17-§. VENGRIYA: TOTALITARIZMNI HAD ETISH: 1944-yil 2-dekabrda mamlakatdagi antifashistik demokratik kuchlar birlashgan Vengriya mustaqillik milliy fronti (VMMF) tashkil qilindi. Unga Vengriya kommunistik partiyasi (VKP), Sotsial-demokratik partiya (SDP), Milliy dehqonlar partiyasi (MDP), Mayda qishloq xo’jaligi egalari partiyasi (MQXEP), Burjua demokratik partiyasi (BDP) va kasaba uyushmalari kirdi. Urush harakatlari davom etar ekan, antifashist kuchlar yangi Vengriya uchun kurash boshladi. Ular fashizmni yo’qotish, milliy mustaqillikka erishish, xalq hokimiyatini qaror toptirish, antifeodal agrar islohotlarni amalga oshirishni o’z vazifalari deb e’lon qildi.Bu partiyalar Muvaqqat hukumatni tuzdi. 1945-yil 20-yanvarda ularning vakillari Moskvada antifashistlar koalitsiyasi bilan yarashuv haqidagi bitimni imzoladi. 1945-yil martda Muvaqqat hukumat agrar islohot o’tkazdi. Unga ko’ra fashistlar bilan hamkorlik qilgan zamindorlar yerlari musodara qilindi va dehqonlarga berildi. Yerlarning bir qismi davlat mulkiga o’tdi. 1945-yil kuzida parlamentga (Milliy majlis) saylovlar bo’lib o’tdi. Saylovlar shuni ko’rsatdiki, aholining ko’pchiligi mayda qishloq xo’jaligi egalari partiyasini yoqladi. Ularga saylovchilarning 57 foizi ovoz berdi, ularning asosiy raqiblari bo’lgan kommunistlar atigi 16 foiz ovoz oldi. 1946-yil I-fevralda Vengriya respublika deb e’lon qilindi. Biroq mamlakatda sovet qo’shinlarining mavjudligi MQXEP o’z muvaffaqiyatini mustahkamlashiga imkon bermadi. 1946-yil dekabrda “demokratik davlat tuzumini ag’darish maqsadida fitna" aybi bo’yicha MQXEP yo’lboshchilarining katta guruhi qamoqqa olindi. Partiya rahbarligiga kommunistlarga moyil kayfiyatli siyosiy arboblar tayinlandi.
1947-yil 31-avgustda yangi saylovlar bo’lib o’tdi. Kommunistlar bor-yo’g’i 22 foiz ovoz oldi. Bu bir yil oldingidan ancha ko’p edi, biroq bir partiyali hukumatni tuzish uchun yetarli bo’lmadi. Kommunistlar endi uch partiya bilan (SDP, MQXEP, MDP) blokda qatnashib, unda yetakchi rol o’ynadi. 1947-yil noyabrda Davlat majlisi (venger parlamenti nomi) yirik banklarni natsionalizatsiya qildi. So’ngra o’rta va yirik sanoat korxonalari ham natsionalizatsiya qilindi. Qariyb butun iqtisodiyot davlat nazoratiga o’tdi. 1948-yil iyunda SDP va VKP birlashdi. Yangi partiya Vengriya mehnatkashlar partiyasi (VMP) deb atala boshladi. U mamlakatda o’z to’liq siyosiy hukmronligini "proletariat diktaturasi" shaklida qaror toptirdi. O’sha yili VMP mamlakatda sotsializm qurish haqida e’lon qildi. Yangi muddatdan oldingi saylovlar o’tkazildi, unda VMP 70 foiz ovoz va 70 foizdan ortiq deputat mandatini oldi. 1949-yil 20-avgustda Davlat majlisi proletariat diktaturasini qonuniy mustahkamlagan mamlakat konstitutsiyasini qabul qildi. Vengriya Xalq Respublikasi e’lon qilindi. Hokimiyat Davlat kengashi va mahalliy o’z-o’zini boshqarish organlari timsolida mehnatkashlarga tegishli edi. Asosiy vositalar davlat va kooperativlarniki bo’lib, kooperativlar davlat korxonalaridan kam farq qilardi. 1950-yil iyunda Vengriyada ilgarigi o’z-o’zini boshqarish organlarini almashtirgan mahalliy kengashlar tuzildi. Venger kommunistlari ilk yutuqlardan va ularga erishish osonligidan ruhlangan holda mamlakatdagi muxolifatni tugatish va VMPning monopol hokimiyatli totalitar rejimini o’rnatishga qaror qilishdi. 1949-yil boshlarida respublikaga qarshi navbatdagi "fitna" fosh etildi. Bu gal venger katoliklarining yetakchisi kardinal Mindsenti qatag’onlarga duchor bo’ldi. U Amerika elchixonasiga qochib qutildi. Shu bilan birga katolik doiralar bilan bog’liq bo’lgan demokratik xalq partiyasi man etildi. Stalincha nusxadagi "sotsializm"ni mamlakatda Matyash Rakoshi (1892-1971) amalga oshirdi. 1919-yili u Bela Kun boshqargan Vengriya sovet respublikasi hukumatida arzimas lavozimda ishlagan, so’ngra SSSRga qochadi. U bu yerdan maxfiy ravishda yashirin ishga qaytadi, 1925-yil umrbod qamoq jazosi oladi. 1940-yil noyabrda sovet hukumati M.Rakoshi va boshqa kommunistlarni venger milliy bayroqlariga almashadi, bu bayroqlar rus qo’shini tomonidan Budapeshtdagi 1848-yil inqiloblari bostirilgach, bir yildan so’ng tortib olingan edi. U 1945-yili Vengriyaga qaytib, 1958-yilgacha partiyaning birinchi kotibi bo’lib ishladi. 1948-yili Vengriya xo’jalikni tikladi va 1949-yili birinchi besh yillik rejani bajarishga kirishdi. VXR sanoati rivojlanishi 50-yillar boshlarida mamlakat tarixida misli ko’rilmagan sur’atlarda kechdi. Birinchi besh yillik davrida (1950-1954) 75 dan ziyod sanoat korxonalari qurildi, o’nlab yangi shaxta va konlar ishga tushirildi. Yangi sanoat tarmoqlari - asbobsozlik, avtomobilsozlik, kimyo, mashinasozlik va boshqalar yuzaga keldi. Milliy daromad 50 foizdan oshdi. Vengriya agrar sanoat o’lkadan sanoat-agrar mamlakatga aylandi, milliy daromadni shakllantirishda sanoatning solishtirma miqyosi besh yilda 50 foizdan 64 foizgacha o’sdi. 1956-yilning 25-oktyabrida Budapeshtda jamiyatni demokratizatsiyalashni talab etgan ommaviy talabalar namoyishi bo’ldi. Bu voqea aksilinqilobiy isyon deb baholandi va politsiya namoyishchilarga o’t ochdi. Ertasi kuni Budapeshtga sovet tanklari kiritildi. Biroq endi kech bo’lgandi. Kelgusi kuni namoyishlar yana takrorlandi. Mahalliy hokimiyat organlari xalq g’azabi to’lqinida surib tashlandi. Bosh vazir etib Imre Nadtayinlandi, VMP rahbarligiga Yanosh Kadar ko’tarildi. Yanosh Kadar sovet qo’shinlarining Karpat ortidagi lageriga qochdi. I.Nad Varshava Shartnomasidan chiqilishini e’lon etib, Vengriyadan sovet qo’shinlari olib ketilishini talab qildi va mamlakat daxlsiz ekanini ma’lum qildi. 1956-yil 4-noyabrdasovet tanklari yana Budapeshtga kirib keldi. Y. Kadar Vengriya inqilobiy ishchi-dehqon hukumati tuzilishi haqida xabar berdi. VMP Vengriya sotsialistik ishchi partiyasiga (VSIP) aylantirildi. To’rt kun mobaynida vengerlarning qarshilik ko’rsatishi bostirildi. I. Nad qamoqqa olindi, davlatga xiyonat qilishda ayblandi va oliy jazoga hukm qilindi. U 1958-yil 17 - iyunda qatl etildi. O’shanda iqtisodiyotni isloh qilish va ichki hayotni demokratizatsiyalash qadamlari qo’yildi. Islohot tovarpul munosabatlaridan ancha keng foydalanishni ko’zda tutdi. Kredit siyosati, xo’jalik hisob-kitobi, foyda kabi iqtisodiy omillar kuchaydi. Ijtimoiy ta’minot kengaydi. Biroq, ayrim ijobiy natijalarga qaramay, iqtisodiyotni isloh etish undan kutilgan umidni oqlamadi. 1973-1974-yillarda uni amalga oshirish o’sha paytdagi rahbarlik bosimi ostida to’xtab qoldi. 80-yillar oxirlarigacha tub o’zgarishlarga kirishishga jur’at etmadi. 1988-yil maydaVSIPda rahbarlik almashdi – Y. Kadar o’z o’rnini Karoy Grosuga bo’shatib berdi.
Yangi rahbariyat siyosiy islohotga kirishdi. 1989-yil boshida VSIP o’zining monopoliyaligidan voz kechdi. Mamlakatda muxolifat siyosiy partiya va tashkilotlar tiklanishi boshlandi. Vengriyaning parlament demokratiyasiga o’tishi yuz berdi. VSIP Vengriya sotsialistik partiyasiga (VSP) aylantirildi. Partiya rahbariyati bozor iqtisodiyoti, parlament demokratiyasi va mulkchilik shakllari xilma-xilligi yo’lidan borilishini bildirdi. 1990-yil bahorida parlament saylovlarida Vengriya demokratik forumig’alaba qozondi. U huquqiy davlatni barpo etish, demokratik o’z-o’zini boshqarish, zarar keltiradigan korxonalarni xususiylashtirish va bozor iqtisodiyotiga o’tishni yoqlab chiqdi. Bu partiya yo’lboshchisi Yojef Antall MQXEP koalitsion hukumat tuzdi. Mamlakat prezidenti etib Erkin demokratlar ittifoqi raisi Ariada Gensa saylandi. Mamlakatdagi siyosiy ahvol barqarorlashdi. 1998-yilda Vengriya NATOga a’zo bo’lib kirdi. 2002-yil mayda venger sotsialistlari saylovlarda g’alaba qozondi va ular yetakchisi Peter Medgiyesi bosh vazir bo’ldi.
18-§. RUMINIYA: DEMOKRATIYAGA O’TISH