15.15-rasm. Turbinaning reaktiv bosqichida bug‘ oqimi sxemasi.
Shuni alohida e’tiborga olish lozimki, bug‘ning chiqishdagi tezligi c2 har doim bug‘ning kurakka kirish tezligi c1 dan kichik bo‘lishi kerak, faqat shu holdagina turbina dvigatel bo‘la oladi, chunki 1 kg bug‘, ishchi g‘ildirakning kirish va chiqishdagi kinetik energiyalari farqi tufayligina foydali ish bajara oladi. Ikkinchidan tezlik c2 qanchalik kichik bo‘lsa, turbina quvvati shunchalik yuqori bo‘ladi. Bug‘ turbinasining aktiv va reaktiv bosqichlarini taqqoslash shuni ko‘rsatadiki, reaktiv bosqichning asosiy afzalligi bug‘ning kengayishi natijasida kurak bo‘shlig‘ini to‘liq to‘ldirishidir. Buning natijasida turbina reaktiv bosqichining quvvati aktiv bosqichnikiga qaraganda yuqori bo‘ladi. Reaktiv bosqichning asosiy kamchiligi – turbina valiga bo‘ylama kuchlarning ta’siri aktiv bosqichga qaraganda yuqori bo‘ladi.
Nazorat uchun savollar:
Renkin sikli.
Bug‘-turbina qurilmasining tarkibiy qismi.
Regeneratsiya usulining ahamiyati nimadan iborat?
Bug‘ oraliq bosqichda qizdiriladigan bug‘ turbinali qurilma.
Bug‘-turbinali qurilmaning termik F.I.K. qanday aniqlanadi?
Teplofikatsiya nima?
Teplofikatsion bug‘ turbinali qurilma qanday ishlaydi?
KES va IEM.
Bug‘ turbinasi.
Aktiv turbina.
Reaktiv turbina.
Turbinaning takomillashtirish yo‘llari.
GAZ - TURBINALI QURILMALAR VA REAKTIV DVIGATELLAR SIKLI 16.1. Gaz – turbinali qurilmalar
Yuqori bosim va temperatura ostidagi yonish mahsulotlari energiyasini kuraklar yordamida rotor valining mexanik energiyasiga aylantiruvchi issiqlik mashinasi gaz turbinasi deyiladi. Gaz turbinalari ham bug‘ turbinalariday bo‘lib, faqat ularda bug‘ o‘rniga yonish mahsuloti – tutun asosiy ish jismi hisoblanadi.
GTQ gaz – turbinasi-dvigatel va yordamchi qurilmalardan iborat. Dvigatel tarkibiga turbina, yonish kamerasi, kompressorlar, yoqilg‘i nasosi, bak, elektr generatori, regenerativ issiqlik almashtirgichlar kiradi. Yordamchi qurilmalar jumlasiga GTQ ning qaysi maqsadda ishlatilishiga qarab quyidagilarni kiritish mumkin: gaz yo‘llari, quvurlar, ishga tushirish qurilmalari, moylash tizimlari, suv ta’minlash qurilmalari va boshqalar. GTQ dagi turbina, elektr generatori, havo kompressori va yoqilg‘i nasosi yagona umumiy valda joylashtiriladi. Oxirgi 20 – 30 yil mobaynida GTQ xususan transport va energetikada keng qo‘llanila boshlandi. Energetikada qo‘llaniladigan GTQlari elektr energiyasi yetishmasdan qolganda, energetik tizimda buzilishlar bo‘lganda iste’molchilarni elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida ishlatiladi. Bunday GTQ larning quvvati 1–100 MVt oralig‘ida bo‘lib, yil mobaynida 1500 soatdan ortiq ishlatilmaydi. Dengiz kemalaridagi GTQ asosiy energiya manbai hisoblanadi va ularning quvvati 30 kVt dan 10 MVt gacha bo‘ladi.
Neftni haydashda, gaz magistrali quvurlarida, turli xil kompressorlarni ishlatishda GTQ lari asosiy mexanik energiya manbai hisoblanadi. GTQ aviatsiya transportidagi turboreaktiv, turbovintli reaktiv samolyotlarning asosiy va forsaj (frantsuzcha forcer - jadallashtirmoq) dvigatellarida ham keng tadbiq etilgan.
Hozirgi zamon GTQ ning deyarli hammasi yonish mahsulotlari turbinaning oqim qismi orqali o‘tadigan sxema bo‘yicha ishlaydi. Shu sababli gaz turbinalarida ishlatiladigan yoqilg‘i tarkibida zararli aralashmalar miqdori juda kam bo‘lishi kerak. Bunday yoqilg‘ilar jumlasiga tabiiy gaz, yaxshi tozalangan sun’iy gazlar (domna gazi, koks gazi, generator gazi) gaz turbinalarida ishlatiladigan maxsus suyuq yoqilg‘i (dizel, motor yoqilg‘isi, solyar moyi) kiradi. GTQ lar ish moddasini yoqish uslubiga ko‘ra v – const, p – const va aralash bosqichli bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |