ILMIY AXBOROTNOMA
FILOLOGIYA
2017-yil, 4-son
97
“yangi oʻzbek she’riyatining dastlabki namunalaridan biri edi” [4.210-212]. Ammo bu toʻplam 2010-
yilda chop etilgan Hoji Muinning “Tanlangan asarlarida” keltirilmagan.
Mahmudxoʻja Behbudiyning 1914-yilda sahnaga qoʻyilgan “Padarkush” asari ta’siri Hoji
Muin ijod yoʻnalishini she’riyatdan dramaturgiyaga burib yubordi. U keyinchalik, mohir dramaturg,
oʻtkir publitsist boʻlib yetishdi va oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy muhitini mohirona tavsirlab berdi.
Nusratullo Qudratulla oʻgʻli bilan hamkorlikda yozilgan toʻrt pardali “Toʻy” pesasi 1914-yilda
bosmadan chiqdi. Birin-ketin dramaturg Hoji Muinning uch pardali «Eski maktab – yangi maktab»
pesasi (1916-y.), toʻrt pardali drama (fojiaviy asar)si «Mazluma xotun» (1916-y.), bir pardali
intermediya (kulguli asar)si «Koʻknori» (1916-y.) yaratildi. Barcha asarlarida shu davrning dolzarb
ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy muammolariga serqirrali va keng qamrovli ijodkor sifatida
yondashdi va jiddiy e’tibor qaratdi. Shuningdek, jamiyatning ma’rifiy taraqqiyotiga monelik
qilayotgan ijtimoiy illatlarning sabablarini tahlil qilishga va ularni bartaraf qilish yoʻllarini
koʻrsatishga harakat qildi.
Jamiyat va xalqning jaholatdan qutilishida milliy matbuotning muhim ahamiyatga ega
ekanligining munozaraga oʻrin qoldirmasligini Hoji Muinning publitsistika sohasidagi faoliyatida
koʻrish mumkin. Insonga suv va havo qanchalik zarur boʻlsa, shu davrda milliy matbuot ham
jaholatdan qutilish uchun shunchalik zarur, deb hisoblagan Hoji Muinning maqolalari bot-bot gazeta
va jurnallarning sahifalarida koʻrinar edi. Dastlab “Turkiston viloyatining gazetasi”da oʻz maqolalari
bilan muntazam qatnashib turdi. Hoji Muin 1913-yili Mahmudxoʻja Behbudiyning “Samarqand”
gazetasi hamda “Oyna” jurnali chiqa boshlagach, ularda matbuot va teatrning ahamiyati, axloq-odob
masalalari, xalqning ma’naviyatini shakllantirish, ta’lim-tarbiya haqida qator maqolalarini e’lon qildi.
Hoji Muin hayoti va ijodiga 1917-yildagi fevral oyida boʻlib oʻtgan voqealar sezilarli ta’sir
koʻrsatdi. Uningcha, Vatan ozodligi, xalqning erkinligi uchun kurashishning vaqti etdi. Shuning uchun
publitsist Hoji Muin ma’rifiy mavzulardan koʻra koʻproq siyosiy masalalarga e’tiborini qarata
boshladi va matbuotdagi faoliyatini kuchaytirdi. Xususan, “Hurriyat” gazetasida bosilgan
maqolalarida Turkiston muxtoriyati, bolsheviklar, saylov toʻgʻrisidagi fikr-mulohazalari va xulosalari
oʻz aksini topgan.
Shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgandan keyin Hoji Muin uning nashri boʻlgan “Mehnatkashlar
tovushi” gazetasida faoliyat koʻrsatdi. Dastlabki yillarda yozgan maqolalarida uning siyosiy
masalalarga nisbatan aniq nuqtai-nazarga ega boʻlmaganligini koʻrish mumkin. Publitsist
mehnatkashlar hokimiyati deb atalgan yangi tuzumning siyosiy hayotidagi noqislikni Chor Rossiyasi
davridan qolgan meros, degan fikrda ham boʻlgan. U oʻzining oʻtkir qalamini xalqning ogʻir ahvolini
yoritishga, hukumatning ayrim qarorlarini xalq ommasiga tushuntirib berishga qaratdi. Ammo tez
orada shoʻrolar hukumati toʻgʻrisidagi orzu-umidlari sarob ekanligini angladi. Uning “Yurt qaygʻusi”,
“Shoʻroi islomiya va saylov”, “Namoyish toʻgʻrisida” nomli maqolalarida shoʻrolar hukumatining
ijtimoiy siyosatidan norozilik kayfiyati borligi seziladi. Bolsheviklarning siyosiy basharasi ochiq-
oydin fosh qilingan “Bolsheviklar va biz” sarlavhali maqolasi “Hurriyat” (1918-yil 9-yanvar), “Boy
boʻlmoq yoʻllari” nomli maqolasi “Zarafshon” (1922-yil 3-noyabr) gazetalarida bosildi. “Mashrab”
jurnalining 1924-yilgi 1-sonida “Ezma” taxallusi bilan “Azroilmi, soliqchimi?” nomi bilan chiqarilgan
qisqagina maqolada “Magar Nikolay vaqtida bizdan biror noshukurlik oʻtgan ekankim, bu kun haq
taolo “bolshevik” degan bir toifa maxluqni boshimizga musallat qildi. Xudoyo, tavba qildim. Yana
oʻzing bilasan. Mulk oʻzingniki, nima xohlasang qilmoqqa qodirsan...”[5.2.], - degan jumlalarni
oʻqiymiz. Shu fikrlarning oʻziyoq bolsheviklarga umid qilish befoyda ekanligi va muallifning qat’iy
siyosiy xulosaga kelganligidan dalolat beradi.
Hoji Muin Shukrullo oʻgʻli Mehriyning qatagʻon qilish ayni avj pallasiga kirgan vaqtda
yozgan «Ijodiy tarjimai holim» (1937-yil) qoʻlyozmasi hayoti, serqirrali ijod yoʻli, dunyoqarashi,
pedagogik faoliyati, nashr etilgan va etilmay qolgan, tiriklik davrida maxsus yoʻqotilgan asarlari
haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlish uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu noyob qoʻlyozmada
yozilishicha, 1937-yilgacha uning oʻnta kitobi bosilib chiqqan va 20 ga yaqin toʻplam-kitoblari
bosilish arafasida boʻlgan. Hoji Muin 30 yillik ijodiy faoliyati davomida 23 xil gazeta va jurnallarda
adabiy, ilmiy va ijtimoiy mavzularda taxminan 200 tacha maqola, 400 tacha turli xabar va 1500
misraga yaqin oʻzbekcha hamda tojikcha she’rlar e’lon qilgan.
Hoji Muinning ijodida biografik mazmundagi maqolalar salmoqli oʻrinni egallaydi. Xususan,
ustozi va maslakdoshi Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti, ijodi va uning vafoti munosabati bilan
Do'stlaringiz bilan baham: |