10-mavzu: Choch va Iloq: O`rta asrlarda Toshkent vohasi shaharlari.
Reja:
1. Toshkent atamasi haqida.
2. Toshkent qadimda va o‘rta asrlarda.
3. Qadimgi Chochdagi urbanistik jarayonlar.
4. O‘rta asrlarda Binkat — Toshkentning suv bilan ta’minlanishi.
5. XVI-XIX asrlarda Toshkent.
Asosiy qism:
Toshkent atamasi haqida. Toshkent toponimini “Tosh shahar” deb izohlaydilar. Shu so‘zda ma’lum ma’noda shahar tirixi ham o‘z aksini topgan. Uning qachon paydo bo‘lganligi aniq emas. lekin Toshkent juda qadimiy shahar ekanligi aniq. Shahar hududida tosh asriga oid buyumlar topilgan. Toshkentdagi qabristonlardan birida topilgan bronza ko‘zgular, turli mamlakatlarning tangalari shahar tarixi 2000 yildan ortiq ekanligidan darak beradi.
Toshkent vohasi Tyan SHanning g‘arbiy yonbag‘irlaridan boshlanib Sirdaryo etaklariga tushadigan keng tog‘oldi tekisligining bir qismida joylashgan. Sharqda u uchta — Ugom, Piskom va Chatqol tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan bo‘lib, bu tizmalarni shu nomlar bilan ataluvchi daryolar oqib o‘tuvchi daralar ajratib turadi. Bu daryolar qo‘shilib Chirchiq daryosini hosil qiladi. Chirchiq daryosi Chorvoq havzasining tor darasidan o‘tib, G‘azalkentdan quyiroqqa tushganda kengligi ba’zi joylarda 20 kmdan oshadigan qadimiy tekislik bo‘ylab oqadi. G‘arbda Chirchiq vodiysiga bamisoli keng amfiteatrdek Qizilqumning qaynoq nafasi uriladi. Janubiy qismida esa vodiyga kirib boruvchi Ohangaron daryosi yastangan. Ushbu tekislik shimolida joylashgan Aris daryosining vodiysi bilan birga bu tabiiy suv tarmoqlari O‘rta Osiyo dehqonchilik vohalarining chekka mintaqasini tashkil etadi. Undan shimol tomonga qarab esa, yaylovlarga boy bo‘lgan poyonsiz cho‘l yastanib yotadi.
Chirchiq daryosi havzasi O‘rta Osiyoning qadimiy dexqonchilik va shahar madaniyatlari beshiklaridan biridir. Uning hududida vohaning poytaxt markazi paydo bo‘lgan. Joydan joyga ko‘chib turgan bu markaz qadimda va o‘rta asrlarda Choch yoki Shosh, keyin esa Toshkent nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Toshkent vohasida barcha tarixiy davrlarda suv mo‘l-ko‘l bo‘lgan. Tarixan tarkib topgan kanallar tarmog‘i shaharni suv bilan ta’minlab turgan. Shu bois shahar hech qachon suv taqchilligini sezmagan. Buni o‘rta asrlardan to XIX asrgacha Toshkent to‘g‘risida yozgan mualliflar hamisha ta’kidlab kelganlar. Bu erdagi iqlim hozirgi odamlarning ajdodlari paydo bo‘lgan, ya’ni bir necha o‘n ming yil muqaddam mavjud bo‘lgan iqlimdan farq qilgan. Issiq quruq yoz bilan yillik yog‘in miqdorining asosiy qismi yog‘adigan qahraton qish almashinib turgan.
Vohaning tog‘ yonbag‘irlari va tekisliklar o‘simliklarga boy bo‘lib, ibtidoiy odamlar ovlaydigan yovvoyi hayvonlar juda ko‘p edi. Ularning aksariyati, jumladan, arxar, jayron va asl bug‘u kabi hayvonlar yaqin vaqtda yo‘qolib bitgan bo‘lsa, junli karkidon, g‘or ayig‘i, arslon singari hayvonlar esa ancha ilgari yo‘qolib ketgan. Ular haqida ibtidoiy odamlar manzillarini qazib o‘rganish chog‘ida topilgan qoldiqlar orqali ma’lumot olish mumkin. Bu erlarda bir necha yuz ming yil avval ovchilik va termachilik bilan kun kechiruvchi ibtidoiy jamoalar g‘orlar va tog‘ bag‘ri bostirmalarini, yoki daryo sohillari va chashmalar yonidagi ochiq manzillarni egallab makon qilganlar. Bunday joylar hozirgi Toshkent shahri hududida ham mavjud bo‘lgan. Jumladan, Bo‘z suv yoqasidagi Qo‘shilish manzilgohidan birmuncha nozik ishlangan chaqmoqtoshlar, pichoqlar, bigizlar, ibtidoiy ustalar tomonidan bundan to‘qqiz ming yil avval yasalgan ov va mehnat qurollari topildi. Topilmalar orasidan yovvoyi buqa suyaklarining uchrashi, mutaxassislar fikricha, ularning o‘sha vaqtlardayoq xonakilashtirilgan deb taxmin qilishga asos bo‘ldi. Hayvonlarni xonakshtashtirish jarayoni Toshkent vohasi hududida ham kechgan. Miloddan oldingi uchinchi ming yillikdan boshlab, bu hudud dastlabki chorvadorlar tomonidan o‘zlashtira boshlashgan. Ular ish asboblari va jezdan qurollar tayyorlashni o‘rganganlar. Arxeologlar Toshkent shahri hududi va uning atrofida chorvadorning ko‘pdan ko‘p qabrlari hamda qo‘rg‘onli dahmalarini topganlar. Bu joylarda dafn etilganlarning yoniga jezdan yasalgan ish asboblari, qurollar, zeb-ziynatlar va qo‘lda yasalgan idishlar ham qo‘yilgan. Toshkent shahri hududida bunday qabristonlar xozirgi shampan vinosi zavodi yaqinidan, shuningdek, Qoraqamish arig‘i bo‘yidan topilgan. Sirg‘ali degan joyda esa dasht chorvadorlari va yilqichilarining manzili bo‘lganligi aniqlangan. Bu erdan ish qurollaridan tashqari burama halqali jez bilaguzuklar ham topilgan.
Toshkent tarixiga oid ilk manbalar milodning dastlabki asrlariga to‘g‘ri keladi. Jumladan, yunon olimi Ptolomeyning “Geografiyadan qo‘llanma” Toshkent haqidagi ma’lumotlar asarida uchraydi. Ptolomey bu asarida Er sharining obod qismini, ya’ni oykumenani 26 xaritada tasvirlagan. Shu xaritalardan birida O‘rta Osiyo va uning atrofidagi o‘lkalar ko‘rsatilgan. Ana shu xaritada Xitoyga boradigan savdo yo‘li ustida, YAksart (Sirdaryo) havzasining Sharqida “Terri Lapideya” degan joy ko‘rsatilgan. Olimlar ana shu yunoncha nomni “Tosh qo‘rg‘on” deb tarjima qilib, uni Toshkentga nisbat berganlar.
Toshkent shahrining nomi yozma manbalarda Choch, Chochiston, Shosh, Shoshkent shakllarida uchraydi. Choch so‘zi ham so‘g‘d tilida “tosh” ma’nosini anglatadi. Shosh esa Choch nomining arabicha shaklidir. Choch yoki Shosh deganda Toshkent va uning atroflari tushunilgan.
X asrda noma’lum muallif tomonidan fors tilida yozib qoldirilgan “Hududul olam” (“Olamlar chegarasi”) asarida bunday deyiladi: “Choch katta viloyat, xalqi jangovar, boy va saxiydir. U erda o‘q - yoy tayyorlanadi. Binkat – Chochning poytaxti. Bu katta shahara, ayni paytda podshoning qarorgohidir”.
Arabnavis olimlardan Istaxriy, Ibn Xavqal, Muqaddisiy va boshqalar (IX-X asrlar) Shosh viloyati haqida yozganda uning markazini Binkat shahri deb ko‘rsatadilar. Binkat hozirgi Eskijuva va CHorsu oralig‘ida bo‘lgan. Binkat nomi forscha bo‘lib, “ko‘rimli shahar” demakdir (bin – ko‘rinish, kat – so‘g‘dcha “shahar, qishloq, manzilgoh” degan ma’noni anglatadi).
Mahmud Qoshg‘ariy o‘zining mashhur asarida Shosh bilan bir qatorda Toshkent nomini ham keltirgan. Jumladan, u o‘zining “Qonuni ma’sudiy” asarida: “Binkat – bu Shoshning poytaxti, turkiy tilda “Toshkand”, yunonchadan arabchaga tarjima qilinsa – “Burjul hijora” (“Tosh minora”) shaklida bo‘ladi” deb yozgan. Beruniyning so‘zlarini boshqa olimlar ham tasdiqlashgan. Masalan, Mahmud qoshg‘ariy o‘zining “Devonu lug‘otit turk” asarida: “Tarkan – Shoshning nomi, uning asl nomi Toshkand – toshdan qurilgan shahar demakdir”, deb yozgan. Demak, poytaxtimiz nomi “Toshkent” shaklida birinchi bor Beruniy asarlarila uchraydi va shahar nomi boshqa nomlar bilan ham atalgan.
Qoraxoniylar tarkibiga kirgan Choch shahri X asrning oxiri – XII asrning boshlarida butunlay Toshkent nomini olgan. Amir Temur davrida (XIV ikkinchi yarmi – XV boshlari) qudratli qal’a, yirik hunarmandchilik, madaniyat va ilm - fan, savdo - tijorat shahri sifatidagi maqomini tiklaydi.
XVI asr boshlarida Toshkent Shayboniylar davlati tarkibiga kirgan, so‘ng u Buxoro amirligi tarkibiga qo‘shib olinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |