quvvat yetarli darajada tiklanib ulgurmagan bir sharoitda bajariladi, nagruzkalar hajmi va intensivligining keskin ko‘tarilib ketishi, trenirovkalar to‘xtab qolganidan keyin katta nagruzkalarning bajarilishi va shunga o‘xshashlar.Trenirovka nagruzkasining strukturasi ham ahamiyatga ega. O‘rganish bo‘lmagan, odatdan tashqari nagruzka ham shikastlanishga olib keladi. Quyidagi kuzatuv buning misoli bo‘lishi mumkin. Malakali voleybolchilar komandasi qish davrida shaharda, sport zalida trenirovka qilar edi; mashq texnikasi takomillashtiriladi, o‘yinning taktik variantlari mashq qilinardi, sakrash mahoratini oshirishga, maxsus tezlik-kuchini oshiradigan tayyorgarlik mashqlariga (hujumkor zarblarga, blok qilishga, himoya vaqtida to‘pni tutish priyomlariga) anchagina e’tibor berilar edi; shunday qilib, nagruzka ko‘proq anaerobik harakter kasb etar edi.Bahorga kelib, komanda janubga jo‘natdi va bu yerda darhol chidamlilikni oshiradigan katta trenirovkalar (krosslar, stadion bo‘ylab udoq vaqt yugurish) ni boshlab yubordi. Oradan bir necha kun o‘tgach, bir necha sportchida umumiy va lokal zo‘riqish alomatlari paydo bo‘lib qoldi. Bunga shubhasiz, trenirovka nagruzkalari harakterining hamda ob-havo, iqlim sharoitining keskin ravishda almashtirilishi sabab bo‘lgan.Shundan keyingi yillarda xuddi mana shunga o‘xshash sborlarda birinchi haftadayoq (keskin adaptatsiya davri hisoblangan bir paytda) nagruzkalarni asta-sekin, izchillik bilan oshirib borildi (jalb qiluvchi mikrotsikl joriy etildi) va odatdagidek zo‘riqishlar kuzatilgani yo‘q.Trenirovka nagruzkasining bir xil harakterda bo‘lishi ham salbiy ro‘l o‘ynashi mumkin. Hozirgi vaqtda bir trenirovkada, bir mikro va mezo tsikllarda trenirovka nagruzkasi ko‘proq bir yo‘nalish harakterida o‘tkazilmoqda. Bunday deyilgan vaqtda rivojlantirilayotgan harakat sifati (masalan, chidamlilik) tushuniladi. Biroq, unchalik katta bo‘lmagan hajmdagi trenirovka programmasiga boshqa yo‘nalishdagi nagruzkalar ham kiritilishi kerak. Ular ko‘maklashuvchi vazifani ado etadi yoki aktiv dam olish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.Noqo‘lay faktorlarning ikkinchi gruppasiga iqlim, ob-havoning - haroratning past yoki yuqori bo‘lishi, namlikning yuqori yoki past bo‘lishi, barometrik bosimning past bo‘lishi, kislorod - partsial bosimining pasayib ketishi va boshqa shunga o‘xshash faktorlar kiradi. Trenirovkalar vaqtida havoning turli shaklda ifloslanishi ham (is gazi, oltingugurt gazi va boshqalar) mana shu gruppaga kiradi. Havoning oz miqdorda bo‘lsa ham zaharli gazlar bilan ifloslanishi nagruzka bajarish vaqtida ventilyatsiya hajmining oshib ketishi tufayli salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.Noqulay ta’sir ko‘rsatuvchi omillarning uchinchi gruppasiga kundalik turmush rejimining buzilishini - ovqatlanish, uyqu rejimining, bioritmlarning, masalan, boshqacha vaqt-soat mintaqasidagi yangi joyga ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlarni kiritish mumkin. Ovqatlanishdagi salbiy ta’sir ovqat ratsionidagi oziq moddalarning nisbati noto‘g‘ri olinishi oqibatida oqsillar, vitaminlar, minerallar, mikroelementlar, biologik jihatdan aktiv moddalar (masalan, o‘simlik moyi tarkibida mavjud bo‘lgan to‘yinmagan kislotalar) yetishmasligi oqibatida bo‘lishi ham mumkin.Shuni hisobga olish kerakki, sportchining organizmi energiyaning ortiq darajada sarflanishi va har xil struktura o‘zgarishlariga duch kelganligi natijasida ovqat tarkibi va ovqatlanish rejimidagi kamchiliklarga ko‘proq darajada sezgir bo‘lib qoladi. Hayotda bo‘lib turadigan turli stressli holatlar - psixik jarohatlar - yaqin kishisining o‘limi yoki kasal bo‘lib qolishi, ishdagi noqulay vaziyat va zo‘riqishlar, oiladagi kelishmovchiliklar, endogen (ichdan sodir bo‘ladigan) depressiyalar ham mana shunday salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi faktorlar gruppasiga kiritilishi mumkin. Sportchi tevaragidagi (komandadagi, oilasidagi) mikrosotsial sharoit ham uning atrofidagi psixologik muhit ham muhim ahamiyatga egadir.YUSYU uchun mo‘ljallangan mashg‘ulotlar katta psixik-emotsional nagruzkalarni bajarish bilan bog‘liqdir. Agar sportchi komandasida do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan bo‘lsa, sport bellashuvlari sovet vatanparvarligi, xalqlar do‘stligi va tinchligining yuksak ideallarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida, halol sport kurashlari ruhida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, trenirovka-gigiena rejimini bajarish uchun ijobiy psixologik stimul yaratiladi, ana o‘shanda sportchining nihoyatda o‘tkir talantini ko‘klarga ko‘tarib maqtagan «muxlislar» va «do‘stlar» ning alangali nuqtalari ham sportchining taltayib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday «do‘stlar» kompaniyasi so‘zlagan nutqlar egoizmi tarbiyalab qo‘yishi ham mumkin, sportchi hatto gigiyenik rejim buzilgan hollarda ham o‘zini yengilmas ekaniga ishonib kekkaya boshlaydi, sport natijalariga so‘zsiz salbiy ta’sir ko‘rsatadigan spirtli ichimliklarni iste’mol qila boshlaydi.Kuch-quvvatni tiklash vositalaridan (ayniqsa, xammomdan) farmakologik va vitaminli preparatlardan noratsional foydalanish ham salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ichkilik va chekish sportchilarning jarohatlanish xavfini va zo‘riqishi ehtimolini oshiradi. Spirtli ichimlikning hatto ozgina dozasi ham harakatlar koordinatsiyasini buzadi va u turli shikastlanishlarga, ayniqsa sportning texnik jihatidan murakkab turlari (tog‘ chang‘isi, velosiped, motosport, gimnastika, akrobatika, suvga sakrash va boshqalar) ni bajarish vaqtida turli jarohatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Ichkilik va chekish intensiv jismoniy zo‘riqish sharoitida ichki a’zolarga - jigarga, oshqozon osti beziga buyrakka, yurakka nihoyatda yomon ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Organizmning kontrol funksiyasini, ya’ni uning o‘zini-o‘zi nazorat qilish funksiyasini buzadigan doping preparatlari g‘oyat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.Salomatlikka noqulay ta’sir ko‘rsatadigan faktorlarning to‘rtinchi gruppasiga surunkali infeksiyalar, ayniqsa, surunkali tonzillit, gaymorit, otit, xoletsistit tishlar kariesini kiritish mumkin. Ular sportchi organizmining jismoniy nagruzkalar ta’siriga barkarorligini pasaytiradi, ya’ni zo‘riqish avj oladigan barqarorligini pasaytiradi, O‘tkir infektsion kasalliklar (gripp) dan keyin kuch-quvvatni yetarli darajada tiklab olmasdan boshlab yuborilgan sport mashg‘ulotlari ham organizmga yuqoridagidek salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.Nerv sistemasining funksional holatidagi kamchiliklar (nevrozlar, neytrotsirqo‘lyatorli disponiyalar) va endokrin bezlaridagi (qalqonsimon bezlardagi, buyrak usti bezlaridagi, gipofizadagi) nosog‘liqlar sportchining sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Sport bilan shug‘ullanadigan kishilarda shunday nozik organlar va sistemalar mavjudki, ular hammadan ko‘ra ko‘proq shikastlanib, jarohatlanib turadi. Bunday hollar goho sport bilan shug‘ullanishni vaqtincha to‘xtatib turishni taqozo etibgina qolmay, hatto ularning ayrimlari sportni tashlagandan keyingi hayotga va salomatlikka ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Masalan, ko‘pgina sport turlari uchun tayanch-harakat apparati, ayniqsa, nozik a’zolardan hisoblanadi. Katta nagruzka bilan bajariladigan sport turlarida oyoq uchiga, tovon-to‘piqlarga nihoyatda zo‘r keladi va ko‘pincha ana shu a’zolarning boshqa organlarga qaraganda ko‘proq shikastlanishi kuzatiladi. GDRda gimnastika bo‘yicha xotin-qizlar milliy terma komandasi tadqiq etilgan vaqtda, ularning 66% ida tovon-to‘piqlar deformatsiya bo‘lgani aniqlangan. Buni tadqiq etgan kishilar shunday bo‘lishiga sabab o‘sha sportchilarning juda yosh chog‘idan boshlab intensiv trenirovka bilan mashg‘ul bo‘lganliklari va tez-tez kichik jarohatlarga chalinib turganliklaridar, deb hisoblaydilar. Bunday o‘zgarishlar sport bilan shug‘ullanish to‘xtatilgach. Oradan bir necha yil o‘tganidan keyin tovon-to‘piqlar funksiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ham aniqlangan.Bunday kamchiliklarning oldini olishda shug‘ullanuvchini tanlash, mahsus mashqlar o‘tkazish va ortopedik poyabzallarni qo‘llash yaxshi yordam berishi mumkin. Sport nagruzkalari ko‘tarilayotgan vaqtda tovonlarning yerdan yuqori turgani maqul. Oyoq tagini, tovonlarni mustahkamlaydigan maxsus mashqlar (tayoqchani oyoq ostiga olib yumalatish, to‘piqlarni bukish, maxsus sakrash mashqlari va boshqalar) trenirovkaning tayyorgarlik qismida hamda trenirovkalar orasida mustaqil ravishda bajarilishi kerak.Umurtqa pog‘onasining shikastlanishi, ayniqsa gimnastikachilarda, kurashchi-polvonlarda nisbatan tez-tez kuzatiladi. Bunday shikastlanishlarning oldini olish uchun sportning mazkur turlariga odam tanlashda, umurtqa pog‘onasining ahvoli qanday ekanini hisobga olish hamda patalogik o‘zgarishlar ko‘zga tashlangan zahoti sport bilan shug‘ullanishni cheklab yoki to‘xtatib quyish, trenirovka tarkibiga bel va qorin mushaklarini mustahkamlovchi, kuchni oshiradigan, mushaklarga madad beruvchi mashqlardan kiritish kerak; mushaklar kuchini oshirish bilan baravar mashq bajarishning murakkab texnik priyomlarini o‘rganib, ularni bir-biriga ratsional tarzda qo‘shib olib borish kerak. Buzilgan funksiyalarning tiklanishi.Odam kasallikka chalinganida uning to‘qimalari, organlarining tuzilishi va ularning funksiyalari buziladi. Buzilgan funksiyalarni boshqa organlari yordamida tiklash (kompensatsiya) uchun organizmda moslashish protsessi kechdi. Bunday kompensatsiyaning turlari bir necha xil bo‘ladi. Jumaladan, bir buyrak kasallanganda ikkinchi buyrak o‘z vazifasini kuchaytiradi. Bir o‘pka shikastlanganda ikkinchi sog‘lom o‘pka o‘z vazifasini oshirib organizmni kerakli kislorod bilan ta’minlaydi. Yirik qon tomirlar jarohatlanganda qon aylanish mayda qon tomirlar jarohatlanganda qon aylanish mayda qon tomirlar hisobiga rivojlangan kollateral tomirlar va anastomozlashgan tomirlar orqali tiklanadi. Doimiy jismoniy mehnat va sport bilan shug‘ullangan odamlarning yurak mushaklari yo‘g‘onlashib (gipertrofiya) ancha baquvvat tortadi. Bu kabi kompensatsiyani organizmning boshqa qismlarida, organ va to‘qimalarida ham kuzatish mumkin. Lekin funksional kompensatsiya hamma vaqt ham to‘la bo‘lavermaydi. Ba’zida u qisman bo‘lib, buzilgan funksiyani to‘la tiklay olmaydi. Masalan, odam tinch holatda yurak progini sezmasa-da, jismoniy mehnat vaqtida yurak organizmga kerakli bo‘lgan qonni yetkazib bera olmaydi, demak, kompensatsiya to‘la bo‘lmagan bo‘ladi. Ba’zan kompensatsiya vaqtincha bo‘ladi. Jumladan, gipertoniya kasalligida qon bosimi oshgan sari yurak hajmi ham (gipertoniya) kattalashadi, tomirlarda o‘zgargan qon oqishini kompensatsiya qiladi. Ammo bunday kompensatsiya uzoqqa cho‘zilmaydi, yurak mushaklari cho‘zilib, qisqarish kuchi kamayadi. Natijada, qon aylanishi buzilib, kompensatsiya ro‘y beradi.Gipertrofiya (grekcha hyper - ortiq, trophe - oziqlanish) ma’lum sharoitga moslashish uchun organ yoki uning alohida qismi kattalashib, vazifasi kuchayadi. Gipertrofiya chin va sohta bo‘ladi.Chin gipertrofiyada ko‘pincha organlar vazifalarining oshishi tufayli hujayralarining hajmlari kattalashib, sonlari (giperplaziya) oshadi. Natijada, organlar hajmi kattalashadi, oqsillar almashinuvi kuchayadi, chin gipertrofida RNK miqdori ortadi, fermentlar aktivligi zo‘rayadi. Sohta gipertrofiyada esa organlar hajmi ko‘pincha Yog‘ to‘qimalarining to‘planishi orqali vujudga keladi. Bunda organning parenxima qismi kattalashmasdan, aksincha, kichrayishi (atrofiya) kuzatiladi.Organlar, to‘qimalar jismoniy mexnat, sport bilan shug‘ullanganda ham gipertrofiyalanadi. Bunga ishchi gipertrofiya deyiladi. Gavda mushaklarining yoki organlarining hajmi ba’zi kasalliklarga qarshi zo‘r berib ishlaganda ham kattalashadi. Bunga kompensator gipertrofiya deyiladi. Masalan, qon bosimi oshganda qon tomir bo‘shliqlari torayib, qon aylanishi qiyinlashadi. Qon aylanishini normal ta’minlash uchun yurak zo‘r berib ishlaydi. Bu hol yurak gipertrofiyasiga sababchi bo‘ladi. Bir o‘pka kasallansa, ikkinchisi gipertrofiyalanadi va x.k.Ishchi gipertrofiya silliq mushakli organlarda ham kuzatiladi. Masalan, ichak yo‘lining bir joyi toraysa, uning yuqori qismi gipertrofiyaga uchraydi. Biroq buyrak ishlamasa yoki olib tashlansa, uning vazifasini ikkinchi sog‘lom buyrak bajaradi, hajmi esa kattalashadi. Bunga vikar (lotincha vikarius - o‘rnini bosuvchi) gipertrofiya deb ataladi. Gipertrofiyaning bu turlari kompensator moslashish natijasida vujudga keladi. Jumladan, gipertrofilashgan yurak mushaklarining qon bilan ta’minlanishi vaqti kelib normadan pastga tushib ketadi. Natijada, gipertrofiyalangan mushak tolalari yetarlicha qon bilan ta’minlanmasligi oqibatida ularda distrofik o‘zgarishlar rivojlanadi. Yurak mushaklarining qisqaruvchanlik qobiliyatlari pasayadi. Oxiri yurak gipertrofiyasi dekompensatsiya vazifasini o‘taydi.Moddalar almashinuvining neyro-gumoral idora etilishining buzilishi yoki ba’zi gormonlarning ta’siri ham organlarning gipertrofiyasiga olib kelishi mumkin.Regeneratsiya - jarohatlangan yoki yaralangan to‘qimalarning o‘z butunligini tiklash protsessida fiziologik moslashish xossasi bo‘lib, bunga regeneratsiya deyiladi.Regeneratsiyaning ikki turi - fiziologik va tiklanuvchi turi tafovut qilinadi.Fiziologik regeneratsiya kundalik normal hayotda halok bo‘lgan hujayralar o‘rnini uzluksiz yangi hujayralar bilan almashishidir. Jumaladan, epiteliyning chuqur qavat hujayralari va suyak ko‘migidagi qon hujayralarining o‘lganlari o‘rnini yangi hujayralar to‘ldiradi. Odamning qon hujayralari o‘rtacha bir oy davomida yangilanadi.Tiklanuvchi regeneratsiya jarohatlangan to‘qimalarda mavjud bo‘lib, sog‘lom qolgan hujayralarning ko‘payishi oqibatida nuqson tiklanadi. Bunda nuqsonga yaqin sog‘lom to‘qimalarda kompensator gipertrofik jarayon (regeneratsion gipertrofiya) rivojlanadi.Ko‘pchilik organlarda regeneratsiya markazlari bo‘ladi. Masalan, suyak singanda, suyak usti pardasi regeneratsiya markazi bo‘lib xizmat qiladi. Bunday markaz qon uchun ko‘mik hisoblanadi va x.k. Odatda to‘liq va chala regeneratsiya tafovut qilinadi. To‘liq regeneratsiyada nuqson o‘rnini bosgan to‘qima ham tuzilishi, ham funksiyasi jihatidan yo‘qolgan to‘qimaga batamom o‘xshash bo‘ladi.Chala regeneratsiyada esa nuqson o‘rni biriktiruvchi to‘qimadan rivojlangan chandi bilan qoplanadi.Regeneratsiya muddati organizmning umumiy holatiga, asab - gumoral faktorga, tashqi va ichki muhitga, yoshga va endokrin bezlar funksiyasiga bog‘liq. Regeneratsiya yoshlarda tezroq, qarilarda, aksincha sekinroq davom etadi. Ba’zan regeneratsiya vaqtida to‘qimalar ortiqcha rivojlanadi. Jumaladan, suyak siniqlari bitish vaqtida ortiqcha ‘ to‘qimalarning aydo bo‘lishi suyakning yo‘g‘onlashishiga olib keladi. Regeneratsiyaning rivojlanishi uchun shikastlanish xarakteri, infektsiyaning bor yoki yo‘qligi va jarohatdagi yot jismlarning bo‘lish - bo‘lmasligiga bog‘liq. To‘qimalarning kichikroq nuqsonlarida regeneratsiya to‘liqroq bo‘ladi, katta nuqsonlarda esa chandiq hosil bo‘ladi. Regeneratsiya turli to‘qimalarda turlicha bo‘ladi.Biriktiruvchi to‘qima regeneratsiyasida o‘zi tiklanibgina qolmay, balki u boshqa to‘qimalar tiklanishida ham ishtirok etadi. Qon shaklli elementlari kamroq qon yo‘qotganda tezroq va to‘la tiklanadi. Ko‘proq qon yo‘qotganda esa doim shaklli elementlarning ishlab chiqaradigan ko‘mikdan tashqari moyli (sariq) ko‘mikda, jigarda ham qon yaratuvchi bo‘lakchalar paydo bo‘ladi. Bunday bo‘lakchalarga ko‘mikdan tashqaridagi (ekstramedullyar) qon yaratuvchi bo‘lakchalar deyiladi.Tog‘ay to‘qimasi o‘z vazifasini bajarish vaqtidagina regeneratsiyalanadi.Mushak to‘qimasi, ayniqsa, ko‘ndalang-targ‘il mushak to‘qima to‘la regeneratsiyalanmasdan, shikastlangan joyda chandiq qoladi. Epitelial to‘qimada (ayniqsa shilliq qavat va terida) yaxshi regeneratsiyalanadi. Markaziy asab tizimi hujayralari deyarli regeneratsiyalanmaydi. Bosh miya jarohati asosan nevrologiya to‘qimasi yoki miya parda to‘qimasi bilan to‘ldirilib bitadi. Periferik asablar jarohatlanganda ularning markaziy qismi (hujayralari) saqlangan bo‘lsa, yaxshi regeneratsiyalanadi. Jarohatlangan asabning periferik qismi odatda halok bo‘ladi. Sport bilan bo‘liq shikastlanishlar, sabablari va ularning profilaktikasi.Shikastlanishlarning sababi bu hafvsizlik qoidalariga rioya qilmaslik natijasida kelib chiqadi. Shikastlanishlarning oldini olish uchun asosiy tadbir bo‘lib otadigan joyning asbob uskunalarini to‘gri joylashtirish va ularning yaxshi holatda saqlash hisoblanadi.Har bir darsdan oldin va dars paytida uskunalarning ayrim qismlari yaxshi o‘rnatilganligini tekshirib ko‘rish kerak.Har bir trenirofka mashg‘ulotlarida va musobaqadan keyin zalning,inventar va boshqa ishlatiladigan jihozlarning texnik va sanitariya jihatlarini ko‘rib chiqish kerak.Shikastlanishning oldini olishda kiyim va payabzallarga qo‘yilgan gigiyenik talablarga rioya qilish muhim ahamiyat kasb etadi.Masalan,shikastlanishga harakatning qisib turuvchi kiyim sabab bo‘lishi mumkin,yaxshi kiyilmagan poyabzal ipining yomon bog‘lanishi,kiyimlarda metall buyumlarning bo‘lishi,terining jarohatlanishi kuzatilishi mumkin.Shikastlanish muhitning noqulay sharoitlari tufayli ham vujudga keladi.Temperatura va havoning pasayishi tananing sovushiga va mushak paylarining cho‘zilishiga olib keladi.Shikastlanishning sababi zalning noto‘gr’i yoritilganligidan ham bolishi mumkin.Chunonchi,qandillarning yaraqlashi, ko‘z oladigan darajada yorug‘ bo‘lishi,himoya moslamalari bo‘lmaganligi,ko‘zni tasirlantirishi,diqqatni pasayishi,charchatib qo‘yishi mumkin.Bunday holatda sportsmenlar ko‘zi qamashib jarohat olishi mumkin.Jarohatlanish asosan haddan tashqari ko‘p jismoniy ishdan keyin,musobaqalarda haddan ko‘p qatnashishdan holdan toyishdan,trenirovkaning metodik qo‘llanmalariga rioya qilmaslikdan kelib chiqadi.Sportsmenlarning tayyorgarligining yaxshiligining,jismoniy ish nagruzkasini ko‘tara olishini aniqlashda har kungi vrach tekshirishlari katta ro‘l o‘ynaydi.Bunda kasal bo‘lgan va shikastlangan sportsmenlar alohida kuzatuvga muhtojdirlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |