1931–yil inqilobi. Ispaniya jamiyati bu davrda mamlakatni rivojlantirish uchun monarxiyani tugatish va respublika o’rnatish, agrar islohot o’tkazish, katolik cherkovi hukmronligiga barham berish, armiyani demokratlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, milliy masalani hal etish kabi muammolarni yechishga muhtoj edi, chunki bu muammolarni hal etmay turib Ispaniyada siyosiy barqarorlikni ta’minlab bo’lmas edi.
Iqtisodiy inqiroz bu muammolarni yanada chuqurlashtirib yubordi. Mamlakatda ish tashlash harakati yangi kuch bilan quloch yoydi. 1930 – yilda bu tadbirda 1mln.dan ortiq ishchi qatnashdi. Bunday sharoitda, hatto yirik sarmoyadorlar ham, 1876 – yilgi Konstitutsiyani qayta ko’rib chiqish tarafdori bo’ldilar. Ularning maqsadi kortes (parlament)ning huquqi oshirilishiga erishish edi. Sarmoyadorlar o’z mavqelarini saqlab qolishning yo’li monarxiyaga barham berish ekanligini tobora chuqur angladilar. Mamlakatda respublikachilik harakati kuchaydi.
1931 – yil 12 – aprelda bo’lib o’tgan mahalliy saylovlarda respublikachilar g’alaba qozondi. Saylov yakuni haqidagi xabar siyosiy kurashning rivojlanishiga turtki berdi. Mamlakatda burjua – demokratik inqilobi yuz berdi. 14 – aprel kuni inqilobchilar qirol hokimiyati ag’darilganligini e’lon qildilar. Buni eshitgan va yengilishga iqror bo’lgan qirol Alfonso XIII shu kuni taxtdan voz kechdi va mamlakatdan qochib ketdi.
1931 – yil iyun oyida Ta’sis Majlisiga saylov bo’lib o’tdi. Unda respublikachi partiyalar va sotsialistlar g’alaba qozonishdi. Mamlakatda sotsialistlar va so’l respublikachilarning M.Asanya boshliq koalitsion hukumati tuzildi. 9 – dkabrda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya Ispaniyani «barcha mehnatkashlar respublikasi» deb e’lon qildi.
Mamlakatda chuqur islohotlar o’tkazilishi belgilandi. Chunonchi, agrar islohot haqida qonun qabul qilindi. Unga ko’ra, yirik yer egalarining yerlari uning haqini to’lash evaziga musodara qilinishi ko’zda tutildi.Bundan tashqari, eng og’ir majburiyatlar bekor qilindi. Ijara haqi kamaytirildi. Milliy masala qisman hal etildi,ya’ni faqat Kataloniyaga cheklangan avtonomiya berildi,xolos. Koalitsion hukumat ishchilarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan ba’zi tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, 8 soatlik ish kuni belgilandi. Ijtimoiy sug’urta haqida qonun qabul qilindi.
Tashqi siyosatda Ispaniya Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Italiya bilan tuzilgan do’stlik to’g’risidagi shartnomani bekor qildi.1933 – yilda Sovet davlati bilan diplomatik aloqa o’rnatdi.
So’l kuchlar koalitsion hukumatining ichki va tashqi siyosatdagi tadbirlari o’ng kuchlarni tashvishga solib qo’ydi. Ular qanday bo’lmasin hokimiyatni egallashga bel bog’ladilar.Ф Shu maqsadda 1932 – yilda «Ispaniya avtonom o’nglar konferensiyasi»(SEDA) ga birlashdilar. Bu tashkilotda sarmoyadorlar,cherkov va harbiy doiralar bilan hamkorlik qilayotgan katta yer egalari yetakchilik qilardilar.Bu tashkilotni ayni paytda dehqonlarning o’ziga to’q qismi ham qo’llab – quvvatlay boshladi.
Fashistlar esa 1933 – yilda «Ispan falangasi» deb atalgan partiya tuzdilar. O’ng kuchlar faollashuviga xalq ommasining so’l kuchlar hukumati (Asanya hukumati) siyosatidan noroziligi ham sabab bo’lgan. Hukumatning islohotlarni o’tkazishdagi qat’iyatsizligi xalq ommasi ko’z o’ngida uning obro’sini to’ka boshladi.Xususan, agrar islohot nihoyatda sustkashlik bilan hayotga yarim – yorti tatbiq etila boshladi.Masalan,2 yil davomida atigi 7 mingdan ortiq dehqon xo’jaligi yer ololgan.
Buning ustiga iqtisodiy inqiroz tobora chuqurlashib bordi. Natijada ishsizlar soni 1,5mln.kishini tashkil etdi. Hukumat milliy masalada ham jiddiy o’zgarishlar qila olmadi. Armiyani demokratlashtirish haqidagi va’dalar qog’ozda qoldi.Katolik cherkov qudratli kuch bo’lib qola berdi.
1933 – yilning oxirida o’tkazilgan parlament saylovlarida o’ng partiyalar g’alaba qozondilar.1936 – yil sentabrda isyonchi fashistlar mamlakat poytaxti Madridga hujum boshladilar.Respublikachilar ularga qarshi mardonavor jang qildilar.Biroq fashizm g’alaba qozondi.1939 – yil 28 – martda Madrid egallandi.G’arb davlatlari F.Franko hukumatini darhol tan oldilar.Buyuk Britaniya va Fransiya hali qonuniy hukumat qulamagan paytdayoq isyonchi fashist hukumatini tan olgan bo’lsalar, AQSH 1939 – yilning 1- aprelida tan oldi.Shu tariqa fashistik davlatlar soni yana bittaga ko’paydi.
www.UzReferat.ucoz.net
Do'stlaringiz bilan baham: |