2.3.Voqelikning bolalarga xos tasviri
Mark Tven o’zining ilk mustaqil romani “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”ni bolalik poeziyasi deb hisoblagan. “Bu prozaga o’girilgan oddiy madhiyadir”1. Turli millatlarga va yoshlarga mansub kitobxonlar ham Mark Tvenning bu asarini aynan shunday qabul qilganlar.
Mark Tvenning o’zi 1875 yil 15 iyulda adib va adabiyotshunos Gouelsga yozgan maktubida “Tom Soyer”ni frantsuz adibi Lesajning “Jil –Blaz”iga tenglashtiradi hamda “Tom Soyer” - “bolalar uchun yozilgan kitob emas. – deb ta’kidlaydi. - Asar faqat kattalar tomonidan o’qiladi, u faqat kattalar uchun yozilgan”.2 Biroq kitobni nashrga tayyorlash jarayonida Mark Tven yosh kitobxonlarni ham unutmadi. Shu o’rinda V.G.Belinskiyning so’zlarini eslab o’tish kifoya, u kishi bolalar adabiyotini “barcha uchun” yozilgan badiiy asar deb hisoblagan. Mark Tvenning o’zi ham shunday fikrda bo’lgan.
Dunyoning badiiy tasvirida muallif va personajlar munosabati
“Tom Soyer” ham, “Gekl’berri Finn” ham, “Shum bola” ham avtobiografik asarlar emas. Biroq ularda hikoyaga yorqin joziba beruvchi adiblarning bolalik davri taassurotlari, hayotlaridan olingan real faktlar talaygina.
“Tom Soyer”ga yozilgan so’z boshida Mark Tven Tom Soyer “birgina bolaning emas, o’zim bilgan uch bolaning xarakteriga ega” deb yozadi. Keyinchalik bu uch bolaning shaxsi aniqlangan: ular muallifning o’zi, uning maktabdosh o’rtog’i Uill Bouen va Illinoys shtatidagi Shounitaun Shaharchasidan bo’lgan bir bola ekan. O’n ikki yoshdagi bu o’yinqaroq bolakay Mark Tvenga maktabda o’zining boshidan o’tgan voqealarni so’zlab bergan; uning ismi Tomas Soyer Spivi bo’lgan. U oradan bir necha yildan so’ng Mark Tven bilan N’yu-Yorkda “Uoldorf Astoriya” mehmonxonasida uchrashgan. Spivi fermer bo’lgan, yozuvchilik bilan ham shug’ullangan. U 1938 yili olamdan o’tgan.
Asarlardagi boshqa personajlarning ham o’z prototiplari bo’lgan. Gek Finnning prototipi Gannibal shahrida istiqomat qiluvchi Tom Blenkenshil bo’lgan bo’lsa, uning otasi va hindu Jo uchun Gannibal shahri fuqarolari prototiplar bo’lib xizmat qilgan. “Tom Soyer”dagi Bekki Techerni aslida Lora Gaukins deb chaqirishgan; uning otasi esa romandagi sudьya Techer; Sid – adibning tug’ishgan ukasi, “Pensil’vaniya” paroxodi portlab ketishi natijasida halok bo’lgan Henri Klemens; Tom Soyerning xolavachchasi Meri – Tvenning singlisi Pamela, Polli xola – adibning onasi Jeyn Klemens; negr Jim adibning tog’asi Jon Kuorlzning plantatsiyalarida xizmat qilgan “Den amaki”ning o’zginasi.1
Lora Gaukins uzoq umr ko’rgan, 1902 yil Mark Tven Missuriya universiteti magistri diplomini olish uchun Gannibalga kelganida Tvenning maktabdosh o’rtog’i Jon Briggs bilan uni tabriklagan. Tvenning o’limidan oldin Lora Gaukins adibning Reddingdagi uyiga kelgan.
Muallifning o’zi guvohlik berishicha “Tom Soyer”dagi barcha voqealar (topilgan xazina va hindu Joning o’limidan tashqari) real hayotdan olingan. Bundan tashqari asar yaratilishiga Mark Tvendan oldin o’tgan va unga zamondosh adiblar asarlarining ham ta’siri bo’lgan. Shu ma’noda U.Bleyerning “Qadrdon amerika yumori” (1942) kitobida keltirilgan misollar ma’lum qiziqish uyg’otadi. Bleyerning ta’kidlashicha, Semyuel Klemensning “Carpet-bag” jurnalida 1852 may oyida paydo bo’lgan “Skvatterni qo’rqitgan dendi” nomli hikoyasi V.R.Shillaberning mahmadona Ayk Partington va uning xolasi missis Partington haqidagi hikoyasi bilan bir paytda e’lon qilingan. Keyinroq Shillaber “Missis Partingtonning hayoti va fikrlari” nomli kitobini e’lon qilgan. Tipografiyada o’sha paytda harf teruvchining yordamchisi bo’lib ishlayotgan va kitoblarni jonidan yaxshi ko’rgan Semyuel Klemens Shillaberning jurnalda e’lon qilingan hamda alohida kitob holida chop etilgan hikoyasini o’qigan bo’lishi mumkin. U.Bleyerning fikricha “Tom Soyer”dagi Polli xolaning portreti missis Partingtonning portretiga ko’p jihatdan o’xshab ketadi. Hatto Shillaberning kitobiga illyustratsiya sifatida kiritilgan rasmlardan biri “Tom Soyer”ning birinchi nashri 274 betidan joy olgan.1
Polli xolaga o’xshab missis Partington ham jiyanini boqib olgan, turli dori-darmonlar bilan uni zaharlaydi. Har ikki ayol ham o’z jiyanlarini har xil bema’niliklardan asraydi. Mark Tven “Tom Soyer”da qahramonning xolavachchasi Meri haqida so’z yuritar ekan, unga shunday ta’rif beradi: “u mushuklarni issiq suvga cho’ktirishi mumkin edi”. SHillaberning kitobida ham Aykning xolasi qaynatilgan suvga mushuklarni tashlaydi. “Ularni sovuq suvga tashlash bag’ritoshlik bo’lardi”.
Mark Tven o’z qahramonlariga ismlar tanlashga ham juda katta e’tibor bergan. “Men har doim qahramonlarimga o’zimni qoniqtiradigan ism tanlashda qiynalganman – deb yozadi adib. – Tom Soyer va Gek Finn real xarakterlar bo’lgan. Eng oddiy ismlardan bo’lgan Tom Soyer o’zining jarangi bilan ham qahramonimga mos kelgan, shu sababli men bu bolani shunday atadim. Biroq har bir shaxsga ism tasodifan qo’yilmaydi. “Finn” bir bolaning haqiqiy familiyasi edi, men esa unga “Gekl’berri” ismini qo’shdim (huckleberry - chernika). Bilsangiz, “Finn” familiyasiga nimadir yetishmasdi, natijada uning oldiga “Gekl’berri” qo’shildi, Tom Soyerdan farq qiluvchi boshqa bir bola obrazini yaratish shuni taqozo etardi”.1
“Tom Soyerning boshidan kechirganlari”da M.Tven o’z ijodida ilk bora qahramonlarning to’laqonli va yakunlangan obrazlarini yaratdi. Bu romanning yagona ustunligi emas. Bu asarda Mark Tven o’zining bundan oldingi asari “Yaltiroq asr”dagi kabi to’g’ridan-to’g’ri tanqidni qo’llamay AQSh jamiyatining ichki, yashirin dunyosini yoritib berdi.
Birinchi qarashda Mark Tven asarlari qahramonlari sodda, beg’ubor odamlarga o’xshaydi. Bu ta’rifni “Tom Soyer” va “Gekl’berri Finn”ning boshqa – katta yoshdagi qahramonlari uchun ham qo’llash mumkin. Bolalarga ko’p kulgi bo’ladigan Polli xola, jumladan, olijanob ayol, biroq o’zining yurish-tutishi bilan atrofdagilarni hayratga soladi. Kampirning “...qalbidan sevgan birdan bir ko’zoynagi bo’lib, u chinakam zaruratdan emas, balki “olifta” ko’rinish uchun taqilar edi. Kampir pechkaning mo’risidan ham xuddi shu taxlitda mo’ralay olar edi”.2
Biroq ko’zoynaklar – “pechkaning mo’risi” (stove-lids) – tasodifiy komik unsur emas. Ular Polli xolaning ma’naviy ko’rligining ramzi. Kampir o’z jiyanini yaxshi ko’radi, biroq o’zining savodsizligi va ojizligi tufayli bolaning “qalbini” qutqarish uchun uni jazolashlarga ham tayyor. Turli –tuman kelib chiqishi noma’lum dorilar bilan bolani zaharlaydi, uni bolalik quvonchlaridan mahrum qiladi, pand-nasihatlar qiladi – Tomga “yaxshilik qilaman” deb uning umrini do’zaxga aylantiradi.
Tomning mehribon xolavachchasi Meri uni cho’miltiradi, yuvib taraydi, kiyintiradi. Biroq u ham bolani o’ziga o’xshatib tarbiyalashni - bolani muqaddas kitobning oyatlarini ongsiz ravishda yod oladigan mashinaga aylantirishni niyat qilib yuradi, zotan Merining o’zi to’rt ming misrani yod olgan va buning uchun unga ikki Injil kitobi mukofotga taqdim etilgan.
Gekning aytishi bo’yicha missis Duglas ham unga “yaxshilik” tilaydi, zero beva xonim uni “... har kuni ertalab belgili vaqtda turishga, yuz-qo’llarini yuvishga majbur etadi... Boshlarini bo’lsa tarayverib, jonini oladi”.1 - ‘The widow’s servants kept him clean and neat; combed and brushed him,and saw him to bed at nights.’2
Mark Tvenning badiiy mahorati yana shunda ko’rinadiki, u nafaqat o’zining qahramonlarini, balki kitobxonlarni ham mavjud qadriyatlarni qayta ko’rib chiqishga chaqiradi: Nahotki pul, mol-dunyo baxt-saodat manbai bo’lsa? Nahotki maktablarning chalasavod “mullalari” bolalarga to’g’ri bilim bera oladi? Maktabdagi ko’r-ko’rona yod olishlar yosh qalblarni zaharlamaydimi? Yuzaki, xo’ja ko’rsincha taqvodorlikning tagida yolg’on va munofiqlik yashiringan emasmi?
“Tom Soyer” Mark Tvenning eng mukammal va ixcham romanlaridan biri. Asarning hajmi kichik bo’lsa ham u turli-tuman voqea-hodisalarga, dramatik holatlarga, ruhiy ziddiyatlarga boy. Roman tuzilishida kontrast tamoyili yaqqol ko’zga tashlanadi. Tom va Gekning sho’xliklarga va Shumliklarga, dramatizm va sarguzashtlarga boy haqiqiy hayoti qoloq Shaharchaning uyqudagi hayotiga qarshi qo’yiladi. “Olomonning yuragi”, “sardori” bo’lmish xushchaqchaq Tom obrazi yoshligiga qaramay zerikkan va toliqqan Sid, Meri, maqtanchoq Jim Xollis va olifta Al’fred Templ obrazlariga qarshi qo’yiladi.
Mark Tven yumorining ishqibozlari mahorat bilan yozilgan, boshdan-oyoq kontrastlardan tuzilgan Tom Soyer va Al’fred Templ o’rtasidagi jang sahnasini unutmaydilar. Bu yuksak mahorat san’ati haqida Mark Tvenning o’zi keyinroq shunday degan edi: “Yumor, eng avvalo qalblarimizni qutqaruvchi buyuk kuch. Bir daqiqadan keyinoq qayg’ularimiz yo’qoladi, qalbdagi jarohatlar va xafagarchiliklar yoddan chiqadi va dillar quvonchga to’ladi”3.
Kitoblarning asosiy g’oyasi o’laroq tug’ilgan kontrast priyomi (Tom va Gekning “tamaddun” zo’ravonliklari) ayrim sahnalar va jumlalarning tuzilishida ham ko’zga tashlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |