O‘N UCHINCHI BOB
Nilufar Dubaydagi zindonda besh nafar juvon bilan birga azob chekmoqda. Ammo
uni Nodirxonning huzuriga olib kelishganda ko‘rgan xo‘rligi oldida bunisi hech
narsa edi. O‘sha daqiqalarni esladi.
-Sen qanjiq nimanga bino qo‘yding, nega bu qadar noz qilasan?,-dedi o‘shanda
Nodirxon uning yuziga tarsaki tortib.
U yuzidan chiqqan olovning taftida bir zum qovrildi-da, keyin xonadan qochib
chiqmoqchi bo‘ldi. Biroq Nodrixon bir sakrab uning sochidan tortib, aylantirib
yubordi. U xonaning bir chetidagi divanga shunday urildiki, go‘yo suyaklari mayda-
mayda bo‘lib ketgandek his qildi o‘zini.
-Men qizlarni qiynashni yaxshi ko‘raman,-dedi Nodirxon.-Ularni aldab-suldab
o‘tirmayman. Bu hezalaklarning ishi. Ikkiyuzlamachilik qila olmayman. Baribir
aytganimga rozi qilaman. Sen ham baribir rozi bo‘lasan. Faqat yana bir-ikki
tarsakidan keyin. Nafrating qancha kuchli bo‘lsa, ehtirosing ham shu qadar baland
bo‘ladi. Hatto o‘zing yalina boshlaysan. Seni bugungacha aldashdi. Men esa, senga
haqiqatni ko‘rsatayapman. Haqiqat mana shu! Sen endi buzuqsan! Bilib qo‘y,
buzuqlar baʼzan sog‘lardan yaxshi yashaydilar.
Bilaman hozir senga yashashning qizig‘i yo‘q. Ammo yashashga o‘rganasan. Buzuq
bo‘lib yashashga o‘rganasan…
O‘sha kun Nodirxon Nilufarni juda qiynadi. Oxirida zo‘rladi. Hammayog‘ini ezib,
tishlab, momotaloq qildi. Unga hech taskin bermadi.
Nilufar uchun hayotning qizig‘i qolmadi, lekin negadir yashagisi, Nodirxon va
boshqalardan o‘ch olgisi keldi. Uning uchun ota-ona, buvisi yoki kelajak hayotning
zarra qadar o‘rni qolmagan edi. Bu kitobning sahifalari yopilgandi. Yangi kitob
ochilgandi. Qasd olish.
Qasoskorlik odamning ruhida bo‘lar ekan. Ammo ruhning juda tubida, uyg‘onmas
bir holatda yotar ekan. Uni mana shunday dahshatli holatlar uyg‘otarkan. Bu ruh
yiqilgan odamni qaytadan oyoqqa qo‘yar ekan.
Nilufar nodirxonlar bilan yaxshi bo‘lish va paytini topib, ularni jazolash haqida
o‘ylay boshladi.
Ammo Nodirxon bundaylarni ko‘p ko‘rgan. Shuning uchun Nilufarni Dubayga
jo‘natib yubordi. Bu yerda uni Firdavs degan bir yigit kutib oldi.
Firdavs asli samarqandlik. Toshkentda iqtisod oliygohini bitirgandan keyin bankka
ishga o‘tganda Durdonaning nazariga tushdi. Durdona shohning qizi emasmi,
nazariga tushgan odamni tuzog‘iga ildirishi qiyin emas. Uning bir imosi bilan
Firdavsni Dubayga jo‘natishdi. Bu yerda Durdonaning bir qancha shirkatlari bor va
Firdavs ulardan birida ishlay boshladi. Bu shirkat asosan mamlakatdan yuborilgan
qizlarni Dubaydagi rasmiy va norasmiy fohishaxonalarga joylashtiradi. Chapani
qilib aytganda, qo‘shmachilik biznesini yuritadi.
Nilufarni ham Firdavs kutib oldi. Oldin mehmonxonga olib bordi.
-Kasal bo‘lganmisan?-deb so‘radi undan qo‘pol tarzda.
-Qanaqa kasal?
-O‘zingni go‘llikka solma. Fohishalar qanday kasal bo‘lishini men senga aytishim
kerakmi?
-Men fohisha emasman…
-Menga mana shunaqa gaplar yoqmaydi. Bu yerga keldingmi, erkakcha gaplashish
kerak. Bu yerda noz ketmaydi. Sen bu yerga o‘zingni sotish uchun kelding. Bu
biznes. Ham sen pul qilasan, ham biz. Biz senga ish topib beramiz va shuning uchun
haq olamiz. Sen ishlaysan va ham o‘zingni haqingni olasan, ham bizning haqimizni
to‘laysan.
-Men o‘z xohishim bilan kelganim yo‘q!
-Bilaman, bu yerga hech kim o‘z xohishi bilan kelmaydi. Kimdir ishsiz qolgan.
Kimdir bolalarini boqolmay qiynalgan, kimdir qo‘shnisi xorijdan pul bilan
qaytganiga havas qilib kelgan va hokazo. Xullas, quloq sol. Pasporting menda turadi.
Men seni olib borib qo‘ygan joyda yashaysan. Bu yerda ikki xil ish bor. Rasmiy
fohishaxonada kam haq to‘lashadi. Norasmiy joyda esa, ko‘proq haq olasan va seni
tekshirib, bola bo‘lib qolmasligi, kasallikka yo‘liqmasliging uchun tadbir olishadi.
Istarang issiq ekan. Jazmaning ko‘p bo‘ladi. Istasang bir kechada o‘ttiztasini ishdan
chiqarishing mumkin. Boshingdan pul to‘kiladi. Bu kecha menikisan. Bunisi bepul.
Ammo oldin men seni bir tanish do‘xtirga olib boraman…
Firdavs ham insonni tahqirlashda Nodirxondan qolishmas edi. Nilufarning
chidashdan boshqa yo‘li yo‘q. Ammo fohishaxonada barzangidek-barzangidek
arablarning tahqirlariga chiday olmadi va paytini poylab qochdi. Yo‘lda turgan bir
mirshabning yoniga borib shikoyat qilmoqchi bo‘ldi. Tilni bilmasang dunyo senga
begona deganlari rost ekan. Mirshab uni olib kelib mana shu zindonga tashladi. Bu
yerda rus tilini biladiganlar bor ekan. Qariyb bir oydan keyin uni o‘zbeklar
saqlanadigan joyga o‘tqazishdi. To‘rtta o‘zbek ayoli bor ekan.
Ulardan biri – Malika. Beshta bolaning onasi. Pul ishlayman, deb bu tomonlarga
kelib qolibdi. Nilufar ularning suhbatiga quloq tutdi.
-Yer yutgurlar chet eldan ish topib beramiz, boyib ketasiz, deyishdi. Bolalarimni
ovsunimga qo‘yib, Xoliqboy degan bittasidan qarz olib bularga bergandim. Uning
foyizini ham to‘lashim kerak, hali. Men qayoqdan bilay, bunaqa ishligini. Olib kelib,
barzangi arablarning to‘shagiga tashlashdi. Ha, yer yutgurlar! Aslida hamma ayb
o‘zimiznikilarda. Ular bir miri uchun onasini ham, singlisini ham sotadilar.
Bo‘lmasa, men necha martalab aytdim, beshta bolam bor deb. Hech bo‘lmasa
sekingina bu ish sizga bo‘lmaydi deb aytmaydimi?
-Opa eringiz qayerda,-deb so‘radi Rahima ismli juvon.
-Erim ham yer yutgur odam chiqmadi. Qayerdagi dindorlarga qo‘shilibdimi-yey,
olib borib qamashdi. Ilgari aroqxo‘r edi. Keyin birdan machitga qatnab qoldi.
Qandaydir varaqa tarqatayotganda ushlashibdi. Beshta bolasi bor odamga varaqa
tarqatishga balo bormi?
-Eringiz mana shunaqa odamlar haqida eshitib joni halqumiga kelib, kurash
boshlagandur-da,-dedi Lobar degan qiz.
-Bular bilan kurashib bo‘ladi-mi? Bular Xudoning balosi. Bularga Xudo bas kelmasa
bandasi hech narsa qila olmaydi. Tepasida poshshoning qizi turgan bo‘lsa, bularga
kimning ham tishi o‘tardi?
-Man oldin hamma balo Karimovdan kelmaydi, deb o‘ylar edim. Keyin bilsam
Karimov ham shularning bittasi ekan.
-Lekin bunchalik emas, beshta bolasi bor ayolni olib borib, barzangiday arabning
to‘shagiga yotqizib, pul ishla, deb Karimov aytmaydi-ku? U bilib qolsa, bularni
jazolab tashlaydi.
-E, jazolasa qizini jazolar edi. Ana shu bizlarni olib kelganlarning hammasi
Durdonaga ishlar ekan. Manga Firdavsning o‘zi aytgandi.
-Ha, baliq boshidan sasiydi. Qizi qilgan ishni otasi bilmaydimi? Biladi. Yo qizidan
qo‘rqadi yoki shunday qilishiga qo‘yib bergan. Ammo qiz o‘lgurning o‘zini ham
Xudoning balosi deyishadi. Sakkizoyoq kabi o‘zini hamma tomonga urgan va
sakkkiz xil rangda tovlanib, o‘ljasini yemasa qo‘ymas ekan…
Nilufar bu ayolarga ham rahmi kelar, ham hayron qolar edi. Negadir ular shunday
katta dardni bir chetga surib, hangoma qilishayotgan edilar. Bu nima? Taqdirga tan
berishmi? Bo‘layotgan voqealarning hammasi Xudoning ishi deb indamay
o‘tiraverishmi? Axir bittasining beshta bolasi bor ekan? Ular nima bo‘ldi, deb
o‘ylamasdan boshqa narsalar haqida gaplashib o‘tiribdi. Yana bittasi maktabda
o‘qituvchi ekan. Qanday qilib bolalarning yuziga qarayman, deb o‘ylamasdan yengil
suhbatga qovushib o‘tiribdi. Balki inson fitrati shundaydir? Har qanday azobdan
ustun kelib, eng qiyin pallada ham o‘zini yo‘qotmaslikka harakat qilar?
Yo‘q, bular aslida o‘sha katta dardni tushunib yetmoqdalar va uning ildizni
izlamoqdalar. Mayni xumdon uzumni, zindon mardni pishitadi, deganlar. Lekin
Nilufar hali bu gaplarni shunchaki suhbat deb o‘ylar edi.
-Singlim ko‘p ichikavermang,-dedi ayolardan biri unga.-Biz besh oydan beri shu
yerdamiz. Sizga-ku endi bir oy bo‘libdi. Bizni mamlakatga jo‘natish uchun qonun
yo‘q ekan. Yaqinda ikki mamlakat orasida shunaqa shartnoma tuzilgandan keyin
jo‘natishar ekan. Ungacha boshqa yo‘limiz yo‘q. Xudoga shukur qiling, ana u
barzangilardan qutuldik. Bu yerdagilarning hammasi sizga taqdirdosh. Hammamiz
iflos to‘shakdan qochganlarmiz. Pullari ham, o‘zlari ham zormanda qolishsin.
Ularga ham Xudoning bir balosi bordur? Axir tepadan ko‘rib turgandir? Bir kunmas,
bir kun jazolarini berar.
Nilufarning bu ayollardan bitta farqi bor edi. Ular tezroq uylariga qaytishni istar
edilar. Nilufar esa qaytmaslikni. Axir qaytib, qayerga boradi? Qayerga? Butun
xorliklarni qayta boshdan yashashgami? Ana shu savol unga tinchlik bermasdi.
-Bizning mamlakatga yuborishlariga qonun yo‘q ekan deyapsiz, boshqa joyga ham
yuborishmaydimi?-deb so‘radi bir kuni u ayollardan.
-Agar men boshqa joydanman, deb aytganingizda yuborishar edi. Agar boshqa bir
mamlakatda qarindoshlaringiz bo‘lsa, aytsangiz o‘sha yoqqa yuborishadi. Hali ham
men o‘sha yerdanman, qo‘rqqanimdan boshqa gap aytgan edim, desangiz bularga
nima, siz hujjatsiz bir odamsiz, ishonmasdan ilojlari yo‘q…
Nilufar shundan keyin tarjimon orqali o‘zini asli afg‘onistonlik o‘zbeklardan deb
ayttirdi. Ayollar aytgandek, darhol vaziyat o‘zgardi. Uni boshqa zindonga
tashlashdi. Endi bu yerda ahvol o‘zgacha ekan. Kun bo‘yi ayollar faqat Qurʼon
o‘qishar, tilovat qilishar, suhbatlari ham hadislaru diniy rivoyatlarni takrorlash ekan.
Shu yerda u bir qunduzlik ayol bilan tanishdi. Ota bobosi Qashqadaryodan ekan.
Ruslar bosib kelgan paytda Amu daryoning narigi tomoniga o‘tib ketishgan ekan.
Keyin ruslar Afg‘onistonga bosib kirganda Fotima ismli bu ayol eri bilan Eronga
qochib ketibdi. U yerdan ham qochib, Hollandiyaga borib, boshpana olishibdi. U
yerda bola chaqalari bor ekan. Eri bilan Dubayga kelib tijorat qilishar ekan. Eri shu
yerda tolibonchilarga qo‘shilib qolibdi.
-Toliblarning orasida Vatandan kelganlar ham bor ekan, juda ko‘p ekan, oilalari va
bolalarini ham olib o‘tishgan ekan…,-dedi Fotima.
Fotimaning eri ishni unga tashlab, o‘zi Afg‘onistonga ketibdi.
-Bolalaringiz qayerda?-deb so‘radi Nilufar.
-Bolalardan kuydik. Biz borgan mamlakatda hamma narsa bor ekanu ammo
bolalarni saqlab qolish mumkin emas ekan. Ikkita bolamiz bor edi. Bittasi dod-
voyimziga qaramay nemisga uylanib ketdi. Xotini yomon chiqdi. Biz bilan
uchrashtirmay qo‘ydi. Ikinchisi ham o‘g‘il edi. U nashavand bo‘lib qoldi. Shundan
keyin tijoratni bahona qilib, bu yerlarga keldik. Erim toliblarga qo‘shilib ketdi. Ishi
yaxshi. Hozir Kobulda, unga katta ish berishgan.
-Siz nega bu yerdasiz?
-Ayol yolg‘iz qolmasin ekan. Darhol boshiga balo yog‘iladi. Bittasi ko‘z olaytirgan
edi, qo‘limdagi idish bilan urib yuboribman, ko‘zi ozgina lat yedi-yu ammo o‘zi yer
yutgur mirshablardan ekan. Zindonga tiqishdi. Hollandiyadan ekanligimni
aytmadim. Afg‘onistondanman, dedim. Bugun erta jo‘natib yuborishadi. Erim oraga
kiribdi.
-Opajon meni ham olib keting, taniyman deng, qo‘shnim bo‘ladi, deng…
Ikki kun ichida Nilufar va Fotima rostdan ham opa-singildek bo‘lib qoldilar. Ular
zindondan chiqib ketar ekanlar, Nilufar o‘zbekistonlik ayollar zindoniga kirib
ketayotgan erkaklarni ko‘rib qoldi, tanidi, Olimjon, “laʼnati” deb baqirdi, ammo
tovushi chiqmadi, o‘sha tomonga yugurmoqchi edi, qunduzlik o‘zbek dunonasi
tortib qoldi...
Shu bilan Nilufarning Afg‘oniston hayoti boshlandi. Fotimaning eri hukumatda
ishlab, sobiq Sho‘ro mamlakatlaridan kelganlar bilan shug‘ullanar ekan. Nilufar tez
orada o‘zbekistonliklar bilan tanishdi. Nilufardagi qasos hissi hammani hayratga
soldi. Hatto uni josus qilib yuborishgan ham deb o‘ylashdi. Lekin bittasi to‘rtinchi
xotin qilib oldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |