Qadimgi Quva shahri Farg‘ona viloyatidagi shu nomli tuman markazida joylashgan, birinchi bor XX asr boshlarida tadqiqotchilar e’tiboriga tushgan (Masalskiy V.I., 1913. S.708). Uning o‘lchamlari va minglab sopollar hamda boshqa topilmalar mahalliy aholini ushbu xarobalarni afsonaviy Kay Kubod bilan qiyolashiga asos bo‘lgan.
Quva to‘g‘risida yozma manbalarda juda ham kam ma’lumotlar uchraydi. Arab geograflari xabaricha, Qubo X asrda vodiydagi katta shaharlardan biri edi. Ayrim mualliflar (al-Muqaddasi-al-Mokaddasi) uni hatto Farg‘ona poytaxti Axsiketdan kattaroq va chiroyliroq deb ta’riflaydi (BGA, III, p. 48.).
VIII asr boshlaridagi voqealarni yorituvchi manba xabaricha Quboda Farg‘ona hukmdorining taxt vorisi qarorgohi bo‘lgan (Gibb A.R., 1923, p. 91.). Bu shaharning siyosiy va iqtisodiy salohiyatini bu erda zarb etilgan tangalar ham tasdiqlaydi (Davidovich E.A., 1960. S. 256). Bundan tashqari, qazishmalar mobaynida Quvada noyob tangalar ko‘plab topilgan va ular vodiydan tashqarida deyarli uchramaydi. Quva tangalarini chuqur o‘rgangan O.I. Smirnova bu shaharda VII - VIII asrlarda zarb qilingan deb xulosa beradi (Smirnova O.I., 1977. S. 53). Shunday qilib, Quva ilk o‘rta asrlarda jiddiy siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan shahar edi.
Xitoy yilnomalari ma’lumotiga ko‘ra, VII asrda vodiyda ikkita poytaxt bo‘lgan: shimoliy tomonda Koson Turk hoqonligi hukmdorlarining qarorgohi va janubda-Xuminda mahalliy hukmdorlar vakili turgan (Bichurin N.YA., 1950. S. 319). Xumin qaerda joylashgani noaniq bo‘lsa-da, ammo VIII asr boshlaridagi Quvaning siyosiy va iqtisodiy salohiyatini hisobga olib, arab manbalaridagi Qubo va Xitoy yilnomalaridagi Xumin bir shahar, ya’ni Quva degan xulosaga kelingan.
Dastlabki keng ko‘lamli arxeologik qazishmalarni O‘zbekiston Respublikasi FA Tarix va arxeologiya instituti xodimlari 1956-1970 yillari akademik YA. G‘ulomov rahbarligida olib bordi (Jukov V.D. 1960. S. 80).
Arxeologlar yodgorlikning turli joylarida qazishmalar o‘tkazdilar. Natijada arkning X asrda buzilib yaroqsiz holga kelib qolgani xaqidagi yozma manbalar xabarini qazishmalar tasdiqladi. Biroq o‘rta asrlarda Quvaning kuchsizlanishi to‘g‘risidagi fikr o‘z rivojini topmadi. YA’ni, shahar siyosiy va madaniy markaz sifatida to XIII asr boshlariga qadar – mo‘g‘illar tomonidan vayron etilguncha yirik kentlardan biri bo‘lib qoldi.
Ayniqsa, shahristonning shimol tomonida keng ko‘lamli arxeologik qazishmalar olib borildi. Bu erda 1958-1959 yillari buddaviylik ibodatxonasi kovlab ochildi (Bulatova V.A., 1972. S. 51-93). YAshash joyi va ibodatxona, undagi sig‘inish komlpeksi yaxshi saqlangan. Bu kompleks VII asrda faoliyat ko‘rsatgan va VIII asr boshlarida buzib yuborilgan. Quvadan aniqlangan haykallar va boshqa topilmalar ushbu shahar aholisining bir qismi arablar kelgunga qadar buddaviylik diniga sig‘inganini dalillaydi. Buddaviylik aholi sig‘ingan yagona din emas edi, 1956-1958 yillardagi qazishmalarda otashparastlik dini bilan bog‘liq topilmalar ham aniqlangan (Kozenkova V.I., 1961. S. 258). Zardushtiylik va buddaviylik topilmalari VII-VIII asrlarga taalluqli va ular ikki diniy tizim vakillarining Quva shahrida yonma-yon yashaganlarini ko‘rsatadi. Bunga yana xristianlikning xoch (krest) ko‘rinishidagi taqinchoqni ham kiritish kerak (Ivanov G., 2000, p. 164; Raimkulov A., Ivanov G.P., 2000. S.160.). Bu topilma X asr bilan belgilanishi mumkin.
1996-2006 yilardagi qazishmalarda yodgorlikning janubi-Sharqiy burchagida balandligi 4 metrdan ortiq bo‘lgan shahar qadimgi devorining bir qismi ochildi.
Shahristonning janubi-Sharqiy burchagida arxeologlar va me’morlar uchun ahamiyati katta bo‘lgan darvoza ochib o‘rganildi. Bungacha shaxristonda ikkita darvoza bor deb qaralgan. Quvada shahar va kirish qismining murakkab me’moriy echimlari aniqlandi va bunday inshoot, aytish mumkinki, O‘rta Osiyo o‘rta asrlar tarixida birinchi marta to‘la kovlab o‘rganildi. Izlanishlar ko‘rsatishicha, shahar darvozasi o‘rta asrlardan ham oldinroq ishlatilgan ekan.
Arxeologlar janubiy mudofaa devorini ham o‘rgandilar. Ammo bu erdan eramizning VI asrdan oldingi vaqtga to‘g‘ri keladigan fortifikatsiya inshooti qayd etilmadi. Shahar maydoni bir tekisda o‘zlashtirilmagan. Janubiy va g‘arbiy mudofaa devorida eramizning birinchi asrlariga oid mavze qazib o‘rganildi.
Quvaning eng qadimgi qatlamlari xaqida qiziq ma’lumotlar to‘plandi. O‘tgan asrning 50-yillarida arxeologlar ark va shahristonning maydoni 12 gektarligi va VI asrga kelib bu maydonga aholi sig‘may qolib, shaxriston tashqarisiga chiqilganini aniqladilar. Bundan tashqari, shimoliy devorning kesimi, uning ostida eramiz boshlariga oid yana qandaydir mudofaa devori borligini qayd etildi. Umuman, o‘tgan asrning 50-60 yillaridagi tekshirishlar natijalari: ya’ni, birinchi asrga oid sopollari ko‘plab uchrashi, ikkita bronza paykonlarining topilishi Quva eramiz boshlarida paydo bo‘lgan, degan xulosaga olib kelgan edi.
Keyingi yillarda Quvada yanada qadimgi madaniy qatlamlar to‘g‘risida materiallar topildi. Birinchi marta shahristonni janubi-Sharqiy burchagidagi qazishma paytida bronza paykon topilgan edi. Xuddi shunga o‘xshash kamon o‘qlari Farg‘ona vodiysi ilk temir davrining mozor-qo‘rg‘onlarida uchragan edi va Pomirdagi shunday topilmalarga o‘xshashligi hisobga olinib, miloddan avvalgi V asr deb sanasi belgilangan (Medvedskaya I.N., 1969. S.63).
Qadimgi davrni yorituvchi ko‘plab arxeologik materiallar 1998 yilgi qazishmalar paytida topildi (Shirinov T.Sh., Matboboev B.Kh., Ivanov G.P., 1998). Bir paytda ikki nuqtada shaxriston janubi-Sharqiy burchagida va janubiy mudofaa devorlari ostidan qadimgi belgilari bilan sopollar kompleksi qayd etildi. Sopollar aksariyati qo‘lda yasalgan va sirti och sariq va qizil angob bilan qoplangan. Ba’zilarida bo‘yoq izlari ham saqlangan. Texnologik belgilari va idish shakllari vodiyning Eylaton madaniyatida uchraydi va miloddan avvalgi VI-III asrlar bilan belgilanadi. Quva topilmalari eylaton kompleksining keyingi davriga to‘g‘ri keladi va shunga qaramay, shahriston topilmalari 2500 yil bilan sanalanishi mumkin.
Quvada arxeologlar tomonidan o‘rta asrlarga oid shishasozlar, temirchilar, kulollar, charmgarlar ustaxonalari topilgan. Ayniqsa, Quva shishasozlari mahorati yuksak bo‘lgan. Rangli shishadan xilma-xil xo‘jalik buyumlari tayyorlangan. SHisha buyumlarning katta kolleksiyasi o‘tgan asrning 50-60 yillarida to‘plangan (Axrarov I., 1960). Keyingi yilarda ham shisha buyumlar ko‘plab aniqlandi. Idishlarning aksariyati paymona va qadahlardan tashkil topgan. SHisha idishlar turli tuman etib bezatilgan. Quva idishlari bo‘rtma va qirqma usulda bajarilgan, unda idishga ipga o‘xshatib yoki naqsh qirqib jilo berib sirtiga yopishtirlgan.
1996 yili shaharning janubi-Sharqiy burchagida XII asrga to‘g‘ri keladigan maxsus xumdonli xona ochildi. Xonadan yassi qurilish oynalari ham topildi.
Farg‘ona vodiysi foydali qazilmalarga boy o‘lka. Temir va mis rudalari juda qadim zamonlardan beri eritilib, qayta ishlanib foydalanilgan. Metall buyumlarni rudadan olib uni qayta ishlash katta shaharlarda to‘plangan edi. Ana shunday hunarmandchilik markazlaridan bir Quva edi. Bu erda bir necha marta temir eritish uchun mo‘ljalangan gilqozon parchalari qayd etilgan. 1998 yilgi qazishmalarda janubi-Sharqiy darvoza oldidagi bir xonada metallurgiya chiqindilari (toshqol va erigan temirning qotgan bo‘laklari) ko‘plab topildi. Xona o‘rtasida atroflari kuyib ketgan va ichi kul bilan to‘lgan yirik xumdon topildi. Xumdondan sal narida ustalar qulayroq turishi uchun ikkita chuqurcha kovlangan. Bu qurilmalarni hozirda ham temirchilik ustaxonalarida kuzatish mumkin. Xona va uning polidan topilgan mixlar, nag‘alchalar, pichoqlar va sovut parchalari bu temirchilik ustaxonasining XII asrga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi.
Quvada hozircha bronza ishlab chiqarish xumdonlari va ustaxonalari topilmagan. Ammo yodgorlikning ko‘plab nuqtalaridan rangli metallardan, ayniqsa, mis va uning qorishmalaridan yasalgan buyum yoki ularning parchalari aniqlangan. Masalan, arxeologlar metall idish parchasi, butun saqlangan bronza idish, afsonaviy maxluq ko‘rinishida bronzadan quyilgan shamchiroq oyog‘i, oyna parchalari, to‘qalar, sirg‘alar va oshiq-moshiq kabilarni qayd etganlar. Bronzadan surma idishlar ham yuqori malaka bilan chiroyli qilib yasalgan. Bir xil bronza idishlarning ko‘plab topilgani, o‘z tanga zarbxonasi borligi, katta miqdordagi bronza qotishmasining uchrashi mutaxassislarga Quva mis va bronza ishlab chiqarish markazi bo‘lgan degan xulosaga kelishlariga sabab bo‘lgan.
CHarm ishlash bo‘yicha ustaxona ham shahristonning janubi-Sharqiy burchagida kovlab o‘rganildi. Bu erdagi uy xo‘jaligining bir xonasida uning bajargan vazifasini dalillovchi topilmalar qayd etildi. Xona poli yaxshilab qotirilgan. Unda uchta to‘rtburchakli qurilma tozalab ochildi. Bu qurilma devorlari va ichkari tomoni alebastr (ganch) bilan 3 sm. gacha qalinlikda suvalgan. Gipsni qadimdan gidroizolyasiya xususiyati ma’lum va shuning uchun ushbu inshootlar suyuqlik saqlaydigan katta idish sifatida foydalanilgan. Pol ustida toshdan yasalgan teri tekislagich topildi. Bu xonani hayvon terisini qayta ishlab charm tayyorlash uchun moslashtirilgan xona deyish mumkin.
4-qazishmadan har xil toshlardan yarim ishlangan buyumlarning topilishi zargar ustaxonasi ekanligidan dalolat beradi. Bunday ustaxonalar oldin ham Quva yodgorligida o‘rganilgan. Jumladan, o‘tgan asrdagi qazishmalarda budda ibodatxonasi yaqinidagi uy-joylarda ham zargar ustaxonasi kovlab o‘rganilgan (Bulatova V.A., 1972. S. 56).
Qazishmalar davrida eng ko‘p topilgan moddiy ashyo - bu kulolchilik buyumlaridir. To‘g‘ri, hozirda kulolchilik bilan aloqasi bor biror xona yoki ustaxona arxeologlarga ma’lum emas, lekin kulolchilik buyumlarining Quvada ishlangani shubhasiz. Buni sopol idishlar ximiyaviy tarkibi tahlili ham tasdiqlaydi. Ularning loyi Quva va uning atrofidagi tuproq tarkibiga aynan o‘xshash. Sopol loyi hozirdagi tandirchilar ishlatadigan tuproqqa juda yaqin turadi (Grajdankina N.S., 1962. S.147,148.). Albatta ikki ming yildan ortiq vaqtda sopol idishlar shakli va ulardagi “moda” bir necha marta o‘zgargan. Ayniqsa, miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalaridagi kulolchilik namunalari boshqalaridan keskin farq qilgan. Birinchidan, ular qo‘lda yasalgan, ikkinchidan, sirtini bezash ham farq qilgan. Kulol charxisiz tayyorlangan sopol idishlar qizil va qizg‘ish ranglar bilan bo‘yalgan. CHarxda yasalgan sopollarga oqish ranglarda jilo berilgan. Ba’zida idishlar sirtiga bo‘yoq bilan geometrik va o‘simlik nusxa naqshlar solingan. Bunday idishlar soni taxminan miloddan avvalgi II asrdan ortib boradi. Endi kulolchilik uslublari yangilanadi. Aksariyat kulolchilik idishlari charxda tayyorlana boshlaydi. Sopollar loyi sifati a’lo, kuydirilishi sifatli va idishlar yupqa va jarangdor qilib yasaladi. Miloddan avvalgi II asrdan to milodning VI asrigacha sopol idishlar sirti sifatli qizil yoki qora angob bilan qoplanadi. Shu davrdan Farg‘ona vodiysida o‘ziga xos “tirnab” geometrik naqsh solish rasm bo‘ladi.
Markaziy Osiyodagi chorvador-ko‘chmanchi aholining moddiy madaniyatga ta’siri ko‘plab kuzatilgan. Bu narsa VI-VIII asrlardagi Quva va vodiy kulolchiligiga ham ta’sir etgan. Bu jarayon asta sekin sopol idishlardagi turk-so‘g‘d xillarining paydo bo‘lishida seziladi. Qolaversa, VI asrdan e’tiboran sifatli Farg‘ona angobi kamayib ketadi va har xil dastali idishlar (yog‘log‘i va boshqalar) paydo bo‘ladi. Quvadagi ko‘plab idishlar metall va yog‘ochdan yasalgan idishlarga taqlidan kulolchilik idishlari tayyorlangan.
Markaziy Osiyoda IX asrdan boshlab sirlangan sopol idishlar paydo bo‘ladi. Bu narsa Farg‘ona vodiysini ham chetlab o‘tmadi. Sopol tayyorlashdagi bu yangi usul vodiyda juda tez tarqadi. Odatda geometrik va o‘simlik naqshlari ba’zida bir oz murakkab motivlar ham paydo bo‘ladi. X-XII asrlarda Quvada tayyorlangan sopol idishlar o‘zining nafisligi, chiroyliligi va sifati bilan ajralib turgan. Quvaning sirlanmagan kulolchilik idishlari ham juda sifatli bo‘lgan. Ularga kesib, tirnab yoki o‘yib turli gullar solingan.
Shahar hunarmandchilik markazi sifatida yaqin atrofdagi aholinigina emas, balki bozorni ham ta’min etgan. Shahar yiriklashgan sari uni ushbu xududdagi salohiyati orta borgan. Shuning uchun qadimgi va o‘rta asrlardagi Quvaning hunarmandchilik mahsulotlari Farg‘onaning nafaqat siyosiy va ijtimoiy, balki iqtisodiyotida ham katta ahamiyatga egadir.
Quvada olib borilgan ko‘p yillik qazishmalar salmoqli natijalarga olib kelgan bo‘lsa-da hali arxeologlar oldida echilishi kerak bo‘lgan murakkab vazifalar turibdi. Albatta, ular orasida eng muhimi Quvaning ilk davri tarixidir. YA’ni, shaharni paydo bo‘lishi va bu davr bilan bog‘liq mudofaa inshootlarini kovlab o‘rganish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |