Malakaning ijobiy va salbiy ko‘chishi
Malakaning ko‘chishi (o‘tishi). Jismoniy tarbiyaning bilim berish vazifalaridan biri belgilangan harakat malakalari tizimini yaratishdir. Natijada bir vaqtning o‘zida yoki birin-ketin harakat malakalari shakllanib, bir-biriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Malakalarning o‘zaro ta’siri bir necha xil bo‘ladi:
Malakaning ijobiy ko‘chishi. Ijobiy ko‘chish malakalarning o‘zaro shunday munosabatiki, unda oldin hosil bo‘lgan malaka keyingi, yangisini shakllantirishga yordam beradi. Masalan, tennis to‘pini uloqtirish malakasi granata uloqtirish malakasini o‘zlashtirishni osonlashtiradi. Yangi hosil bo‘layotgan malakalar hayotiy tajriba va o‘rgatish natijasida asoslanib, avval shakllanganlariga tayanadi. Bunda oldin shakllangan malakalarning tuzilish jihatidan o‘xshash elementlari yangisini shakllantiradi.
Malakaning salbiy ko‘chishi. Oldin shakllangan malaka yangisini shakllantirish jarayonida qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. Bu ta’lim jarayonining cho‘zilishiga sabab bo‘ladi, jismoniy sifatlarning rivojlanishini orqaga suradi. Masalan, suvga sakrovchidan, gimnastikachidan sprinter tayyorlash yoki kurashchidan tennischi tayyorlashdek og‘ir jarayonni aytib o‘tish mumkin.
Ijobiy ko‘chishning foydali tomonidan iloji boricha samarali foydalanish va salbiy ko‘chish elementlaridan ogoh bo‘lish malakaning shakllanish jarayonini osonlashtiradi.
Xulosa
Harakatlarni o‘rgatishning boshlang‘ich payti shu harakatlar bilan oldindan tanishtirib chiqish hisoblanadi. Bunga harakatlarning ahamiyati va xususiyatini so‘zlab berish, namoyish etish, harakat texnikasining asosini qisqacha tushuntirib berish, shuningdek, amalda bajarib ko‘rsatish orqali erishiladi.
So‘zlab berilganda, o‘rganuvchilar harakatlardan ko‘zda tutilgan maqsadni, harakatlarning ahamiyatini tushunib olishlari kerak, suhbat ularda harakatlarni bajarishga qiziqish uyg‘otishi va harakatlarni o‘zlashtirish uchun zarur rag‘bat, irodaviy kuch hosil qilishga yordam berishi zarur.
Namoyish ikki ko‘rinishda amalga oshiriladi. Birinchidan, harakat tabiiy mukammallashgan ko‘rinishda namoyish qilinadi. Harakatni aniq, chiroyli namoyish qilish bu harakatga bo‘lgan qiziqishni va uni o‘zlashtirishga bo‘lgan istakni yanada oshiradi. Ikkinchi ko‘rinish faqat o‘rgatish xususiyatiga ega bo‘lib, o‘rgatilayotgan harakat texnikasi asosini shug‘ullanuvchilar ongiga singdirish maqsadini ko‘zlaydi. Harakatni bajarish texnikasining asosi dastlab maksimal darajada umumiy va qisqa qilib, usul va uning qismlarining aniq atama nomlarini aytgan holda tushuntirilishi kerak. Bu bosqichda harakatni bajarish texnikasini batafsil ravishda tushuntirish maqsadga muvofiqdir, chunki o‘rganuvchilar yangi axborotlarning ko‘pligidan butun tafsilotlarni eslab, harakat amallarini to‘la bilib olishlari mumkin emas. Yangi shartli harakat reflekslari birinchi navbatda his etish asosida paydo bo‘ladi, lekin ular o‘sha zahotiyoq tushunib olinsa, bu reflekslarning paydo bo‘lish jarayoni tezlashadi. Harakatning to‘g‘ri bajarilayotganligini bilish refleksni mustahkamlaydi, noto‘g‘ri harakat qilinayotganini bilish esa keraksiz harakat ta’sirining so‘nishiga yordam beradi.
O‘qituvchi onglilik va faollik tamoyiliga amal qilib, birinchidan, o‘rganuvchilar oldiga harakat vazifalarini asosli ravishda qo‘yishi va ularning bajarilishi kerak bo‘lgan narsani aniq tushunishlariga erishishi, ikkinchidan, berilgan harakatni qanday bajarish kerakligi haqida tasavvur yaratishi kerak. Harakatni dastlabki o‘rgatishning ko‘rgazmali bo‘lishi harakatning asosiy fazalari haqida his va tasavvur hosil qilish imkonini beruvchi xilma-xil usullar yordami bilan ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |