Taraqqiyot psixologiyasining vujudga kelish tarixi. Taraqqiyot psixologiyasi fanining alohida tarmog‘i sifatida o‘zining kelib chiqish va rivojlanish tarixiga ega.
Taraqqiyot psixologiyasi fan sifatida XIX asrning ikkinchi yarmida tarkib topadi. Bunda taniqli rus pedagogi K.D. Ushinskiyning asarlari, ayniqsa uning “Inson tarbiya predmeti sifatida”3 nomli asari katta rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari Ch.Darvinning evalyusion g‘oyalari ham taraqqiyot psixologiyasining rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Evolyusion ta’limot psixik taraqqiyot manbalari muammosiga e’tiborini qaratishga olib keladi.
XX asrning boshlariga kelib, umumiy psixologiyadan o‘tkaziladigan eksperimental tadqiqotlarni pedagogika sohasiga shundayligicha o‘tkazish mumkin deb qaraladi. Ammo o‘sha davrning umumiy psixologiya fani pedagogika uchun etarli bilimlar boyligini bera olmas edi.
1906 yil Peterburgda pedagogik psixologiya bo‘yicha I - s’ezd chaqiriladi. Pedagogik psixologiya namoyondalari – A.P.Nemov, N.E. Rumyansev va boshqalar pedagogik adabiyotlarni keskin tanqid qilib chiqadilar. Psixologiyani pedagogik amaliyot bilan yaqinlashtirish eksperimental tadqiqotlarni ta’lim - tarbiya jarayonining o‘zida o‘tkazish orqaligina mumkin degan muhim xulosa chiqariladi. Ya’ni eksperimental ma’lumotlar tashqaridan emas, balki psixologo - pedagogik tadqiqotning o‘zidan olinishi kerak, degan xulosaga kelinadi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun esa Taraqqiyot psixologiyasining muhim nazariy va metodologik masalalarini hal qilishning to‘g‘ri yo‘llarini izlab topish lozim edi. Shu tufayli psixik taraqqiyotning manbalari va uning ta’lim jarayoniga munosabati masalasi taraqqiyot psixologiyasining markaziy muammosi bo‘lib qoladi.
XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida AQSH larida pedologiya deb ataluvchi yangi fan vujudga keladi. Uning namoyondalari – S.Xoll, E.Meyman, V.Preyer. Bu oqim nomoyondalari bola rivojlanishining biologik, fiziologik va psixologik nazariyalarini mexanik ravishda qo‘shadilar.
XX asrning 20-30 yillarida pedologiya “Bola haqidagi yagona marksistik fan” rolini da’vo qila boshlaydi va pedagogika hamda bolalar fiziologiyasini siqib chiqarishga xarakat qiladi.
Pedologlarning qarashlari idealistik va mexanistik xarakterda edi. Ularning o‘quvchilarning “aqliy qobiliyat koeffitsenti” ni aniqlashga oid testlari asosiz bo‘lib, psixologiya va pedagogikaga salbiy ta’sir ko‘rsatdi hamda maktabga katta ziyon etkazdi. SHuning uchun 30 yillarning boshlarida pedalogiyani keskin tanqid qilish boshlandi. 1936 yil 4 iyulda VKP (b) MK ining “Xalq maorifi kommissarligi sistemasidagi pedalogik buzg‘unliklar haqida”gi qarori chiqdi. Bu qarorda pedalogiya fani ilmiy nuqtai - nazarga zid ekanligi ta’kidlanib, katta tanqid ostiga olindi. Shu tariqa pedalogiya faniga barham berildi.
XX asrning 20-30 yillarida taraqqiyot va pedagogik psixologiyada juda ko‘p ilmiy - tadqiqot ishlari olib borildi, hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bir qancha psixologo - pedagogik konsepsiyalar vujudga keldi. Ayniqsa A.S.Makarenkoning bola shaxsi va bolalar jamoasiga bo‘lgan ilmiy qarashlari, L.S.Vigotskiyning oliy psixik funksiyalarning rivojlanish nazariyasi katta ilmiy qimmat kasb etadi.
Hozirgi kunda taraqqiyot psixologiyasi — psixologiya fanining eng rivojlangan sohasi hisoblanadi. Taraqqiyot psixologiyasi masalalari bilan bir qator ko‘zga ko‘rinarli psixologlar shug‘ullanganlar va shug‘ullanmoqdalar. Ulardan: B.G. Ananev, L.I.Bojovich, P.YA.Galperin, V.V.Davidov, A.V.Zaporojets, L.V.Zankov, G.S.Kostyuk, A.N.Leontev, N.A.Menchinskaya, N.F. Talizina, D.V.Elkonin va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Bolalar psixologiyasi muammolari bilan shug‘ullangan o‘zbek olimlaridan professorlar E.G‘. G‘oziev, M.G. Davletshin, M.Vohidov; R.I. Sunnatova, Z.T. Nishonova, dotsent S.A.Axunjanova, SH.A. Do‘stmuxamedova kabi psixologlarni keltirishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |