Ispaniya birinchi jahon urushida betaraf qoldi. Bu hol unga urushayotgan har ikki harbiy siyosiy ittifoqqa kiruvchi davlatlar bilan muvaffaqiyatli savdo sotiq munosabatlarini amalga oshirishga imkon berdi



Download 19.08 Kb.
Sana11.01.2017
Hajmi19.08 Kb.


Ispaniya
Ispaniya birinchi jahon urushida betaraf qoldi. Bu hol unga urushayotgan har ikki harbiy – siyosiy ittifoqqa kiruvchi davlatlar bilan muvaffaqiyatli savdo – sotiq munosabatlarini amalga oshirishga imkon berdi. Eksport hajmi import hajmidan yuqori bo’ldi. Buning natijasida mamlakat oltin zaxirasi 4 baravar ko’paydi.

Urush yillarida harbiy buyurtmalar salmog’ining oshishi, o’z navbatida, sanoatdagi ayrim tarmoqlarning gurkirab rivojlanishi ta’minladi. Shunday bo’lsa – da, Ispaniya, baribir, kam taraqqiy etgan, agrar – industrial davlat bo’lib qolaverdi. Mamlakat qishloq xo’jaligida o’rta asrchilik munosabatlari – ning qoldiqlari hamon kuchli edi. Barcha yer maydoning 2/3 qismi yirik yer egalari va mamlakat hayotida katta ta’sirga ega bo’lgan katolik cherkovi ixtiyorida edi. Millionlarcha dehqon xo’jaliklariga esa atigi 1/3 qism yer tegishli edi.

Yersizlar ham ko’p bo’lib, ular asoratli shartlar asosida yerni ijaraga olardilar.Qishloq xo’jaligida mehnat unumdorligi juda past bo’lgan. Mamlakat iqtisodiyotining ahvoli chet el kapitali kiritilishiga sezilarli darajada bog’liq edi. Chunonchi, sanoatga joylashtirilgan chet el kapitalining 54 foizi ingliz, 34,5 foizi fransuz kapitali edi.Ispaniya taraqqiyotining bunday orqada qolishi o’rta asrchilik tartiblari hamon kuchli darajada saqlanib qolayotganligi bilan izohlanar edi.

Katta yer egalari hamda ularning tayanchi bo’lgan armiya va katolik cherkovi o’zlarini asrlar davomida qaror topgan tartiblari qo’riqchisi,deb hisoblardi. Shuning uchun ham yangilikka bo’lgan har qanday intilishlarni mamlakat milliy manfaatiga solinayotgan tahdid, deb qabul qildilar.Ayni paytda ularni yo’qotish uchun barcha vositalarni ishga soldilar. Mamlakatda harbiylarning o’rni tobora ortib bormoqda edi. Vujudga kelgan «harbiy xuntalar»(harbiylar to’dasi) XX asrda mamlakat siyosiy hayotiga tez – tez aralashib turish quroliga aylangan.

Ispaniya urush harakatlarida qatnashmagan bo’lsa – da,urush mamlakat aholisi turmush darajasini og’ir ahvolga solib qo’ydi. Chunonchi, oziq – ovqat mahsulotlarining narxi 65 foizga ortdi. Inflatsiya kuchaydi va real ish haqi kamaydi.

Buning oqibatida 1917 – yil 13 – avgustda mamlakatda yalpi siyosiy ish tashlash ro’y berdi. Namoyishchilar monarxiyani tugatishni, Ta’sis Majlisi chaqirishni va Respublika hukumatini tuzishni talab qildilar. Ish tashlash shiddatli ko’cha janglariga aylanib ketdi. Hukumat mamlakatda qamal e’lon qildi va armiyaning kuchi bilan tartib o’rnatdi.

1918 – 1920 – yillarda Ispaniyada inqilobiy harakat to’lqini yanada kuchaydi. Bu hol hukmron doiralarni sarosimaga solib qo’ydi. Shu yillar davomida hukumat 8 marta almashdi. Hukumat yetilgan dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishga ojizlik qildi. Vujudga kelgan bu ahvol mamlakatda harbiy diktatura o’rnatilishi xavfini tug’dirdi.

Hukumat ijtimoiy harakatni bostirish uchun qanchalik harakat qilmasin, baribir, qator talablarni bajarishga majbur bo’ldi. Chunonchi,1920 – yilning aprel oyidan boshlab 8 soatlik ish kuni joriy etildi. Ish haqi oshirildi, bolalar mehnati taqiqlandi. Qarilik va nogironlik sug’urtalari joriy etidi.

Ayni paytda hukmron doiralarning qo’llab – quvvatlashi natijasida ispan fashistlari o’z qurollari tashkilotlarini tuza boshladilar. Ularning asosiy vazifasi xalq harakatini bostirish edi. Hukumatning shafqatsiz terrori tufayli 1921 – yilga kelib ijtimoiy harakatning pasayishiga erishildi. Biroq bu hol ko’pga cho’zilmadi. Mustamlakalarda ham harakat kuchaydi. 1921 –yilning iyunida hukumat Ispaniyaning mustamlakasi – Marokashda boshlangan milliy – ozodlik harakatini bostirish uchun armiya yubordi. Biroq Ispaniya armiyasi tor – mor etildi hamda 25000 jangchi asirga tushib qoldi. Bu mag’lubiyat mamlakatda urushga qarshi harakat boshlanishiga turtki bo’ldi. Norozilik hatto armiya ayrim qismlarida ham ro’y berdi.

1922 – 1923 – yillarda ish tashlash harakati yana kuchaydi, hukumat terrorni to’xtatishga hamda xuntalarni tarqatib yuborish to’g’risida qonun qabul qilishga majbur bo’ldi. Ayni paytda 1923 – yil aprelida parlamentga qayta o’tkazilgan saylovda Liberal partiya g’alaba qozondi. Siyosiy voqealarning bu tarzda rivojlanishi qirol saroyini, hukmron doiralarni tashvishga solib qo’ydi va ular o’z hokimiyatini mamlakatda harbiy diktatura o’rnatish yo’li bilan saqlab qolishga qaror qildilar.

Natijada 1923 – yilning 13 – sentabrida Kataloniya harbiy okrugi qo’mondoni general Primo de Rivera tomonidan davlat to’ntarishi amalga oshirildi. Hokimiyat harbiy direktoriya qo’liga o’tdi. Shu tariqa Ispaniyada harbiy – fashistik diktatura o’rnatildi(1923 – 1930).

Primo de Rivera 1924 – yilda «Vatanpavarlik ittifoqi» deb nomlangan fashistik partiyani tuzdi. Bundan ko’zlangan maqsad diktaturaning ijtimoiy tarkibini kengaytirish edi. Bunga partiya safiga mayda va o’rta mulkdorlarni jalb etish orqali erishish ko’zda tutilgandi. Bundan tashqari, Primo de Rivera mehnat bilan sarmoyaning hamkorligini ta’minlash maqsadida «Baravarlik komissiyasi» tuzdi va komissiyaga har ikki tomondan teng miqdorda vakillar kiritildi.

Bu komissiya mehnat sharoiti va ish haqi masalasini hal etishi kerak edi. 1926 – yilda ijtimoiy sug’urta va ishsizlik masalalari bilan shug’ullanuvchi korporatsiya tuzildi. Ayni paytda diktatura ijtimoiy harakatni shafqatsizlik bilan bostirish yo’lini tutdi. Primo de Rivera o’z diktaturasiga qonuniy tus berishga harakat qildi. Shu maqsadda 1925 – yil dekabrda direktoriyani Ministrlar kabineti bilan almashtirdi va mamlakatda yangi Konstitutsiyani ishlab chiqishga kirishildi.

Primo de Rivera Italiya fashizmi bilan yaqinlasha boshladi. 1926 – yilning 7 – avgustida u bilan do’stlik to’g’risida shartnoma imzoladi. U tashqi siyosatda mustamlakalarni qanday bo’lmasin saqlab qolishga intildi. Shu maqsadda milliy – ozodlik harakatini bostirish yo’lini tutdi. Xususan, Fransiya bilan birgalikda 1927 – yilda Marokash xalqining milliy – ozodlik harakatini qonga botirdi. Biroq ichki va tashqi siyosatda qo’llangan usullar Primo de Rivera diktaturasini saqlab qola olmadi.

1929 – yilda boshlangan jahon iqtisodiy inqirozi og’ir ahvolda bo’lgan Ispaniya iqtisodiyotini izdan chiqardi. Davlat qarzi keskin ko’paydi. Keng miqyosda korrupsiya avj oldi.

Mamlakatda inqilobiy portlash ro’y berishining oldini olish maqsadida harbiy generalitet yanvar oyida Primo de Riverani iste’fo berishga majbur etdi.



1931–yil inqilobi. Ispaniya jamiyati bu davrda mamlakatni rivojlantirish uchun monarxiyani tugatish va respublika o’rnatish, agrar islohot o’tkazish, katolik cherkovi hukmronligiga barham berish, armiyani demokratlashtirish, aholi turmush darajasini oshirish, milliy masalani hal etish kabi muammolarni yechishga muhtoj edi, chunki bu muammolarni hal etmay turib Ispaniyada siyosiy barqarorlikni ta’minlab bo’lmas edi.

Iqtisodiy inqiroz bu muammolarni yanada chuqurlashtirib yubordi. Mamlakatda ish tashlash harakati yangi kuch bilan quloch yoydi. 1930 – yilda bu tadbirda 1mln.dan ortiq ishchi qatnashdi. Bunday sharoitda, hatto yirik sarmoyadorlar ham, 1876 – yilgi Konstitutsiyani qayta ko’rib chiqish tarafdori bo’ldilar. Ularning maqsadi kortes (parlament)ning huquqi oshirilishiga erishish edi. Sarmoyadorlar o’z mavqelarini saqlab qolishning yo’li monarxiyaga barham berish ekanligini tobora chuqur angladilar. Mamlakatda respublikachilik harakati kuchaydi.

1931 – yil 12 – aprelda bo’lib o’tgan mahalliy saylovlarda respublikachilar g’alaba qozondi. Saylov yakuni haqidagi xabar siyosiy kurashning rivojlanishiga turtki berdi. Mamlakatda burjua – demokratik inqilobi yuz berdi. 14 – aprel kuni inqilobchilar qirol hokimiyati ag’darilganligini e’lon qildilar. Buni eshitgan va yengilishga iqror bo’lgan qirol Alfonso XIII shu kuni taxtdan voz kechdi va mamlakatdan qochib ketdi.

1931 – yil iyun oyida Ta’sis Majlisiga saylov bo’lib o’tdi. Unda respublikachi partiyalar va sotsialistlar g’alaba qozonishdi. Mamlakatda sotsialistlar va so’l respublikachilarning M.Asanya boshliq koalitsion hukumati tuzildi. 9 – dkabrda mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiya Ispaniyani «barcha mehnatkashlar respublikasi» deb e’lon qildi.

Mamlakatda chuqur islohotlar o’tkazilishi belgilandi. Chunonchi, agrar islohot haqida qonun qabul qilindi. Unga ko’ra, yirik yer egalarining yerlari uning haqini to’lash evaziga musodara qilinishi ko’zda tutildi.Bundan tashqari, eng og’ir majburiyatlar bekor qilindi. Ijara haqi kamaytirildi. Milliy masala qisman hal etildi,ya’ni faqat Kataloniyaga cheklangan avtonomiya berildi,xolos. Koalitsion hukumat ishchilarning ahvolini yaxshilashga qaratilgan ba’zi tadbirlarni amalga oshirdi. Chunonchi, 8 soatlik ish kuni belgilandi. Ijtimoiy sug’urta haqida qonun qabul qilindi.

Tashqi siyosatda Ispaniya Fransiya bilan yaqinlasha boshladi. Italiya bilan tuzilgan do’stlik to’g’risidagi shartnomani bekor qildi.1933 – yilda Sovet davlati bilan diplomatik aloqa o’rnatdi.

So’l kuchlar koalitsion hukumatining ichki va tashqi siyosatdagi tadbirlari o’ng kuchlarni tashvishga solib qo’ydi. Ular qanday bo’lmasin hokimiyatni egallashga bel bog’ladilar.Ф Shu maqsadda 1932 – yilda «Ispaniya avtonom o’nglar konferensiyasi»(SEDA) ga birlashdilar. Bu tashkilotda sarmoyadorlar,cherkov va harbiy doiralar bilan hamkorlik qilayotgan katta yer egalari yetakchilik qilardilar.Bu tashkilotni ayni paytda dehqonlarning o’ziga to’q qismi ham qo’llab – quvvatlay boshladi.

Fashistlar esa 1933 – yilda «Ispan falangasi» deb atalgan partiya tuzdilar. O’ng kuchlar faollashuviga xalq ommasining so’l kuchlar hukumati (Asanya hukumati) siyosatidan noroziligi ham sabab bo’lgan. Hukumatning islohotlarni o’tkazishdagi qat’iyatsizligi xalq ommasi ko’z o’ngida uning obro’sini to’ka boshladi.Xususan, agrar islohot nihoyatda sustkashlik bilan hayotga yarim – yorti tatbiq etila boshladi.Masalan,2 yil davomida atigi 7 mingdan ortiq dehqon xo’jaligi yer ololgan.

Buning ustiga iqtisodiy inqiroz tobora chuqurlashib bordi. Natijada ishsizlar soni 1,5mln.kishini tashkil etdi. Hukumat milliy masalada ham jiddiy o’zgarishlar qila olmadi. Armiyani demokratlashtirish haqidagi va’dalar qog’ozda qoldi.Katolik cherkov qudratli kuch bo’lib qola berdi.

1933 – yilning oxirida o’tkazilgan parlament saylovlarida o’ng partiyalar g’alaba qozondilar.1936 – yil sentabrda isyonchi fashistlar mamlakat poytaxti Madridga hujum boshladilar.Respublikachilar ularga qarshi mardonavor jang qildilar.Biroq fashizm g’alaba qozondi.1939 – yil 28 – martda Madrid egallandi.G’arb davlatlari F.Franko hukumatini darhol tan oldilar.Buyuk Britaniya va Fransiya hali qonuniy hukumat qulamagan paytdayoq isyonchi fashist hukumatini tan olgan bo’lsalar, AQSH 1939 – yilning 1- aprelida tan oldi.Shu tariqa fashistik davlatlar soni yana bittaga ko’paydi.




www.UzReferat.ucoz.net




Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa