Jan-Mari Leklezio. Eh, o‘g‘ri, o‘g‘ri, shu ham hayotmi?! (hikoya)
Xo‘sh, hammasi nimadan boshlandi?
Bilmayman, bunga ancha bo‘lgan, hattoki, aniq vaqtini ham eslay olmayman. Men Portugaliyaning Eriseyra shahrida tug‘ilganman. Lissabondan uncha uzoq bo‘lmagan dengiz bo‘yidagi bu maskan o‘sha paytda baliqchilarning kichik bir qishlog‘i edi.
Otam siyosatni deb bizlarni tark etgach, oyim, xolam va men Frantsiyadan boshpana topdik; buvamni ham qaytib ko‘rmadim. Ayni urush tugagan yili edi, u o‘sha paytda qazo qilgan bo‘lsa kerak. Ammo men uni yaxshi eslayman, u baliqchi edi, menga ko‘p hikoyalar so‘zlab berardi, hozir esa portugalchani butunlay unutganman.
Onam ishlashga majbur bo‘ldi. Men uylarni ta’mirlash korxonasiga ishga kirdim, ishim yurishib ketdi. O‘sha paytlar el qatori yashardim: ishim bor, uylangandim, do‘stlarim ko‘p, ertangi kun haqida o‘ylamasdim. Meni na kasallik va na kulfat o‘ylantirardi, tinimsiz ishlardim, xolos, maoshim esa kam, qachondir taqdir menga kulib boqadimi-yo‘qmi, buni ham bilmasdim.
Keyinroq elektr sohasiga ishga o‘tdim: elektr simlarini tortardim, maishiy elektr jihozlari, yoritgichlarni o‘rnatardim, ularni ulab, o‘chirardim. Ishim zo‘r edi, o‘zimga ham yoqardi.
Bunga ancha bo‘ldi, ba’zan o‘zimdan chindan ham shunday bo‘lganmidi, deya so‘rayman; yo har kuni soat yettida uyga qaytib, eshikni ochishim bilan o‘z go‘shamning taftini sezgan, qulog‘imga bolalarimning quvnoq ovozlari eshitilib, xotinimga ko‘zim tushgach, u mening istiqbolimga chiqib, bo‘ynimga osilgan, tinkam qurigani sababli ovqatdan oldin o‘rnimga biroz cho‘zilib shiftga termilgan va unda ajabtovur ko‘lankalarni ko‘rgan paytlarimdagi tush emasmidi, deya xavotirlanaman. O‘shanda hech narsani o‘ylamasdim, meni na kelajak va na o‘tmish qiziqtirardi.
Endi-chi?
Eh, endi hammasi o‘zgarib ketdi. Eng yomoni, hammasi bir zumda sodir bo‘ldi. Aytishlaricha, korxona inqirozga uchrab, xo‘jayin bo‘ynigacha qarzga botgan, hamma narsa garovga qo‘yilgach, juftakni rostlagan, oqibatda uch oylik maoshimiz xo‘jayinning gardanida qoldi. Buning ustiga u yangi bir buyurtmaning haqini oldindan olgan ekan. Gazetalarda u haqda yozishdi, ammo uni qaytib ko‘rmadik – na o‘zini, na pulni. Hammamiz xuddi jarlikka qulagandek edik. Qolganlarga nima bo‘lganini bilmayman, nazarimda, ular boshqa yoqlarga ketishdi, chunki ularning yordam beradigan yor-birodarlari bor edi. Avvaliga hammasi yaxshi bo‘lib ketadi, deb o‘yladim, osongina biror ish topsam kerak dedim, ammo ish degani topilmasdi, chunki korxona egalari oilasiz odamlarni, asosan, ajnabiylarni yollashar, mabodo biror kor-hol bo‘lib qolsa, ulardan qutulish oson edi. Elektr sohasidagi ishga kelsak, mening diplomim yo‘q, hech kim meni diplomsiz ishga olmasdi. Oylar o‘tar, biroq omadim hech yurishmasdi; uyda qozon qaynamay qolgan, o‘g‘limning o‘qishiga to‘lashga pul yo‘q, xotinimning sog‘ligi yomonligi uchun ishga yaramas, hatto doriga ham pul topolmasdim. O‘sha paytda do‘stlarimdan biri uylandi va men uning o‘rniga uch oy Belgiyada turib, domna pechlarida ishladim. Bu ish og‘ir edi, men mehmonxonada yolg‘iz yashardim. Yaxshigina pul topib, “Pejo” rusumli kichikroq yuk mashinasi sotib oldim, hozir ham uni haydab yuribman. O‘sha paytlarda miyamga mashinamda qurilish maydonlariga yuk tashish yoxud bozorlarda meva-cheva olib-sotish bilan shug‘ullanishim mumkin-ku, degan fikr keldi. Biroq bu qiyin edi, yonimda hemiri ham yo‘q, hatto ishsizlik uchun oladigan nafaqamdan ham ayrilgandim. Oilam och qoldi – xotinim, bolalarim ochdan o‘lishlari mumkin edi. Ana shunda bir qarorga keldim. Boshida bu ish vaqtincha, ozgina pul topgach, tashlayman, faqat sabr qilsam, bas, dedim. Ammo, mana uch yildirki, bu ish davom etmoqda, endi bu yog‘iga ham biror narsaning o‘zgarishiga amin emasman.
Agar xotinim va bolalarim bo‘lmaganida, bu yerlardan bosh olib ketgan bo‘lardim, Kanadagami, Avstraliyagami, farqi yo‘q, bu bilan o‘z hayot tarzimni o‘zgartirgan bo‘lardim…
Do'stlaringiz bilan baham: |