Go‘zallik va uning muqobillari
Go‘zallik estetikaning asosiy kategoriyasi sifatida barcha estetik
tushunchalar uchun asos vazifasini bajaradi. Shuning uchun ham
odatda “Estetika fani nimani o‘rganadi?”, “Estetika fanining maqsadi
nima?”, “Estetika qanday fan?” degan qator savollarga “Estetika –
go‘zallikni o‘rganuvchi fan!”, “Estetikaning maqsadi – go‘zallikni
yaratish!”, “Estetika – go‘zallik haqidagi fandir!” – degan javob
beriladi. Ko‘rinib turibdiki, estetika bilan bog‘liq har qanday
savolning javobi go‘zallik masalasiga borib taqaladi.
Go‘zallik o‘z-o‘zidan vujudga keladigan hodisa emas, balki
shakli, mazmuni va xususiyatiga ko‘ra ikki ko‘rinishda namoyon
bo‘ladi. Birinchi ko‘rinishi go‘zallik ontologiyasi bilan bog‘liq.
Go‘zallik tafakkur va tabiat mahsuli. Kulol loydan, naqqosh
yog‘ochdan, misgar misdan, zargar tillodan shunday buyum
yaratadiki, uning jozibasi insonni hayratga soladi. Yoki tabiatdagi
purviqor tog‘lar, yuksak cho‘qqilar, dengiz-u ummonlarning
go‘zaligini inson takrorlashga ojiz.
Ikkinchi ko‘rinishi go‘zallik gnoseologiyasi bilan bog‘liq. Ya’ni
go‘zallik ayni paytda bilishning mahsuli. Voqelikdagi har qanday
narsa-hodisaning
go‘zalligi
uning
ishonchlilik,
qiziqarlilik,
haqqoniylik mezonlari bilan o‘lchanadi. Inson go‘zallikni chinakam
xis etganda, uning mohiyatini bilgandagina zavqlanadi, huzur qiladi.
Zero, go‘zallikni bilish, idrok etish insonning badiiy-estetik
tafakkurini o‘stiradi.
Go‘zallik tushunchasining mazmun-mohiyatiga nazar tashlay-
digan bo‘lsak, uning tarixiy taraqqiyot hamda ijtimoiy munosabatlar
559
jarayonida moddiy va ma’naviy zaruriyatga aylangan tushuncha
ekanligini kuzatishimiz mumkin. Bular:
Birinchidan - ijtimoiy hayotning barcha sohalariga go‘zallikni
tatbiq etish, uning qonuniyatlarini ma’naviy jarayonlarga qo‘llash
orqali ilg‘or qadriyatlar tizimini barpo etish mumkin. Jamiyatning
iqtisodiy sohalariga go‘zallikni tatbiq qilish orqali moddiy ehtiyojlar
manbai yaratiladi.
Ikkinchidan – globallashuv jarayonlariga nazar tashlaydigan
bo‘lsak, go‘zallikni amaliy-pragmatik jihatdan ahamiyati katta
ekanligi yanada oydinlashadi. Chunki, hozirgi kunda tinchlikni
barqarorlashtirish, ekologik xavfning oldini olish, davlatlararo va
etnik nizolarga chek qo‘yish, ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab
chiqarishni yo‘q qilish, terrorizm, genotsid va giyohvandlikning
tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi umumbashariy muammolarga
aylanib bormoqda. Endilikda texnogen sivilizatsiyani ham go‘zallik
qonunlari asosida tashkil etishga katta ehtiyoj sezilmoqda.
Uchinchidan - go‘zallik normativ-baholash xususiyatiga ega.
Chunki, go‘zallikni his etish, uni baholash orqali inson o‘zida
uyg‘unlikni namoyon qiladi. Uyg‘unlik insonni faollikka undaydi,
loqaydlik, dangasalik kabi illatlardan halos etadi. Agar faoliyatning
boshqa turlari (siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ahloqiy) shaxsning
alohida kuchlarini rivojlantirishga ko‘maklashsa, go‘zallik ularni
yaxlit shakllantiradi.
Go‘zallik estetik tafakkur tarixida tushuncha sifatida, qonuniyat
sifatida, nazariya sifatida, dunyoqarash sifatida o‘rganilgan. Shu bois
faylasuflar, adabiyotshunoslar va san’atshunos olimlar o‘z
sohalarining umumnazariy masalalarini yoritishda go‘zallikka
murojaat qilganlar. Xususan, go‘zallikning nazariy va amaliy tahlili,
ma’naviy va axloqiy mohiyati, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatini ochib
berishga qaratilgan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar mavjud. Mazkur
tadqiqotlarni umumiy ma’noda asosan ikkiga ajratish mumkin.
1. Go‘zallikni ilmiy-nazariy asoslarni o‘rganishga qaratilgan
tadqiqotlar.
2. Go‘zallikni ilmiy-texnik taraqqiyot bilan bog‘liq holda
amaliy-progmatik asoslarini yaratishga yo‘naltirilgan tadqiqotlar.
560
Go‘zallik tushunchasi azaliy muammo sifatida mutafak-
kirlarning diqqat e’tiborida bo‘lib keldi. Donishmandlar go‘zallik-
ning mohiyatiga u yoki bu tarzda yondoshganlar. Shuning uchun
yillar davomida estetik tafakkur tarixida go‘zallik haqidagi
g‘oyalar, qarashlar, nazariyalar va ta’limotlarning butun bir tizimi
shakllandi.
Falsafa, estetika, etika, politologiya singari ijtimoiy fanlarning
ilmiy asoslari ko‘proq antik davr qarashlari bilan muqoyasa qilinadi.
Buning boisi antik davrlarda ushbu fanlarga dahldor muammolar
ilmiy-nazariy jihatdan tahlil etildi va muayyan tizimga solindi.
Masalan, XII-XY asr Movarounnahr mutafakkirlari ning go‘zallikka
doir qarashlarida go‘zallik nazariya darajasidan ko‘ra ko‘proq
qarashlar tarzida tahlil etildi, go‘zallik san’at hamda badiiy
adabiyotning muhim vositasiga aylandi. Bir so‘z bilan aytganda,
go‘zallik nasrdan nazmga ko‘chdi. Chunonchi, so‘z san’atida
go‘zallikni namoyon ettirish ko‘proq g‘azal, she’rdagi shakl va
mazmuning hamohangligiga bog‘liq. Bu borada Alisher Navoiyning
estetik me’rosiga murojaat etish o‘rinlidir.
Navoiy o‘zining «Hamsa» asarida falsafa, ilohiyot, axloq,
siyosat hamda estetikaning qator masalalariga murojaat qilib, borliq
va inson munosabatlarini chuqur tahlil etadi. Xususan, uning
go‘zallikka doir mulohazalari «Hayrat ul-abror» («Yaxshi
kishilarning hayratlanishi»)da mufassal bayon etiladi. Shoir Sharq
she’riyatining ko‘zgusi bo‘lgan so‘zning go‘zalligiga alohida
ahamiyat berib, uni quyidagicha bayon etadi; «So‘z gavharining
qolipi shunchalar yuksakki, gavhardek qimmatbaho narsa ham unga
sadaf bo‘la olmaydi, to‘rt sadaf (suv, havo, olov, tuproq) ichida
gavharga qutu ham shu so‘z, yetti qavat osmon yulduzlarining
burjlari ham shu so‘zdir». «Lison ut-tayr» («Qush tili») asarida esa
Allohning hamma sohada tengsiz va yakkayu yagonaligi, borliqdagi
barcha go‘zalliklar Allohdan ekanligini bosh falsafiy-estetik masala
qilib oladi. Qolaversa, Navoiyning barcha asarlarida ilohiylik ruhi
pirovard maqsad qilib belgilanganki, bu holat «Xamsa» da ham
yaqqol namoyon bo‘ladi. Jumladan, Navoiy Qur’onning «Al-Isro»
surasiga murojaat etgan holda, payg‘ambarimiz Muhammad
(SAV)ning Me’roj tunida ko‘rganlarini «Saddi Iskandariy», «Farhod
561
va Shirin», «Sab’ai Sayyor» dostonlari orqali tasvirlashga harakat
qiladi.
Umuman, O‘rta asrlar musulmon Sharqi estetik tafakkuri
taraqqiyotida
go‘zallik
haqidagi ta’limotlar, nazariyalar,
qarashlarda umumiy dunyoqarashning kengligi, insonparvarlik va
ratsionalizmning yetakchiligi yaqqol seziladi. Musulmon Sharqi
mutafakkirlari go‘zallikni aql va tafakkurdan ayri holda olib
qaramaslikka, moddiy go‘zallikni ma’naviy go‘zallikdan ajrat-
maslikka, aksincha, ularni uyg‘un xolda rivojlantirishga harakat
qildilar.
Shuni ham unutmaslik lozimki, bu davr falsafiy ta’limotlarida
Arastuga mansub olamning abadiyligi, voqelikdagi qonuniyatlarga
inson tafakkur salohiyati, mantiqiy yondashish orqali mushohada
qilish imkoniga ega, degan qarashlar yetakchilik qildi. Biroq, ular
Arastu ta’limotiga ko‘r-ko‘rona emas, balki uning «Metafizika»
asrida ilgari surilgan Tavhid – Xudoning yagonaligi haqidagi
nazariyani yangi g‘oyalar bilan boyitdilar. Va o‘ziga xos yangi
falsafani kashf etdilar. Zotan, har qanday ta’limotlar davrlar o‘tishi
bilan takrorlanadi, eskilari yangicha qarashlar bilan boyitiladi,
yangicha ruh bilan sug‘oriladi.
«Go‘zallik»ning tugal ilmiy ta’rifi haqida biror-bir qat’iy fikr
mavjud emas. Biroq, go‘zallikning idrok etilishi, tabiatda namoyon
bo‘lishi, san’atda aks etishi hamda uning jamiyat rivojiga ta’siri
haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan g‘oyalar, yaratilgan
ta’limotlar o‘zining salmog‘i bilan ahamiyatlidir. Inson va uning
ruhiy-jismoniy, axloqiy-estetik faoliyati, tabiat va undagi hodisalar,
jamiyat va unda ro‘y berayotgan ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-iqtisodiy
jarayonlar go‘zallikka yondoshuvning tarixan tarkib topgan asosiy
obyektlaridir.
Ta’kidlash zarurki, go‘zallik haqidagi qarashlar va nazariyalar
markaziga «Go‘zallik nima?» degan savol qo‘yiladi-yu, ammo
ularning aksariyatida «Nima go‘zal?» degan savolga javobni
ko‘ramiz. Bu borada «Huvarnosi Ahura Mazda ko‘p go‘zaldir,
go‘zaldir juda» (Zardusht), «Go‘zallik bu g‘oyalardan iborat
g‘oyaning g‘oyasi» (Aflotun), «Go‘zallik-bu turli musiqalar, yaxshi
xulq-atvorga to‘g‘ri keladigan, odamlar erishishga havas qiladigan
narsalardir» (Abu Nasr Forobiy), «Har qanday go‘zallik, go‘zallikni
562
anglay olgan muhabbat obyektidir» (Abu Homid G‘azzoliy),
«Go‘zallikka muhabbat qo‘yishning asosida ham aql, ham hissiyot
yotadi» (Ibn Sino), «Go‘zallik barcha tillarda vasf etiladi va har
qanday aqlga xush keladi» (Umar Hayyom), «Go‘zallik bu hayotdir»
(N.G.Chernishevskiy),«Go‘zallik hissi, yoqimlilik tuyg‘usiga bog‘liq
holda,
odamlarning
birlashuviga,
ularda
ijtimoiy-ahloqiy
fazilatlarning shakllanishiga olib keladi» (E.Byork), «Go‘zallik
manfaatsiz maftunlikning, muhabbatning obyekti» (I.Kant),
«Go‘zallik-hodisaga aylangan erkinlik» (F. Shiller), «To bizga
taalluqli emas ekan, hamma narsa go‘zal» (A. Shopenhauer),
«Go‘zallik Xudo-san’atkor tomonidan yaratilgan illyuziya-
xayolotdir» (F. Nitsshe), «Qayerdaki modda nurafshon bo‘lsa, o‘sha
yerda go‘zallik hodisasini uchratish mumkin: modda va nurning
uzviy omuxtaligi-hayotdir» (Vl.Solov’yov) va shu kabi fikrlar
go‘zallikka turlicha yondoshuv natijasida yuzaga kelgan.
Odatda, go‘zallik ikki omil asosida yuzaga keladi. Bular:
inson tafakkuri va mehnatining mahsuli natijasida yaratiladigan
go‘zallik; inson tafakkuridan tashqarida, insonga bog‘liq
bo‘lmagan holda yuzaga keladigan go‘zallik. Birinchisida aql, ruh
va xissiyot ustuvor bo‘lsa, ikkinchisida makon va zamon salmoqli
o‘rinni egallaydi.
Shuningdek, nafosat falsafasida go‘zallikni bilishning mahsuli
sifatida munosabat bildiruvchi qarashlar ham mavjud. Bu muayyan
asosga ega. Chunki, voqelikdagi har qanday narsa-hodisaning
go‘zalligi uning ishonchlilik, haqqoniylik va realligi bilan
belgilanadi. Zero inson nazari tushgan go‘zallikkina qadriyatga
aylanadi. Bundan tashqari, inson go‘zallik haqidagi dastlabki
ma’lumotni 5 ta sezgining eng rivojlangan turi bo‘lmish ko‘rish
sezgisi orqali o‘zlashtiradi, undan so‘ng eshitish, ta’m bilish, hid
bilish va tana sezgisi natijasida go‘zallik anglanadi hamda his etiladi.
Masalan, harid qilmoqchi bo‘lgan kiyimingizni, iste’mol qilmoqchi
bo‘lgan taomni, turmushingiz uchun zarur bo‘ladigan jihozni avvalo
ko‘rasiz, o‘rganasiz, tomosha qilasiz, so‘ngra sifatiga, qulayligiga
ishonch hosil qilganingizdan keyin ehtiyojingiz uchun ishlatasiz...
Yarashmagan kiyimni kiyish naqadar kulgili va hunukligini tasavvur
qilish qiyin emas. Shunday ekan, go‘zallik xususiyatlarining
namoyon bo‘lishida sezgilarning alohida ahamiyatga ega ekanligini
563
e’tibordan chetda qoldirmaslik zarur. Shuningdek, go‘zallik haqidagi
qarashlar tahlili shundan dalolat beradiki, mazkur besh sezgi ham
go‘zallikni to‘laqonli aks ettirish uchun yetarli emas.
Yuqorida bildirilgan fikrlarga asoslangan holda go‘zallikka
quyidagicha ta’rifni berishni maqsadga muvofiq, deb bildik.
Go‘zallik - ma’naviy va moddiy xususiyatga ega bo‘lgan, ijtimoiy
hayotda favqulodda ahamiyat kasb etuvchi tushuncha bo‘lib, narsa-
hodisalarning inson tafakkurida lazzatning uyg‘unlik, me’yor,
hamohanglik, mutanosiblik, maqsadga muvofiqlik asosida namoyon
bo‘lishidir.
Ma’lumki, voqelik o‘z ichiga talaygina ekvivalent tushun-
chalarni qamrab oladi; u yagona va ayni paytda rang-barangdir,
abadiy va ayni paytda o‘tkinchidir, o‘zgarmas va ayni paytda
o‘zgaruvchandir. Xususan, go‘zallik o‘z mohiyatini muayyan zid-
diyatlar bilan bog‘liqlikda namoyon qilib boradi. Zero, go‘zallikning
dialektik ziddi uni yanada takomillashib borishidagi zaruriy shartdir.
Ana shu zaruriy shart nafosatshunoslikda umumiy nom bilan
«xunuklik» deb ataladi: u go‘zallikning dilemmasi.
Gohida shakl va mazmun go‘zalligi bir-birini dialektik tarzda
inkor etadi. Shunday esa-da, bu bir tomondan ijobiy holat. Negaki,
mazmun o‘z vaqtida shaklning kamchiligini ko‘rsatib, uning
go‘zallashuviga turtki berib turadi yoki aksincha. Yo‘qsa yo shakl
yoki mazmun xunuklikka aylanib qolishi shubhasiz. Zotan, bu kabi
holatlar hayotimizda ko‘plab uchraydi; ko‘rinishi chiroyli bo‘lgan
insonlarning hammasini ham ma’naviyati boy bo‘lmaganidek,
yuksak fazilat sohiblarining barchasi ham husn va chiroyda barkamol
emaslar.
Shu ma’noda aytishimiz mumkinki, xunuklik bir paytning
o‘zida ham go‘zallikning, ham nafosatdan lazzatlanishning ziddidir.
Chunki, xunuklik lazzatlanish tuyg‘usi mavjud bo‘lgan jarayondan
uzoqroq joyda vujudga keladi; u insonga hayrat baxsh etishdan, uning
vujudini forig‘lashdan mahrum.
Olmon faylasufi K.Rozenkrans o‘zining «Hunuklik estetikasi»
nomli asarida xunuklikni go‘zallik bilan munosabati masalasini
ko‘rib chiqadi. Qizig‘i shundaki, muallif asarda hayotning og‘riqli
qusurlarini emas, balki xunuklikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri go‘zallikning
murosasiz inkori sifatida yondashadi. Bu borada ta’kidlaydiki,
564
«Bizga xunuklik emas, aksincha, o‘zidagilarni bardosh bilan
yengib, ulardan ajralib chiqqan go‘zallikkina zavq bag‘ishlaydi.
San’at bizga xunuklikning barcha ikr-chikirlarini ochiq-oydin
tasvirlamog‘i lozim». Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, estetika
kategoriyalari orasida xunuklik singari kishilarda salbiy his-tuyg‘u
paydo qiladigan boshqa tushunchalar ham mavjud. Tubanlik ana
shunday tushuncha, uni xunuklik bilan aynanlashtirib bo‘lmaydi.
Chunki, xunuklik kishilarda yengil noxushlik tuyg‘usini paydo
qilsa, tubanlik esa kuchli nafratlanish hissini uyg‘otadi. Tabiat,
hayvonot va nabotot olamidagi xunuklik yengil noxushliklar
ko‘rinishida namoyon bo‘ladi, biroq, tubanlikka aylanmaydi.
Insondagi xunuklik esa tubanlik darajasiga borib yetadi. Daryoning
suvi loyqalangani, ko‘kalamzorlarga to‘kilgan axlat, qurbaqa, ilon
xunuk ko‘ringani bilan undan odamlar nafratlanmaydilar. Inson
tomonidan qilinadigan ayrim hatti-harakatlardan esa nafratlanish va
hatto jirkanish mumkin. Mamlakat boshiga og‘ir kulfat tushganda
undan o‘z moddiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi tuban odamga
misol bo‘ladi.
Ko‘rinib turibdiki, go‘zallikning o‘zi murakkab masala bo‘lishi
barobarida uning ziddi hisoblangan xunuklik ham murakkablikda
qolishmaydi. Shunga qaramay, go‘zallik o‘z mukamalligiga
xunuklikni bartaraf etish orqali erishadi. Zotan, ongli mavjudot hech
qachon xunuklikka e’tiqod qo‘ygan emas, aksincha, go‘zallikning
qudratini tan olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |