RENE JIL METODIKASI
Rene Jilning ushbu proektiv metodikasi bolaning shaxslararo munosabatlar hamda uning oilaviy munosabatlarni idrok qilish sohasini tadqiq qilish uchun mo‘ljallangan. Metodikaning maqsadi bolaning ijtimoiy moslashuvchanligini, shuningdek uning atrofdagilar bilan bo‘ladigan o‘zaro munosabatlarini o‘rganishdan iborat.
Metodika vizual-verbal xarakterda bo‘lib, bola yoki bola bilan kattalar tasvirlangan 42 ta rasm hamda matn shaklida berilgan vazifalardan tashkil topgan.
Metodika bilan ishlashga kirishishdan avval bolaga rasm asosida berilgan savolga javob berish lozimligi tushuntiriladi. Bola rasmlar bilan tanishib chiqqach, savollarni o‘qib yoki eshitib, ularga javob beradi.
Bola tasvirlangan odamlar orasidagi o‘zining o‘rnini topishi yoki guruhda qandaydir holatni egallagan personaj bilan o‘zini identifikatsiya qilishi lozim. Bunda u o‘zini rasmda berilgan muayyan shaxsdan uzoqroqda yoki yaqinroqda qilib tasvirlashi mumkin. Matnda berilgan vazifalarda bolaga xulq-atvorning tipik shaklini tanlash tavsiya qilinadi. Ba’zi bir vazifalar sotsiometriya usulida qurilgan.
Shunday qilib, ushbu metodika bolani o‘rab turgan kishilarga hamda holatlarga bo‘lgan turli munosabatlari haqida ma’lumot olish imkonini beradi.
R.Jil metodikasining boshqa proektiv metodikalardan farqi uning sinaluvchi, bola uchun murakkab emasligi hamda sxematik tarzda berilganidir. Natijalarni sifatiy baholashdan tashqari, shaxslararo munosabatlarni aniqlashga mo‘ljallangan ushbu proektiv metodikadan olingan psixologik tadqiqot natijalarini bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha miqdoriy jihatdan tahlil qilish mumkin.
Bolaning shaxsiy munosabatlari sistemasini xarakterlovchi psixologik materialni shartli tarzda 2 ta katta guruhga ajratish mumkin. Bular:
bolaning konkret-shaxsiy munosabatlarini xarakterlovchi ko‘rsatkichlar: oiladagilarga munosabat - ota-onasi, buvi, buvalari, opa, aka-ukalari va do‘sti yoki dugonasiga, avtoritar katta yoshli kishilar va h.;
bolaning o‘zini xarakterlovchi va turli munosabatalarda namoyon bo‘luvchi ko‘rsatkichlar: muloqotchanlik, ehtiyotkorlik, ustunlikka intilish, xulq-atvorning ijtimoiy mosligi.
Jami bunday belgilarning quyidagi 12 turi farqlanadi:
-onaga bo‘lgan munosabat;
-otaga bo‘lgan munosabat;
-oila boshliqlari sifatida ota-onaga bo‘lgan munosabat;
-aka-uka, opa-singillariga bo‘lgan munosabat;
-buvi va buvalariga bo‘lgan munosabat;
-do‘stiga bo‘lgan munosabat;
-o‘qituvchisiga bo‘lgan munosabat;
-bilimga bo‘lgan munosabat;
-ustunlikka intilish;
-muloqatchanlik;
-ajralib qolishlik;
-xulq-atvorning adekvatligi.
Biror shaxsga bo‘lgan munosabat ushbu shaxsni tanlash miqdorida ifodalanadi.
Shuni ham ta’kidlash zarurki, R.Jil metodikasi sof proektiv metodika emas, u anketa va proektiv testlar o‘rtasidagi oraliq holatni egallovchi shaklga ega. Bu esa metodikaning ijobiy jihatlaridan biridir. Ushbu metodika shaxsni chuqur o‘rganish vositasi sifatida, shuningdek o‘lchash va natijalarni statistik qayta ishlashni talab qiluvchi tadqiqotlarda ham qo‘llanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |