Sana: 22.10.2018 Sinf: 9 "A” Fan: Adabiyot Mavzu: Alisher Navoiyning ,,Farhod va Shirin " dostonida Farhod va Shirinning o’ziga xos fazilatlarining aks ettirilishi. Darsning maqsadi: a) ta’limiy maqsad—o’quvchilarda Alisher Navoiy ,,Xamsa”sining boshqa xamsanavislardan farqli jihatini izohlay olish; ,,Farhod va Shirin " dostonining mazmun va mohiyatini to’liq anglab yetish, Farhod va Shirinning o’ziga xos fazilatlarini izohlay olish malakasini shakllantirish. b) tarbiyaviy maqsad - ,,Farhod va Shirin " dostoni asosida ilm, iroda, sabot, matonat, oqillik, xokisorlik qanoat , komillik, mehnatsevarlik, xalqparvarlik, hayo, ota-onaga hurmat kabi fazilatlarini o’quvchilar qalbiga singdirish. d) rivojlantiruvchi maqsad- o’quvchilarning ma’naviy olamini, tafakkurini , mustaqil fikrlash va o’qib-o’rganish qobilyatini rivojlantirish. Darsning turi: yangi bilim berish. Darsning metodi: ,,Aqliy hujum”, ,,Zinama-zina”, ,,Klaster”. Darsning jihozi: Alisher Naoiyning ,,Xamsa” asari, Oybekning ,,Navoiy” romani , ilmiy adabiyotlar , texnik vositalar, ko’rgazma, tarqatma va rag’batlar. (proyektor, ekran, slaydlar, videolavha) Dars shiori: Navоiyning har bir so`zi hikmatdurur, Aytqоnlarin barchasi ibratdurur. Dars taqsimoti: 1. Tashkiliy qism. 5 daqiqa 2. O’tilgan mavzuni mustahkamlash. 10 daqiqa 3.Yangi mavzu bayoni. 15 daqiqa 4. Yangi mavzuni mustahkamlash. 10 daqiqa 5. O’quvchilarni ballash. 3 daqiqa 6. Uyga vazifa. 2 daqiqa Darsning borishi 1. Tashkiliy qism : a) o’quvchilar bilan salomlashaman; b) davomatni olaman; s) sinfni darsga hozirlayman; d) o’quvchilarni guruhlarga ajrataman: 1-guruh: ,,Muhabbat dunyosi” 2-guruh: ,,Ma’rifat” 3-guruh: ,,Kamolot”. O’qituvchi: Jahonki, muqaddas neni ko`ribdi, Bariga onasan, ey qodir hayot. Besh yuz yil naridan boqib turibdi, Nurli bu yuzlarga nuroniy bir zot. Shu buyuk o`g`lingni ardoqlab dildan Xalqim, ta`zim etsang arzigay tamom Uning nomi bilan birga bitilgan, Dunyo daftariga o`zbek degan nom! O`zbek adabiyotining so`nmas quyoshi, ya`ni, "Shamsul millat” deb sharaflangan ulug` mutafakkir shoir, olim, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher Navoiy o`zidan nihoyatda boy va salmoqli asarlar qoldirdi. Bu zoti sharif yaratgan bebaho xazina – lirik asarlar, daholar musobaqasi bo`lgan "Xamsa” asari, qancha-qancha ilmiy, tarixiy asarlari necha asrlar o`tgan bo`lsa ham, to`kis-tugal o`rganib bo`lingani yo`q. Va yana aytish mumkinki, o`z davrida qanday ahamiyat, badiiy qiymatga ega bo`lgan bo`lsa, oradan shuncha yillar o`tib ulug` ustoz yaratgan asarlarning ohori to`kilgani yo`q. U yanada salobat kasb etib, yildan-yilga badiiy va g`oyaviy qimmati Ko`xkan tog`lari singari yuksalib bormoqda. Keling, navbatni guruhlarga bersak-da, ular bugungi mavzudan kelib chiqib o`z guruhlariga nom qo`yganlar, o`zlarini tanishtirib o`tsalar. 1-guruh taqdimoti. "Muhabbat dunyosi” guruhi. Shiori – "Bo`lmasa ishq ikki jahon bo`lmasin, Ikki jahon demaki, jon bo`lmasin”. - Biz dunyoga kelgan ekanmiz, har bir narsaga mehr-muhabbat ko`zi bilan qaramog`imiz kerak: insoniyatga muhabbat, jamiyatga muhabbat, hayvonotga va tabiatga muhabbat. Hamma muhabbatning boshida avvalo Yaratganga bo`lgan ishq-muhabbat turadi. 2-guruh taqdimoti. "Ma`rifat” guruhi. Shiori – "Ki har ishniki qildi odamizod, Tafakkur birla bildi odamizod”. - Ma`rifatli inson tafakkur qiladi. Tangri hikmati va ma`rifatining chek-chegarasi yo`qdir. Mashhur olim Shayx Aziziddin Nasafiy inson kamolotiga ikki narsani asos qilib oladi: birinchisi, ahloq, ikkinchisi – o`z o`zini tanishdir. "Kamolot” guruhi. Shiorimiz – "Kamol et kasbkim olam uyidin, Senga farz o`lmag`ay g`amnok chiqmoq. Jahondin notamom o`tmak beaynih, Erur hammomdin nopok chiqmoq Ma`rifatga erishgan inson kamolotli insondir. Haqqa faqat kamolotli insongina yetishadi. Navoiy ta`biricha, bu dunyoga kelib-ketishdan maqsad, inson komillik pillapoyasiga ko`tarilishi lozim. Aks holda, bu imtihon, sinov dunyosida poklanmagan bo`lib qoladi. Shuning uchun ham guruhimiz nomini "Kamolot” deb atadik. II. O’tilgan mavzuni mustahkamlash. Guruhlarga quyidagicha savollar beraman. 1. "Xamsa” yozish an`anasi kimdan boshlangan? Qanday atalgan? – Nizomiy, "Panj Ganj” 2. Ikkinchi xamsanavis? – Dehlaviy, "Xamsa” 3. Uchinchi xamsanavis? – Jomiy, "Xavt avrang” 4. Xusrav va Shirin mojarosi aslida kimga borib taqaladi? – Eron hukmdori Xusrav Parvezga 5. Nizomiy ikkinchi dostonini qanday nomlagan edi? – "Xisrav va Shirin” 6. Dehlaviy-chi? – "Shirin va Xisrav” 7. Navoiy-chi? – "Farhod va Shirin” 8. Navoiy nima uchun Xisravni bosh qahramonga loyiq ko`rmadi? – Xisrav manfaatparast, xudbin shaxs edi. 9. Farhodning tug`ilishi bilan bog`liq voqeaga to`xtalib o`tamiz. Farhod tug`ilganda qanday sifatlar bilan tug`ildi? - Farri shohiy – Shohlik nuri bilan, - "Shu`layi dard” – dardga o`ralgan holatda. 10. "Farhod” ismi qaysi so`zlardan olingan? - Firoq, rashk, hajr, oh, dard – "Farhod” III. Yangi mavzu bayoni: 1.Farhodning ilm-u hunar o’rganib kamolga yetishi. 2..Farhod timsolida iroda, sabot ilm, oqillik, xokisorlik, sabr - qanoat, insonparvarlik, mehnatsevarlik, mehr-u muhabbat, ota-onaga hurmat kabi fazilatlarning namoyon bo’lishi. 3.Farhod - o’zbek adabiyotida mukammal yaratilgan komil inson obrazi. 4. Shirin - Farhod uchuun jismda jon kabi saqlanadigan nozik va nafis iymon ko’zgusi. 5.Shirin timsolida insonparvarlik, mehr-muhabbat, sevgiga sadoqat fazilatlarning namoyon bo’lishi. 6.’’Farhod va Shirin’’ dostonning inson ma’naviy kamolotidagi o’rni va ahamiyati. So’ngra har bir guruh ,,Zinama –zina usulida Farhod va Shiringa xos fazilatlarni rejalar asosida yaratib beradilar. Bunda o’quvchilar yaratilayotgan voqelikni rasm orqali ham tasvirlab, ‘’Zinamz-zina ‘’ usulini mohiyatini ham ifodalashadi. 1-guruh. "Muhabbat dunyosi” guruhi ‘’Farhodning ilm-u hunar o’rganib, kamolga yetishi’’ rejasini yoritib,bu orqali Farhod timsolida ilm-u hunar, ma’rifatlilik fazilatlarning namoyon bo’lishi haqida ma’lumot beradilar. 1-o’quvchi: Tangri taolo tug’ulishidan ruhiga payvasta etgan ishq Farhodga favqulodda iste’dod, tug’ma qobiliyat ato etgan adi. Buning natijasi o’laroq, ta’limning dastlabki, uch oyida butkul savod chiqaradi, bir yilda Qur’oni karimni yod oldi. Farhodning bolalik va o’spirinlikdagi fazilatlarini shunday ta’rif etdi. Agar bir qatla ko’rdi har sabaqni, Yana ochmoq yo’q erdi ul varaqni. 2-o’quvchi: Ne so’znikim, o’qub ko’ngliga yozib, Dema ko’ngliki, jon lavhiga qozib. 3-o’quvchi: O’qub o’tmak, uqub o’tmak shiori, Qolib yodida sahfa-sahifa bori. "Ma’rifat " guruhi ‘’Farhod timsolida iroda, oqillik, xokisorlik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarning namoyon bo’lishi” rejasini yoritib berishadi. 1-o’quvchi : Anga teng podsholig’ yo gadolig’, Gadoliqqa teng etmay podsholig’. 2-o’quvchi: Demonkim ko’ngli pok-u ham ko’zi pok, Tili pok-u so’zi pok-u o’zi pok. 3-o’quvchi: Farhod Shirin yurtida tog’ni qazib suv chiqarishda o’zi o’rgangan hunarlarni, xalqning og’irini yengil qilishga, suv chiqarib yurtni obod va farovon qilishga sarflaydi. Asarda bu Farhod tilidan shunday yoritilad: Hunarni asrabon netkumdir oxir, Olib tufroqqamu ketgumdir oxir. 4-o’quvchi: Farhodning oshiqligi uni bu nafs lashkari bilan kurashga otlantirdi, ishq unga kuch, sabot va iroda ato etdi. Ko’ridaniki, nafsni yengish quroli – bu Ishq ekan. Tasavvufda ishq deganda faqat mehr, sevgi kabi tuyg’ulargina emas, ularda tashqari yana iroda, sabot, ilm,ibodat, oqillik, xokisorlik, sabr, qanoat, g’ayrat, kamtarinlik, adolat, saxiylik,halimlik, mardlik, hayo, pokizalik,shirinso’zlik, shafqat, umuman inson qalbini, ruhini poklashga xizmat qiladigan, uni Ollohga yaqinlashtiradigan barcha ezguliklar, pokliklar yig’indisi tushiniladi. 3 "Komolat” guruhi esa 4-5 rejalar asosida Shiringa xos fazilatlarni asardan parchalar keltirib berish orqali yoritib berishadi. 1-o’quvchi: Xalq tilidan Shiringa shunday ta’rif beriladi: Harimi iffat ichra shoh ul ermish, Sipehri ismat uzra moh ul ermish. 2-o’quvchi: Shirin timsolida ishqda sobitlik fazilati namoyon bo’lgan. Manga Farhod ishqi tuhmati bas, Ki, chehra ko’rmayin ul zori-u bekas. 3-o’quvchi: Asarda Shirinning chin insonlik fazilatlari ham namoyon bo’ladi: Manga ne yor-u ne oshiq havasdur, Agar men odam o’lsam, ushbu basdur! IV.Yangi mavzuni mustahkamlash. Yangi mavzuni "Klaster " usulida mustahkamlayman. "Muhabbat dunyosi” guruhi Farhodning o’ziga xos fazilatlarini, ”Ma’rifat” guruhi Shirinning o’ziga xos fazilatlarini ”Klaster” usulida yoritib beradilar ”Komolot” guruhi esa ”Klaster” usulida dostonda bugungi kun uchun ham ahamiyatga ega bo’lgan va ilgari surilgan dolzarb masalalarni yoritib beradilar. "Muhabbat dunyosi” guruhi ”Klaster” usulida. Ilm ma’rifatlilik Xokisorlik Mehnatsevarlik Sabr-qanoat Mardlik Shirinso’zlik ”Ma’rifat” guruhi Mehribon Shirinso’z Xalqparvar Sadoqatli Vafodor Qat’iyatli ”Kamolot” guruhi Kasb hunar egallash Ilm ma’rifatli bo’lish Jaholatga qarshi ma’rifat Suv muammosi Xalqaro do’stlik Bunyodkorlik Guruhlarga mavzu yuzasidan savollar beraman: 1-savol. Farhodning favqulodda iste`dod egasi ekanligi qanday ta`rif etiladi? Javob: Agar bir qatla ko`rdi har sabaqni, Yana ochmoq yo`q erdi ul varaqni. Ne so`znikim, o`qib ko`ngliga yozib, Dema ko`ngliki, jon lavhiga yozib. 2-savol. Farhodning qasr qurilishida qatnashib qanday hunarlar o`rgangani va uning majoziy ma`nosini izohlang. - 3-savol. Farhodni hiyla bilan Xisrav zanjirband etganda uning savollariga bergan javobi? – O`qituvchi va o`quvchilar o`rtasida she`riy bahs bo`ladi. 4-savol. Nima uchun Xisrav odamlari Farhodni yaxshi ko`rib qoldilar?– To`g`riso`zligi, mardligi uchun. 5-savol. Farhodni Salosil g`origa besh yuzta soqchi bilan qamab qo`yganlarida Suqrot o`rgatgan duo bilan bandlarni yechib ozodlikka chiqardi, lekin nega qochib ketmas edi? – O`z bo`ynidagi o`limni o`zgalarga ravo ko`rmasdi. 6-savol. Xisravning Makkora kampirni yollashdan maqsadi nima edi? – O`z yurtiga qaytarish edi. 7-savol. Yosuman kampir hiylasiga uchgan Farhod o`zini halok etdi va hatto hayvonlar ham uning atrofini o`rab olib, Farhodga aza tutdilar. Nega? – Butun jonzotlar, hayvonotlar bilan Farhod tillashar, do`stlashgan edi. V.O’quvchilarni ballash. Dars davomida faol qatnashgan o’quvchilarni ballayman. G’olib guruhni aniqlayman. O’qituvchi: ‘’Xamsa’’ – Navoiy dahosimimg mahsuli, ayni paytda millati,iz tafakkur ko’lami hamda ma’naviy qudratining timsoli. Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganidek: ‘’Alisher Navoiy xalqimizning ongi va tafakkuri, badiiy madaniyat tarixida butun bir davrni tashkil etadigan buyuk shaxs, milliy adabiyotimizning tengsiz namoyondasi , g’ururi, shan’u-sharafini dunyoga tarannum qilgan o’lmas so’z san’atkoridir. Ta’bir joiz bo’lsa, olamda turkiy va forsiy tilda so’zlovchi biron-bir inson yo’qki, u Navoiyni bilmasa, Navoiyni sevmasa, Navoiyga sadoqat va e’tiqod bilan qaramasa’’. Chunki Navoiyni bilish o’zlikni bilish, Navoiyni sevish millatni sevish, Navoiyga sadoqat eng ezgu insoniy qadriyatlarga sadoqat demakdir. VI. Uyga vazifa:” Farhod va Shirin” dostonidan olgan taassurotlarim” mavzusida taassurot yozish. O’qituvchi: Z. Eshmetova Uslub birlashma raisi: SH. Madraximova O’TIBDO’: S. Raximov
Do'stlaringiz bilan baham: |