TIRE VA UNING QO’LLANISH O’RINLARI
Tire sodda gap doirasida quyidagi vazifalarda qo’llaniladi:
1. Ajratilgan bo’laklarni ajratish, chegaralash, ulardagi emotsional-likni bo’rttirib ko’rsatish uchun tirening qo’llanilishida ikki holat bor:
a) ajratilgan bo’lak o’zi bog’langan bo’lak bilan bir umumiy gram-matik ko’rsatkichga ega bo’lsa, shu ko’rsatkich orqali boshqa bo’laklar bilan aloqaga kirishadi. Bunday holda tire ajratilgan bo’lakning oldidan-gina qo’yiladi, xolos: Nosirov qabulxonada hurmat bilan o’rnidan turgan yordamchisi – yigirma ikki yoshlardagi... nozik qizga salom berib, kabinetiga kirib ketdi. (A.Q.) Biroq hozir begona odam oldida, yana kolxoz rahbari bo’ladigan odamning – yosh bir qizning oldida aytilgan bu gaplar uni hijolatga soldi. (A.Q.)
b) grammatik jihatdan mustaqil bo’lib, ohang jihatidan ikki tomon-dan pauza bilan ajratilgan bo’laklarning har ikki tomonidan tire qo’yila-di: Tog’alarim – Egamberdi va Rahimberdi, – meni bir-bir quchoqlab ishga beriladilar. (O.)
2. Kiritma qurilmalarni chegaralash uchun: Bilmadim, g’urur yo’l qo’ymadimi – yoshlikda nimalar bo’lmaydi – yo uning menga e'tibor-sizlik bilan qaragani yoqmadimi, bormadim, hatto qarshisiga ham yurmadim. (O’.Umarbekov).
3. Ikki yoki undan ortiq otning birikuvidan tuzilib, biron tashkilot, ta'limot, ilmiy muassasalarning nomini anglatuvchi so’zlar orasiga tire qo’yiladi: Karpov – Kasparov matchi. Toshkent – Termiz poyezdi.
4. Makon, zamon o’rtasidagi chegarani anglatish uchun: 30-40 yillar, XX-XXІ asrlar. Bunda tire ...dan ...gacha shakllarining vazifasida qo’llanadi: 1941-1945 yillarda fashizmga karshi ko’rashdik. 1941 yildan to 1945 yilgacha fashizmga qarshi ko’rashdik.
5. Direktiva, ustav, farmon va qarorlarda har bir obzasda qo’yilishi kerak bo’lgan numerativlar o’rnida tire ishlatiladi. Har bir qoida raqamlar bilan emas, tire vositasida sanab ko’rsatiladi.
6. Bog’lamasi tushirilgan ot kesimli gaplarda tire qo’llaniladi: Paxta – qudrat, paxta – neft. (T.T.)
7. Kesimi yoki kesim tarkibi qo’llanmagan elliptik gaplarda ega yoki ega tarkibidan keyin tire qo’yiladi: Hamma – saylovga! Gazeta – ommaga! O’g’it – dalaga!
8. Ega logik urg’u olib, maxsus ta'kidlanganda, kesim bog’lama bilan shakllansa ham, tire ishlatiladi: Men – mustaqil jamiyat fuqarosi-man. Halol mehnat – baxt demakdir.
9. Uyushiq bo’laklarni umumlashtiruvchi so’zlardan ajratish uchun qo’llaniladi: Bog’imizda olma, anor, shaftoli – hammasi pishdi.
Tire qo’shma gap tarkibida quyidagi ma'nolarni yozuvda ko’rsatish uchun qo’llaniladi:
1. Ta'kid: Har yerni qilma orzu – u yerda bor toshu tarozi (maqol).
2. Zidlik: Kunduzi issiq – kechasi sovuq.
3. Shart: Bolamga yana til tegdir – soqolingni bittalab yulaman (O.).
4. Sabab: Shu yo’l bilan bordik – yetdik murodga (U.).
5. Payt: Bahor keldi – dala ishlari qizib ketadi.
6. O’xshatish: Suv keldi – nur keldi. Vaqting ketdi – baxting ketdi. Qor yog’di – don yog’di (maqol).
7. Qo’shma gap tarkibidagi sodda gaplarning birortasi to’liqsiz yoki elliptik ko’rinishda shakllangan bo’lsa, o’sha to’liqsizlikni qoplash uchun yozuvda tire ishlatiladi: Yaxshidan ot qoladi, yomondan – dod. Oltin o’tda bilinadi, odam – mehnatda. (maqollar)
8. Dialoglarda personajlar nutqining birini ikkinchisidan ajratish, ularning boshlanish nuqtasini ko’rsatish uchun tire ishlatiladi: – Ota, bir narsa so’rasam, malol olmaysizmi? – So’rang, bolam. – O’g’illaringizni gapirib bersangiz. (S.Ahm.)
9. Ko’chirma gapni muallif gapidan ajratish uchun: Bilasizmi,–dedi Nosirov, – keyingi ikki yil ichida rahbar besh marta almashinibdi. (A.Q.)
Do'stlaringiz bilan baham: |