106
38. CHO’CHITISH
O’zbekiston rejimi juda ko’p odamlarni cho’chitib, chetga chiqarib yubordi. (Xabarlar oqimidan).
1992 yilning 16 Yanvar kuni Talabalar shaharchasida isyon bostirilganda, Karimov juda katta
siyosiy-ideologik harakat boshlatdi. Jumladan, Toshkentdagi erkin ruhli talabalar muhitini
yo’qotdi. Ming-minglab talabalarni uylariga jo’natdi, keyin viloyatlardan markazga qaytarmadi.
O’sha kunlari u tinimsiz majlislar, faollar uchrashuvlari, matbuot anjumanlari o’tkazar edi.
Shunday uchrashuvlardan birida ruschalab juda qiziq bir gap aytdi׃
-Men ahmoq emas, kecha saylanib, bugun odamlarni ottirsam. Bir joyga qarg’alar to’plangan
bo’lsa, o’sha tomonga yaxshilab bitta tosh otish kerak, hammasi “pir-shir” etib uchib ketadi. Agar
tosh bittasiga tegsa, uning boshini yorsa, bu sizga yana tashvish, yana bosh og’rig’i bo’ladi. Agar
otgan toshingiz qarg’alardan bittasini o’ldirsa, qarg’alar ketmay, aylanib yotaveradilar, buning
ustiga, o’lganining o’ligi sasib ketadi. Bu ham etmagandek, o’sha joyga o’laksaxo’rlar keladilar.
Shuning uchun tosh otishda ham ko’zga qarash kerak. Buni esa men yaxshi bilaman!O’shanda
Karimov bu gapi bilan odamlarni qarg’aga o’xshatganidan xafa bo’lgandim. Ayniqsa, bu so’z
ruschasida quloqqa yomon eshitilishi bilan birga, yomon odamlarga nisbatan aytilishi meni
g’azablantirgandi. Mana bugun o’sha gapni eslasam, Karimov o’z “kashfiyot”ini yashirmay, ochiq
aytgan ekan.
U O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga birinchi kotib bo’lgan kundan boshlab xuddi
mana shu siyosatni yurg’izgandi. U odamlaraga qora qarg’alar deb qaragan. Uning 1990 yillar
boshida tez-tez takrorlaydigan “qora kuchlar” degan iborasi ham ana shu bilan bog’lik ekanligini
mana endi tushunish qiyin emas.
Uning odamlarni cho’chitish siyosati hamma jabhalarda qo’llanildi. Masalan, u bir kun televidenie
orqali odamlarga murojaat qilib, “pulingizni turli toshlarga aylantirib, yostiqning ostida
saqlayvermang, erta-indin pul almashsa kuyib qolasiz, bankka qo’ying, har narsa sotib olmang,
vahima boshlanadi, hamma birdan narsa sotib olsa, qimmatchilik, qahatchilik bo’ladi” dedi. Keyin
5-6 kun davomida “pul almasharkan” degan shov-shuv bo’ldi. Odamlar omonat kassalari yonida
turnaqator edilar. Hamma pulini hisoblarga qo’ydi. “Pul almashadi” degani oldingi ming so’m
yangi bir so’mga aylanishi ekan. Hamma kuyib qoldi. Cho’chitish yo’li bilan xalq aldandi.
O’zbek xalqi xuddi ana shunday cho’chitishni 1990 yillarning boshida bir necha marta yashab
ko’rdi.
Hayotning turli qirralarida cho’chitish kashfiyoti Karimovga katta ish berdi va bugungacha 2,5
million odam bu “kashfiyot”ning qurboni sifatida chetga chiqib ketdi. Boshqa sohalarni qo’yib
turaylik-da, birgina mana shu – mamlakatdan chiqib ketish masalasiga razm solaylik.
Mamlakatdan cho’chib chiqib ketganlarni bugun uchga bo’lish mumkin׃
107
1.Bevosita diktator tomonidan cho’chitilganlar.
2.Rejim yaratgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa muammolardan cho’chiganlar.
3.Mamlakatning va o’z taqdirlarining kelajagidan cho’chiganlar.
Har uchchalasi ham Karimov bilan bevosita yoki bilvosita bog’liq bo’lsa-da, ikkinchi va uchinchi
holatlarda qarorni cho’chigan insonning o’zi beradi. U iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va boshqa
muammolardan cho’chigan paytda boshqa bir erdan barqaror joyni qidiradi, ko’radi yoki topadi.
U shu bilan qisman bo’lsada maqsadiga etadi. Istasa, ona-vataniga kelib-ketib yuradi. Istasa,
boshqa joylarda yashayveradi. Xullas, masalani qisman bo’lsa-da hal qiladi.
Birinchi holatda esa, Karimov “kashfiyot”ining ijrochisi bo’lgan rejim ko’pincha o’z muxoliflarini
cho’chitish yo’li bilan ulardan qutilishga harakat qiladi. Bu holatda cho’chib ketganlar boshqa
joylarga ko’nika olmaydilar va doim ortga qaytish tashvishi, dardi bilan yashaydilar.
Tabiiyki, muxoliflar orasida ham ikkinchi va uchinchi guruhga mansublar bo’lganidek, ikkinchi
va uchinchi guruhlar orasida ham o’zini birinchi toifaga taalluqli qilib ko’rsatuvchilar bo’ladi.
Bir yigit O’zbekistonda ekan, menga juda maktublar yozib, qanday qilib chetga chiqib ketishi
mumkinlgi haqida maslahat va yordamlar so’rab yurdi. U bilan maktublashmalarimiz davomida u
chetga ketib, bolalarini o’qitishi, o’zini oyoqqa qo’yishi, O’zbekistonda buning imkoni yo’qligini
ro’kach qilardi. Men esa, biz hayotimiz tahlikaga kirib, o’lim bilan yuzma-yuz qolganimiz uchun
ketdik, mana vatan dardi degan tog’ning ostida ezilmoqdamiz, sizga u qadar tahlika yo’q, iqtisodiy
jihatdan ham vaziyatingiz yomon emas, agar hamma ketaversa, vatan kimga qoladi, deya uni
chetga ketish hirsidan sovutishga urinardim.
Xuddi butun dunyo meniki-yu men esa bir qismini unga berishga qizg’anayotgandek u mendan
ranjidi. Imkon paydo bo’lib, chetga chiqib ketdi. Chetga chiqishi bilan Vatan haqida faryod qila
boshladi.
Bu menga erish tuyuldi. Chunki u qaytib borsa, hukumat unga tegmaydi. Uni tahlika deb ham
bilmaydi. Lekin bu yerda men uni ayblamoqchi yoki ma’naviy sudga tortmoqchi emasman. U
holda ismini ham yozgan bo’lardim. Oxir oqibatda har kim o’zi uchun o’zi javob beradi! Men
faqat cho’chiganlarni guruhlarga ajratishda mana shunday holatlar ham bo’lishi mumkinligini
ko’rsatmoq niyatida bu misolni keltirdim.
Asl gap birinchi guruh haqida. Nega Karimov o’z muxoliflarini darhol o’ldirish yoki darhol qamab
tashlash qaroriga kelishdan oldin ularni cho’chitib, mamlakatdan chiqarib yuborishni rejalagandi?
Chunki 1990 yillarning boshida hali demokratiya uchqunlari bor va qolaversa, Karimovning o’zi
hokimiyatini to’la mustahkalab olmagan edi. Shuning uchun ham kimlarnidir o’ldirib, qamab
yuborishdan oldin cho’chitib ko’rishni afzal bildi. Bu ikki-uch yil davom etdi. Keyin qatag’onlarga
aylandi. AQSh, Avropa bilan yaqinlashgandan keyin qatag’onlarni yana cho’chitishga aylantirdi.
Bu ikki “kashfiyot” uning goh chap, goh o’ng qo’li singari navbati bilan ishladi.
108
1990 yilda O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisligiga nomzodimni qo’yganimda, bir keksa
jurnalist Asqar Jalilov׃
-Sizga qarshi ovoz berdim, balki shu bilan hayotingizni saqlab qoldim,-dedi.
-Qanday qilib?-ajablandim men.
-Ahmadjon aka tanaffusda meni yonlariga chaqirib, “Agar Jahongirni saylasak, Karimov uni
o’ldiradi, o’zimga telefon qilib qasam ichdi” deb aytdilar. Ahmadjon aka bu gapni aytayotganda
titrab ketdilar…,-dedi u.
Ustozimiz, ulkan jurnalist Ahmadjon Muxtorov bu gapni boshqalarga ham aytganlarini eshitdim.
U kishi Karimovning vajohat bilan aytgan gaplariga chin dildan ishongan… Cho’chitishning
qudratiga qarang!
1993 yil, 6 Yanvar. “ERK” partiyasi binosi yaqinida “nomeri” olib qo’yilgan oq rangdagi “Jiguli”
mashinasi shiddat bilan yo’limni to’sdi, men chetga qochgandim, ustimga haydadi, yana ham
chetga qarab yugurgandim, yo’l chetlari bo’ylab quva boshladi. “ERK” partiyasi joylashgan
binoning orqa tomonidan panjara daricha bor ekan, o’sha joyga kirib, qutulib qoldim. Bu haqda
ertasiga “Izvestiya” gazetasida Mariya Lebedeva imzosi bilan chiqqan maqolada suiqasd ortida
hukumat turgani yozilgandi.
Shunga o’xshash juda ko’p voqealarni yashadim. Endi ularni birma-bir tahlil qilsam, o’shanda
Karimovning maqsadi hali o’ldirish bo’lmagan. Bu bilan Karimov o’shanda shavqatli bo’lgan
demoqchi emasman. U ayyorlik qilib, barcha muxolifalarni cho’chitib, mamlakatdan ketkazishni
rejalagan. U buyuk shoir Yusuf Juma tinmay aytayotgani-ruhimizdagi cho’chish fitratidan ustalik
bilan foydalandi va foydalanib kelmoqda.
1990 yillarning muxolifatchilardan biri O’zbekistondan chiqib ketishini yozarkan, IIVga chaqirib
kun bo’yi ushlab turishgani, keyin orqasidan kuzatib yurishgani va tunda do’stlari kelib
“Ketmasangiz, bo’lmaydi” degandan keyingina cho’chib, mamlakatdan chiqib ketganini aytadi.
Boshqa biri o’z tarixi haqida gap ketganda, boshini yorishgani, keyin kasalaxonaga olib
borishgani, u erda davolanishdan cho’chib Vatandan chiqib ketganini hikoya qiladi.
Ba’zilar esa, avval qamashgani, keyin avf etishganidan keyin “yana qamaymiz”, deb
cho’chitishganini va ketishga majbur bo’lganlarini ta’kidlaydilar.
Bu ayni paytda o’shanda Karimov minglab muxolifatchilarni o’ldirib yuborishga qo’rqqanini ham
ko’rsatadi. Ayniqsa, nomi chiqqanlarni o’ldirishga qo’rqqan. Shuning uchun ham avval
cho’chitish usulini ishga solgan.
Bir kun Erkin Vohidov mening harakatlarimdan Karimov norozi bo’lganini aytib׃
-Ketsin, meni tinch qo’ysin, bo’lmasa, yomon bo’ldi, deb aytdilar,-dedi va mening avzoyim
buzilganini ko’rib o’zini ham oraga qo’shdi׃-Rostdan ham bir muddat ketsakmikan? Meni biror
109
elchilikka yuborsalar, ketardim. Sizning ham ko’zlab yurgan joyingiz bo’lishi mumkin? Bu
odamlar baribir yaxshilikni bilmaydilar. Buning ustiga o’rmonga o’t ketgan paytda jonni saqlab
qolish kerak. Baribir, hammani qutqarib bo’lmaydi…,-dedi.
O’shanda juda xafa bo’lganman. Ikki yildir bir xonada ishlab yurgan va o’sha kezda millatning
vijdoni, deb bilingan bir odamdan “ketishingiz kerak” degan gapni eshitib, juda xafa bo’ldim.
Hatto ketmoqchi ham bo’ldim. Bu haqda sessiyada ham gapirgandim. Lekin keyin fikrimdan
qaytdim. Toki o’lim farmonini o’zim eshitmaguncha ketmayman, degan gapni ko’nglimga tuydim.
Meni qamoqqa olishgan kun general Erkin To’xtaevning kabinetida bu farmon bir necha marta
yangradi, telefonlardan eshitilib turdi. Ba’zan o’ylab qolaman, balki bu ham cho’chitishmi-di?
Yo’q, agar cho’chitish bo’lganda do’stlarim meni qamoqdan olib qochib ketishgandan keyin
qarindoshlarim, hattto men yillab ko’rmagan sinfdoshlarimni zindonband etisharmidi, “”topib ber”
deb ularni urib, tishlarini sindirisharmidi, har kuni televizordan “Davlat ahamiyatidagi alohida
maxsus jinoyatchi qochdi” deb, ushlab bergan odamga millionlarni va’da qilisharmidi?! Demak,
Karimov bu nuqtaga kelib, boshqa usulni ishga solgan.
Ilgari Samarqand ichki ishlar boshqarmasida ishlagan va keyin tuzumdan norozi bo’lib, AQShga
kelib, siyosiy boshpana topgan Tursunpo’lat Nazarov׃
-O’sha kunlari boshqarmaning har bir xonasida suratingiz devorga osiqlik edi. Sizni ushlash uchun
hamma safarbar qilingan edi…,-deydi o’sha kunlarni xotirlab.
-Xudoga shukur!,- deyman,-jallodning qo’lidan qutqazgani uchun!
Zotan Karimov uning cho’chitishini pisand etmagan safdoshlarimizdan ba’zilarini o’ldirtirib
yubordi.
Shuning uchun ham menga xatlar yozgan haligi yosh yigitga o’shanda “Vatanda turavering”, deb
bekor aytgan ekanman-mi, deb o’ylanib qolaman.
Yaqinda yana bir tanishimdan xat oldim. “Turonzamin ro’znomasi”da chiqqan bir maqolani undan
ko’rishibdi, uyiga kelib “Buni siz yozdingizmi?” deb so’rashibdi.
-Cho’chib qoldim, ketmasam bo’lmaydi, ketishning yo’llarini ko’rsata olasizmi?- deb yozibdi u.
Nima deyishimni bilmay turibman…
Do'stlaringiz bilan baham: |