O‘N TO‘RTINCHI BOB
Nilufar Fotima bilan Kobuldan Qunduzga keldi. Bu yerda Yosir degan bir yigit bilan
tanishdi. U O‘zbekistondan kelgan jangarilarning tarixchisi ekan. Lekin nogiron
bo‘lgani uchun unga diqqat qilishmagan. Ikki oyog‘i shal bo‘lib qolgan. U uydan
chiqmay yotgani uchun ham hech kimning diqqatini tortmagan. Ammo bilmagan
narsasi yo‘q. Nilufarning dunyoqarshini ana shu yigit ochdi. U asli shoir ekan. Avval
Avropaga ketib, u yerlarda o‘zbek shoiri deb nom chiqaribdi. Keyin tasodiflar tufayli
bu yerga kelib jangarilarga qo‘shilibdi. Hatto o‘zbek jangarilarining kurashi haqida
film ham qilgan ekan.
Yarador bo‘lib oyoqlari ishlamay qolgach, bir kampirning uyida qolib ketibdi va
uning holidan hech kim xabar ham olmabdi. Kampir Fotimaning xolasi. Birov
so‘rasa, Yosirni nevaram, Hollandiyada tug‘ilgan, xasta bo‘lgani uchun olib
kelganman, deydi.
Yosir O‘zbekistondagi vaziyat, Karimov va uning atrofidagilar haqida Nilufarga har
kuni gapirib berar edi.
-Xorazmlik bir keksa xolaning to‘rta o‘g‘lini qamab yubordi. Ikkitasiga otish hukmi
berdi. Gunohi-namoz o‘qigani. Bechora ayol radiolarda gapira boshlagandi, o‘zini
ham qamab qo‘ydi…
-Ayollarga rahmi kelmaydimi?-so‘radi Nilufar.
-To‘laganova degan deputat ayol unga qarshi gapirgandi. Yo‘qotib yubordi.
Ro‘zimurodov degan deputatni ham o‘ldirtirdi. Qo‘qonov, Jo‘rayev deganlarini
umrbod qamoqqa solib qo‘ydi. Xotin-xalajlari nonsiz, pulsiz qoldilar. Ming-minglab
odamlarni qamab tashladi va ayollariga rahm qilmadi.
-Nega qamaydi?
-Qo‘rqadi, o‘g‘ri ola ipni ham ilon deb sakrab qochgani kabi u ham hamma narsadan
qo‘rqadi.
Har kungi ana shunday suhbatlar Nilufarning yuragidagi nafrat va qasos hissini
kuchlantirib yubordi. Shu orada Yosirning huzuriga baʼzi odamlar kelib-keta
boshladilar. Ulardan biri uning qishlog‘idan ekan. Ikkinchisi esa, xorijda tanishgan
do‘sti. Ular Yosir bilan soatlab gaplashishar edi. Kampir yoki Nilufar ular haqida
so‘rab qolishsa, Yosir kitobi chiqishini va ular tarjimonu noshir ekanligini aytardi.
Rostdan ham bir kun ular Yosirning sheʼrlar to‘plamini nashr etib, olib kelishdi va
anchagina pul ham berib ketishdi. Shundan keyin Yosir Nilufarni O‘zbekistonga
boradigan odamlar bilan tanishtirdi. Ular Nilufarni xudkushlikka o‘rgatishdi…
Bir kun yo‘lga chiqib, osongina Toshkentga kelishdi. Nilufar hech hayajonlanmasdi.
Qasos olsam, bas, der edi. Toshkentda bir xonadonda uning vujudiga portlatgichlar
taqishdi va bir yigitning mashinasida yo‘lga chiqishdi. Bahor kunlari bo‘lgani uchun
uning diqqatini gullagan daraxtlar tortdi va yuragi hapqirib ketdi.
Tibbiyot oliygohiga qatnagan kunlari ko‘z oldiga keldi. Faqat bitta orzusi bor edi. U
ham bo‘lsa oq xalat kiyib yurish. Birinchi marta oq xalat kiygan kuni shu qadar ham
sevingan edi-ki, go‘yo butun dunyo uning mulkiga aylangandi. Men endi
odamlarning xaloskoriman, deb o‘ylagandi o‘shanda. Xastalarni davolayman, o‘lim
bilan yuzma-yuz qolganlarni qutqarish choralarini ko‘raman. Odamlarning dardiga
malham bo‘laman… Lekin orzularining hammasi chil-parchin bo‘ldi. Odamlarning
hayotini qutqarish uchun yo‘lga chiqib, mana endi ularning jonini olish uchun
borayapti. Nahotki hayot insonni shunchlik tez suratda u qirg‘oqdan bu qirg‘oqqa
uloqtiradi. Nima gunoh qildim? Qayerda adashdim? Agar adashgan bo‘lsam, nega
yo‘l ko‘rsatadigan bo‘lmadi?
Uning ko‘zi birdan bekatdagi bolalarga tushdi. Bir ayolning har tomonidan tutib
olishgan. Biri etagiga osilgan, biri qo‘lidan tutgan, yana biri… mashina yeldek uchib
o‘tgani uchun u yana birini ko‘ra olmadi. Balki u onasining ortida edi. Bolaligini
esladi. Doim onasining ortida yurar edi. Onasi uni erkalatib “Kelayapsanmi, dum”
der edi. Bu gapni onasi aytsa, yoqardi. Ammo otasi aytsa, negadir jahli chiqardi.
Bechoralar…. farzand katta qilib, nima oldingiz? Boshqalar-chi? Nega ularning
boshiga ham farzandlari tufayli olamning dardi yog‘ilmoqda?
Prezidentning o‘zi ota-onalar bolalari uchun javobgar emas, deb aytgan ekan. Keyin
chiqib so‘zini o‘zgartirib, ular javogar, debdi. Bitta odam butun xalqni istagani kabi
qanday qilib boshqarmoqda? Uning qudratli kuchi bormi? Nima uchun odamlar
unga qarshi chiqa olmaydilar? Jonlari shuncha shirinmi? Mana menga hayotning
qizig‘i qolmadi. Ularga-chi? Tahqir, qiynoq va qiyinchiliklarga o‘rganib qoldilarmi?
Ko‘zi yana daraxtlarga tushdi. Gullagan daraxtlarni ko‘rganda qalbiga sevinch
inardi. Bolaligida gullagan daraxtlar ostida qiyqirib yurganlarini eslardi. Hozir esa,
daraxt gullari o‘likdek tuyulmoqda. Jonsiz gullar… Aslida gullar jonli emas… Agar
sen jonli bo‘lsang, ular ham jonli… sen sevinsang ular ham senga sevinch bergandek
bo‘ladilar… Aslida esa ular o‘lik!
Birdan uning ko‘zi “Markaziy univermag” degan yozuvga tushdi. Bayramlar oldidan
buvisining uyiga kelib, shu yerda tunab qolardi. Saharlab univermagga borishardi.
Yaxshi narsa kelsa odamlar turnaqator bo‘lishardi. Baʼzan nima sotilishini
bilmasalar ham navbatda turaverardilar. Buvisidan “Nima sotishar ekan”, deb
so‘rasa, “ Yaxshi narsa” degan javob olardi. Ana shu yaxshi narsa baʼzan savil
qolgur narsa bo‘lib chiqardi va kutganlari behudaga ketardi.
Qarshida Ko‘kaltosh madrasasi, orqasida Eski Juva bozori. Sal narida “Bolalar
dunyosi” do‘koni. Orqadagi yo‘ldan tepaga ko‘tarilsa, buvisining uyiga boradi.
Nilufarning vujudida sog‘inch, ayriqliq azoblari kamsitilish va xo‘rlanish
tuyg‘ulariga qo‘shilib, ko‘z yoshiga aylandi. Uning qachonlardir muzga aylangan
qalbi birdan erigan edi. Qurib qolgan ko‘zlariga bir necha yildan keyin ilk bor namlik
ingandi. Negadir u mashinaning ichida cho‘kib borayotgandek his qildi o‘zini.
Atrofga alanglab qaragancha, boshidagi hijobini peshanasiga yaqinroq tortardi.
Xuddi hozir hamma uni tanib qolib, “Ana Nilufar!” deb baqiradigandek bir holatni
his qildi.
Shu payt mashina to‘xtadi va shofer yigit ׃
-Men hozir bir zumga, ana u yerda do‘stlarim turgan ekan, bir salomlashib olaman,
keyin aytilgan manzilga boramiz,-deb mashinani avtobus bekatiga yaqin joyda
to‘xtatib, Ko‘kaltosh madrasasi tomonga yurdi. U borib uch kishi bilan quchoqlashib
ko‘rishdi.
Nilufar ularni tanidi. Bittasi Nodirxon. Yonidagisi Yo‘lbars, uning yonida esa
Alisher… Nilufarning ichidan bir faryod otilib, bo‘g‘ziga tiqildi. Necha yillik
qasosning vaqti birdan kelib qolgandi. “Xudoyim, shunday moʻjizalar ko‘rsatasan-
ki, bandalaring lol qoladi!” U ko‘kragini siypalab tugmachani topdi-da, mashinadan
tushib, Nodirxonlar turgan tomonga yugura boshladi. Shu payt birdan portlab ketdi.
Atrofga qon sachradi… qip-qizil qon…
-Axmoq, asosiy tugmacha menda ekanligini bilmasdi,-dedi uni olib kelgan yigit.
-Bo‘pti, qolganini keyin gaplashamiz, ketdik,-deya ular “Markaziy univermag”
tomonga o‘tib, yengil mashinaga minishdi.
Hamma har tomonga qochar ekan, Nodirxon mashinani shoh yo‘lga burib,
yigitlarga ׃
-Kattaga aytib, xorijdan tekshiruvchi chaqirsak, iz chiqmaydimi?-dedi.
-Pasporti ham yonida. Mashinada esa qamoqdan qochirilgan mullaning izlari bor,
portlatgichlar ham naryoqdan keltirilgan,-dedi ulardan biri…
Do'stlaringiz bilan baham: |