J.M.Keynsgacha bo‘lgan iqtisodiy nazariyada xo‘jalik jarayonlarini tahlil qilishning mikroiqtisodiy yondashuvi hukumronlik qilib kelgan. Firmalarning samarali amal qilishi bir butun iqtisodiyotning samarali amal qilishi bilan deyarli bir narsa deb qaralgan. Xo‘jalik faoliyatini milliy iqtisodiyot darajasida tahlil qilish faqat pul massasi va bahoning umumiy darajasining o‘zaro aloqasi muammosigagina kelib taqalgan, xolos. Buning ustiga e’tibor faqat uzoq muddatli jihtlarga qaratilgan. J.M.Keyns birinchi bo‘lib makroiqtisodiy uslubni qo‘lladi, ya’ni xalq xo‘jaligi yalpi miqdorlari (ijtimoiy mahsulot, yalpi jamg‘arma, yalpi investitsiya, jami iste’mol xarajatlari va b.) o‘rtasidagi bog‘liqlik va nisbatlarni tadqiqot qildi. Makroiqtisodiy uslub ayrim firmalarning rivojlanish sharoitlari bir butun iqtisodiyotning rivojlanish sharoitlari bilan mos tushmasligini taqozo etadi.
O‘rganish predmeti va uslubiy jihatdan J.M.Keyns iqtisodiy ta’limotidagi novatorlik, birinchidan, ana shu mikroiqtisodiy yondashuvdan ko‘ra makroiqtisodiy tahlilga ustunlik berishida, ikkinchidan, «psixologik qonunga» asoslangan holda
«samarali talab» atalmish (talabning davlat tomonidan rag‘batlantirilishi) kontseptsiyasini asoslab berishida o‘z aksini topadi.
J.M.Keyns o‘z tahlilining boshlang‘ich nuqtasi qilib ish bilan bandlik muammosini tanladi. Chunki ishsizlik o‘sha paytda nihoyatda ko‘paygan edi. U yuqori rivojlangan bozor iqtisodiyotida hayotiy zarur muammolar (shu jumladan ish bilan bandlik muammosi) echimini taklifdan emas, balki talabdan qidirish kerak degan xulosaga keldi. Aynan iste’mol buyumlariga va ishlab chiqarish resurslariga bo‘lgan talabning kamligi bahoning pasayishini va taklifning qisqarishini keltirib chiqaradi, bu esa ish joylarining kamayishiga olib keladi. Yalpi talabning yalpi taklifdan orqada qolib ketishi – bu kapitalistik jamiyatning surunkali kasalligidir. Yalpi talab harakati va ijtimoiy mahsulot miqdorining o‘zgarishi o‘rtasidagi bog‘liqlik keynschilik tadqiqotinig markaziy ob’ektini tashkil etadi.
Agar yalpi talab kamaysa, unda u ishlab chiqarishning pasayishiga va mehnatga bo‘lgan talabning qisqarishiga olib keladi. Buning natijasida majburiy ishsizlik vujudga keladi. Nega talab taklifdan orqada qolib ketadi, jami xarajatlar va jami daromadlarning doimiy muvofiqligini ta’minlovchi Sey qonuni amal qilmaydimi?
J.M.Keyns modelida jamg‘arma va investitsiya, yangi klassiklar tasdiqlaganidek, foiz stavkasining o‘zgarishi tufayli emas, balki, eng avvalo, milliy daromadning tebranishi tufayli tenglashadi. Jamg‘arma foiz stavkasiga qaraganda ijtimoiy mahsulot miqdoriga ko‘proq bog‘liq. Investitsiya esa milliy daromaddan avtonom tarzda bo‘ladi. Shuning uchun jamg‘arma va investitsiyalarning tengligi ishlab chiqarish resurslaridan to‘liq foydalanishni va to‘la ish bilan bandlikni ta’minlashi shart emas. J.M.Keyns buning ustiga bozor tizimining eng zaif bo‘g‘inini ko‘rsatib berdi: investor iqtisodiyotda kelajakda bo‘ladigan vaziyatni mo‘ljallab qaror qabul qiladi, jamg‘aruvchi qo‘lga kiritilgan daromad darajasidan kelib chiqqan holda, ya’ni iqtisodiyotning avvalgi holatiga qarab ish yuritadi. Shu boisdan jamg‘arma va investitsiyalarning bir-biriga mos tushmasligi amal qiladi.
J.M.Keyns fikriga ko‘ra, inqiroz paytida davlat yalpi talabni pul-kredit va byudjet siyosati vositasi yordamida tartiblab turishi kerak. J.M.Keyns, eng avvalo, xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirishga asosiy e’tiborni qaratdi. Yalpi talabni rag‘batlantirish vositasiga u real ish haqining o‘sishini to‘xtatishni (bu investitsiyaga sarflanadigan foydani ko‘paytiradi), ssuda foizi darajasini pasaytirishni (foiz qancha past bo‘lsa, investitsiya shuncha ko‘p bo‘ladi), eksportni ko‘paytirishni, davlat xarajatlarining o‘sishini (shu jumladan noishlab chiqarish uchun ham) kiritdi.
«Piramidalar qurilishi, yer qimirlashi, hatto urushlar boylikni ko‘paytirishga xizmat qilishi mumkin», - deb yozadi J.M.Keyns.
Shu bilan birga u odamlarning iste’molga bo‘lgan moyilligiga ham katta e’tibor beradi. Yalpi talabni rag‘batlantiruvchi vositalardan biri kambag‘allar (jamg‘armaydiganlar) uchun soliqni kamaytirish, boylar uchun esa soliq stavkasini oshirish (bu jamg‘armani kamaytiradi) hisoblanadi. Shu bilan birga u o‘zining o‘sha davrdagi «inqilobiy» metodologik tadqiqotiga asoslangan holda o‘tmishdoshlaridan farqli o‘laroq va hukumronlik qilib turgan iqtisodiy ko‘z qarashlarga qarshi ishsizlikni kamaytirishning asosiy sharti sifatida davlat yordamida ish haqini pasaytirishga yo‘l qo‘ymaslikning zarurligini, shuningdek insonning jamg‘armaga bo‘lgan moyilligi tufayli iste’mol daromadlardan ko‘ra ancha sekin o‘sishini tasdiqlab berdi.
Samarali talab
J.M.Keyns «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» asarida o‘z tadqiqotlarini klassiklar nazariyasini, jumladan Sey qonunini tanqid qilishdan va samarali talab nazariyasini isbotlab berishdan boshladi. Sey qonuni klassiklar o‘rtasida to‘g‘ri deb e’tirof etilgan va unga amal qilib kelingan. Bu qonunga ko‘ra taklif avtomatik tarzda o‘z talabini yuzaga keltiradi. J.M.Keyns esa unga qarshi yalpi talab o‘z taklifini yuzaga keltirish g‘oyasini ilgari suradi va o‘zining samarali talab nazariyasini ishlab chiqadi.
Samarali talab nazariyasiga muvofiq muayyan miqdordagi mahsulot (yoki mehnat) taklifining bahosi shuni bildiradiki, u tadbirkorni ushbu mahsulot (yoki mehnat) miqdorini taklif qilishga rag‘batlantirish uchun etarli hisoblanadi. Yalpi xarajat va yalpi mahsulot (yoki mehnat) hajmi o‘rtasidagi nisbat yalpi taklif funktsiyasini aniqlab beradi. Ma’lumki, tadbirkor muayyan miqdordagi mahsulotni sotgandan keyin daromad olishlari mumkin. Kutilayotgan daromad va mahsulot (yoki mehnat) hajmi o‘rtasidagi nisbat yalpi talabni aks ettiradi. Agar muayyan miqdorda ishlab chiqarilgan muhsulot uchun ko‘zda tutilgan daromad yalpi talab bahosidan oshiq kelsa, unda tadbirkorlar yanada yuqori foyda olish maqsadida mahsulot miqdorini (va ish bilan bandlikni) orttiradilar va agar kutilayotgan daromad taklif bahosidan past bo‘lsa, u holda tadbirkorlar mahsulot miqdorini (va ish bilan bandlikni) kamaytiradilar. Faqat ko‘zda tutilayotgan daromad va taklif bahosi o‘rtasida tenglik bo‘lgan sharoitdagina optimal holat yuzaga keladi. Shuning uchun tadbirkorlar mahsulot ishlab chiqarishni ushbu darajada ushlab turishga intiladilar. Tadbirkorlar uchun qulay bo‘lgan ishlab chiqarish darajasi yalpi talab bilan yalpi taklif kesishgan nuqta bilan belgilanadi, Keyns ushbu nuqtani samarali talab deb atadi. Samarali talab – bu to‘lovga qobil yalpi talab.
J.M.Keyns ta’limoti bo‘yicha, ishlab chiqarish va ish bilan bandlik «samarali talab» o‘zgarishi (dinamikasi) bilan aniqlanadi, u iste’mol xarajatlari va investitsiyalarni o‘z ichiga oladi, ya’ni milliy daromad miqdori yalpi xarajatlar miqdori bilan ifodalanadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |