JAZOIR (ALJIR) XIX asr o’rtalaridan Jazoir fransuz mustamlakasi edi. 1954-yilning aprelida Jazoirda birlik va harakatlar inqilobiy qo’mitasi tuzildi, keyinchalik u Milliy Ozodlik Frontiga (MOF) aylantirildi. Uning chaqirig’i bilan 1954-yilning 1-noyabrida Jazoirning janubi-sharqida umummilliy inqilobga o’sib o’tgan qurolli qo’zg’olon boshlandi. MOF dasturi Jazoir mustaqilligi uchun kurash, demokratik respublika tuzish, agrar islohotni amalga oshirish, ishlab chiqarish asosiy vositalarini natsionalizatsiya qilishni ko’zda tutdi. 1958-yilda MOF negizida Jazoir respublikasi muvaqqat hukumati tuzildi. Fransuz mustamlaka hukumati aljirlik vatanparvarlarga qarshi ulkan qo’shin va qatag’on apparatini ishga soldi. Mustaqillik uchun kurashda 1 million aljirlik halok bo’ldi (9 million aholidan) va 2 millionga yaqm kishilar qamoqxonalarga tashlandi. Jahon jamoatchiligi fransuz hukumatining xatti-harakatlarini qoraladi. Dunyoning ko’plab mamlakatlari Aljir respublikasi Vaqtli hukumatini tan oldi. 1962-yilning 18-martida Evian shahrida Jazoir-fransuz munosabatlarini belgilab beruvchi bitimlar imzolandi. Jazoir mustaqil deb e’lon qilindi va Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi deb nomlandi. MOF yo’lboshchisi Ahmad bin Bella hukumatga boshchilik qildi. Evian bitimlaridan keyin ayrim yevropalik mustamlakachilar mamlakatni tark etdi, boshqalari esa hukumatga ochiqchasiga qarshilik ko’rsatish yo’liga o’tdi. Bunga javoban respublika rahbariyati joylarda korxonalar ishlarini yo’lga qo’yish uchun o’z-o’zini boshqarish qo’mitalarini tashkil etdi. Tez orada Bin Bella hukumati mulkdorlar tashlab ketgan sanoat korxonalari va yerlarni natsionalizatsiya qilish haqida dekret chiqardi. 1963-yilning oktyabrida fransuz mustamlakachilariga tegishli bo’lgan barcha yerlar o’z-o’zini boshqarish qo’mitalariga berilishi, yerlarni dehqonlar o’rtasida taqsimlanishi ko’zda tutilgan yangi dekretlar qabul qilindi. MOF boshqaruvi 1965-yilda MOF rahbariyatida Bin Bella boshchiligidagi mo’tadil siyosiy yo’l va mudofaa vaziri polkovnik Xuari Bumeden (1925-1978) boshchiligidagi keskin totalitar yo’l tarafdorlari o’rtasida bo’linish yuz berdi. 1965-yilning 19-iyunida to’ntarish natijasida Bin Bella MOF yo’lboshchisi va prezidentlik lavozimlaridan olib tashlandi, X.Bumeden esa o’zini Inqilobiy Kengash prezidenti deb e’lon qildi.