1-asosiy savol bo’yicha dars maqsadi: Dialektologiya fani haqida ma’lumot berish. Uni o’rganish makonini misollar orqali sharhlash. Dialektologiyaning maqsad va vazifalari, uning ona tilini o’qitishdagi ahamiyatini talabalar ongiga singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari
1.1.Dialektologiya fani haqida qisqacha ma’lumot beradi.
1.2.Dialektologiyaning o’rganish makonlarini izohlaydi.
1.3.Dialektologiyaning asosiy vazifasini o’rganadi.
1.4.Dialektologiyaning o’zbek tili va adabiyoti fanini o’qitishdagi ahamiyatini belgilaydi.
1- asosiy savolning bayoni:
Dialektologiya fani bo’yicha umumiy ma’lumot. Dialektologiya grekcha dialektos so’zidan olinib biror tilning mavjud sheva va lahjalarini o’rgatadi. Dialekt – sheva, logos – ta’limot, ya’ni sheva haqida ta’limot demakdir. Dunyoda mavjud tillarning deyarli barchasi o’ziga xos ichki sheva va shevachalardan iborat. Turkiy tillarning har biri bir necha sheva va dialektlardan iboratligi ma’lum. Biroq o’zbek tili turkiy tillar ichida o’zining ko’p shevaliligi, dialektliligi bilan farqlanadi. Shevashunoslikning bilimdonlaridan biri professor E.D.Polivanov: «...turkiy tillarning birortasi ham shevalararo o’zbek tili singari bu qadar keskin farqlanmaydi, demak, ...birorta turkiy til ham shu qadar spetsifik, dialektal xilma-xillik xususiyatiga ega emasdir, Bu esa, tabiiy, adabiy til uchun biror dialektni asos qilib olish masalasini nihoyat darajada og’irlashtiradi», degan edi. O’zbek lahjashunoslik fani O’zbekiston hududidagi va boshqa qardosh hamdo’stlik mamlakatlaridagi o’zbeklarning jonli so’zlashuv tilini tekshiradi.
Makonni o’rganish nuqtai nazaridan dialektologiya ikki xil bo’ladi: 1)tasviriy dialektologiya yoki dialektografiya; 2)tarixiy dialektologiya.
Tasviriy dialektologiya yoki dialektografiya mahalliy sheva va lahjalarga xos fonetik va leksik, morfologik xususiyatlarni qayd etadi, yozib oladi va ularni kartaga tushiradi.
Tarixiy dialektologiya tilning dialektal xususiyatlari bilan birga, shu xususiyatlarning kelib chiqishi, rivojlanishi, turli davrlarda o’zgarish, qardosh tillar bilan munosabati va shu shevalarning tashkil topishida qardosh va qardosh bo’lmagan tillarning ishtiroki kabilarni o’rganadi.
Keyingi yillarda barcha o’zbek shevalarini areal va lingvogeografik usullar bilan o’rganish ham tarixiy maqsadlarni ko’zda tutadi.
Dialektologiyaning shevalarni o’rganishi esa til tarixi uchun ham, xalq tarixi uchun ham boy va qimmatli materiallar beradi, chunki, adabiy tilda allaqachon yo’q bo’lib ketgan yoki o’zgarishga uchragan so’zlar, ayrim grammatik shakllar maxalliy shevalarda saqlanib qolganligi tabiiy. Ularni topib adabiy tilga olib kirish yoki uni boyitish juda muhimdir. O’zbek dialektologiyasi o’zbek tili tarixidagi ayrim noaniq masalalarni oydinlashtirish, hal qilish uchun asosiy manba beradi.
Qadimgi o’zbek yozma yodgorliklari tilining biz uchun noaniq bo’lgan ayrim xususiyatlarini hozirgi o’zbek shevalari materiallari yordamida aniqlashimiz va to’ldirishimiz mumkin. Shevalarni o’rganish o’zbek adabiy tilining fonetik, leksik, grammatik normalarini belgilash, orfografiya va orfoepiyasini stabillashtirish uchun katta yordam beradi.
Shevalarni o’rganish orqali o’tmishdagi urug’-qabilalarning joylashish hududini aniqlash, etnonimlar, toponimlar,gidronimlar,umuman onomastika (nomlar) vositasida xalq tarixining ayrim mavhum tomonlarini yoritish mumkin. Shu jihatdan dialektlarni o’rganish ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga egadir.
Dialektologiya ( lahjashunoslik) ning o’rganish makoni : sheva, dialekt va lahja atamalari.Bu atamalar dialektologiyaning o’rganish makoni (ob’ekti ) hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |