IKKINCHI BOB
Qoraboy aka ichida bo‘lgan mashina MXX viloyat boshqarmasining temir darvozasi
yoniga kelganda, xuddi uni kutib turgan kabi darvoza darhol lang ochildi va mashina
g‘izzillagancha ichkariga kirib ketdi. Qoraboy akani zax bir xonaga olib kirishdi.
Qo‘liga solingan kishanni yechmasdan tashlab ketishdi. U nima yuz berganini oz
bo‘lsada tushungan edi.
Muxolifatning orasida yurgan ayg‘oqchilarni aniqlagan va boshqalarni ehtiyot
bo‘lishga daʼvat qilgandayoq boshiga shunday kun kelishini taxmin qilgandi. Ammo
unutishdi. Har holda o‘sha kezda yuz bergan yurak xuruji uni asrab qoldi. Mana endi
kechagi voqeadan keyin yana ularning ko‘ziga tikandek sanchildim, shekilli?! Bir-
ikki po‘pisa qilib, qo‘yib yuborishsa kerak? G‘alvirga ilinadigan biror narsa
topolmasliklari aniq. Keyingi yillarda muxolifatga ham qo‘shilganim yo‘q. Darvoqe
ular qamoqqa olinganimni eshitishgan va dunyoga jar solayotgan bo‘lsalar kerak?
Nima bo‘lganda ham ilgari birga edik-ku?! Buni eshitib qolgan Toshkent “Qo‘yib
yuborlaring, yana bitta bosh og‘rig‘ini nima qilamiz” deyishi mumkin, deb o‘ylardi
u.
Nima uchundir ko‘ngli xotirjam edi. Uyini bosganlarida yuragi bir o‘ynab ketdi,
ammo keyin o‘zini ushlab oldi. Yuragi joyidan qo‘zg‘alib bo‘g‘zida “gup”-“gup”
urayotganini nazarda tutmaganda ahvoli unchalik yomon emas edi.
U xonaga razm soldi. Eshikka qarshi tomonda tepada bir tuynuk bor. Juda qalin
temir panjara o‘rnatilgan va ustidan yana simto‘r tortilgan. Tashqaridagi daraxtning
bir shoxini arang ko‘rsa bo‘lardi. Shundan taxmin qildiki, bu joy yerto‘la ekan.
Demak, mashina binoning ostiga kirib kelarkan-da!
Devor beton va nam tortgan. Shu bois xonaning havosi qo‘lansa edi. O‘tiradigan,
yotadigan joy yo‘q. Hojatga qayerga borar ekan?
U xayollarga g‘arq bo‘lib ketdi. Ishqilib, Rustamga tegmasinlar.
Ammo shu o‘g‘lidan umidi juda katta. Tug‘ilganidan shu kunga qadar hech ozor
bermadi. Esini tanibdiki, otasining do‘sti. Maktabda yaxshi o‘qidi. Sakkizinchi
sinfdaligidayoq shahar, viloyat olimpiadalarida g‘olib chiqib, keyin respublikada
ham adabiyot sinovida uchinchi bo‘ldi. Uncha-buncha sheʼr ham yozardi. Ammo bir
muddat siyosatga qiziqib ketdi. Bunga balki men sababchi bo‘lgandirman? Balki
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish uchun kurashgan paytlarimiz uni siyosat
dunyosiga boshladimikan? Ko‘p tashkilotchi emas, ammo odamlarni indamay
eshitishni yaxshi ko‘rardi. Keyin shundan xulosa chiqarardi. Xulosalari o‘zi kabi
o‘ktam. Bir kun:
-Bolam, yaxshi o‘qisang kelajakda Tashqi ishlar vaziri bo‘lishing mumkin,-dedi
Qoraboy aka unga.
-Nega endi aynan Tashqi ishlar vaziri,- deb so‘radi Rustam.
-Mamlakatni dunyoga tanitadigan odam Tashqi ishlar vazirida,-deb javob qildi u.
-Baʼzan mamlakatni oddiy bir ishbilarmon ham dunyoga tanitishi mumkin…
Juda qiziq, hamma yoshlar kasb tanlashda baland dorga osilsalar Rustam oliygohga
borishni istamasdi, orzusi ishbilarmon bo‘lish edi. Lekin Qoraboy akaning
majburlashidan keyin instutga hujjatlarini topshirdi. Inshodan xursand bo‘lib qaytdi.
“Juda yaxshi bilgan mavzu tushdi. Boplab yozdim”, deb kelgandi, ammo yiqitishdi.
Qoraboy aka rektorning yoniga bordi.
-Bu bola respublika olimpiadasida g‘olib chiqib, qanday qilib sizlardan o‘tolmasligi
mumkin?-dedi u rektorga.
-Shu bolangizni o‘qitish niyatingiz bor ekan, oldinroq kelish kerak edi. Yanagi yilga
harakatni ertaroq boshlang, bilamiz iqtisodiy qiyinchilik mavjud, shu bois hozirdan
harakat qilib borsangiz o‘sha kezda og‘ir tushmaydi! Birovni o‘rtaga aralashtirib
yurmang, to‘ppa to‘g‘ri o‘zimga keling, o‘zim o‘g‘lingizni o‘qitib beraman!-dedi
rektor.
Shundan keyin Rustamning ko‘ngli cho‘kib qoldi. Adolat anqoning urug‘i ekan,
degan xulosaga borib qolgandi. Keyin yana tadbirkorlik haqida gapirib yurdi. Bir ish
qilaylik, der edi. Pulni yaxshi ko‘rib qoldimi desa, yo‘q, pulga ham mehri unchalik
emas.
Qoraboy aka kasal bo‘lib yotib qolgan kezlar faqat shuni esladi. Mehr qo‘ygan
o‘g‘limni o‘qishga kirita olmadim, endi mustaqil bo‘ldik, Sovet davridagi
poraxo‘rliklar qolib ketdi, deb o‘ylagan edi. Qarasa yana-da ochiq bo‘libdi.
Rektorning o‘zi uyalmay shaʼma qilib turibdi. O‘g‘lining orzusi ushalishi uchun
nima qilish kerakligini o‘yladi. Haqiqatdan ham daraxt o‘zi yoqtirgan joyda o‘sadi
deganlari to‘g‘ri ekan. Ish boshlashlari bilan Rustam yayrab ketdi va tezda tadbirkor
bo‘lib ko‘zga tashlandi. Man endi eski do‘stlarimga qiziqqonlik qilib, uning yo‘lini
to‘smasam bo‘lgani edi…
Shu payt eshik ochilib uning xayoli bo‘lindi. Ikki o‘zbek yigiti uni yuqoriga
boshlashdi. U Sovet davrida KGB haqida o‘ylaganda faqat ko‘z oldiga badbashara
uruslar kelar edi. Hozir uni olib borayotgalar esa, kelishgan, istarasi issiq o‘zbek
yigitlari edi. Ularning o‘qimishli ekanliklari ham yuzlaridan bilinib turibdi.
O‘zimizdan ham chiqar ekan-ku, degan bir g‘urur ham ko‘nglining bir chetini
qitiqlab o‘tdi.
Uni bir xonaga olib kirishdi. U yerda yana ikki kishi kutayotgan ekan. Kuzatib
kelganlarga javob berishdi va Qoraboy akaning qo‘lini yechib unga suv uzatishdi:
-Endi gap bunday, oqsoqol,-dedi ulardan biri.-Agar qilgan hamma ishlaringizga
darhol iqror bo‘lib, biz aytgan takliflarni qabul qilib mana bu qog‘ozni imzolasangiz
ish oson kechadi. Siz ham qiynalmaysiz, biz ham. Bu safar adi-badi aytib o‘tirishga,
sizni sindirish uchun haftalar sarflashga vaqtimiz yo‘q. Sizni tuzoqqa biz ilintirgan
emas, o‘zingiz ilindingiz. Xullas 24 soat vaqtimiz bor,-dedi ulardan biri eshik tomon
yurar ekan.
-Hali soqol qo‘yganim yo‘g‘-ku, qayoqdan oqsoqol bo‘laman,-dedi u hazil aralash,-
keyin nima ish qilibmanki, undan bo‘yin tovlasam. Qanaqa tuzoqqa ilinibman,
bunday ochiq gapirmaysizlarmi?
-Soqol qo‘yganingizda-ku ishimiz ancha oson kechgan va sizni oldinroq tanigan
bo‘lardik, ammo besoqol bo‘lib yurganlardan cho‘chish kerak ekan,- dedi chiqib
ketishga shaylangan odam.
Endi bu Qoraboy akaning hamiyatiga tegdi. Buning ustiga ular unga eʼtibor
qilmasdan ruschlab gaplasha boshladilar. Keyin unga ham ruscha muomala qila
boshladilar.
-Hov baraka topgurlar, biz mustaqilmiz, endi ona tilida gaplashaveraylik,-dedi u.
-Mana ko‘rdingizmi, birinchi qilmishingizni o‘zingiz ham tan olib turibsiz.
Konstitutsiyamizda yozib qo‘yilgan, millatlararo fitna uyg‘otish bu jinoyat.
Bilasizmi, faqat shuning o‘zi uchun bo‘yningizga 15 yilni osishimiz mumkin. Nima
ishingiz bor odamlar qaysi tilda gaplashadilar?
-Ha, endi…
Ko‘rinishidan mansabi kattaroq bo‘lgan haligi kishi ruschalab “Tezlashtir!” dedi-da
chiqib ketdi va uni kuzatib qolgan yigit birdan jiddiy qiyofaga kirib;
-Moskvaga nimaga borgan edingiz,-dedi.
-Ish minan..
-Turkiyaga-chi?
-Ish minan-da, uka, men bekordan-bekorga boraman-mi?
-Xo‘p, shu yerda to‘xtab turing. Men javoblaringizni mana bu yerga yozib borishim
kerak. Demak,, Moskvaga va Turkiyaga borganingizga va bekordan
bormaganingizga iqror bo‘ldingiz. Ana shunday hamkorlik davom etsa, bu ishni tez
bitiramiz-, dedi u Qoraboy akaga zaxarxanda julmayib. Keyin savol-javob birdan
keskin tus olib, “qizib” ketdi.
-Moskvada kim bilan uchrashdingiz?
-Hech kim bilan…
-Cho‘pchakni chetga qo‘yib turamiz. Shunday katta shaharda hech kim bilan
uchrashmay keldingizmi-a?
-Ha, endi bir ikki odam bilan oldi berdimiz bor, shular bilan uchrashdim.
-Qayerda Podmoskoveda-mi?
-Qayerda?
-To‘g‘ri-ya, u yerga bormasangiz ham ish o‘zi bitib ketaveradi. Lekin Kamolov bilan
nega uchrashdingiz?
-Qanaqa Kamolov? Bunday tushuntiribroq gapiring. Yoki birov bilan
almashtirayapsizmi?
-Kamolov Vyacheslav Muxtorovich, hali yaqingacha O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri
edi. Nima bilmaysizmi?
-Bilaman, Moskvaga ketib qopti deb eshitgandim.
-U bilan uchrashib, nimalarni gaplashganingizni bilasizmi?
-Yuq, bilmayman.
-Hm, Ahmadjon Odilovni bilasizmi?
-Eshitganman…
-Uning “Amir Temur” partiyasini-chi?
-Shunaqa partiya bor ekanmi?
-Shu partiyaning viloyat rahbarligiga sizni tavsiya qilishganini ham bilmaysizmi?
Usmonov bilan nega uchrashgan edingiz?
-U bilan ilgaridan tanishligim bor. Ishbilarmonlar uchun bank ochamiz degan
taklifni aytgandi, shuni gaplashgandim.
-Anvar Tillanazarovni taniysizmi?
-Haligi qo‘shiqchimi?. “Anvarbank”…
-Ha, barakalla, qo‘shiqchi edi, Toshkentdagi Achavot mahallasidan chiqqan. U
ochgan bankka nega borgan edingiz?
-U ishbilarmonlarga qarz beradi deb borgandim, ammo o‘zi bilan uchrasha olmadim.
-Mana bu suratdagini yaxshilab tanib oling!
-Bu yigitni bilaman, “qorachadan kelgan qo‘shiqchi” degan laqabi ham bor.
-Ha, yashshang, “lo‘li” desangizchi, nima endi vatanimiz taqdiri lo‘lilarga qoldimi?
-Odamning qandayligi millatiga bog‘liq emas. O‘zingiz ham boya millat masalasini
gapirayotgan edingiz-ku!
-Ular millat emas, ularga Sovet davrida ham status berilmagan, nahotki shuni ham
bilmasangiz. Bo‘pti, mana bu Ahmadjon Odilovning Toshkentdagi uyi. Ichki ishlar
vazirligi binosining orqasida. Shu yerda Anvar Tillanazarov bilan uchrashgansiz.
-U yerga borgan bo‘lmasam...
-Yaxshilab eslab qoling, u yerga Adliya vazirligida ishlab turgan Hasan G‘oziyev
degan odam bilan birga borgansiz. Mana rasmi. Pakana, semiz odam. Ilgari
Ahmadjon Odilovning yuristi bo‘lgan. Keyin Moskvada SSSR mafiyasining
hisobchisi, hozir Toshkentda, Oqtepada yashaydi. Kamolov bilan yaqin oshna
bo‘lgan. Ertaga Toshkentga borganda balki uchrashib ham qolarsiz. U kishi bilan
uchrashsangiz nima desalar “Xo‘p” deng. Hozir mamlakatning jilovi shu kishining
qo‘lida. Agar telefonni olib “Zokir, ana u bolani qo‘yib yubor!” desa bas, o‘g‘lingiz
militsiyadan chiqib ketadi. Boshqa odamning kuchi yetmaydi. Hozir Zokirjon
akamiz, kottakonning eng ishongan odami. Haqiqatdan ham ishonsa bo‘ladigan,
o‘g‘il bola u kishi!
Tergovchi shunday der ekan, nima uchundir ko‘zining qiri bilan atrofga va tepaga
qarab qo‘ydi. Qoraboy aka esa “o‘g‘il” so‘zini eshitib yana Rustam yodiga tushdi
va ׃
-O‘g‘lim militsiyada deb kim aytdi sizga?-dedi.
-Mana men aytdim, o‘g‘lingiz Rustamjon qarshidagi militsiya binosida, sayrab
o‘tiribdi hozir.
Qoraboy aka unga ishonmadi. Hali, boya o‘g‘li hovlisida edi. Uni bu yerga olib
kelishgandan beri oradan ko‘p vaqt o‘tgan emas. Buning ustiga uni militsiyaga olib
borishgan, so‘roq qilayotgan bo‘lsalar bu qayoqdan biladi? Lekin baribir yuragi
cho‘kib ketdi. Ammo tergovchi unga o‘ylash uchun fursat bermayotgandi.
-Demak, Kamolov bilan Moskvaga borganda uchrashib, mamlakatimiz rahbarini
o‘ldirishni gaplashdingiz…
Qoraboy aka o‘rnidan turib ketdi.
-Sen manga nima deb tuhmat qilayapsan? Bunaqa hazil- pazilingni menga qilma,
boshqa gaping bo‘lsa so‘ragin va meni uyimga olib borib qo‘ygin, shomga kechikib
qolaman…
-Mana bu sirni ham o‘zingiz ochdingiz, soqol qo‘ymagan bo‘lsangiz ham shomni
vaqtida o‘qishni bilasiz. Sanlar ikki yuzlik odam, hali meni sensiraydigan
bo‘ldingmi, biqiningdan darcha ochib qo‘yaman, mana bunday qilib,- u Qoraboy
akani bir nixtab joyiga o‘tqizib qo‘ydi.- Qani aytchi, biz kimni muxolifatga
aralashtirib qo‘ydik? Mard bo‘lsang otini ayta olasanmi? Yoki shunday taxmin qilib,
gap sotib yuribsanmi? Aralashgan bo‘lsa, nima qipti? “Tavba”, “Islom lashkarlari”
va yana qancha balo-battar tashkilotlar tuzib, Islom davlati qurishlaringga yo‘l
qo‘yib berishimiz kerak-mi? Bu xayollaringiz xom. Kichkina o‘g‘lingiz Otabek
muxolifat va islomchilarga qo‘shilib, bir qizni zo‘rlashganidan xabarimiz yo‘q deb
o‘ylaysizmi?
Qoraboy aka gap juda jiddiylashib ketayotganidan tashvishga tushdi, to‘g‘rirog‘i
qo‘rqib ketdi, oyoqlari, qo‘llari qaltiray boshladi. Tuhmat ustiga tuhmat, zarba ustiga
zarba odamni tentak qilib qo‘yar ekan. Bu ablahlarga nima kerak o‘zi? Nega bu
qadar tuhmat qilayapti? Men kichkina bir odam bo‘lsam, qayerdagi hech kim
bilmagan gaplarga qanday qilib aralashaman? U tergovchining hozir yana bir
bo‘hton toshi otishidan cho‘chib, qurib qolgan labini tili bilan ho‘llab oldi-da:
-Uka, siz kabi o‘g‘lim bor, shuning uchun bilmasdan sensiragan bo‘lsam ko‘ngilga
olmang, shuning uchun ota go‘ri qozixonami, mana siz ham meni sensiradingiz, teng
bo‘ldik,-dedi yolvorgan ohangda.
-Siz meni o‘zingizga tenglashtirmang. Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan, degan gap
bor. O‘g‘lingiz Otabekka kelsak, u ham narigi xonada so‘roq berayapti.
-Unga nima deysizlar, nima gaplaring bo‘lsa mana mendan so‘ranglar. Uni
sindirmanglar, u mamlakatga rahbar bo‘ladigan surobi bor. Bu yil Toshkentga borib
dorilfununga kirmoqchi. Tuhmat qilmanglar unga, jon uka!
-Ha, yashang, demak, prezidentni o‘ldirtirib, o‘z ug‘lingizni oldingga surmoq
rejalaringiz bor ekanda-a?
-Uka gapimdan gap topib hazil qilayapsizmi? Askiyaga ham usta ko‘rinasiz. Bizni
nega bu yerga olib keldilaring? Agar u bu narsa kerak bo‘lsa, ana butun topganim
sizlarniki!
-Nima, siz menga pora taklif qilayapsizmi? Men vijdonimni harom pulga sotadigan
odam emasman. Cizga o‘xshab past ketmayman. Men hayotimni shu hukumatim,
shu mamlakatim, shu yurtboshimga tikkanman. Manga ular berayotgan pul yetib
ortadi. Sizga esa pora taklif qilganlik aybini ham tirkayman.
Nahotki dunyo bir zumda teskari aylanib ketdi? Xuddi tushdagi kabi voqeadan
voqeaga uchib o‘tayotgan va Qoraboy aka hatto nima bo‘layotganini esda
saqlolmayotgan edi. Ammo bular nimadir istashmoqda, deb o‘yladi va tashabbusni
qo‘lga olmoqchi bo‘ldi:
-Qani sanksiyalaring bormi o‘zi? Nega mani qamaysanlar?!-deya dodladi.
-Sanksiyani uyingizga borganda ko‘rsatishmadimi, o‘sha yerda so‘rash kerak
edi? Bu yer esa sanksiyadan keyingi qaror yoziladigan joy. Endi gap bunday, ertaga
sizni Toshkanga olib boramiz, bugun men sizga aytadigan gaplarni hammasini o‘sha
yerda bo‘yinga olasiz va keyin prezidentimiz avf chiqarganlarida qo‘yib yuboramiz
sizni.
-E, nimalar deyapsiz. Sizlar xato ish qilib qo‘yganga o‘xshaysizlar, adashib boshqa
odamni ushlab kelgan ko‘rinasizlar,-dedi Qoraboy aka yana baland ovozda.
-O‘pkani bosib oling. Biz adashganimiz yo‘q. Bizga kerakli odam siz bo‘lasiz. O‘sha
Kamolov Moskva KGBsida ishlayapti hozir. Bir guruh odamlarni Podmoskoveda
mashqdan o‘tkazib, prezidentimizni o‘ldirish uchun tayyorlamoqda. Bunga
muxolifat ham, islomchilar ham, ishbilarmonlar ham aralashgan, bildingiz-mi? Biz
bu ishni to‘xtatishimiz kerak. Yaʼni Kamolovning orqasiga tepishimiz zarur. Men
sizga qayerga borganingiz va Kamolovga bu yerdan qanday xat olib borganingiz,
kim berib yuborgani va boshqa maʼlumotlarni aytaman, siz bu gaplarni Toshkentda
va kerak bo‘lsa Moskvada takrorlasangiz bas, vatan tarixi uchun ulkan xizmat qilgan
bo‘lasiz.
-Yo‘q, sizlar adashgan, men unaqa odam emas…
-Biz yo‘q deganlarning ko‘pini ko‘rganmiz. Butilkani ustiga o‘tirgandan keyin
mo‘min qobil bo‘lib qolishadi,-dedi tergovchi tortmasini ocharkan.
-Meni qo‘rqitmang, men siz aytgan odam emas,-dedi Qoraboy aka yana tovushini
ko‘tarib.
-Bo‘lmasa, biroz ishontirishga to‘g‘ri keladi.
Tergovchi Qoraboy aka tomonga o‘tdida uni o‘rnidan turg‘azib ikki oyog‘ining
orasiga bir tepdi. Qoraboy akaning nafasi ichiga tushib, hatto “uh” ham deya olmay,
o‘tirib qoldi. Tergovchi keyin tortmasidan bitta aroq shishasini oldi-da yerga qo‘ydi.
Ikkinchi harakat mana shuni ustiga orqangiz bilan o‘tqazish bo‘ladi. Bu hazil emas.
Mana ko‘ring!- deya u videotasmani ishga soldi. U yerda bir yosh yigitni shishaning
ustiga o‘tqazishganidagi dahshatli manzara tasvirga olingan ekan. Qoraboy akaning
yuragi o‘ynab ketdi. Labi qaqshadi. Tili borib, komiga yopishdi.
“Bu ne ko‘rgilik?! Shu yoshga yetib bunday sharmandagarchilikni yashaymanmi
endi?! Biz mustaqil bo‘lib allaqachondan shunaqa ishlar boshlanib ketgan bo‘lsa
ertaga nima bo‘ladi?!”
-Ukajon, siz ham uylangan bo‘lsangiz kerak, bola chaqangiz bordir, ota-onangiz
bordir? Surishtirib kelsa balki qarindosh chiqib qolaramiz, qo‘ying endi shu
gaplarni,-dedi u arang.
-Qo‘yamiz, lekin siz oldin mana bunga qo‘l qo‘ying,-dedi tergovchi.
-Bu nima?
-Hozir sizga aytganlarimiz, qo‘l qo‘yganingizdan keyin qolganini aytaman.
-Bilmagan, qilmagan ishga qanday qilib qo‘l qo‘yish mumkin?
-Agar bundan qo‘rqsangiz alternativ variant bor. Narigi xonada xotiningizni tergov
qilishayapti. Yuring ko‘rsataman.
Qoraboy akaning ichidan bir narsa uzilib ketgandek bo‘ldi.
“Yo‘q, bu aldayapti. Agar ularni ham olib kelishganda bitta mashinga solib keltirgan
bo‘lardilar.” Xuddi uning fikrini uqib turgandek, tergovchi javob qildi;
-Siz ko‘nmasligingiz mumkin deya orqadan olib keldik,-u shunday deb qo‘shni
xonaning eshigini ochdi. U yerda xotini o‘tirgan va uning yonida ham shisha
turgandi. Xotini Qoraboy akani ko‘rishi bilan yig‘lab yubordi. Ammo tergovchi
eshikni yopdi va Qoraboy akaga:
-Agar rozi bo‘lmasangiz, mana shu yerda ko‘zingizni oldida biz ikkalamiz
xotiningizni zo‘rlaymiz,-dedi.
U shunday deb qo‘shni xonadagi yigitga:
-Boshidagi ro‘molini olib ot! Yechintir va bu yoqa olib kel!-dedi.
Qoraboy akaning qoni maynasiga chiqib ketdi. Jon holatda tergovchining
basharasiga qarab musht tushirdi. Ammo tergovchi xuddi shuni kutib turgan ekanmi,
uning qo‘lini aylanirib yuborgan edi, Qoraboy aka koridorning devoriga borib urildi.
-Hali senmi ko‘nmaydigan to‘ng‘iz, seni bulbul qilib qo‘yaman,-deya u Qoraboy
akaning yoqasidan tortib ichkariga olib kirdi.
Keyin bir-ikki mushtlab burchakka itarib yubordida qo‘shni xonadagi yigitga
baqirdi:
-Xotinini yechintirib bu yerga olib kel, dedim, sanga. Tez bo‘l!
-Baraka topgur, to‘xta, olib kel o‘sha qog‘ozingni. Mana qo‘l qo‘yish kerak bo‘lsa
qo‘yaman, ammo Toshkanga borganda hamma siringni ochaman,-dedi Qoraboy aka
yig‘lamsirab.
Tergovchi qog‘ozga qo‘l qo‘ydirib oldida:
-Sen Toshkanda bo‘lganingda xotining va o‘g‘illaring shu yerda bo‘lishadi. Mana
shu butilka ham shu yerda turadi, shuning uchun odamga o‘xshab gapimga kirsang,
hammasi men aytgandek bo‘ladi. Agar adi-badi aytib o‘tirmaganingda o‘g‘ling va
xotiningni javob berib yuborgan bo‘lardik. Hali ham o‘ylab ko‘r, rozimisan, tinch
yo‘l bilan hal qilamizmi yoki…
Qoraboy akaning umr yo‘ldoshi eshik yonida ichki kiyimda, ochiq joylarini qo‘llari
bilan bekitgancha bir musht bo‘lib, dildirab, yig‘lab turardi. U xotiniga bir qaradiyu
boshqa qaray olmadi. Yuragi tipirchilay boshladi. U to‘xta dedi yuragiga, bu safar
senga osonlikcha bo‘ysunish yo‘q. Oldin bularni qutqarish kerak, ana undan keyin
nima qilsang qilaver!
-Uning kiyimlarini ber, hamma aytganingga roziman,-dedi Qoraboy aka ko‘zlarini
boshqa tomonga burib, qo‘lini xotini tarafga uzatar ekan.
Baribir Toshkentga borganda buni fosh etaman, deb tergovchining aytganiga rozi
bo‘ldi. Tergovchi bitta yangiroq kostyum olib kelib, Qoraboy akaga kiygizdi va
bo‘yniga bo‘yinbog‘ ham taqib qo‘ydi. Keyin suv ichirdi va “Valerianka” berib, o‘zi
uning sochlarini tarab ham qo‘ydi. Keyin voqealarni takrorlab berdi va Qoraboy
akaning “ko‘rsatma”larini videotasmaga yozib olishdi. Ayni paytda unga bu gapni
ruschalab ham aytishni buyurdilar. Buni ham bajardi.
Keyin uni yerto‘laga tergovchining o‘zi olib tushdi. Uni kameraning ichida qoldirar
ekan tergovchi:
-Ko‘rdingmi, boya ikkalamizni tenglashtirayotgan eding, men esa farqimiz bor
degandim. Farqimiz shuki, sen egoistsan, o‘zingni o‘ylaysan. Ikki yil oldin
mitinglarda xalqim, tilim, millatim degan gaplaring safsata, sen kerak bo‘lsa o‘z
manfaating uchun hamma narsani sotasan! Qara, yolg‘ondan butilka tiqaman,
xotiningni zo‘rlayman, degan edim, Kamolovni va yana qancha odamlarni yo‘q
qilib yuborish uchun rozi bo‘lding. Ularning ham xotini, bola chaqasi borligini esa
o‘ylab ham ko‘rmading. Sen eng tahlikali odamsan! O‘zingni o‘ylab, boshqa
odamlarni oyoq osti qilib yuborasan. Sen xoin deb yurgan, muxolifatga aralashib
yurgan o‘sha yigitlar esa shu vatan, shu millat uchun jonini tikkanlar. Senga o‘xshab
qo‘rqoq emas ular. Sening kallang ham ishlamaydi. Agar ishlaganda bilar eding, bu
yerga kirdingmi, chiqish yo‘q. Demak, qo‘l qo‘ysang ham o‘lasan, qo‘yamasang
ham. Endi sening keraging yo‘q, bilasanmi odamning ismida ham ko‘p gap bor.
Senga bekordan Qoraboy deb ism berishmagan ekan!-deya uni tahqirlab, chiqib
ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |