O‘N BESHINCHI BOB
1992 yil edi. Talabalar shaharchasida amalga oshirilgan amaliyot natijalari haqida
gaplashib o‘tirar ekan Karimov maslahatchisi Alimovdan ׃
-Yangi tashkilotni tuzish qanday ketayapti,-deb so‘radi.
-Toshkentda bitgan, bilasiz. Samarqandda ham tuzib bo‘ldik. Hozir Namanganda
ham ishlar nihoyalab qoldi. Yil oxiriga qadar Jizzaxda ham bitadi…
-Tezlashtirlaring. Nomini ham o‘ylalaring. Haligi mufti bilan Qozi aytgan gaplarni
qarab chiqdingmi? Tarixda tasdig‘i bor ekanmi?
-Qarab chiqdim. Bor ekan.
-Assasin degan so‘z qayerdan kelgan ekan?
-Bu hashshoshiylar degani ekan. Hashshoshiylar arabchada hashish chekuvchilar
degani. Bugungi iboramiz bilan giyohvandlardir. Bu so‘z dunyoda assassinga
aylanib, odam o‘ldiruvchi, suiqasdchi, qotil maʼnosiga kelib qolgan. Chunki tarixda
ismoiliylar oqimiga mansub yashirin tarzda ish olib borgan guruh ham
Hashshoshiylar oqimi deb bilingan. Bu oqim o‘n birinchi asr oxirlarida Eronda
ismoiliy harakati orasida chiqqan nizolar va bo‘linish tufayli paydo bo‘lgan. Bu
oqimning asoschisi deb Hasan ibn Sabboh bilinadi. U Eronning shimoliy qismida
Alamut qalʼasini bunyod etib, o‘sha yerda odam o‘ldiruvchilarni yetishtirgan. Ularni
“fidoyilar” deb atagan. Bugun ham xudkushlar, qatliomchilar, odam o‘ldiruvchi
suiqasdchilarni ko‘pgina mamlakatlarda fidoyilar deyishadi. Iroqda Saddam Husayn
paytida hato davlat tizimida fidoyilar boshqarmasi tuzilgan…
-Saddamdan boshqasi qo‘llamagan-mi?
-Qo‘llagan. Hashshoshiylar harakati Livan, Suriyadan boshlab Hindistonga qadar
uzangan kenglikda siyosiy raqiblarni o‘ldirishda hokimiyatlar tomonidan qo‘llanilib
kelingan. O‘rta Osiyoda qarmatlar harakati bilan birgalikda ish ko‘rishgan.
-Qarmatlaring nimasi?
-Bu ham ismoiliylarning bitta oqimi. Bu dehqonlar, hunarmandlar tomonidan
tuzilgan. Ular abbosiylarga qarshi kurashishga qadar ko‘tarilganlar. Ular tenglikni
targ‘ib qilishgan. Islom odatlariga rioya qilmaganlar. Shariatni tan olishmagan. Biz
musulmonmiz, deyishgan, ammo machitlari bo‘lmagan. Hatto Kaʼbai mukarramani,
u yerdagi toshni ham bidʼat deb bilishgan. Ular hajga borganlarni ushlab
o‘ldirganlar. Makkaga hujum qilib turishgan. Bahraynda o‘z davlatlarini ham
tuzishgan. Hatto Makkaga hujum qilib, u yergi Qora toshni parchalab, olib ketganlar.
Shundan keyin xalqning ixlosi qaytgan, ulardan. Yigirma yildan keyin qaytarib
berishgan…
Bizda ham bir qator din peshvolari oddiy qashshoq xalq orasidan yetishtirilgan
assassinlar orqali hukmdorlarni nazorat qilib turganlar yoki yo‘qotganlar.
Sarbadorlar qo‘zg‘oloni ortida ham qarmatlar turgani aytiladi.
-Qarmatlaringni bir chetga qo‘y. Assassinlardan gapir!
-Nafaqat musulmon mamlakatlari, balki Avropadagi bir qator mamlakat rahbarlari
ham hashshoshiylardan qo‘rqib, ularga boj to‘lab turganlar. 13-asrda mo‘g‘ullarning
yurishi paytida Hashshoshiylar harakati Eronda boshqaruvdan tushirilgan bo‘lsa-da,
keyinchalik ham turli mamlakatlarda turli ko‘rinishlarda yashagan. Hatto bugunga
qadar ham bir qator davlatlarning maxfiy xizmatlari bu tajribani o‘zlariga
kurashning yo‘li sifatida qabul qilib, maxfiy xizmatlar tarkibida suiqasdchilar
guruhlarini tuzganlar
-Buni SSSR paytida ham qo‘llanishgan, shekilli,-dedi Karimov.
Maslahatchi qo‘lidagi daftarni varaqlab, nutq irod qilgan kabi davom etdi ׃
-1927 yilda Stalin maxsus qaror qabul qilgan. OGPU tarkibida shunday guruh
tuzilgan. Dastlab xorijga qochgan mashhur razvedkachilar Ignatiy Reys, Valter
Kriviskiy va Georgiy Agabekov shu bilan yo‘qotilgan. Bu esa mazkur harakatning
ikinchi yo‘lini ochdi. Siyosiy dushmanlarni yo‘qotish ham shu harakatning
gardaniga yuklangan. Qochib ketgan generallar Aleksandr Kutepov va Yevgeniy
Millerni ushlab kelib, o‘ldirgandan keyin Stalin shaxsiy raqiblarini yo‘qotish uchun
ham assassinlarni ishga solgan. Ukraina millliyatchilari Yevgeniy Konovals, Lev
Rebet va Stepan Banderalardan so‘ng Troskiy bilan davom etgan bu ish Hafizullo
Aminni yo‘qotishga qadar yetib keldi. Esingizda bo‘lsa bu guruhga “Alfa” deb nom
berishgan.
-“Alfa”… “Assassin”… bir-biriga yaqin nomlar…
-Ayni usulni Isroil va Turkiya maxsus xizmatlari ham qo‘llanishgan.
-Lenin va Kirovni otishda ham shu tajribaga bosh urilgan bo‘lishi mumkin,-dedi
Karimov.-Biz baribir hali rasmiylashtirmay turaylik. Keyinchalik rasmiy tus
beramiz. Nomini topishimiz kerak. Balki huquq tartibot idoralarining hamma ishini
shu yo‘nalishda qayta tashkil etarmiz. Biz boshqalarning tajribasini o‘rganish bilan
birga, o‘z sharoitimizdan kelib chiqib, ish qilishimiz kerak. Turkiyaning rasmiy
tajribasi va milliyatchi harakatlarining uzoq yillik suiqasd amaliyotlarini ham
o‘rganish kerak. Turkiyaga talabalarni o‘qishga yuboraylik, yoshlarning zehni o‘tkir
bo‘ladi, milliyatchi harakatlarga yaqinlashib, bu usullarning qanday bajarilishini
o‘rgansinlar. Xullas, shunday bo‘lishi kerak-ki, bu borada faqat mening amrim bilan
ish qilinishi shart. Hatto sen ham tashqarida turishing kerak.
-Albatta, biz sizning xizmatkoringiz va faqat ishni tashkil qilib, o‘zimiz chetda
turamiz.
-Chetda turish bo‘lmaydi. Ichida bo‘lasan, ammo amr mendan bo‘lmaguncha
o‘zboshimchalik qilmaysanlar! Mayda-chuyda ishlarga aralashmasdan, katta
narsalarni rejalash kerak. Besh yilda bir marta bo‘lsa ham taʼsiri o‘n yilga qadar
foyda beradigan ishlar uchun amaliyotlar qilish mumkin.
Oradan yillar o‘tdi. Karimov Hamidxonni o‘z gvardiyasiga rahbar qilib oldi. Bir
kun to‘satdan uning yozuviga ko‘zi tushdi. Juda tanish husnixat. Darrov Almatovni
qidirdi va o‘zi sakkiz yil asragan xat bilan Hamidxonning yozuvini solishtirishni
buyurdi.
Hamidxon qochib ketibdi, degan gap tarqaldi. Karimov g‘azab otiga mindi. Ammo
Almatov yana ham muhimroq ishni bajarayotgani uchun unga indamadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |