ILMIY AXBOROTNOMA FILOLOGIYA 2019-yil, 4-son
7
Bobur ulg‘ayib voyaga yetgach, o‘ziga pir sifatida Said Ahmad ibn Jaloliddin Kosoniy –
«Maxdumi A’zam» nomi bilan mashhur bo‘lgan shaxsni tanlaydi. Maxdumi A’zam «Bahouddin
Naqshband sulukining Farg‘onadagi yirik vakili, ulug‘ mutasavvuf olim, asli hazrati Ali va Bibi
Fotima avlodlaridan edi. U kishi o‘z hayotida 30 ga yaqin asar yozgani ma’lum» [3;106]. Bobur mana
shunday ulug‘ pirdan ma’naviy madad oladi, har bir ishida undan g‘oyibona ko‘mak o‘tinadi, unga
chin e’tiqod bilan topinadi. Ma’lumki, Bobur og‘ir xastalik arafasida Xoja Ahror Valining «Volidiya»
asarini tarjima qiladi. Mana shu asar tarjimasidan o‘zining piri ustozi Maxdumi A’zam Kosoniy
Dahbediyga ham sovg‘a qilib yuboradi. O‘z navbatida Maxdumi A’zam ham Boburga atab «Risolai
Boburiya» asarini yozadi [9;15]. Demak, Boburning e’tiqodi kamol topishida, mustahkam iymonli
bo‘lib shakllanishida va hukmdor sifatida fotih bo‘lishida hazrati Maxdumi A’zam Dahbediyning
ma’naviy ko‘magi, ruhan madadi katta ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bobur o‘zining hayotiy faoliyati davomida temuriylar saltanati an’analariga qat’iy amal qilgan
holda o‘z davlatini idora etadi. U e’tiqodi masalasida ham bu an’analarda sobit qoldi, otasi Umarshayx
mirzo yo‘lidan borib, mashhur so‘fiy – Xoja Ubaydulloh Ahrori Valiga ixlos qo‘ydi. Demak,
Boburning ilk rasmiy piri Xoja Mavlono Qozi bo‘lsa, ma’naviy murshidi Xoja Ubaydulloh Ahrori
Vali sanaladi. Bobur ismining qo‘yilishi ham ushbu shaxs nomi bilan bog‘liq. Umarshayx mirzoning
iltimosiga binoan ul zot Boburga «Zahiriddin Muhammad» deb ism qo‘yadi. Bobur Umarshayx mirzo
haqidagi tasvirlarida «Hazrati Xoja Ubaydullog‘a irodati bor edi, suhbatlarig‘a bisyor musharraf
bo‘lub edi, hazrat Xoja ham farzand deb edilar», deya otasining bu zot bilan yaqinligini alohida
ta’kidlab o‘tadi. Boburning e’tiqodiy qarashlari, naqshbandiya tariqatiga irodati xususida Hasanxoja
Nisoriy «Muzakkiri ahbob» asarida shunday ma’lumot beradi:
On chi sa’y ast, man talabash binamudam,
In qadar hast, ki tag‘yiri qazo natavon kard.
(
Mazmuni: Neki sa’y-harakat bo‘lsa, barini qildim,
Va bildim, taqdir bitigin o‘zgarmasligini).
«Podshohning naqshbandiya oliy xonadoniga ordat nisbati bor edi. Yuqori shon-shavkatli
bobosi va saltanat nishonli otasining hazrat Xoja Ahrorga irodati bo‘lgan. Bobur podshoh ham bu
ulug‘lar xonadoniga nisbatan izzat-ikromni soatma-soat oshirar va biron daqiqa bu ishni kanda qilib,
g‘aflatda qolmas edi. Barcha darveshlarga lutf eshigini ochib, niyozmandlik yumushini bajo
keltirardi» [10;52-53].
Ma’lumki, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylar ham Xoja Ahror Valini o‘zlariga ma’naviy
pir-ustoz deb bilishgan. Bu ulug‘ siymoning shuhrati Movarounnahr va Xurosonda juda yuqori edi. Bu
haqda akademik B.Valixo‘jayev shunday yozadi: «Xoja Ubaydulloh – Xoja Ahrori Vali XV asrning
ikkinchi yarmida Movarounnahr va Xurosonda naqshbandiya tariqatining muridi sifatida tanilib,
shuhrat qozonib, o‘zining rang-barang faoliyati bilan davrning ijtimoiy-falsafiy va ma’naviy hayotida
katta iz qoldirib, XV asrdan keyingi davrda ham ko‘rkamli siymo sifatida muxlislari qalbi to‘ridan
o‘rin oldi» [1;25].
Bobur ham ana shu e’tiqod asosida tarbiya topdi, kamolga yetdi va hayotiy faoliyatida bu
e’tiqodning ahamiyati juda yuksak bo‘ldi. Boburning eng murakkab, qiyin vaziyatlarida ham,
g‘oliblikdan masrur, eng baxtli onlarida ham o‘z e’tiqodida bardavom ekanini, mukammal iymon
kishisi ekanini biz ko‘p bora guhovi bo‘lamiz. Demak, Bobur dunyoqarashining mukammal tarzda
shakllanishida, e’tiqodining mustahkam bo‘lishida bu ulug‘ shaxsning o‘rni nihoyat darajada yuqori
bo‘lgan, uning eng murakkab damlarida, mag‘lublikning og‘ir onlarida, g‘oliblikni qo‘lga kiritishida
unga ma’naviy madad berib turgan.
Bobur Xoja Ahror Valining avlodlariga nisbatan ham juda katta hurmat e’tiborda bo‘lgan.
Xususan, uning kichik o‘g‘li Xoja Yahyo bilan munosabati bunga dalil. Boburning Samarqandni
egallashida u xayrixoh bo‘lgan, garchi buni amaliy isbotini ko‘rmasakda, uni qo‘llab-quvvatlashga
harakat qilgan. Xoja Yahyoning hayoti fojiali yakun topadi, Shayboniyxon «...ikki o‘g‘li Xoja
Muhammad Zikriyo va Xoja Boqi bila Xuroson sari ruxsat berdi. Keyin bir necha o‘zbak borib,
hazrati Xojani ikki yigit o‘g‘li bila Xoja Kordzan navohisida shahid qildilar» [3;28-29]. Boburning
Xoja Yahyoning o‘g‘li Xoja Ya’qub bilan bo‘lgan Karnon voqeasi ham ma’lum.
Boburning hayotiy va ijodiy faoliyatida ma’naviy ustoz, hamtariqat sifatida Abdurahmon
Jomiy va Alisher Navoiylarning alohida o‘rni bor. Bu ikki siymo bilan garchi Bobur uchrashmagan,
suhbatlashmagan bo‘lsa-da, ularning ma’naviy ko‘magidan doimo umidvor bo‘lib yashagan. Bobur
«Boburnoma»ning juda ko‘p o‘rinlarida bu siymolar haqida iliq fikrlar yuritadi. Xususan,
Do'stlaringiz bilan baham: |